4. Ilmiy matnga reja tuzish, uni tahrir qilish
Ilmiy matn o‘zaro mantiqan bog‘liq gaplardan tashkil topadi. Matndagi har bir yangi fikr yangi satrdan boshlanadi, shuning uchun satrboshi deb ataladi. Matnni tashkil qiluvchi har bir qism o‘zining asosiy g‘oyalariga ko‘ra ma’lum bir yetakchi fikrga ega bo‘ladi. Bog‘lanishli matn tuzishda, oatda, rejadan foydalaniladi.
Reja – eng qisqa yozma matn bo‘lib, u orqali:
fikrlar ketma-ketligini o‘zida mujassam etadi va umumlashtiradi;
matn mazmunini ochib beriladi;
manba mazmunini xotirada tiklaydi;
konspekt va tezislar o‘rnini bosadi;
har xil turdagi yozishmalar, ma’ruza, xabarnoma, hisobot tuzishga yordam beradi;
amaldagi yozma axborotni yaxshilaydi;
o‘z-o‘zini nazorat qilishni tezlashtiradi;
e’tiborning bir nuqtada bo‘lishligiga va mashg‘ulotlarni rag‘batlantirishga imkon beradi.
Nashr etilishdan oldin qo‘lyozma, albatta, muharrir tomonidan ko‘rib chiqiladi va tahrir qilinadi. Biroq avval o‘zini-o‘zi tahrir qilish jarayoni matn nashr etilishi bilan bog‘liq bo‘lmagan holda ham amalga oshiriladi. Muallifning muharrir bilan ishlashi qo‘lyozmani nashrga tayyorlashning muayyan bosqichi bo‘lib, mazkur bosqichning tuzilmasi qachon, qayerda, qanday sharoit va qanday uslublarda nashr etilishiga bog‘liq holda o‘zgaradi. Muallif nashr etishning qanday uslubini tanlamasin, tayyorlash bosqichi, albatta, o‘z ichiga ikki - yuridik va texnik jabhani qamrab oladi.
Yuridik jabha deganda, nashriyot, bosmaxona yoki nashrni o‘z zimmasiga olayotgan muassasa yoki homiy bilan o‘zaro shartnoma imzolash tushuniladi. Bundan asosiy maqsad muallif huquqlarini himoya qilishdan iborat.
Texnik jabha deganda qo‘lyozma matnining nashr qoidalariga to‘la muvofiqligiga erishish tushuniladi: matnni ma’lum parametrlarga rioya qilgan holda terish (satrdagi belgilar soni, betdagi satrlar soni, matnning kengligi, abzatslar mavjudligi va joylashuvi), mavzu nomlarini to‘g‘ri yozish, sxema, jadval, illyustratsiyalarni to‘g‘ri qo‘yish, havola tizimini to‘g‘rilash, bibliografiya ro‘yxatini bir xil shaklda berish. Agarda ish tipograf terish yo‘li bilan amalga oshirilsa, korrekturaning mualliflik tekshiruvi ham qo‘shiladi.
Ma’lumki, ilmiy matn tahlilsiz bo‘lmaydi. Tahlil namunalari qat’iy tanlovdan o‘tishi lozim. Ular nafaqat tahlil texnologiyasini, balki ilmiy izlanish jarayonida aniqlangan barcha umumiy aloqa va qonunlarni kuzatish imkoniyatini berishi uchun saralab olinishi lozim.
Agar ilmiy matnni yaratish jarayonida muallif mazkur matn tuzilmasi, uning so‘z ma’nosida ilmiy tadqiqot izlanishlarning natija va mazmunini mutanosib ifodalash bilan band bo‘lsa, tahrir qilish jarayonida muharrir oldida bir yo‘la ikkita maqsad turadi: muallifga qo‘lyozmani takomillashtirishda yordam berish va ushbu qo‘lyozmani kitobxon idrok etishi uchun maksimal darajada qulay shaklda rasmiylashtirish. Bu matn sifatini yaxshilash imkoniyatini oshiradi va muallif tomonidan o‘z-o‘zini baholash mezonlarini obyektivlashtiradi.
Tahrir qilish texnikasi, ya’ni matn bilan ishlashning uslub va metodlari muharrirning kasbiy filologik tayyorgarligi va matn mansub bo‘lgan fan sohasidagi bilimi bilan shartlansa, muharrirlik faoliyati keng ma’noda har qanday ilmiy faoliyatning eng umumiy tamoyillari bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan bir qator juda ham muhim obyektlarni o‘z ichiga oladi.
Demak, o‘zini o‘zi tahrir qilish va tahrir bu ilmiy matnni tuzish va ishlov berishning nafaqat ma’lum bosqichlari, bu filolog kasbiy faoliyatining juda ham ixtisoslashgan va juda muhim tomoni, uning kasbiy faoliyatining majburiy unsuridir. Filolog qay sohada – ilm-fan, dars berish yoki axborotni to‘plash va saqlashda faoliyatini amalga oshirmasin, muharrirlik uning majburiy tomonlaridan biri hisoblanali.
Do'stlaringiz bilan baham: |