Mahsulotning o‘z vyersiyasini yaratish orqali har bir firma o‘ziga xos cheklangan monopoliyaga ega bo‘ladi, ya’ni firma ushbu tovarning yagona ishlab chiqaruvchisiga aylanadi, biroq ushbu mahsulotga yaqin tovarlar boshqa firmalar tomonidan bozorga taklif etiladi. Mahsulotlarning tabaqalashtirish bozor narxlariga cheklangan ta’sir o‘tkazish imkoniyatini yaratadi, chunki ko‘plab iste’molchilar ma’lum bir firma mahsulotiga sodiq bo‘lib, narxlarning biroz oshganiga qaramasdan ushbu tovarlarni sotib oladi. Biroq, bu ta’sir raqobatdosh firmalar mahsulotlarining o‘xshashligi tufayli nisbatan kichik bo‘ladi. Monopolistik raqobatchilar mahsulotlari o‘rtasidagi talabning o‘zaro moslashuvchanligi ancha yuqori. Talab egri chizig‘i biroz salbiy nishabga ega (mukammal raqobatdagi gorizontal talab egri chizig‘idan farqli o‘laroq) va shuningdek, talabning narx bo‘yicha yuqori elastligi bilan ajralib turadi.
Monopolistik raqobat bozori nisbatan ochiq bo‘lganligi sababli unga yangi firmalar o‘z mahsulotlari bilan kirib keladilar, natijada raqobat ko‘lamlari kengayadi. Ammo monopoliyalarning borligi mahsulotning ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirmay turib narxni oshirish hisobiga ham foyda olishga imkon beradi. Buning natijasida ishlab chiqarish oldida to‘siqlar paydo bo‘lib, raqobat ma’lum darajada cheklanadi. Monopolistik raqobat bozorida yangi sifatliroq tovarlarni ishlab chiqarib, bozorga taklif etish raqobat kurashining asosiy usuli hisoblanadi. Bozorning bu turida yangi mahsulotga yetarli darajada iste’molchilarning talabini shakllantirish maqsadida reklama, savdo markalaridan foydalaniladi.
Tarixiy jihatdan monopoliyalar kapitalning to‘planishi va markazlashuvi natijasida vujudga kelgan. Ishlab chiqarishning to‘planuvi ishlab chiqarish vositalari, ishchi kuchi hamda mahsulot ishlab chiqarish hajmining yirik korxonalarda to‘planishini namoyon etadi. Kapitalning markazlashuvi esa bir kapital tomonidan boshqa birining qo‘shib olinishi yoki bir qancha mustaqil kapitallarning aksiyadorlik jamiyati shaklida ixtiyoriy birlashishi orqali kapital hajmining o‘sishidir. Biroq monopoliyalar fan texnika taraqqiyoti, davlatning ayrim faoliyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro kelishish orqali vujudga kelishi mumkin.
Monopolistik birlashma deganda bozorda yetakchi o‘rinni egallagan va yuqori daromad oladigan yirik kompaniyalar, korxonalar, shyerikliklar, firmalar va boshqa xo‘jalik yurituvchi subektlarni tashkil etish tushuniladi.
Monopoliya’ning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u bozor narxlarining shakllanishiga sezilarli ta’sir o‘tkazish qobiliyatiga ega. Uyushmalar uning ishtirokchilari o‘rtasida yozma yoki og‘zaki shartnomalar tuzish yo‘li bilan tuziladi.
Monopoliyalar ijtimoiy takror ishlab chiqarishning barcha sohalarini qamrab oladi: to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqarish, ayirboshlash, taqsimlash va iste’mol. Muomala sohasini monopollashtirish asosida monopolistik birlashmalarning eng oddiy shakllari - kartellar va sindikatlar paydo bo‘lgan.
Kartel –ishlab chiqarishning bitta tarmog‘iga mansub bir necha korxonalarning monopol uyushmasi bo‘lib, uning ishtirokchilari ishlab chiqarish vositalari va mahsulotlariga o‘z mulkiy egaligini saqlab qoladi, yaratilgan mahsulotlarni sotish esa kvota, ya’ni mahsulot ishlab chiqarish umumiy hajmidagi har bir ishtirokchining ulushi, sotish narxlari, bozorlarning bo‘lib olinishi bo‘yicha kelishib bitim tuzadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |