2. Ishsizlikning sabablari va turlari
Iqtisodchi olimlar o’rtasida ommaviy ishsizlikning haqiqiy sabablari qandayligi to’g’risida turlicha qarshiliklar mavjud.
Ma’lumki, J.M.Keyns «…ishsizlikning davosi sifatida ish haqini pasaytirish g’oyasini qat’iy inkor etib, o’ziga investisiyalar, davlat xarajatlari va sof eksportdan tashqarii iste’mol xarajatlarini – bunda ham so’nggi – umumiy talabning asosiy qismini ham qamrab oladigan umumiy talabdan kelib chiqadi».
Fikrimizcha, O’zbekistonda ishsizlikning paydo bo’lishi va o’sish tarixi aynan Keyns qarashlarining to’g’riligini isbotlaydi. Ishsizlar rasmiy ro’yxatga olingandan boshlab, ishsizlik darajasi ma’lum darajada muntazam ortib boradi, ishga joylashtirish qanchalik yuqori bo’lsa, ishsizlik darajasi shunchalik nast bo’ladi.
Ish bilan bandlikning keskin kamayishi iqtisodiyotdagi tarkibiy o’zgarishlar (davlat sektorining kamayishi), inflyasiya hamda xo’jalik yuritishning muqobil shakllari (xususiy korxonalar, hissadorlik jamiyatlari) yetarlicha tez o’smaganligi tufayli ko’pgina korxonalarda moliyaviy ahvol yomonlashuvi natijasida yuzaga keladi. Bularning hammasi, tabiiyki, umumiy talab hajmida salbiy aks etadi: davlat ta’siri qisqaradi, investisiya faoliyati sustlashadi, iste’mol xarajatlari esa inflyasiya ta’sirida turmush darajasining yomonlashuvi tufayli birmuncha kamayadi.
Demak, O’zbekistonda ishsizlik o’sishining asosiy sababi – eng avvalo ishlab chiqarishning qisqarishidir. Iqtisodiy o’sish dinamikasi bilan ishsizlik o’rtasidagi aloqa uzviy bog’liq ko’rsatkichlardir.
Qoidaga ko’ra, g’arb iqtisodchilari iqtisodiy o’sish sur’atlarini aholi ish bilan bandligining o’sish sur’atlari bilan, tanazzulni esa ishsizlik darajasining o’sishi bilan bog’laydilar. Haqiqatdan ham, industrial turdagi normal ishlayotgan bozir iqtisodiyotida iqtisodiy o’sish doimo tarmoqlarning rivojlanishi va kengayishini, demak, ish bilan bandlikning ortishini anglatadi. Shunday bo’lsada, rivojlanayotgan mamlakatlarda bunday bog’liqlik ko’zga ochiq tashlanmaydi. Masalan, ko’pgina rivojlanayotgan mamlakatlarda sanoatning tez o’sishi ish bilan bandlikning muvofiq kengayishini keltirib chiqarmadi. Iqtisodchilar bu hodisani sanoatdagi o’sish sur’atlaridan ancha yuqori bo’lgan urbanizasiya sur’atlari hamda qishloqdan shaharga ko’chib kelayotgan aholi malakasining pastligida deb izohlaydilar.
Aholining ish bilan bandlik dinamikasi, YaIM bilan ishsizlik o’rtasidagi bevosita aloqaning tasdiqlanmasligi dastlabki qarashda mantiqan zid hodisadir. Ikkita dalil kishini hayratga soladi: birinchidan, ishsizlikni YaIMning o’sishiga qiyosan ilgarilovchi qisqarishi; ikkinchidan, ish bilan bandlikning kamayishi bilan birga ishsizlikning qisqarishi.
Fikrimizcha, bu hodisalarni faqat statistik xatoliklar va ishsizlik maqomini berish shartlarining murakkablashuvi bilan izohlab bo’lmaydi. Ko’rinishidan yaxshi bo’lgan iqtisodiy o’sish ko’rsatkichlaridan ish bilan bandlikning kamayishini ikkita sabab bilan izohlash mumkin. Birinchidan, yashirin ishsizlikning yuqori darajasi saqlanganligi, u o’z potensialini xatto ayrim barqarorlik sharoitlarida ham ochiq bozorga chiqarib turadi. Ikkinchidan, yashirin ish bilan bandlikning ko’payishi, u ishchi kuchi va ishsizlarning sezilarli qismini ochiq mehnat bozoridan tortib turadi.
Respublikamizda ishsizlikning paydo bo’lish sabablariga ko’ra quyidagi asosiy turlari ko’proq uchraydi:
yashirin, bu asosan qishloq xo’jaligi ishlab chiqarish tarmoqlari uchun xarakterlidir va bu haqiqiy ish kuchini kamroq miqdorda talab qiladi. Amalda ishsizlikning yashirin shakli faqat iqtisodiy emas, shu bilan birga siyosiy xususiyatga ham egadir. Yashirin ishsizlik ishlab chiqarishning chuqur tanazzuli sharoitida korxonalarda ortiqcha bandlikning saqlanib qolganligidan dalolat beradi;
mavsumiy, ma’lum bir mavsumda ish bilan bandlikni ta’minlovchi, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularni qayta ishlash va tayyorlash muddati bilan asoslangan. Uni normal ishsizlik jumlasiga kiritish mumkin. Mavsumiy ishsizlikning hajmi ishchi kuchiga bo’lgan talab va taklif mavsumiy omillarining baravar ta’sir qilishi sifatida namoyon bo’ladi;
texnologik o’zgaruvchan, bu shakli masalan, fan - texnika yutuqlari natijasida qo’l mehnati o’rnini mashina egallashi natijasida yuzaga keladi;
tarkibiy, iqtisodiyotning yangi tarmoqlari paydo bo’lishi yoki eskisiga barham berilishi va mulkchilik shakllarining o’zgarishi bilan yuzaga keladi.
Ishsizlikning ijtimoiy - iqtisodiy mazmuni, sabablari va turlari nazariy asoslanishi ishsizlik holatining mezonlari va ko’rsakichlari ochib berilishini taqozo qiladi. Chunki ishsizlikning asosiy mezonlari va ko’rsatkichlari mehnatga layoqatli aholi oqilona bandligini shakllantirishni tartibga solishda muhim ahamiyatga egadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |