Topishmoqlar. Qadim-qadim zamonlarda ham o’zbek xalqi o’z bolalarini kuchli, epchil, aqlli qilib tarbiyalashga katta ahamiyat bergan.O’sha paytlarda hali bolalarga ta’lim-tarbiya beradigan iaktablar yo’q edi. Ana shuning uchun ham xalq turli o’yinlar va boshqa vositalar o’ylab topgan. ―Bekinmachoq‖, ―Chillak‖ka o’xshash o’yinlarda ishtirok etuvchi bolalarda chaqqonlik, epchillik kabi jismoniy hislatlar paydo bo’la borgan. Xo’sh, endi bolalarning zehnini charxlash uchun nima qilish kerak edi? Topishmoq, jumboq singari aqliy o’yinlar ana shu savolga javob izlash jarayonida xalq tomonidan yaratilgan. Topishmoqlarning ham ijodkori xalqdir.
Masal. Kichkintoy tarbiyasi juda muhim va o’ta mas’uliyatli va nozik ishlardan biri hisoblanadi.Buning uchun bolalarni o’z tuyg’u va o’y-xayollari dunyosiga olib kirish lozim. Bu yo’lda ota-onaga, buvi-boboga, tarbiyachiga masal juda qo’l keladi. Masal bola aqlining rivojiga, qiziqishiga boy imkoniyatlar ochib beradi. Ko’p masallar yordamida bolalarning go’daklik chog’laridanoq adolatparvarlik, do’stlik, o’rtoqlik tuyg’ularining shakllanishi, ularning tabiatga, hayvonot olamiga mehr-muhabbatlarining oshishi uchun keng yo’l ochiladi. Chunki ular kamol topar ekanlar masal eshitadi. Har bir masaldagi yaxshiyomonni, gunoh-savobni bilib, mag’zini chaqib, tushunib o’sadilar. Bu esa, ularning kelajagida oqko’ngil, mehnatkash, ota-onaga, ona-Vatanga, hayvonot olamiga muhabbatli bo’lishlari uchun ko’prik vositasini ado etadi.
Tez aytish. Bolaning tilini ravon, burro qilishdan tashqari, aqliga-aql qo’shadi, ongini rivojlantiradi, xotirasini mustahkamlaydi, ota-onasiga, el-yurtiga, o’zini qurshab olgan olamga nisbatan mehr-muhabbatini oshiradi. Boshqacha ibora bilan aytganda, yangi avlod har gal o’zidan avvalgi avlodlar kashf etgan narsalarni hisobga oladi, o’zlashtiradi. Bu yo’l, shubhasiz, boshqalariga qaraganda oqilona, foydali, porloq kelajak yo’lidir.
Tez aytish qayta-qayta mashq qildirish, berilgan matnni osongina diliga, tiliga jo qilib olish har tomonlama foyda so’z o’yini bilan ijro etiladigan har bir tez aytish zamirida bir nechta vazifalar yotgan bo’ladi. SHulardan birinchisi qayta-qayta mashq qilish, tinimsiz takrorlash natijasida bolaning nutqi o’sadi, tili ravon bo’ladi. Bularning hammasi yig’ilib kelib bola tarbiyasiga bog’lanadi.
Ertaklar. Xalq og’zaki poetik ijodidagi eng boy va rang-barang janrlardan biri ertaklardir. Xalq tomonidan yaratilgan ko’plab ertaklarda bolalarning o’ziga xos hayoti chetlab o’tilmagan. Hatto, turli yoshdagi bolalar uchun juda ko’p maxsus ertaklar yaratilgan.
Ertakning muhim xususiyatlaridan biri uning hamisha xalq hayoti, kurashi, tarixi, ruhiy olami, dunyoqarashi, urf-odatlari bilan chambarchas bog’lanishi, insonlarga axloqiy va ma’naviy yo’ldosh bo’lib kelishidadir. Ertaklar insonning ma’naviy va jismoniy kuchiga ishonch ruhi bilan sug’orilgan bo’lib, ijobiy kuchlar tabiat va ijtimoiy hayotda o’ziga dushman bo’lgan kuchlarga qarshi kurashda doimo g’olib chiqadi. Xalq ertaklarida ijtimoiy muhim masalalar odilona hal etiladi. Ertaklar sodda va tushunarli bo’lgani uchun har qanday kitobxonga tez yetib boradi. O’tmishda yaratilgan ertaklarda xalqchillik kurashi o’zining haqqoniy badiiy ifodasini topgandir. Xalqning kelajakka bo’lgan ishonchi, adolatning adolatsizlik ustidan g’alabasi, yorug’likning zulmatni yengishi, ozod va baxtiyor hayotga erishish g’oyalari yorqin obrazlar orqali tasvirlangan.
Xalq ertaklari o’z xususiyatlariga ko’ra bir necha turga bo’linadi: hayotiy ertaklar, hayvonlar haqidagi ertaklar, sehrli-afsonaviy ertaklar, ijtimoiy-maishiy ertaklar.
Xalq ertaklarida el-yurtni ko’z qorachig’iday avaylab saqlovchi ajoyib qahramonlar ulug’lanadi, ayollarning haq-huquqlari himoya qilinadi, uzoq masofalar yaqin qilinadi, kishilar xarakteridagi yaramas odatlar, noma’qul illatlar tanqid ostiga olinadi, mardlik, epchillik, dovyuraklik, mehnatsevarlik, halollik, vafodorlik, saxiylik g’oyalari ulug’lanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |