9. Бир ғазалнинг лингвистик таҳлилини келтиринг.
Base g'am boridin" g'azali tahlili
Mazkur g'azal Munisning hasbi holi — qismati, ahvolining ifodasi deb atash mumkin. Shoirning umr bayonida aytilganidek, bir yilda otasi, onasi va inisidan ayrilgan shoir ma'lum vaqt o'tgach, hayotdagi suyanchiqlari bo'lmish umr yo'ldoshi hamda o'g'lini ham tuproqqa topshiradi. Adoqsiz musibatlar girdobida, og'ir g'am yuki ostida qolgan Munis ko'nglidagi dardlarini g'azal shaklida qog'ozga to'kadi:
Base, g'am boridin chekmish og'irni,
Yog'ir bo'lmish hazin ko'nglim yog'irni.
Shoirning mahorati shundaki, u shakldosh (omonim) so'zlar vositasida tajnis san'atini qo'llab, fikrning o'ziga xos ifodasini topa olgan. G'azalning matla'sidagi "yog'ir" so'zi "yag'ir", "yog'irn" esa "yag'rin" (elka) ma'nolarini anglatadi. Shoir ana shu holatdan ustalik bilan foydalanib, hayotda ko'plab g'amlarni ko'rdim, ana shu g'am yuklarini ko'tarib yurgan ko'nglim yelkalari bu og'irliklardan yag'ir bo'lib ketdi, deya shoirona tasvir yaratadi. Keyingi ikki misrada birinchi baytdagi fikr yanada aniqlashtiriladi:
Falak g'am yuklarin solg'onda elga,
Yog'irnimga mening qo'ymish og'irni.
Munis falak butun insoniyatga g'am yuklarini ulashganda ularning ko'pi menga tegdi, hammadan ko'p og'irliklari menga tushdi deb, hayotida ketma-ket yuz bergan fojealarga ishora qiladi.
Uchinchi baytda shoir ma'shuqaga "g'am yuki" asoratlarini ko'rsatishga tutinadi:
Bilursan g'am yukin ko'p chekkanimni,
Yog'irnim ustida ko'rsang yog'irni.
Faqat yaqinlarni boy berishgina emas, ishqdagi yor jafolari ham oshiqqa tinimsiz uqubatlar keltiradi. Shuning uchun u yorga qarata "Agar ko'nglim yog'irnini ochib ko'rsatsam, uning ustidagi yag'irlarni ko'rib, qanchalar g'am yukini tortganimni bilar eding" so'zlari bilan ahvolini bayon etadi.
Keyingi baytda oshiq "yag'rinining yag'ir"ligi tasviri o'sib, goh ko'ngil, goh bag'rini ma'shuqa itiga berishga ham tayyorlik darajasiga yetadi:
Iting ko'rsam, manga uns aylasun deb,
Berurman gah ko'ngul, gohi bog'irni.
Raqib ollingda bo'lmoqdin hazinman,
Tilarman ko'rmasam ul bo'lmog'urni.
Zamona ahlig'a bo'lmish shikva oyin,
Netong, sevsam agar gung-u sog'imi.
G'azalda endi so'z zamona ahliga ko'chadi. Zamonagidagi odamlarda ham nolish, anduhlar ko'pki, shikoyat qilish ular uchun odat bo'lib qolgan. Ularning shikoyatlari esa shoirning g'amlariga g'am qo'shadi. Shuning uchun shoir gung — gapira olmaydigan sag'ir bechoralarni yoqtirishini ajablanarli hol emas deb izohlaydi.G'azal maqta'sida oshiq o'zi tushgan o'ta mushkul holatdan qutulishning an'anaviy chorasini topganligi aks etgan:
Najote istasang Munisga g'amdin,
Ayoqchi, tut anga har dam chog'irni.
Ko'p asrlar mobaynida she'rlarda tasvirlab kelinganidek, g'amdan qutulishning eng samarali yo'li dardni unutishdir. Bunda esa, chog'irga teng keladigan vosita yo'q. Chog'ir (may), oldin aytilganidek, ilohiy ishqni, ayoqchi (soqiy) Olloh ishqini dillarda yolqinlatuvchi piri komil timsollarini anglatadi. Demak, kimning dilida ilohiy ishq bo'lar ekan, u bu ishq shavqida dunyo g'am-alamlaridan xalos bo'lib, umrini Yaratganning yodi bilan shod o'tkazadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |