Texnik nazorat. Yig’ishda mahsulot elementlari o’zaro joylashuvining to’g’riligi, bajarilgan birikmalarning sifati (rezbali birikmalarni tortish momenti, presslash kuchi, tutashuvlardagi tirqishlar, birikmalar germetikligi, tutashuvchi sirtlarni moslash sifati va b.), detallarni yig’ishning to’g’riligi, uzellar va yaxlit mahsulotning massasi, mahsulot aylanuvchi qismlarining muvozanatlanganligi va b. tekshiriladi. Texnik nazorat vositalari sifatida universal asboblar (shuplar, indikatorlar, dinamometrik kalitlar va b.), shuningdek, maxsus nazorat-o’lchov qurilmalari va moslamalari qo’llaniladi. Nazorat qabul qilish nazorati va oraliq (operatsiyalararo) nazoratga bo’linadi.
Qabul qilish nazoratida barcha yig’ilgan mahsulotlar va eng javobgar uzellar tekshiriladi. Oraliq (operatsiyalararo) nazorat (yoppasiga yoki tanlov bilan) eng murakkab operatsiyalar va yaroqsizlik paydo bo’lish ehtimoli yuqori bo’lgan operatsiyalardan keyin amalga oshiriladi.
Sinash. Mashina ishlab chiqarish texnologik jarayonining yakuniy nazorat operatsiyasi sinash hisoblanadi. Sinashning turlari qabul qilish, nazorat va maxsus ishlab chiqarish sinashi ko’rinishlarida bo’lishi mumkin.
Qabul qilish sinashi mashinaning amaldagi ekspluatatsion
xarakteristikalari (samaradorlik, quvvat, yoqilg’i sarfi, o’lchamlar aniqligi va b.) ni aniqlash, mexanizmlar va uzellarning to’g’ri ishlashini tekshirish uchun amalga oshiriladi.
Sinash stansiyasiga kelgan mashina yig’ish jarayonida alohida uzellarning tekshirilganligi natijalari haqidagi ma’lumotlar kiritilgan kuzatish kartasiga ega bo’lishi kerak.
Sinash vaqtida ekspluatatsiya sharoitlariga yaqin sharoit hosil qilinadi, boshqarish organlarining to’g’ri harakatlanishi, mexanizmlar ishining aniqligi va ishonchliligi, ixtiyoriy nojoiz siljishlarning, tiqilishlarning, burilishlarning va b. yo’qligi tekshiriladi.
3. Yig’ma birikmalar turlari. Yig’ish operatsiyalarini mexanizatsiyalashtirish vositalari
Birikmalarning qo’zg’aluvchan ajraluvchi, qo’zg’aluvchan ajralmas, qo’zg’almas ajraluvchi va qo’zg’almas ajralmas turlari mavjud. Ajraluvchi birikmalar juda keng tarqalgan, ammo oxirgi vaqtlarda ta’mirlanmaydigan yig’ma birliklarning o’sishi bilan bog’liq holda ajralmas birikmalarning hissasi ham ortib bormoqda.
Qo’zg’almas ajralmas birikmalar plastik deformatsiyalash (valsovka qilish, hajmiy siqish, shplintlar qo’yish va b.) yoki biriktiriluvchi detallarni elastik deformatsiyalash (presslash, issiqlik ta’sirida ishlash) usullari bilan biriktiriladi.
Bundan tashqari, stoporlovchi elastik halqalar, kesilgan shaybalar, zashyolkalar, prujinali fiksatorlar, klemmalar va elastik elementlar yordamida mexanik ajraluvchi birikmalar hosil qilish juda keng tarqalgan. 2-rasmda bunday birikmalarga misollar keltirilgan.
Qo’zg’almas birikmalar payvandlash, kavsharlash, yelimlash va presslash usullari yordamida hosil qilinadi. Ular odatda, mexanik ishlov berishning oraliq bosqichlarida amalga oshiriladi.
Chilangarlik-moslash ishlarini bajarishdagi asosiy vositalar qo’l mashinalaridir.
Qo’l mashinalari – massasi mashinani boshqaruvchi operatorning qo’li bilan to’liq yoki qisman ko’tariluvchi, sozlangan dvigatelga ega, mexanizatsiyalashgan asboblardir. Qo’l mashinalarining massasi 1,5-10 kg ni tashkil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |