2.Pedagogika fanlari tizimida ijtimoiy pedagogikaning o‘rni.
Pedagogika fanlari tizimida ijtimoiy pedagogika qanday o‘rin egallaydi, u fanmi yoki amaliy faoliyat sohasimi, degan savollar atrofida bahs-munozaralar hanuzgacha to‘xtagani yo‘q. Ayrim mamlakatlarda pedagogika, ijtimoiy pedagogika, ijtimoiy pedagog” atamalari umuman ishlatilmaydi, talabalar mazmunan “Maxsus pedagogika”, “Ijtimoiy tarbiya” tushunchalariga yaqin bo‘lgan “Ortopedagogika” kursini o‘rganadilar. Xullas, turli mamlakatlarda ularning tarixiy va madaniy an’analari, rivojlanish darajasiga qarab terminologiyada ham, tushunchalar mazmunida ham o‘z xususiyatlari bor.
Ijtimoiy pedagogika ta’lim sotsiologiyasi, tarbiya sotsiologiyasi, pedagogik va ijtimoiy psixologiya, boshqaruv psixologiyasi bilan fanlararo aloqalarga kirishadi.
Falsafa ijtimoiy pedagogikaning metodologiyasi hisoblanadi, fan oldida turgan muammolarni tushunishning umumiy qoidalari va yondashuvlarini belgilaydi. Falsafa tabiat, jamiyat va tafakkur rivojlanishining umumiy qonunlari haqidagi fan sifatida dunyoni va insonning undagi o‘rnini o‘rganadi. Ijtimoiy pedagogika muammolarini tushunishda inson, sotsium, konflikt, turmush tarzi kabi kategoriyalar ayniqsa muhim rol o‘ynaydi.
Ijtimoiy pedagogika pedagogika tarixiga, o‘tmishdagi ta’lim va tarbiya tajribasiga, boshqa mamlakatlardagi ta’lim va tarbiya amaliyotiga tayanadi.
Ijtimoiy pedagogika sotsiologiya bilan bog‘liq, chunki sotsiologiya jamiyatni, ijtimoiy hodisalar va ijtimoiy munosabatlarni o‘rganadi. Sotsiologiya konkret jamiyat va uning guruhlarining mazmun va mohiyatini tushunishga yordam beradi.
Ijtimoiy pedagogikada ko‘pgina yondashuvlar psixologiya yordamida yechiladi. Psixoanaliz va psixodiagnostika ijtimoiy ish metodlari uchun asos hisoblanadi. Ijtimoiy pedagogika ham, psixologiya ham amaliy ahamiyatga egadir.
Ijtimoiy pedagogika pedagogikaning maktabgacha pedagogika, maktab pedagogikasi, kasb-hunar ta’limi pedagogikasi, muhit pedagogikasi, ishlab chiqarish pedagogikasi, ijtimoiy ish pedagogikasi kabi tarmoqlari uchun asos hisoblanadi.
Ijtimoiy pedagogika va antropologiyaning o‘zaro aloqasi alohida diqqatga sazovor. Ijtimoiy pedagogika o‘z mazmunini antropologik asosda belgilar ekan, insonshunoslik muammolari bilan shug‘ullanuvchi boshqa fanlar: ijtimoiy falsafa, sotsiologiya, pedagogika, ijtimoiy psixologiya, axloq, ijtimoiy huquq yutuqlaridan keng foydalanadi. U inson, davlat va jamiyat ijtimoiy- pedagogik rivojlanish jarayoni muhim bosqichlarining xususiyatlari bilan bog‘liq.
Ijtimoiy tarbiyaning insonparvarligi shaxsni majburlashda emas, balki unga yordam ko‘rsatishda namoyon bo‘ladi. Ijtimoiy pedagogika oila tarbiyasi xususiyatlarini, milliy xususiyatlarni va diniy tarbiyani e’tiborga oladi. Shu tufayli ham ijtimoiy pedagog ijtimoiy tarbiya tarixini bilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |