Daromadlarning notekis taqsimlanishi. Bozor ijtimoiy zarur tovarlarni ishlab chiqarishga emas, balki pulga ega bo‘lganlarning ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan. Bozor tizimi eng qobiliyatli yoki chaqqon tadbirkorlarga katta miqdordagi moddiy resurslarni to‘plashga imkon beradi va meros huquqi esa vaqt o‘tishi bilan ushbu jarayonni kuchaytiradi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida moddiy resurslarni to‘plash jarayoni, uy xo‘jaliklari tomonidan yetkaziladigan inson resurslarining miqdoriy va sifatiy tafovutlariga qo‘shimcha ravishda, pul daromadlarining mutlaqo notekis taqsimlanishiga olib keladi. Natijada, oilalar bozorda o‘z ehtiyojlarini qondirish qobiliyatlari bilan keskin farq qiladilar. Shunday qilib, bozor tizimi boylar uchun zebu ziynat mahsulotlar ishlab chiqarish uchun resurslarni, kambag‘allar uchun birinchi galda zarur bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan resurslar hisobidan ishlab chiqariladi degan xulosani chiqarish mumkin.
Nosamarador ishlab chiqarish, rivojlanishning beqarorligi. Bozor tizimi ma’lum tovarlar va xizmatlarni iste’mol qilish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha naf va xarajatlarni hisobga ololmasligi mumkin. Gap shundaki, ba’zi naf va xarajatlar bozorga nisbatan tashqi bo‘lib ko‘rinadi, ya’ni ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridor va sotuvchi bo‘lmagan boshqa iqtisodiy agentlarning hissasiga tushadi. Ularni tashqi naf va xarajatlar deb ataladi. Masalan, bozor tomonidan hisobga olinadigan iste’molchilar talabi faqat tovarlar va xizmatlarni sotib oladigan individual iste’molchilarning qoniqishlarini bildiradi; bu emlashlar (tibbiy) va ta’lim kabi xizmatlarni sotib olish butun jamiyat uchun naf yoki qoniqish keltirishini aks ettirmaydi. Xuddi shunday, ishlab chiqaruvchilar mahsulot ishlab chiqarish to‘g‘risida faqat bozor talab qiladigan xarajatlarni hisobga olgan holda qaror qabul qiladilar, tashqi xarajatlarni, ya’ni butun jamiyatning ulushiga tushadigan xarajatlarni, masalan, atrof-muhit ifloslanishining turli shakllarini aks ettirmaydilar. Demak, muammo qayerda talab va taklif ishlab chiqarishning barcha naflari va harajatlarini aniq aks ettira olmasa, ya’ni qayerda tashqi naf va xarajatlar mavjud bo‘lsa, bozor tizimi jamiyat ehtiyojlarini eng yaxshi tarzda qondiradigan qilib resurslarni taqsimlashni ta’minlay ololmasligi bilan bog‘liq.
Bozor orqali alohida individium tomonidan moliyalashtirish mumkin bo‘lmagan juda ko‘plab tovarlar va xizmatlarga juda katta ehtiyoj mavjud. Masalan, avtomagistrallar, suv toshqini bilan kurashish, milliy mudofaa kabi tovarlar va xizmatlarni istalgan miqdordagi uy xo‘jaliklari sotib ololmaydi. Bozor tizimi bunday ijtimoiy yoki jamoaviy ehtiyojlarni qondirishga qodir emas. Bundan kelib chiqadiki, bozor iqtisodiyoti takror ishlab chiqarib bo‘lmaydigan resurslarni saqlashga hissa qo‘shmaydi, atrof-muhitni himoya qilishning iqtisodiy mexanizmiga ega emas. Faqatgina qonun hujjatlari tadbirkorlarni ekologik toza ishlab chiqarishlarga sarmoya kiritishga, butun insoniyatga tegishli resurslardan, masalan, okean baliqlari resurslaridan foydalanishni tartibga solishga majbur qilishi mumkin. Va nihoyat, ko‘plab iqtisodchilar bozor tizimi bandlik va narxlarning barqaror darajasini ta’minlash uchun nomukammal mexanizm deb hisoblaydilar.
Umuman olganda bozor iqtisodiyoti o‘zining mohiyatiga ko‘ra barqaror bo‘la olmaydi, shuning uchun unga davriy rivojlanish, ishsizlik, inflyatsiya, insonlar tumush darajalarining pasayishi kabilar xos. Ideal iqtisodiyotda YaMM tez, barqaror sur’atlarda o‘sadi. Bundan tashqari, narx darajasi o‘zgarmasdan qoladi yoki juda sekin oshadi. Ammo tajriba shuni ko‘rsatadiki, to‘liq bandlik va narx barqarorligiga avtomatik ravishda erishilmaydi.
Iqtisodiy o‘sish davriyligi bilan ajralib turadi. Iqtisodiy o‘sish beqarorlik davrlari bilan almashib turadi. Bozor iqtisodiyotida ishlab chiqarish va bandlik darajalarini bevosita belgilovchi omil bu xarajatlarning umumiy darajasi. Sodda qilib aytganda, agar umumiy xarajatlar past bo‘lsa, ko‘pgina korxonalar ko‘p miqdorda tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarishi foyda keltirmaydi. Bundan kelib chiqib ishlab chiqarish, bandlik va daromadning past darajasi mavjud bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |