Bog'liq 1. Ijtimoiy pedagogika, uning predmeti va vazifalari. Ijtimoiy p
Tabiatga muvofiqlik - ijtimoiy pedagogika tamoyili bo‘lib, unga binoan ijtimoiy pedagog o‘z amaliy faoliyatida bolaning tabiiy rivojlanish omillariga amal qiladi. Mazkur tamoyil tavsifiga pedagoglar, psixologlar va faylasuflarning asarlarida duch kelish mumkin. Ularda ushbu tamoyilning u yoki bu jihatlari aks ettirilgan. U odamlar tug‘iladigan joyda tabiat ehsonlarini imkoniyatdan voqelikka aylantirish uchun tarbiya zarurligini qayd etgan. A.Komenskiy tabiat umumiy qonunlarigagina emas, bola shaxsiyati psixologiyasiga ham tayangan. U o‘zi yaratgan bolalarga ta’lim va tarbiya berish tizimini bolalar va o‘smirlarning yosh xususiyatlariga tayangan holda asoslagan. Keyinchalik tabiatga muvofiqlik tamoyili asosida turli xil pedagogik va ijtimoiy nazariyalar yaratilgan.
Fransuz faylasufi Jan Jak Russo (1712-1778) (2.2-rasm) bolani tarbiyalash tabiatga muvofiq amalga oshirilishi lozim, deb hisoblagan. U tabiatning o‘zi tarbiyalashiga katta e’tibor bergan. Uning fikricha, bu inson qobiliyatlarini ichdan rivojlantirish yo‘li bilan amalga oshirilishi lozim.
Nazariyaning o‘ziga xosligi uning mazmunidagina emas, balki bola tarbiyasini u tug‘ilgan paytdan balog‘at yoshiga yetguniga qadar tabiiy sharoitlarda amalga oshirishni nazarda tutishida ham namoyon bo‘ladi.
Tabiatga muvofiqlik tamoyilining rivojlanish jarayonini P.P.Blonskiy, S.T.Shatskiy, V.A.Suxomlinskiy, Yu.K.Babanskiy, G.I.Shchukina, T.I.Ilina kabi pedagoglarning asarlarida ham kuzatish mumkin. Bolalarga ta’lim va tarbiya berishda olimlar asosiy e’tiborni o‘quvchilarning yosh va individual xususiyatlarini e’tiborga olishga qaratganlar.
Rossiyada V.P.Kashchenko (1870-1943) faoliyatini alohida qayd etish lozim. U 1908 yilda nuqsonli bolalar uchun maktab-sanatoriy tashkil qiladi. Bu maktab pedagogik, davolash va tadqiqot maqsadlarini o‘zida biriktiradi. Ushbu muassasa negizida keyinchalik bolani o‘rganish uyi tashkil etiladi. Tabiatga muvofiqlik tamoyilini rivojlantirar ekan, V.P.Kashchenko rivojlanishda nuqsoni bo‘lgan bolalarga ta’lim va tarbiya berishda e’tiborga olinishi lozim bo‘lgan jismoniy va ruhiy nuqsonlarni atroflicha o‘rganadi.
Tabiatga muvofiqlik tamoyili haqida ijtimoiy pedagogikaga tatbiqan gapirganda, eng avvalo bu yerda oddiy bola yoki rivojlanishda nuqsoni bo‘lgan bola nazarda tutilayotganini yodda saqlash zarur. Shu tufayli ham ijtimoiy pedagog tabiatga muvofiqlik tamoyiliga binoan o‘z faoliyatida quyidagi qoidalarga amalga qilishi lozim:
-bolalarning yosh xususiyatlarini e’tiborga olish;
-bolalarning jinsiy xususiyatlarini e’tiborga olish;
-bolalarning o‘z jismoniy yoki ruhiy nuqsonlari bilan bog‘liq bo‘lgan individual xususiyatlarini e’tiborga olish;
-bolaning ijobiy jihatlariga, shaxsiyatining kuchli tomonlariga tayanish;
-bolaning tashabbuskorligi va mustaqilligini rivojlantirish.
Madaniyatga muvofiqlik tamoyili tabiatga muvofiqlik tamoyilining davomi hisoblanadi. Uning zarurligi inson tabiati bilan belgilanadi. Inson biologik mavjudot sifatida tug‘iladi va xulq-atvor ijtimoiy tajribasini o‘zlashtirish yo‘li bilan shaxs sifatida kamol topadi. Bu tajriba tarbiya va shaxsning kamol topishi jarayonida avloddan-avlodga o‘tib keladi. Antik jamiyatdayoq faylasuflar va pedagoglar shaxsning kamol topishi va madaniyat o‘rtasida teran aloqalar mavjudligini aniqlaganlar. Bunda ikki muhim tezis ta’riflangan: shaxs madaniyat bilan oshno bo‘lish orqali kamol topadi, har qanday madaniyatning oliy boyligi esa inson hisoblanadi.
Madaniyatga muvofiqlik tamoyili pedagogikada Adolf Disterveg tomonidan ilgari surilgan. U insonni tarbiyalashda u tug‘ilgan va yashashi lozim bo‘lgan joy va davr sharoitlarini e’tiborga olish lozim, deb hisoblagan. Butun insoniyat rivojlanishining muayyan bosqichida bo‘ladi - bu ajdodlar o‘z tarixi natijasi sifatida qoldirgan meros hisoblanadi. Inson, garchi uning kamol topishi tabiiy qobiliyatlarga bog‘liq bo‘lsa-da, o‘z davrining mahsulidir.
Rossiya pedagogikasida madaniyatga muvofiqlik g‘oyasi K.D.Ushinskiy asarlarida rivojlantirilgan.
K.D.Ushinskiy ma’rifatli inson va fuqaroni tarbiyalash uchun ishni yozish, o‘qish va sanashni, o‘z dinini, o‘z vatanini, uning tabiati, geografiyasi, tarixi va madaniyatini o‘rgatishdan boshlash lozim, deb hisoblagan. K.D.Ushinskiy va boshqa pedagoglarning asarlarida bu g‘oya xalqchillik g‘oyasi sifatida aks ettirilgan (2.3-rasm).
Xalqchillik deganda K.D.Ushinskiy har bir xalqning tarixiy rivojlanishi, geografik va tabiiy sharoitlari bilan belgilangan o‘ziga xosligini tushungan. K.D.Ushinskiy o‘z davrining ilg‘or mamlakatlarida amal qilgan tarbiya tizimlarini o‘rganar ekan, har bir mamlakatning tarbiya tizimida xalqning fe’l-atvori aks etadi, degan xulosaga kelgan. Uning fikricha, xalq va uning madaniyati shunday bir inson idealini yaratadiki, tarbiyada unga amal qilinishi lozim.
Madaniyatga muvofiqlik tamoyili tarbiya jarayonida umuminsoniy va milliy madaniyatlarning qadriyatlari va me’yorlarini e’tiborga olishni nazarda tutadi. Umuminsoniy qadriyatlar insonni oliy qadriyat sifatida; oilani mavjudlikning tabiiy muhiti sifatida; mehnatni hayot faoliyatining asosi sifatida; yer yuzida tinchlikni mavjudlik sharti sifatida; bilimni faoliyat asosi sifatida; madaniyatni tarixan shakllangan ijtimoiy tajriba sifatida tan olishni nazarda tutadi.
Bolani jamiyatning turli xil madaniyatlari, chunonchi: maishiy, jismoniy, intellektual, siyosiy, ma’naviy madaniyat bilan oshno etish mushkul vazifa bo‘lib, uni yechish bola o‘z hayotining turli davrlarida bo‘ladigan oila va jamiyat, turli muassasalar va birlashmalarning sa’y-harakatlari bilan ta’minlanadi. Agar bolaning kamol topish jarayoni normal kechayotgan bo‘lsa, u jamiyat madaniyatini o‘zlashtiradi va jamiyatga tabiiy qo‘shiladi. Agar bolaning jismoniy, ruhiy yoki ijtimoiy rivojlanishida biron-bir nuqson bo‘lsa, uning xalq madaniy qadriyatlarini o‘zlashtirishi muammosi murakkablashadi. Ayni shu sababli bunday bolalar uchun ularni madaniyat qadriyatlari bilan oshno etish alohida metodikasi va texnologiyasi yaratilgan. Ammo bolaning madaniyatni idrok etish jarayoni passiv kechmaydi, u o‘zi ayni shu madaniyat bunyodkoriga aylanadi. Yoshlar ittifoqi, badiiy studiyalar, to‘garaklar va bolalar birlashmalari madaniyat bilan oshno bo‘lish uchun imkoniyat yaratadi.