Gotlar 5.5-rasm. Anime 5.6-rasm.
Ijtimoiy submadaniyatlardagi me’yorlar ijtimoiy me’yorlarga asosan zid kelmaydi, balki ularni to‘ldiradi yoki o‘zgartiradi, o‘z tashuvchilarining qadriyatlari va mo‘ljallarini aks ettiradi. Aksilijtimoiy submadaniyatlarda me’yorlar ijtimoiy me’yorlarga qarshi qo‘yiladi. Aksilijtimoiy tusdagi norasmiy guruhlar o‘z a’zolariga beruvchi erkinlik yuzaki xususiyat kasb etadi. Amalda ularni odatda avtoritar rahbarlar boshqaradi. Ular qolgan barcha a’zolar irodasini o‘z hukmiga bo‘ysundirishga harakat qiladi. O’z me’yorlari, o‘zaro munosabatlar uslublariga ega bo‘lgan bunday guruh o‘z a’zolarini yo‘l tanlash huquqidan mahrum qilib, qo‘g‘irchoqlarga aylantiradi (masalan, skinxedlar).
O’smirlar submadaniyatining muhim belgisi - modaga rioya qilish. Bu kiyinishda, tashqi ko‘rinishda, raqslarda, o‘zini tutish va gapirish uslubida ayniqsa bo‘rtib namoyon bo‘ladi.
Umuman olganda insonni identifikatsiya qilish ob’yekti sanalgan submadaniyat uning jamiyatda alohida ajralib turish yo‘llaridan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Pedagoglar ijtimoiy tarbiyani amalga oshirishda o‘z tarbiyalanuvchilari duch keladigan submadaniyatlarning xususiyatlari haqida tasavvurga ega bo‘lishlari lozim. Bu ularga tarbiya tashkilotlari faoliyatini yo‘lga solishda submadaniyatlarning ijobiy va salbiy tomonlarini e’tiborga olish imkoniyatini beradi. Shu maqsadda ular tarbiya tashkilotlarining imkoniyatlaridan foydalanishlari va tarbiyalanuvchilarga individual yordam ko‘rsatishlari mumkin.
Shahar — ko‘p sonli aholi yashaydigan, uning etnik tarkibi va faoliyat turlari rang-barang bo‘lgan manzilgoh turi. Zamonaviy shahar moddiy (me’morchilik, sanoat, yodgorliklar, transport) va ma’naviy (o‘quv yurtlari, madaniyat muassasalari) madaniyat markazi hisoblanadi. Ayni vaqtda shahar kriminogen omillar, kriminal tuzilmalar va guruhlar mavjudligi bilan ham tavsiflanadi.
Shahar tarixan shakllangan turmush tarzi bilan ajralib turadi. U quyidagi asosiy belgilar bilan tavsiflanadi:
• shaxslararo muloqotda qisqa muddatli, yuzaki aloqalarning ustunligi;
• aholining uncha katta bo‘lmagan hududiy birligi;
• oila uning a’zolari uchun o‘ta emotsional ahamiyat kasb etishi va ayni vaqtda oiladan tashqari faol muloqot;
• yashash uslublari va madaniy andozalarning rang-barangligi;
• inson xulq-atvori ustidan ijtimoiy nazoratning sustligi va o‘zini-o‘zi boshqarish ahamiyatining kattaligi.
Yuqorida keltirilgan xususiyatlar turli omillarga, xususan shaharning katta-kichikligiga bog‘liqdir. Ijtimoiylashuv sharoitlari kichik va katta shaharlarda ancha farq qiladi.
Ijtimoiylashuv omili sifatidagi shahar uning aholisi barcha faoliyat sohalarida yo‘l tanlash imkoniyatiga ega ekanligi bilan tavsiflanadi. Bu insonning rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi. Insonning yo‘l tanlashi uning oilaviy sharoitlari, u mansub bo‘lgan ijtimoiy qatlam, shaharning u yashaydigan qismi bilan belgilanadi.
Shahar qancha katta bo‘lsa, unda yashaydigan aholining ijtimoiy tuzilishi shuncha rang-barang bo‘ladi. Lo‘nda qilib aytganda, u turli xil ijtimoiy qatlamlar, etnik va kasbiy guruhlardan tashkil topadi. Amalda inson bir vaqtning o‘zida bir nechta ijtimoiy qatlamda ishtirok etishi mumkin. Bu “ijtimoiy dunyolar”ning har biri o‘z xususiyatlari, qiziqishlari, qarashlari, xulq-atvor me’yorlari va o‘zini qurshagan muhitga munosabatlari bilan tavsiflanadi. Bu haqdagi bilimlar insonning umumiy madaniyat va ijtimoiy dunyoqarashini kengaytiradi.
Shahar bandlik uchun sharoitlar yaratishi shahar aholisining ijtimoiylashuvi uchun ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. Bu imkoniyatlardan foydalanish bolalar va o‘smirlarga o‘zini qurshagan muhitda mo‘ljal olish ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniyatini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |