2.Hozirgi oila tiplari, oila demografiyasi.
Oila - ijtimoiylashuvning muhim instituti. Uning sifati bir qator ko‘rsatkichlar bilan belgilanadi. Bular:
• demografik ko‘rsatkich - oilaning tarkibiy tuzilishi;
• ijtimoiy-madaniy ko‘rsatkich — oila a’zolarining ma’lumot darajasi;
• ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkich - oila a’zolarining mulkiy holati va uydan tashqarida bandligi;
• texnik-gigiyenik ko‘rsatkich — yashash sharoitlari, turar joyning jihozlanganlik darajasi.
Hozirgi oila o‘tgan yillar oilasidan iqtisodiy funksiyasi bilangina emas, balki emotsional-psixologik funksiyalarning o‘zgargani bilan ham ajralib turadi.
Hozirgi sharoitlarda er, xotin va bolalardan, ya’ni uch-to‘rt a’zodan iborat nuklear oila ayniqsa keng tarqalgan. Bunday oilada bolalarga ta’lim va tarbiya berish funksiyalarini aksariyat hollarda maktab va maktabgacha tarbiya muassasalari o‘z zimmasiga oladi. Bunday oilada oila a’zolarining rollari o‘zgaradi, chunki ayollarning ishlab chiqarishda bandligi o‘sgan.
Yosh oila — bolali yoki bolasiz er-xotin, birinchi nikoh, oila qurilganiga 5 yildan oshmagan, er-xotinning yoshi - 30 yoshgacha. So‘nggi yillarda bunday oilalar soni ko‘payib bormoqda, er-xotinning o‘rtacha yoshi esa 21-24 yoshni tashkil etadi. Bunday oilalarning aksariyati ota-onasi bilan yashaydi, ular moddiy va maishiy qiyinchiliklarga ko‘proq duch keladilar.
To‘liq bo‘lmagan oila — faqat ona yoki faqat otadan iborat oila. So‘nggi yillarda bunday oilalar soni ko‘payib borayotir. Bunday oilada ko‘pincha ona, ba’zan - ota farzandlarni tarbiyalaydi. Mazkur oila - er-xotinning nikohdan chiqishi, ulardan birining uzoq vaqt yo‘qligi yoki o‘limi, shuningdek nikohsiz bola tug‘ilishi natijasi. Bunday oilalar ijtimoiy pedagogning alohida e’tiborini talab qiladi. Ular davlat madadiga muhtoj bo‘ladi. Nikohsiz bola tug‘ilishi natijasida paydo bo‘lgan oila og‘ir moddiy qiyinchiliklardan tashqari o‘ziga jamiyatning salbiy munosabatini ham his qiladi. Otaning yo‘qligi bolalarga har xil ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zan bunday oilada onaning kuchli muhabbati salbiy rol o‘ynaydi. Bola tug‘ilganida, u farzandini uni qurshagan muhitdan ajratishga harakat qiladi. Bunday oilada ota bolani tarbiyalashda ko‘pincha ishtirok etmaydi, ba’zan bola tarbiyasiga otaning aralashuvini onaning o‘zi rad etadi.
Takroriy nikohdagi oila — bu ota-onali oila bo‘lib, unda umumiy nikohdan tug‘ilgan farzandlar bilan bir qatorda avvalgi nikohlardan tug‘ilgan bolalar ham bo‘lishlari mumkin. Ba’zan ular birga, ba’zan esa faqat er yoki xotinning bolalari bilan yashaydilar. Bunday oilalarda o‘gay ona yoki o‘gay otaning bolalar bilan munosabatlari, ularning o‘zaro til topishi muammolari qayd etiladi. Ushbu oilalarda birinchi nikoh xatolarini takrorlamaslikka intilish kuzatiladi, shu bois er-xotin ancha ahil yashaydi.
Bunday oila bilan ishlash uchun psixologik, klinik, ta’lim va ijtimoiy dasturlar talab etiladi. Bunday oilalarda yangi hayotga, har bir oila a’zosining yangi munosabatlariga moslashish jarayoni ketayotganini yodda saqlash muhimdir. Bu jarayon o‘rta hisobda uch yil davom etadi. Oilada rollarning taqsimlanishiga, har bir oila a’zosining va umuman oilaning muammolariga e’tiborni qaratish muhimdir. Er-xotin bilan ishlash jarayonida ijtimoiy xodim vaqt, pullarning taqsimlanishi, asrandi bolalar bilan munosabatlarga e’tiborni qaratadi. Asrandi bolalar alohida e’tiborni talab qilishi bois, ular bilan alohida tarbiya dasturini amalga oshirish talab etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |