Mavzu bo‘yicha savollar
1. Kalom, aqida, tavhid ilmlari nimani o‘rganadi?
2. Moturidiylik va ash’ariylik yo‘nalishlari qanday paydo bo‘lgan?
3.Kalom ilmida moturidiylik yo‘nalishining asosiy g‘oyalari nimadan iborat?
4. Moturidiylik va ash’ariylik yo‘nalishlarining bir-birlaridan farqini izohlab bering
Imon qanday ma’noni bildiradi?
6.Islom ta’limotida necha narsaga imon keltirish shart hisoblanadi?
Sunniylik va shialikda imon masalasida qanday farq mavjud?
--- Islomdagi mazhablar va yo‘nalishlar
1. Islomda yo‘nalishlarning vujudga kelishi. 2. Fiqhiy mazhablarning paydo bo‘lishi. 3. Imom Abu Hanifa va hanafiylik mazhabi. 4. Mazhabsizlik va uning oqibatlari.
Tayanch tushunchalar: mazhab, oqim, firqa, hanafiylik, shofeiylik, molikiylik, hanbaliylik, fiqh, fatvo, mujtahid, sunniylik.
Islomda yo‘nalishlarning vujudga kelishi.
632 yilda Payg‘ambar (alayhis-salom) vafotidan so‘ng hokimiyat xalifalikka saylanganlar tomonidan boshqarildi. Birinchi Abu Bakr, ikkinchi Umar ibn Xattob saylandi, so‘ng Usmon ibn Affon va Ali ibn Abi Tolib xalifa bo‘ldi. Avvalgi ikki xalifa davrida xalifalikda ichki nizo va firqalanish bo‘lmadi. Usmon xalifaligi davrining so‘nggi yillarida ichki nizolar paydo bo‘lib, xalifaga qarshiliklar kuchaydi. Oxir-oqibat bir to‘da odamlar Hazrati Usmonning uyiga bostirib kiradilar va uni o‘ldiradilar. Uning o‘ldirilishi xalifalikda urushni keltirib chiqardi va Ali ibn Abi Tolib xalifaligi davrida bunday nizolar yanada kuchaydi. SHom voliysi Muoviya xalifaga qarshi chiqib tezroq xalifa Usmon qotillarini topib jazolash talabini qo‘yadi. Xalifa bu paytda avval ichki nizolarni tugatish bilan ishni boshlagan bo‘ladi. Bu ixtilof qurolli to‘qnashuvga olib keladi. Bu to‘qnashuv 657 yili Iroqning Siffin degan joyida bo‘lib o‘tgani uchun jangning nomi Siffin deb atalgan. SHunda davlat tuzumi masalasida Payg‘ambardan keyin xalifalik kimga o‘tishi kerak degan masalada uch toifaga bo‘linish yuz berdi. Birinchi – xalifa Ali tarafdorlari bo‘lgan, xalifalik faqat payg‘ambar xonadonida meros sifatida o‘tishi kerak deb hisoblovchi guruh. Natijada ulardan shialik oqimi kelib chiqdi. Ikkinchi – xalifa Alining sobiq tarafdorlaridan tashkil topgan, uni Siffin jangidan keyin tashlab ketgan xorijiylar (ajrab chiqqanlar) guruhi hisoblanadi. Uchinchi – «ahli sunna val jamoa» guruhi. Islomdagi ilk bid’at, firqachilik va adashish xorijiylar va shialar guruhlarining faoliyatida ko‘zga tashlanadi. Bunday firqalar asosiy ikki masalada yuzaga kelgan: imomat (davlatga rahbarlik) va aqidada. SHuning uchun islomda firqalarga bo‘linish asosan diniy-siyosiy nuqtai nazardan kelib chiqqan deb qaraladi. Birinchi xorijiylarning paydo bo‘lishiga ham xalifa Ali siyosatiga qo‘shilmaslik, shialik esa, xalifalik Ali va uning avlodlariga meros bo‘lib qolishi kerak deb hisoblovchilar sabab bo‘ldi. SHu o‘rinda yana bir narsani alohida ta’kidlab o‘tish zarurki, islomda firqalarga bo‘linish Muhammad (alayhis-salom) hadislarida aytib o‘tilgan. Muhammad payg‘ambar (alayhis-salom) aytadilar: «YAhudiylar 71 firqaga bo‘lindi, nasroniylar 72 firqaga bo‘lindi, ummatim esa 73 firqaga bo‘linadi. Ulardan bittasi najot topadi, qolgani do‘zax ahlidir», deganlarida, sahobiylar: «Najot topadigan firqa qaysi?», deb so‘raganda Payg‘ambar (alayhis-salom): «Men bilan sahobiylarim tutgan yo‘ldagisi», deb javob beradilar» (imom Termiziy rivoyati). Hadisda aytilgan najot topuchi firqa «ahli sunna val jamoa» hisoblanadi. «Ahli sunna val jamoa» sunniylik deb ham nomlanadi. Buning o‘ziga xos, boshqalardan ajralib turadigan jihatlari barcha sahobiylarni yaxshi ko‘rish, kishini katta gunoh qilgan bo‘lsa ham musulmon deb hisoblash, agar u vafot etsa, janoza o‘qish, odil va zolim podshohga qarshi chiqmaslik, Allohning sifatlarini inkor qilmaslik va hokazo. Biroq ilk davrlarda musulmon olimlari tomonidan yakdil fikrga ega bo‘lgan musulmonlarning aqidasi ishlab chiqilmagani bois, «to‘g‘ri e’tiqod qilish» va «bid’at» to‘g‘risidagi tasavvur shia va xorijiylarning paydo bo‘lganidan keyin tizimga solindi. Xorijiylar xalifa Alining qo‘shinidan ajrab chiqqan va «ahli sunna val jamoa» e’tiqodiga to‘g‘ri kelmaydigan ekstremistik qarashlarni ilgari surgan murosasiz guruh. Bunda ular xalifa Alini kelishuvchilikda ayblab, undan ajralib ketganlar va xalifaga ham, Muoviyaga ham qarshi urush ochganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |