ariza beruvchi — o‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazishdan manfaatdor bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
ijrochi — belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan metrologiya xizmatlari;
o‘lchash vositalarini kalibrlash — ma’lum sharoitlarda, o‘lchash vositasi yordamida olingan kattalik qiymati va etalon bilan qayta tiklanadigan tegishli kattalik qiymati o‘rtasidagi nisbatni aniqlash orqali o‘lchash vositalarining metrologik tavsiflarini aniqlash maqsadida amalga oshiriladigan operatsiyalar majmui.
3. Kalibrlash ma’lum sharoitlarda kalibrlanadigan o‘lchash vositalari yordamida olingan kattalik qiymatlari hamda namunaviy o‘lchash vositalari va etalonlar bilan qayta tiklanadigan tegishli qiymatlar o‘rtasidagi nisbatni aniqlaydigan operatsiyalar majmuini amalga oshirish orqali o‘lchash vositalarining metrologik tavsiflarini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.
4. O‘lchash vositalarini kalibrlashda xalqaro birliklar tizimining birliklarigacha bevosita yoki bilvosita metrologik kuzatiluvchanlikka ega bo‘lgan namunaviy o‘lchash vositalari (etalonlar) va yordamchi kalibrlash vositalari qo‘llaniladi.
5. O‘lchash vositalarini kalibrlash davriyligi kalibrlash usullari va tartib-taomillarida belgilanadi, bunda belgilangan muddat tegishli o‘lchash vositalarining qiyoslashlararo interval muddatidan oshmasligi kerak.
6. Kalibrlash jarayonida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda chop etilgan yoxud nufuzli texnik tashkilot yoki tegishli ilmiy maqola yoki jurnallarda bayon etilgan yoki o‘lchash vositasini ishlab chiqaruvchi tomonidan tavsiya etilgan usullar (keyingi o‘rinlarda kalibrlash usuli deb ataladi) qo‘llanilishi tavsiya etiladi. Laboratoriya tomonidan sifat tizimi menejmenti hujjati shaklida ishlab chiqilgan yoki modifikatsiyalangan usullar qo‘llanilishi mumkin.
Kalibrlashni qanday amalga oshirish haqida yetarlicha va aniq axborotga ega bo‘lgan kalibrlash usullari, agar bu usullar kalibrlash laboratoriyasining xodimlari tomonidan ishda qo‘llanishi mumkin bo‘ladigan tarzda yozilgan bo‘lsa, usulda harakatlar ketma-ketligining hujjatlashtirilishi yoki qo‘shimcha aniqlashtirilishi zarur bo‘lganda — to‘ldirilmasligi yoki ichki tartib-taomillar shaklida qayta yozilmasligi kerak.
7. O‘lchash vositalarini kalibrlash, kalibrlash tartib-taomiliga muvofiq menejment tizimlarining hujjatlashtirilgan axboroti (keyingi o‘rinlarda kalibrlash tartib-taomili deb ataladi) shaklida o‘tkaziladi.
Kalibrlash laboratoriyalari kalibrlash usulidagi harakatlar ketma-ketligining hujjatlashtirilishi yoki qo‘shimcha aniqlashtirilish uchun kalibrlash va o‘lchash imkoniyatlaridan kelib chiqib kalibrlash tartib-taomilini ishlab chiqadi.
8. Akkreditatsiyadan o‘tkazilgan metrologiya xizmati tomonidan bajarilgan o‘lchash vositalarini kalibrlash natijalaridan o‘lchash vositalarini qiyoslashda foydalanish mumkin.
9. O‘lchash vositalarini kalibrlashni kalibrlash laboratoriyasining akkreditatsiyaning ma’lum sohasida vakolatli bo‘lgan xodimlari o‘tkazadi.
10. O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish ishlari uchun haq tuziladigan shartnoma shartlariga muvofiq ariza beruvchi tomonidan to‘lanadi.
11. O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish ushbu Qoidalarga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
12. O‘lchash vositalarini kalibrlashning har bir keyingi bosqichi avvalgi bosqich natijalari ijobiy bo‘lganda o‘tkaziladi.
2-bob. O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish tartibi
13. O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish tartibi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
ariza beruvchining o‘lchash vositalarini kalibrlash to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish;
buyurtmachining talablariga muvofiq kalibrlashni o‘tkazishning texnik imkoniyatlarini aniqlash va ma’lum metrologik tavsiflarni ta’minlash uchun namunaviy o‘lchash vositalari (etalonlar) va yordamchi kalibrlash vositalarini tanlash;
o‘lchash vositasining ekspluatatsiya hujjatlariga muvofiqligini tekshirish;
o‘lchashlarni bajarish;
o‘lchash natijalariga noaniqlik darajasini baholash bilan ishlov berish;
kalibrlash natijalarini rasmiylashtirish;
ariza beruvchiga o‘lchash vositasi va kalibrlash natijalari bo‘yicha hujjatlarni topshirish.
14. O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
o‘lchash vositasi;
o‘lchash vositasining metrologik tavsiflari belgilangan ekspluatatsiya hujjatlari;
kalibrlash jarayonida aniqlanishi lozim bo‘lgan o‘lchash vositalarining metrologik tavsiflari ro‘yxati, va zarur bo‘lganda, kalibrlash sharoitlariga va bu tavsiflarni aniqlash usullariga qo‘yiladigan talablar.
15. O‘lchash vositalarini kalibrlash:
statsionar kalibrlash laboratoriyalarida;
ko‘chma (mobil) kalibrlash laboratoriyalarida;
bevosita o‘lchash vositalari joylashgan joylarda, mutaxassislarni xizmat safariga yuborish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
Mutaxassislarni xizmat safariga yuborish, ko‘chma (mobil) kalibrlash laboratoriyalaridan foydalanish, ishni tashkil etish tartibi shartnoma asosida belgilanadi.
16. Zarur bo‘lganda ariza beruvchining arizasiga asosan o‘lchash vositalarini kalibrlash ularni tayyorlash, ulgurji saqlash (import bo‘yicha olib kiriladigan o‘lchash vositalari uchun), o‘lchash vositalarini ta’mirlash yoki foydalanish joylarida amalga oshirilishi mumkin. Bunda ariza beruvchi:
o‘lchash vositalarini kalibrlash foydalanish joyida o‘tkazilgan taqdirda — kalibrlashni o‘tkazishni amalga oshiradigan ijrochiga tegishli bo‘lgan kalibrlash va yordamchi vositalarning kalibrlash o‘tkazish joyiga va qaytadan o‘z joyiga yetkazilishini ta’minlaydi;
kalibrlashni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan xonalarni va yordamchi xodimlarni ajratadi;
sifatli kalibrlash ishlarini o‘tkazish uchun barcha sharoitlarni ta’minlaydi;
o‘lchash vositalarini kalibrlash foydalanish joyida o‘tkazilgan taqdirda — kalibrlashni amalga oshiradigan ijrochiga tegishli bo‘lgan kalibrlash va yordamchi vositalarning saqlanishini ta’minlaydi;
ko‘chma (mobil) kalibrlash laboratoriyasidan foydalanilganda — uning muhandislik kommunikatsiyalariga ulanishini ta’minlaydi, u turadigan joyni taqdim etadi, shuningdek, uning saqlanishini ta’minlaydi.
17. Ijrochi bir ish kuni mobaynida arizani ko‘rib chiqadi va ariza beruvchi bilan o‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish to‘g‘risida shartnoma tuzadi yoki kalibrlashni o‘tkazish imkoni bo‘lmagan taqdirda ariza beruvchiga kalibrlashni o‘tkazishni rad etishning asoslangan sabablari ko‘rsatilgan xat yuboradi.
O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish uchun shartnomalar elektron shaklda ham tuzilish mumkin.
18. O‘lchash vositalarini kalibrlash ijrochi tomonidan o‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazishga tuzilgan shartnomaga asosan to‘lov amalga oshirilgan kundan boshlab o‘n ish kuni mobaynida o‘tkaziladi.
O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish davomiyligi o‘n ish kunidan oshmasligi kerak, kalibrlashdan o‘tkazish vaqtining normasi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq ko‘rsatilgan muddatdan oshadigan o‘lchash vositalari bundan mustasno.
19. Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar davlat tilida yoki rus tilida bayon etilgan bo‘lishi kerak. Agar hujjatlar boshqa tillarda bayon etilgan bo‘lsa, u holda ularga asl nusxasiga mos tarjimasi ilova qilinadi, uning ishonchliligi uchun ariza beruvchi javob beradi.
20. Ariza beruvchidan ushbu Qoidalarning 14-bandida nazarda tutilmagan hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ariza beruvchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra qo‘shimcha ravishda boshqa hujjatlarni ham taqdim etishi mumkin.
Ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar bevosita, elektron shaklda yoki pochta aloqasi orqali taqdim etilishi mumkin.
21. Kalibrlashni o‘tkazish vaqtida bajaruvchi o‘lchash vositalari tashqi omillar ta’siridan shikastlanishi uchun javob beradi.
22. Ijrochi faqat kalibrlash o‘tkazish vaqtida natijalarning aniqligini kafolatlaydi. O‘lchash vositalari ariza beruvchiga topshirilgan paytdan boshlab ijrochi o‘lchash vositalari metrologik tavsiflari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat talablariga muvofiqligi uchun javob bermaydi.
23. O‘lchash vositasining qo‘llanishi mumkinligi haqida qaror qabul qilinishi ariza beruvchiga yuklatiladi. Kalibrlash o‘tkazishga imkon bermaydigan sabablar yuzaga kelganda ijrochi tomonidan ariza beruvchiga kalibrlash o‘tkazish imkoni yo‘qligining sabablari ko‘rsatilgan dalolatnoma taqdim etiladi.
3-bob. Kalibrlash natijalarini rasmiylashtirish
24. O‘lchash vositalarini kalibrlash jarayonida o‘tkaziladigan o‘lchash natijalari, ularga ishlov berish va noaniqligini baholash, kalibrlashdan o‘tkazish tartib-taomilida belgilangan shakl bo‘yicha kalibrlash o‘tkazish bayonnomalarida va sertifikatlarida qayd etiladi.
25. O‘lchash vositasini kalibrlash sertifikati mazmuniga qo‘yiladigan talablar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan.
26. Kalibrlash sertifikatida yoki bayonnomasida xatolar aniqlanganda sertifikatlarni va bayonnomalarni belgilangan tartibda to‘liq qayta rasmiylashtirish ishlari bajariladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
27. O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish ishlarini bajarishda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
28. Ushbu Qoidalar talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish qoidalariga
ILOVA
O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish
SXEMASI