Mahsulotlarning iste’mol xususiyatlari. Zeb-ziynat buyumlariga talab odatda elastik, hayotiy zarur buyumlarga esa talab noelastik hisoblanadi. Masalan, non va elektr energiyasi zaruriy iste’mol buyumlari hisoblanadi, shu sababli ular narxining oshishi non yoki elektr energiyasini iste’mol qilishning keskin kamayishiga olib kelmaydi. Boshqa tomondan zeb-ziynat buyumlariga narxlar oshganda ularni osonlik bilan iste’moldan chiqarib tashlash mumkin.
Vaqt omili. Qaror qabul qilish uchun vaqt oralig‘i qancha uzoq bo‘lsa, mahsulotga talab shuncha elastik bo‘ladi. Masalan, agar benzinning narxi ko‘tarilsa, bir necha oy unga bo‘lgan talab biroz qisqaradi. Lekin bir qancha vaqt o‘tishi bilan iste’molchilar tejamliroq avtomobillarga o‘tish mumkin, jamoat transportdan ko‘proq foydalanish mumkin yoki ish joyiga yakinroq manzilga ko‘chish mumkin.
Shuningdek, daromad bo‘yicha talab elastikligi ham mavjud. Daromadlar ko‘payishi bilan tovar va xizmatlarga bo‘lgan talab ham oshadi. Bundan ko‘rinadiki, daromad talabga ta’sir ko‘rsatadi. Bu ta’sir darajasini aniqlash uchun daromad bo‘yicha talab elastikligi ko‘rsatkichidan foydalaniladi.
Iste’molchi daromadining 1% ga o‘zgarishi talabning necha foizga o‘zgarishini ifodalovchi ko‘rsatkich talabning daromad bo‘yicha elastiklik ko‘rsatkichi deyiladi va quyidagi formula yordamida aniqlanadi:
Tovarlarning aksariyati normal tovarlar kategoriyasiga kiradi: iste’molchilar daromadining o‘sishi ushbu tovarlarga bo‘lgan talabni oshiradi. Talab miqdori va daromad bir yo‘nalishda o‘zgargani sababli, normal tovarlar daromad bo‘yicha musbat elastiklikka ega. Ba’zi tovarlar (masalan, avtobusdagi safarlar) past tovarlar kategoriyasiga kiradi: iste’molchilar daromadining o‘sishi ushbu tovarlarga bo‘lgan talabni kamaytiradi. Talab miqdori va daromad teskari yo‘nalishda o‘zgargani sababli, past tovarlar daromad bo‘yicha manfiy elastiklikka ega.
Turli normal tovarlarning daromad bo‘yicha elastikligi sezilarli farqlanishi mumkin. Oziq-ovqat va kiyim-kechak kabi eng zarur tovarlarning daromad bo‘yicha elastikligi past bo‘ladi, chunki iste’molchilar daromad hajmiga qaramay ushbu tovarlarni xarid qilishga majbur. Zeb-ziynat tovarlar esa daromad bo‘yicha yuqori elastiklikka ega, negaki iste’molchilarning daromadi pasayganda, ular qimmat mahsulotlardan voz kechishi turgan gap.
Taklif elastikligiga ta’sir ko‘rsatuvchi muhim omil vaqt oralig‘i hisoblanadi. Uzoq muddatli davrda qisqa muddatga nisbatan taklif elastikligi yuqoriroq bo‘ladi. Firmalarga ishlab chiqarish quvvatlarini qisqartirish yoki kengaytirish uchun ma’lum vaqt kerak. Shuningdek, qisqa muddatli davrda taklif miqdori narx o‘zgarishiga nisbatan kam o‘zgaradi. Aksincha, uzoq muddatli davr firmalarga eski ishlab chiqarishlarni yopishga yoki yangi quvvatlarni ishga kiritishga imkon beradi va taklif miqdori narx o‘zgarishiga nisbatan sezilarli o‘zgaradi.
Ishlab chiqaruvchilarni bozor kon’yunkturasidagi ayrim omillarning o‘zgarishlariga nisbatan sezuvchanligini tahlil qilish uchun aksariyat hollarda narx bo‘yicha taklif elastikligi koeffisientidan foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |