[
OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.09.00.00 Reklama to‘g‘risidagi qonunchilik (shuningdek, 12.06.00.00ga qarang);
2.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.06.00.00 Reklama (shuningdek, 09.09.00.00.ga qarang)]
[
TSZ:
1.Iqtisodiyot / Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish. Reklama]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida
Tarixiy-shaharsozlik muhiti va tumanlar (shaharlar)ning mavjud binolari me’moriy qiyofasini saqlab qolish, reklama konstruksiyalarini o‘rnatish va ulardan foydalanishni tartibga solishni nazorat qilish, tashqi reklama sohasining barcha ishtirokchilari uchun teng huquqlarni ta’minlaydigan tamoyillar va shartlarni shakllantirish maqsadida, shuningdek, Shaharsozlik kodeksi, “Reklama to‘g‘risida”gi va “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) qurish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga;
Tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) qurish uchun beriladigan yer uchastkalari, davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlar ro‘yxatini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga;
Tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) yer uchastkalari, davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlarda qurish huquqini elektron auksion orqali berish tartibi to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga;
O‘rnatilgan tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) uchun to‘lovlar miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 4-ilovaga;
Tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) xavfsizligining umumiy texnik reglamenti 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki,
a) mazkur qaror qabul qilingunga qadar qonun hujjatlariga muvofiq tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish uchun tuzilgan shartnomalar, berilgan pasportlar, guvohnomalar, sertifikatlar, ruxsatnomalar va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlarning amal qilishini uzaytirish:
yer uchastkalaridagi tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) uchun 10 yil muddatga, davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlardagi tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) uchun 5 yil muddatga Davlat xizmatlari markazlari orqali reklama joylari pasportlarini berish;
O‘rnatilgan tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) uchun to‘lovlar miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga 2-ilovada ko‘rsatib o‘tilgan bir martalik yig‘im summasini to‘lash orqali amalga oshiriladi hamda ushbu mablag‘lar bir yil davomida har oy teng taqsimlangan holda tumanlar (shaharlar) mahalliy budjetiga o‘tkaziladi;
b) qalbakilashtirilgan hujjatlardan foydalanilgan holda tashqi reklama obyektlariga (konstruksiyalariga) olingan pasportlar, guvohnomalar, ruxsatnomalar va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlar, shuningdek, tegishli vakolatli organning qarorisiz o‘rnatilgan tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) bo‘yicha hujjatlarning muddatini uzaytirishga ruxsat berilmaydi va ular haqiqiy emas deb hisoblanadi;
v) yer uchastkalariga o‘rnatilgan video ekranli tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) uchun ushbu bandning “a” kichik bandida ko‘rsatilgan muddat qo‘shimcha ravishda 10 yilga uzaytiriladi;
g) yer uchastkalariga o‘rnatilgan video ekranli tashqi reklama obyektiga (konstruksiyasiga) tashqi reklamani joylashtirish huquqi uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadigan yig‘im miqdoriga 0,5 koeffitsiyent qo‘llaniladi;
d) milliy bayramlar, xorijiy davlatlar rahbarlarining davlat tashriflari va boshqa davlat tadbirlariga oid axborot tashqi reklama obyektlarida (konstruksiyalarida) joylashtirilganda, tashqi reklamani joylashtirish huquqi uchun oylik yig‘im miqdori tegishli hokimlik qaroriga binoan joylashtirilgan kunlarga mutanosib ravishda kamaytiriladi;
e) ushbu qaror qabul qilingunga qadar qonuniy ravishda o‘rnatilgan barcha tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) mazkur qaror talablariga moslashtirish uchun mazkur qaror qabul qilingan sanadan boshlab olti oy muddat beriladi va shu muddatda belgilangan talablarga moslashtirilmagan reklama obyektlari (konstruksiyalari) ularning egalari tomonidan ixtiyoriy ravishda o‘z kuchi bilan olib tashlanadi (demontaj qilinadi) hamda yer maydoni tartibga keltiriladi, aks holda qurilmalar sud tartibida tegishli hokimlik tomonidan demontaj qilinadi va barcha xarajatlar reklama obyektlari (konstruksiyalari) egalaridan undiriladi.
j) mazkur qaror talablariga muvofiq holda bitta reklama joyida bir nechta tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) qurilganligi va ular turli tadbirkorlik subyektlariga tegishli ekanligi aniqlangan taqdirda, qayta elektron auksion o‘tkazish orqali ushbu joyda faqat bitta tashqi reklama obyektini (konstruksiyasini) qurish huquqi beriladi.
3. Toshkent shahar hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2020-yil 1-martdan boshlab Toshkent shahrida tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari ma’qullansin:
a) Toshkent shahar hokimligining Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-avgustdagi 702-son qaroriga muvofiq reklama sohasida amalga oshirishi lozim bo‘lgan faoliyati bo‘yicha ishchi organi sifatida Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tuzilmasidagi “Arxitektura-rejalashtirish byurosi” davlat unitar korxonasini belgilash va unga quyidagi vazifalarni yuklash:
tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) qurish uchun beriladigan yer uchastkalarini aniqlab, ularning ro‘yxatini shakllantirish;
tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) tizimli monitoring qilish, ularni noqonuniy joylashtirish holatlarini aniqlash va tegishli chora ko‘rish uchun vakolatli organga takliflar kiritish;
b) tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) yer uchastkalarida joylashtirish huquqini (“E-IJRO AUKSION” orqali) faqat yuqori texnologiyali tashqi reklama obyektlariga (konstruksiyalariga) berish;
v) 2020-yil 31-dekabrga qadar birinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida hamda 2021-yil 31-dekabrga qadar ikkinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida joylashtirilgan tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) yuqori texnologiyali qurilmalarga bosqichma-bosqich o‘zgartirish;
g) birinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida faqat video ekranli va ikkinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida aralash turdagi yuqori texnologiyali tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) o‘rnatilishini nazarda tutish.
Bunda birinchi va ikkinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida o‘rnatilgan tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) uchun reklama joylari pasporti mos ravishda mazkur bandning “v” kichik bandida ko‘rsatilgan muddatlargacha ruxsat beriladi hamda O‘rnatilgan tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) uchun to‘lovlar miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga 2-ilovada ko‘rsatib o‘tilgan bir martalik yig‘im undirilmaydi.
Tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) yuqori texnologiyali qurilmalarga o‘zgartirish ishlari belgilangan muddatlarda bajarilmagan taqdirda, bunday qurilmalar ularning egalari tomonidan o‘z kuchi bilan olib tashlanadi (demontaj qilinadi) va yer maydoni tartibga keltiriladi, aks holda qurilmalar sud tartibida tegishli hokimlik tomonidan demontaj qilinadi va barcha xarajatlar reklama obyektlari (konstruksiyalari) egalaridan undiriladi.
4. Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
yuqori texnologiyali tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) o‘rnatilishi lozim bo‘lgan birinchi darajali va ikkinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalari ro‘yxatini tasdiqlasin;
mazkur qaror va boshqa qonunchilik hujjatlari talablaridan kelib chiqib, “Arxitektura-rejalashtirish byurosi” davlat unitar korxonasining ustaviga tegishli o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilishini ta’minlasin.
5. Qurilish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Toshkent shahrida tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatning alohida tartibini amalga oshirish yakunlari bo‘yicha 2021-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan muddatda ushbu qarorning 3-bandi normalarini yanada takomillashtirish va uni respublikaning boshqa hududlarida qo‘llash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Tumanlar (shaharlar) hokimliklari:
tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) qurish uchun beriladigan yer uchastkalarini hamda davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlarni aniqlash maqsadida hududlarni o‘rganishni;
tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish uchun yer uchastkasidan foydalanish huquqini, shuningdek, davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlarga reklama obyektlarini joylashtirish huquqini belgilaydigan hujjatlar tayyorlanishini;
tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) tizimli monitoring qilishni va ularni noqonuniy joylashtirish holatlarini aniqlashni;
tashqi reklama obyektlarida (konstruksiyalarida) joylashtirilgan reklamalar, shu jumladan ijtimoy reklamalar hisobini yuritishni;
yo‘lning qatnov qismida joylashgan aholi turar-joy binolarining tashqi qismida (balkon, lodjiya, deraza, eshik va boshqa tarafiga) har qanday turdagi shaxsiy e’lonlarni joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishni;
ushbu sohada aniqlangan qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha tegishli chora ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining hududiy boshqarmalariga takliflar kiritishni ta’minlasinlar.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Qurilish vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, tashqi reklama operatorlari manfaatlarini ifoda etuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda:
o‘n kun muddatda har bir tuman (shahar) bo‘yicha maxsus ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarda maxsus ishchi guruhlar deb ataladi) tuzgan holda, barcha turdagi tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) ushbu qaror talablariga muvofiqligi yuzasidan xatlovdan o‘tkazishni;
xatlov natijalari bo‘yicha joylashtirilgan tashqi reklama obyektlarining (konstruksiyalarining) ushbu qaror talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosalar (keyingi o‘rinlarda xulosa deb ataladi) berilishini;
ushbu qaror qabul qilingunga qadar qalbakilashtirilgan hujjatlardan foydalanilgan holda, tashqi reklama obyektlariga (konstruksiyalariga) olingan pasportlar, guvohnomalar, ruxsatnomalar va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlar, shuningdek, tegishli vakolatli organning qarorisiz o‘rnatilgan tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) bo‘yicha hujjatlarni o‘n kalendar kun ichida bekor qilishni;
tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish uchun pasportlari, guvohnomalari, sertifikatlari, ruxsatnomalari va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlari bekor qilingan yoki ushbu hujjatlar mavjud bo‘lmagan (ruxsatsiz o‘rnatilgan) tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘ttiz kalendar kun ichida demontaj qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishni;
tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) egalariga ushbu qaror talablariga javob bermaydigan holatlarni ushbu qaror qabul qilingan sanadan boshlab olti oy ichida bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berishni ta’minlasin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari bir oy, Toshkent shahar hokimi uch oy muddatda ishchi guruhlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar va ma’muriy hududda tashqi reklamani joylashtirishni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijalari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga batafsil axborot kiritilishini ta’minlasin.
[
OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.08.00 Yo‘l xo‘jaligi. Yo‘l fondi]
8. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
avtomobil yo‘llarining ajratuvchi bo‘lagida, xususan, yo‘lning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, transport vositalari harakatlanishi yoki to‘xtashi uchun mo‘ljallanmagan, yo‘l sathidan baland va (yoki) yotiq chizig‘i bilan belgilangan qismida hamda trotuar va piyodalar yo‘lkalarida, xavfsizlik orolchalarida tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish taqiqlanadi, aylanma harakatlanishli chorrahalardagi xavfsizlik orolchalari bundan mustasno;
ijobiy xulosa faqat joylashtirilgan tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) ushbu qaror talablariga to‘liq mos kelganda hamda ular bo‘yicha tegishli ko‘rsatmaga muvofiq avval aniqlangan qoidabuzarliklar bartaraf etilgan taqdirda beriladi;
ijobiy xulosa Davlat xizmatlari markazlari orqali reklama joyining pasportini olish uchun asos bo‘ladi;
maxsus ishchi guruh a’zolari beriladigan xulosalarning qonuniyligi va ishonchliligi, shuningdek, tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) pasportlari, guvohnomalari, ruxsatnomalari va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlarni bekor qilish to‘g‘risidagi materiallarni o‘z vaqtida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taqdim etilishi uchun shaxsan javobgardir;
tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) egalari maxsus ishchi guruhlarning xulosalari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) pasportlari, guvohnomalari, ruxsatnomalari va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlarni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorlari yuzasidan sud tartibida shikoyat qilish huquqiga egadir;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari maxsus ishchi guruhlar tomonidan tuzilgan xulosalar asosida tumanlar (shaharlar) va viloyatlar bo‘yicha tashqi reklama obyektlarining (konstruksiyalarining) ma’lumotlar bazasini shakllantiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida Tashqi reklama obyektlarining (konstruksiyalarining) yagona elektron reyestrini shakllantiradi va o‘zining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tashqi reklamani joylashtirish huquqi uchun oylik yig‘imlar summalari, o‘rnatilgan tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) uchun reklama joylari pasportlarini berishdan tushadigan mablag‘lar, shuningdek, tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) qurish huquqi uchun elektron auksion yakunlari bo‘yicha mablag‘lar tushishi uchun o‘n ish kunida tumanlar (shaharlar) hokimliklariga shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarini ochsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi:
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning mazmuni va mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
11. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi N.Sh. Sharipov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 20-fevral,
104-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi 104-son qaroriga
1-ILOVA
[
OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.09.00.00 Reklama to‘g‘risidagi qonunchilik (shuningdek, 12.06.00.00ga qarang)]
Tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) qurish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) umumiy joylashtirish, shu jumladan binolar tashqi qismida o‘rnatish tartibini, shuningdek, shahar yoki hududlar ijtimoiy faolligini, tarixiy-madaniy qiymatini hisobga olgan holda o‘rnatiladigan reklama obyektlarining (konstruksiyalarining) turlari va ko‘rinishlarini, dizaynerlik yechimlari va reklama obyektlari (konstrukrsiyalari) o‘lchamlarini belgilab beradi.
Mazkur Nizom tashqi reklama obyekti bo‘lmagan texnik vositalarni joylashtirish jarayonida vujudga keladigan munosabatlarni tartibga solmaydi, bunday obyektlarga:
iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘risida axborot joylashtirilgan binolar (konstruksiyalar) tashqarisidagi ma’lumot taxtalari va boshqa texnik vositalar;
reklama hususiyatiga ega bo‘lmagan ma’lumotlar taxtasi;
binolar (inshootlar) tashqarisida va yer osti piyodalar o‘tish joylarida (reklama hususiyatiga ega bo‘lmagan) faqat afisha va e’lonlar joylashtirish (tarqatish) uchun mo‘ljallangan texnik vositalar. Bunday texnik vositalarda afisha va e’lonlarni joylashtirish qonunchilikka muvofiq ayrim tashkilotlarga yoki fuqarolarga yuklatilgan bo‘ladi;
savdo obyekti yoki xizmat ko‘rsatish obyekti ichki tarafida mahsulotni saqlash, ko‘chirish, qadoqlash, namoyish etishga mo‘ljallangan reklama ko‘rinishidagi mebel, inventar, asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalar kiradi.
2. O‘zbekiston Respublikasi hududida tashqi axborot ko‘rinishidagi reklama obyektlari (konstruksiyalari), yerda, hududlarda, to‘xtash joylarida, davlat va xususiy binolarda, ma’lumot yetkazish yoki jamoatchilik e’tiborini mahsulotlar (xizmatlar), obyektlar yoki konstruksiyalar, tadbirlar, tashkilotlar hamda tijorat faoliyatiga yoki turli xil tijorat xabarlariga qaratish uchun ishlatiladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi: