O‘zbekistonda parazitologiya fanining qisqacha rivojlanish tarixi. O‘rta Osiyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda parazit organizmlar to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlar 980-1037-yillarda yashab ijod etgan vatando-shimiz buyuk tabib va mutafakkir Abu Ali ibn Sino asarlarida uchraydi.
Abu Ali ibn Sino o‘zining «Kitob ash-shifo» asarida odamlarning ichagida parazitlik qiluvchi tasmasimon chuvalchanglar (sestodalar), askarida, ostritsa, rishta to‘g‘risida yozib, ularni tuzilishi, ko‘payishi, keltirib chiqaradigan kasalliklari, diyetasi, davosi, oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar keltirgan. Alloma parazitlarga qarshi qo‘llaniladigan dori-darmonlar haqida ham yozib qoldirgan.
Ko‘p asrlar davomida olimlar faqat ko‘zga ko‘rinadigan parazit chuvalchanglar va tashqi parazitlarni ta’riflash bilan chegaralanib kelganlar. Ko‘zga ko‘rinmas parazitlar to‘g‘risidagi ilk ma’lumotlar bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino asarlarida uchraydi. Abu Ali ibn Sino o‘zining «Kitob ash-shifo» asarida odamlarning ichagida va jigarida parazitlik qiladigan chuvalchanglar (parazitlarni) ni yirik va uzun, yumaloq, yassi, mayda guruhlarga bo‘lib, ular xom go‘sht, sut, baliq go‘shti, yaxshi yuvilmagan sabzavot va ho‘l mevalar, iflos va qaynatilmagan suvlarni iste’mol qilganda, shuningdek, ariq va hovuzlarda cho‘milganda suv og‘iz orqali oshqozon-ichakka ketib qolganda yuqishi mumkinligini ko‘rsatib o‘tgan.
Ibn Sino odamlarda parazitlik qiladigan har bir gijja turiga alohida tavsif bergan. Misol uchun odam ichagida parazitlik qiladigan qoramol va cho‘chqa tasmasimon chuvalchanglari hamda serbar tasmasimon chuvalchanglarga «katta va uzun qurt», jigar va o‘t yo‘llarida parazitlik qiladigan jigar qurtiga «qovoq urug‘iga o‘xshash qurt» odamning, xususan yosh bolalarning ichagida parazitlik qiladigan pakana gijja yoki kichik zanjirsimon gijjaga «mitti qurt» va boshqa gijjalar to‘g‘risida ham tavsiflar berib, ular keltirib chiqaradigan kasalliklarni davolash haqida ham ko‘plab ma’lumotlar qoldirgan. Uning ushbu asari XV-asrda 16-marta, XVI-asrda 20-marta qayta nashr qilingan, o‘sha davrda bibliya bilan raqobat qila olgan yagona asar hisoblangan.
Keyinchalik O‘rta Osiyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda parazitologiya faniga oid ma’lumotlar XIX-asrning ikkinchi yarmida Turkiston o‘lkasi bo‘ylab sayohat qilgan mashhur rus tabiatshunos olimi A.P. Fedchenko asarlarida ham uchraydi.
Aleksey Pavlovich Fedchenko (1844-1873) rus tabiatshunosi, O‘rta Osiyoni tadqiq qilgan olim. Moskva universitetini tugatgan. U zoologiyaga oid to‘plamlar va o‘simliklardan gerbariylar to‘plagan. Antropologiya va etnografiya bilan shug‘ullangan. U Buxoro, Samarqand, Toshkentda har xil hayvonlarning parazit chuvalchanglarini yig‘adi. Yig‘ilgan materiallarni daniyalik olim Krabb va nemis olimi Linstov yordamida aniqlaydi. Shuning bilan bir qatorda, A.P. Fedchenko O‘zbekistonda birinchi marta Buxoro va Samarqandda odamlar terisi ostida parazitlik qiladigan nematoda-rishtaning biologiyasini o‘rganadi.
XX-asrning boshlarida O‘zbekistonda parazitologiya sohasida ilmiy tekshirish ishlari Skryabin, Pavlovskiy, Dogel, Yershov, Badanin, Isayev va boshqa olimlarning nomlari bilan bog‘lq. Bu olimlar O‘rta Osiyoda, Qozog‘istonda va shu jumladan, O‘zbekistonda odam va hayvonlarda uchrovchi parazitlarning tur tarkibi, tuzilishi, sistematikasi, bioekologik xususiyatlari borasida ko‘plab tadqiqot ishlarini olib bo-rishgan. Ular Respublikamizning turli mintaqalarida uchraydigan parazitlarni o‘rganish bilan bir qatorda, mahalliy kadrlar tayyorlash ishlariga ham katta e’tibor qaratishgan.
Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda ham parazitologiya fanining quyidagi 4 ta yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda hamda nazariy va amaliy muammolar hal etib kelinmoqda:
1. Umumiy parazitologiya. 2. Tibbiyot parazitologiyasi. 3. Veterinariya parazitologiyasi. 4. Agronomiya parazitologiyasi.
O‘zbekistonda umumiy parazitologiya yo‘nalishida tadqiqot ishlarini olib borgan va hozirgi kunda ham fidokorona ijod qilayotgan yirik parazitolog olimlar qatoriga: akademik J.A. Azimov; O‘zbekiston FA muxbir a’zosi M.A. Sultonov; professorlar S.O. Osmanov, V.M. Sodiqov, O‘.Ya. Uzoqov, S.D. Dadayev, B.A. Allamuratov, S.A. Muhammadiyev, M.O‘. O‘ralov; A.E. Kuchboyev, E.B. Shakarboyev, F.D. Akramova; Q.A. Saparov; fan doktorlari E.I. Gan, T.Q. Qobilov, M.Q. Qodirova, B.G. Gariyev, O.D. Davronov, N.X. Enileyeva, uzoq yillar ishlagan va katta tajribaga ega bo‘lgan fan nomzodlari A.A. Abidjanov, V.I. Gextin, V.P. Sherbak, Z.P. Sherban, A.N. Urazbayev, D.U. Ermatova, A.Q. Qulmamatov, E.N. Qulmamatov, P.A. Mo‘minov, A.G. Gadoyev, N.D. Davlatov, E. Ikramov, T.V. Kataytseva, M.F. Nazrullayeva, N.I. Lebedeva va ularning ko‘plab shogirdlari tomonidan olib borilgan tadqiqot ishlarining natijalari asosida O‘zbekistonning turli mintaqalarida, turli fasllarda umurtqasiz va umurtqali hayvonlarda uchrovchi parazitlarning tur tarkibi, sistematik holati, tarqalishi, keng tarqalgan parazitar kasalliklar qo‘zg‘atuvchilarining bio-ekologik xususiyatlari hamda shakllanish qonuniyatlarini, mahsuldor hayvonlarga ziyon keltiruvchi va kasalliklar qo‘zg‘atuvchi vakillarining oldini olish choralari to‘g‘risida keng qamrovli ma’lumotlar to‘plangan va chop etilgan.
O‘zbekistonda umumiy parazitologiya yo‘nalishi bo‘yicha o‘zlarining maktabiga ega bo‘lgan yirik olimlar qatoriga akademik J.A. Azimov va O‘zbekiston FA muxbir a’zosi M.A. Sultonov kiradi.
Respublikamizda veterinariya parazitologiyasi yo‘nalishida tadqiqot ishlarini olib borgan va hozirgi kunda ham faol tadqiqot ishlarini olib borayotgan yirik olimlar qatoriga akademik: E.H. Ergashev; professorlar: N.V. Badanin, R.H. Haitov, Sh.A. Azimov, N.X. Shevchenko, N.M. Matchonov, T.X. Rahimov, B.S. Salimov, A.O. Oripov, A.R. Ro‘zimurodov, M.A. Aminjonov; fan doktorlari: A.G‘. G‘ofurov, I.H. Rasulov, G.S. Po‘latov, R.B. Davlatov va ularning ko‘plab shogirdlarini ta’kidlab o‘tish joiz.
Yuqorida keltirilgan olimlar uzoq yillar davomida tadqiqot ishlari natijalari bo‘yicha xonaki, ov qilinadigan va yovvoyi hayvonlarda uchraydigan parazitlar, ular qo‘zg‘atadigan kasalliklar va bu kasalliklarga qarshi kurash choralari to‘g‘risida tadqiqot ishlari natijalarini qator tavsiyalar, ilmiy maqolalar, monografiyalar, darsliklar, o‘quv va metodik qo‘llanmalar sifatida chop ettirishgan va amaliyotga tadbiq qilishgan.
Veterinariya parazitologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonda o‘z maktabiga ega bo‘lgan yirik olimlar qatoriga akademik E.H. Ergashev va professor N.V. Badaninlar kiradi.
O‘zbekistonda tibbiyot parazitologiyasi yo‘nalishida ijod qilgan va hozirgi kunda ham tadqiqot ishlarini olib borayotgan olimlar qatoriga professorlardan L.I. Isayev, P.F. Borovskiy, E.I. Martsinovskiy, N.I. Xodukin, N.A. Mirzoyan, R.R. Magdiev, A.N. Burdastov, N.A. Dehqonxo‘jaeva, S.N. Bobojonov, B.R. Rustamov; katta ilmiy xodimlardan L.N. Krasnonos, P.M. Lerner, V.R. Lemelev, Sh.M. Jaxongirov, M.S. Mo‘minov, Sh.A. Razzoqov va boshqalarni ko‘rsatib o‘tish lozim.
O‘zbekistonda tibbiyot parazitologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha o‘z maktabiga ega bo‘lgan olimlar qatoriga prof. L.M. Isayev kiradi.
Prof. L.M. Isayev O‘zbekistonda bezgak, leyshmanioz, rishta, ankilostomoz va boshqa parazitar kasalliklarni tarqalishini o‘rganish hamda ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish borasida tadqiqot ishlarini olib borgan va bevosita rahbarlik qilgan. Aynan, prof. L.M. Isayev tashabbusi bilan O‘zbekistonda bezgakka qarshi kurash olib boradigan stantsiyalar va tibbiyot parazitologiyasi ilmiy tekshirish instituti tashkil etilgan.
Agronomiya (fitogelmintologiya) parazitologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib borgan va hozirgi kunda ham ijod qilayotgan olimlar qatoriga O‘zbekiston Respublikasi FA muxbir a’zosi A.T. To‘laganov; professorlar E.S. Kiryanova, Z.N. Norboyev, O.M. Mavlonov, Sh.X. Xurramov; fan nomzodlari, dotsentlar O.Z. Usmanova, E.P. Azizova, A.I. Zemlyanskaya, X.S. Eshova, G.A. Abdurahmanova, J.T. Sidiqov va ularning qator shogirdlarini sanab o‘tish kerak.
O‘zbekistonda fitogelmintologiya maktabiga asos solgan olimlar qatoriga O‘zbekiston Respublikasi FA muxbir a’zosi A.T. To‘laganov va professor E.S. Kiryanovalar kiradi.
O‘zbekistonda parazitologiyaning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari hozirgi vaqtda ham O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasiga qarashli Zoologiya ilmiy tekshirish institutida, O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi bioekologiya institutida, O‘zbekiston veterinariya ilmiy tekshirish institutida, O‘zbekiston tibbiyot parazitologiyasi hamda O‘rta Osiyo fitopatologiya institutlarida, Samarqand qishloq xo‘jalik institutida, O‘zbekiston Milliy universitetida, Samar-qand, Termiz, Qoraqalpoq va Guliston davlat universitetlarida, Toshkent davlat pedagogika universiteti va Nukus davlat pedagogika institutida hamda Toshkent va Samarqand tibbiyot institutlarida olib borilmoqda.
XX-asr oxiri va XXI-asr boshlarida biologiyaning barcha sohalarida, shu jumladan, parazitologiya sohasida ham asosiy e’tibor parazitlarning bioekologik xususiyatlarini va biokimyosini chuqur o‘rganishga hamda boshqa eksperimental tadqiqot ishlarini olib borishga qaratilgan. Parazitologiya tadqiqotlarida molekulyar biologiya, fiziologiya, immunologiya, sitologiya va boshqa fanlar bilan bog‘liq bo‘lgan izlanishlarga hamda parazitlarga qarshi kurashda ekologik jihatdan zararsiz vositalarni ishlab chiqishga alohida e’tibor berilmoqda. Shuningdek, parazitlar bilan ular xo‘jayinlari o‘rtasidagi parazit-xo‘jayin va filogenetik munosabatlar tadqiq qilinmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |