Fond-birjasi. Moliyaviy tadbirkorlikning elementlaridan yana biri fond birjasidir. Kapitalning ko’payishi, aktivlarning haqiqiy narxini aniqlashga qaratilgan qimmatbaho qog’ozlar bozoriga fond birjasi deyiladi. Fond birjasining faoliyat tamoyili talab va taklifni tezkor tartiblashtirishdan iboratdir. Fond birjalarida qimmatbaho qog’ozlarning kopirovkasi o’tkaziladi. Bunga muvofiq birjaning kopirovka bo’limi mutaxassislari birja orqali o’tayotgan barcha qimmatbaho qog’ozlarning harid kursi va sotuv kurslarini muntazam ravishda baholab boradilar. Joriy kurslar esa doimo chiroqli tabloda yozilib, maxsus byulletenda chop etiladi. Joriy kurslarga binoan shu vaqt shu birjada ma’lum aktsiyalarni sotish yoki sotib olish narxlari aniqlanadi. Bu narxlar maxsus formula yordamida chiqarilsa, ular birja faolligining indeksini aniqlash uchun asos bo’ladi. Birja faolligi iqtisodiyotda sodir bo’layotgan ahvolni o’ziga xos ravishda aks ettiradi.
Shu bilan birga davlat monopolistik kapitalizm sharoitida qimmatbaho qog’ozlar savdosida birja roli ancha pasaydi. Buning asosiy sababi kuchli kredit-moliya institutlarining yuzaga kelishidadir. Ular qimmatbaho qog’ozlar savdosini birjalarsiz olib boradilar. Qimmatbaho qog’ozlar savdosida birjalar roli tushib ketganiga sabab, davlat obligatsiyalarining qimmatbaho qog’ozlar umumiy hajmidagi salmog’i oshganligidadir.
Hozirgi vaqtda O’zbekistonda ham fond birjalari o’z faoliyatini amalga oshirib kelmoqda. «Toshkent» respublika fond birjasi erkin sotuvga chiqarilgan aktsiyalar savdosi bilan shug’ullanuvchi yopiq aktsiyadorlik jamiyati, 1994 yil aprelda «Toshkent» respublika universal tovar-fond birjasi tarkibidagi fond bo’limi asosida tashkil etildi.
Birja qimmatli qog’ozlarning bir maromda muomalada bo’lishini ta’minlaydi, ularning bozor bahosini belgilaydi va ularga doir ma’lumotlarni tarqatadi. Birjaning 81 brokerlik idorasi bo’lib, ularda jami 240 broker ishlaydi.
Respublikaning qimmatli qog’ozlar bozorini shakllantirish borasida hukumat tomonidan bir qancha tadbirlar ko’rildi. Bunday bozorlar respublikada ilgaridan ma’lum bo’lib, 20-30 yillarda veksellar, depozitli sertifikatlar, obligatsiyalar muomalada bo’lgan. 1995 yildan esa bunday qimmali qog’ozlar «Toshkent» respublika fond birjasi orqali sotila boshlandi.
Respublika fond bozoriga Markaziy bank tomonidan veksellar bilan birga depozit va jamg’arma sertifikatlari chiqarildi.
Qimmatli qog’ozlar bozorini kengaytirish maqsadida fond do’konlari tarmog’i vujudga keltirildi. Ularning soni 55 taga etdi.
1995 yilda «Toshkent» fond birjasi Evropa-Osiyo fond birjalari federatsiyasi a’zoligiga qabul qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |