Fuqaro muhofazasi sohasida qo‘llaniladigan himoya vositalari asosan 3 turga bo‘linadi:
1. Ommaviy himoya inshoatlari aholini turli avariya, halokat va tabiiy ofatlar oqibatlaridan, ommaviy qirg‘in qurollarining shikastlovchi omillaridan va ularning ikkilamchi ta’sir etish omillaridan saqlaydigan inshoatlar hisoblanadi. Ular ish yoki yashash joylari yaqinida joylashadi.
Favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda aholini fuqaro muhofazasi himoya inshoatlarida yashirish kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ko‘plab yo‘qotishlarni oldini oluvchi eng samarali usuldir. Favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganida fuqaro muhofazasining “Havo trevogasi”, “Radiatsiyaviy xavf” yoki “Kimyoviy trevoga” komandalari berilishi mumkin.
Muhofaza qilish xususiyatlariga ko‘ra ommaviy ximoya inshootlari turlari:
1. Maxsus boshpanalar - germetik holda qurilgan bo‘lib, yadro zaryadi portlashidan hosil bo‘lgan shikastlovchi omillardan hamda kimyoviy zaharlovchi moddalar va bakterial vositalardan to‘liq himoya qiladi.
2. Radiatsiyaga qarshi boshpanalar - aholini radiatsion zararlanishdan himoya qiladi. Metropoliten hamda alohida uchastkalarda joylashgan chuqurlashtirilgan temir-beton germetik qurilmalaridan foydalanish mumkin.
3. Eng oddiy boshpanalar – maxsus yoki radiatsiyaga qarshi boshpanalar yetarli bo‘lmaganda, ulargacha bo‘lgan masofa uzoqlik qilganda aholini favqulodda vaziyatlardan vaqtinchalik himoya qiladi. Yadroviy portlashda yorug‘lik nurlanishidan himoya qiladi, zarb to‘lqini va o‘tuvchi(singuvchi) radiatsiya ta’sirini kamaytiradi. Yerto‘lalar, handaqlar, binolarning pastki ratlari, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash uchun qurilgan omborlar va boshqa qurilmalar moslashtiriladi. Oddiy boshpanalar ochiq va yopiq ko‘rinishda bo‘ladi.
2. Shaxsiy ximoya vositalari vositalari nafas a’zolarini, ko‘z va teri qavatlarini radioaktiv moddalar(RM), zaharli moddalar(ZM), bakteriologik vositalar(BV), va kuchli ta’sir etuvchi zaharli moddalar(KTZM) ta’siridan saqlaydi.
Shaxsiy himoya vositalari turlari:
1. Himoya xususiyatiga ko‘ra: filtrlovchi va ayiruvchi (izolyasiyalovchi) turlarga bo‘linadi. Filtrlovchi vositalarning himoyalash xususiyati havoni filtrlovchi materiallar orqali o‘tkazishga asoslangan bo‘lib, unda havo radiaktiv va boshqa KTZMlardan tozalanadi. Izolyasiyalovchi vositalar esa odam organizmini tashqi muhitdan to‘liq ajratishga qaratilgan bo‘ladi.
2. Vazifasiga ko‘ra: nafas olish organlarini himoyalovchi, terini himoyalovchi, shaxsiy tibbiy va zararsizlantirish vositalariga bo‘linadi.
Nafas olish organlarini himoyalovchi shaxsiy himoya vositalariga protivogazlar (gazniqoblar), resperatorlar, matoli niqoblar va paxta-dokali bog‘lagichlar kiradi.
Protivogazlar nafas olish organlarini, yuz va ko‘zni har xil zaharli ta’sirlardan saqlashga mo‘ljalangan. Protivogazlar filtrlovchi va izolyasiyalovchi turlarga bo‘linadi. Filtrlovchi protivogazlarga GP-4, GP-5, GP-5M, GP-7, GP-7V; bolalar uchun mo‘ljallangan PDF-D, PDF-SH, PDF-2D, PDF-2Sh; chaqaloqlar uchun himoya kameralari KZD-4, KZD-6 kiradi. Izolyasiyalovchi protivogazlarga IP-4, IP-6, IP-46, KIP-5, KIP-7, KIP-8 va boshqalar kiradi.
Resperatorlar asosan nafas olish organlarini radioaktiv va mexanik changlaridan himoya qiladi. U yuzga kiyiladi, engak va burun uning ichida qolishi kerak, tasmalar boshga tortiladi.
Matoli niqoblar nafas organlarini saqlovchi vositalarning asosiylaridan hisoblanib, u radioaktiv va biologik moddalardan himoya qiladi. Changga qarshi matoli niqoblar qalin matodan tayyorlanadi yoki oddiy matodan 4-5 qavat qilib tikiladi. Lekin bu vosita zaharli moddalardan saqlay olmaydi.
Paxta-dokali bog‘lagich. Buning uchun 100x50 sm doka olinib, o‘rtasiga eni va bo‘yi 20x30 sm va qalinligi 1-2 sm qilib paxta solinadi, so‘ng u doka bilan o‘raladi. Dokaning uchlarini 35 sm dan kesib bog‘ich ulanadi, bog‘lam engak, og‘iz va burun berkiladigan qilib tikiladi. Bog‘ich uchlari boshning tepa suyagi va ensa ustidan bog‘lanadi.
Nafas a’zolarini himoyalash uchun yuqorida ko‘rsatilgan vositalar bo’lmaganda dastro‘mol, sharf, sochiq va shunga o‘xshash vositalar bilan og‘iz va burunni berkitish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |