2. Xavflar, ularning tasnifi va faoliyat xavfsizligini ta’minlash tamoyillari, uslublari.
Xavf – hayot-faoliyat xavfsizligining markaziy tushunchasidir. Ma`lum bir shart-sharoitlarda inson hayoti va sog`lig`iga to`g`ridan-to`g`ri yoki bilvosita zararli ta`sir qiluvchi hodisa, voqea, jarayonlar, ob`ektlar va boshqalarga xavf deb aytiladi. Har qanday energiyaga, kimyoviy va (yoki) biologik faol tashkil qiluvchilarga ega bo`lgan, hamda parametrlari inson hayot - faoliyat kechirish sharoitlariga to`g`ri kelmaydigan ko`rsatkichlarga ega bo`lgan har qanday tizim xavf tug`diradi. Xavflar yashirin (potentsial) va mavjud, yuzaga kelgan (real) turlarga ajratiladi. Potentsial xavf amalga oshishi, ya`ni real xavfga aylanishi uchun “sabablar” deb ataluvchi sharoitlar zarurdir
Xavfsizlik tushunchasi. Xavfsizlik - bu faoliyatning shunday bir holatiki, bunda ma`lum bir ehtimollik bilan xavflarning yuzaga kelishi bartaraf qilingan bo`ladi. Xavfsizlik bu insonlar o`z oldiga qo`ygan maqsaddir. HFX esa maqsadga, ya`ni xavfsizlikga erishishning vositasi, yo`li va usulidir.
Xavflar taksonomiyasi. Xavflar taksonomiyasi - xavflarni ma`lum bir belgisi bo`yicha klassifikatsiyalash, sinflash yoki guruhlashdir. Xavf ko`p belgilarga ega bo`lgan murakkab ierarxik tushunchadir. Modomiki shunday ekan, faoliyat xavfsizligi sohasida ilmiy bilimlarni tashkil qilishda, xavflarning tabiatini chuqur aniqlashda va bilishda xavflarni taksonomiyalash muhim rol` o`ynaydi.
Xavflar hozirgi vaqtda quyidagicha taksonomiya qilingan: a) kelib chiqish tabiatiga ko`ra: tabiiy; texnik; antropogen (inson bilan bog`liq); ekologik; aralash (ikkita va undan ortiq).
b) rasmiy standart bo`yicha: fizik; kimyoviy; biologik; psixofiziologik.
v) salbiy oqibatlarining yuzaga kelish vaqtiga ko`ra: impul`siv (birdaniga, tez); kumulyativ (sekin, to`planib, keyin, yig`iluvchi).
g) o`rni, joyi, lokalizatsiyasi (chegaralanishi) bo`yicha: litosferadagi; gidrosferadagi; atmosferadagi; kosmosdagi.
d) keltiradigan zarariga ko`ra: ijtimoiy; iqtisodiy; texnik; ekologik va boshqa.
e) kelib chiqish sohasiga ko`ra: turmushdagi; sportdagi; yo`l – transportdagi; ishlab chiqarishdagi; harbiy sohadagi va boshqa
yo) strukturasi, tuzilishiga ko`ra: sodda, oddiy; hosila (oddiylarning ta`sirida hosil qilingan)
j) insonga ta`sir qilish xarakteriga ko`ra: faol (aktiv); sust passiv), ular energiya ta`sirida aktivlashadi.
z) olib keluvchi oqibatiga ko`ra: toliqish; kasallanish; jarohatlanish; falokatlar; yong`in; o`lim xavfi va boshqa.
Xavflar nomenklaturasi - ma`lum belgisiga ko`ra xavflarning tizimlashtirilgan nomi, tushunchalari ro`yxatidir. Hozirgi vaqtda xavflar nomining birinchi harfi bo`yicha alfavit tartibida nomenklatura qilingan.
Xavflar kvantifikatsiyasi - murakkab tushuncha bo`lgan xavflarni baholash, sifat jihatdan aniqlash uchun sonli tavsiflarni joriy qilishdir. Amalda kvantifikatsiyaning sonli, balli va boshka usullari qo`llaniladi. Xavflarni kvantifikatsiya qilish uchun, ya`ni sonli baholash uchun “tavakkal” (risk) tushunchasi kiritilgan.
Xavflarni identifikatsiyalash-xavflarni identifikatsiyalash deganda hayot faoliyati xavfsizligini ta`minlashga yo`naltirilgan oldini olish va tezkor tadbirlarni amalga oshirish uchun xavflarning zarur va etarli bo`lgan miqdoriy (sonli), vaqtiy, fazoviy va boshqa tavsiflarni topish, aniqlash va belgilash jarayoni tushuniladi.
Sabab va oqibat.
Potentsial (yashirin) xavflarni yuzaga keltiruvchi sharoitlar sabablar deyiladi. Boshqacha qilib aytganda, sabablar u yoki bu kutilmagan oqibatlar va zararlarni keltirib chiqaruvchin xavflar paydo bo`lishiga olib keladigan turli vaziyatlar to`plamini xarakterlaydi.
Xavf, sabablar va oqibatlar baxtsiz hodisa, favqulodda holat, yong`inlar va boshqa ko`ngilsiz oqibatlarning asosiy ko`rsatgichlaridir. “Xavf - sabab - ko`ngilsiz oqibat” – uchligi bu rivojlanishning logik jarayoni bo`lib potentsial xavfni mavjud, ya`ni real xavfga olib keladi.
Xavflarni o’rganish tartibi uch bosqichda amalga oshiriladi:
Birinchi bosqich-xavflarni oldindan tahlil etish. Bu bosqich uch qadam bilan bajariladi: 1-qadam-xavf manbalarini aniqlash; 2-qadam-xavflarni vujudga keltiradigan qismlarni aniqlash; 3-qadam-tahlilni chegaralash, ya’ni, tekshirilmaydigan xavflarni chiqarib tashlash.
Ikkinchi bosqich-xavfli holatlarni ketma-ketligini aniqlash, hodisa va xavflar daraxtini tuzish. Xavflar daraxti yuqoridan pastga qarab quriladi hamda sabablari hisobga olingan holda tamom bo’ladi.
Uchinchi bosqich-oqibatlarni tahlil qilish. Xavfsizlik tizimi, bu-xavfsizlikning murakkab masalalarini hal qilish yo’llarini tayyorlash va asoslashda foydalaniladigan metodologik choralar yig’indisidir. O’zaro ta’siri bilan aniq bir maqsadga etishtiradigan aloqador qismlar yig’indisi tizim deb ataladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |