Oraliq kesmada iqtisodiyot to‘liq bandlik holatiga yaqinlashayotganligini, unda "qiyinchiliklar" paydo bo‘layotganini, ya’ni ba’zi tarmoqlarda resurslarning yetishmasligi va ba’zi birlarida esa resurslarning ortiqchaligi vujudga kelishi mumkinligini ko‘rsatadi. Masalan, tez rivojlanayotgan iqtisodiyotda avtomobilsozlik sohasida yuqori malakali ishchilar yetishmasligi, aviatsiyada ishsizlik mavjud bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda avtomobilsozlik sanoatida resurslarga aniqrog‘i ishchi kuchiga talab oshib boradi, natijada ishlab chiqarish harajatlari oshadi, korxonalar esa rentabellikni saqlab qolish uchun o‘z mahsulotlarining narxini oshiradilar. Oraliq kesma milliy ishlab chiqarishning real hajmining oshishi, narx darajasining o‘sishi bilan birga borishini ko‘rsatadi.Bu ishlab chiqarishning to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaganidan, korxonalarning ancha eski va kam samarali uskunalardan foydalana boshlaganligidan guvohlik beradi. Ishlab chiqarish hajmining kengayib borishi bilan qo‘shimcha ishchilar ham ishga jalb qilinadi. Ushu barcha sabablarga ko‘ra mahsulot birligiga qilinadigan xarajatlar ortadi, korxonalar ishlab chiqarishining rentabelli bo‘lishi uchun tovarlarga ancha yuqori narx belgilaydi. Shu sababli oraliq kesmada milliy mahsulot real hajmining ko‘payishi narxlarning o‘sishi bilan birga boradi Tik kesma iqtisodiyot (vertikal kesim) to‘liq bandlik darajasida ekanligini ko‘rsatadi. Bu holatda iqtisodiyot ishlab chiqarish imkoniyatining shunday nuqtasida joylashadiki, bunda qisqa muddatda ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirishga imkon bo‘lmaydi. Tovarlar va xizmatlarga talabning yanada o‘sishi narxlarni oshiradi. Narxning to‘xtovsiz oshib borishi ham ishlab chiqarish real hajmining ko‘payishiga olib kelmaydi, chunki iqtisodiyot to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi. Bu kesma milliy ishlab chiqarish hajmi doimiy bo‘lib qolishi, narx darajasi esa o‘zgarishi mumkinligini ko‘rsatadi. Ushbu kesim klassik (neoklassik) nazariyaga mos keladi, chunki agar davlat iqtisodiyotni tartibga solishga aralashmasa, iqtisodiyot o‘zining to‘liq bandlik holatini ta’minlaydi.
Shuningdek, yalpi taklifga narxdan tashqari quyidagi omillar ham ta’sir etadi:
- resurs narxlarining o‘zgarishi. Qimmatroq yoki arzonroq resurslar jami taklif egri chizig‘ini chapga yoki o‘ngga siljitadi. Masalan, yangi foydali qazilma konlarining ochilishi yerning unumdorligini oshiradi yoki aksincha, yer osti boyliklarining kamayishi unumdor qatlamning yo‘q qilinishiga olib keladi. Monopoliyalar ham katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Xususan, kasaba uyushmalarining ta’sirida ish tashlashlar natijasida ishchi kuchi taklifining qisqarishiga va ish haqi stavkalari oshishiga olib kelish mumkin;
- mehnat unumdorligidagi o‘zgarishlar. Mehnat unumdorligi - bu vaqt birligiga ishlab chiqarilgan mahsulotlar miqdori. Qancha ko‘p mahsulot ishlab chiqarilsa, xarajatlar kamayadi va yalpi taklif egri chziig‘i o‘ngga siljiydi;
- huquqiy normalardagi o‘zgarishlar. Huquqiy normalar o‘zgarishining ikki turi mavjud: a) soliq va subsidiyalarning o‘zgarishi; b) davlat tomonidan tartibga solish tavsifi va usullarining o‘zgarishi.
Korxonalardan olinadigan soliqlar (qo‘shilgan qiymat solig‘i, ish haqi fondidan olinadigan soliqlar)ning ko‘payishi mahsulot birligiga xarajatlarni ko‘paytirishi va yalpi taklifni qisqartirishi mumkin. Korxonaga davlat tomonidan byeriladigan subsidiyalarning ortishi yoki soliq yukining kamayishi ishlab chiqarish harajatlarini kamaytiradi va yalpi taklifni oshiradi. Bu narxdan tashqari omillar AS egri chizig‘ining siljishiga olib keladi.