1. Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ijtimoiy sug‘urta, ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy himoya



Download 439,04 Kb.
bet1/4
Sana31.12.2021
Hajmi439,04 Kb.
#261592
  1   2   3   4
Bog'liq
PQ-4804 11.08.2020




[OKOZ:

1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.01.00.00 Ishga joylash va aholi bandligi / 05.01.09.00 Mehnat migratsiyasi;

2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.09.00 Tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va huquqlarini himoya qilish]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ijtimoiy sug‘urta, ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy himoya;

2.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash]

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

Qarori

Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

Mamlakatimizda mehnat bozorining samarali mexanizmlarini joriy qilish, aholining ishchanlik faolligini oshirish, kambag‘al va ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, shu asosda ularni doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish orqali bandligini ta’minlash maqsadida:



1. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda:

2021-yil 1-yanvarga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda “Ishga marhamat” monomarkazlarini 1-ilovaga muvofiq;

bir oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi kasb-hunarga o‘qitish markazlarini 2-ilovaga muvofiq;

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent shahri tumanlarida qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslarini 3-ilovaga muvofiq;

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlarini 4-ilovaga muvofiq tashkil etsin.

2. Vazirlik doimiy ravishda nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarini jalb qilib, aholini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar, tadbirkorlik asoslari va xorijiy tillarga o‘qitishni tashkil etsin. Bunda, xususiy sektor imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadida:

a) nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarini tashkil etayotgan xususiy investorlarga quyidagilar davlat yordami sifatida ko‘rsatiladi:

nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarini tashkil etish uchun Vazirlikning “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarining, kasb-hunarga o‘qitish muassasalarining binolari yoki ularning bir qismi hamda mahalliy hokimiyat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tavsiyasiga ko‘ra boshqa bo‘sh turgan binolar yoki ularning bir qismi operativ boshqaruvga yoki uzoq muddatli imtiyozli ijaraga beriladi;

o‘quv dasturi va o‘qituvchilarni mustaqil tanlash huquqi beriladi;

kasb-hunarga o‘qitish markazlari binolari bir qismi berilgan taqdirda mazkur markazlarning o‘quv jihozlari va anjomlari imtiyozli ravishda foydalanishga topshiriladi;

nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan o‘qitish uchun davlat buyurtmasining kafolatlangan eng kam darajasini belgilash;

b) nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalari olinayotgan davlat yordami evaziga quyidagilarni ta’minlaydi:

kasb-hunarga o‘qitish va ko‘nikmalarni baholash sifatining tashqi va milliy mehnat bozori talablariga mosligini;

ishsiz, kambag‘al fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan to‘lanayotgan davlat buyurtmasining miqdoridan oshirmaslikni;

kasbiy ko‘nikmalari baholanayotgan fuqarolar to‘g‘risida ma’lumotlarni Vazirlikning Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar Milliy reyestriga qo‘shish uchun taqdim etishni;

v) nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarida ta’lim olgan hamda WorldSkills va boshqa xalqaro standartlar darajasida kasbiy malaka sertifikatini (Skills pasporti) olgan bitiruvchilarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi imtiyozlar beriladi:

kasb-hunarga o‘qish va malaka imtihonini topshirish xarajatlarini qoplash;

tadbirkorlikka jalb etish va o‘zini o‘zi band qilganlik uchun rag‘batlantirish subsidiyalarini ajratish;

o‘z biznesini boshlashi uchun imtiyozli kredit ajratishga yo‘llanma berish.

3. Quyidagilar:

Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘rgatish va ularning mehnat faolligini oshirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tarkibi 5-ilovaga muvofiq;

Aholi bandligini ta’minlash va ishchi kuchining raqobatbardoshligini oshirish dasturi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki, mazkur qarorning 1 va 2-bandlariga muvofiq o‘qitish xarajatlari quyidagi manbalar hisobidan qoplanadi:

mehnat organlari yo‘llanmasi bilan yuborilgan ishsiz fuqarolarni o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari;

boshqa fuqarolar uchun — fuqarolarning o‘z mablag‘lari yoki o‘z ishchilarini kasbiy malakasini oshirish uchun (kasbiy o‘qitish, qayta o‘qitishga) yuborgan ish beruvchilar yoki yangi ishchilarni kasbga tayyorlash uchun buyurtma bergan tashkilotlar mablag‘lari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. Moliya vazirligi bir oy muddatda ushbu qarorga 1-ilovaga muvofiq “Ishga marhamat” monomarkazlarini va 2-ilovaga muvofiq kasb-hunarga o‘qitish markazlarini saqlash, qayta ta’mirlash, asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlash hamda o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’lim ustalarining ish haqlarini to‘lash uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 2020-yil uchun ajratiladigan mablag‘larga qo‘shimcha ravishda 150 milliard so‘m mablag‘ ajratsin.

6. Vazirlik 2021-yil 1-yanvardan boshlab “Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunarga o‘qitish markazlari bitiruvchilarining kasbiy malakasini WorldSkills standartlari asosida baholash, shuningdek baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda tan olinadigan Skills pasporti berilishini yo‘lga qo‘ysin va kasbiy malakasi tasdiqlangan bitiruvchilarning Yagona reyestrini shakllantirsin.

“Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunarga o‘qitish markazlari tomonidan bitiruvchilarga berilgan o‘qishni tamomlaganlikni tasdiqlovchi hujjat hamda Skills pasporti o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi diplomi darajasiga tenglashtirilib, egallagan bilimlarni mehnat faoliyatida amalga oshirish huquqini beradi, biroq, ta’limning keyingi turini davom ettirish uchun asos hisoblanmasligi belgilansin.

7. Belgilansinki, “Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunarga o‘qitish markazlari:

faoliyat yo‘nalishlari Vazirlik tomonidan belgilanadi, ularning faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar, shu jumladan moddiy-texnik ta’minlash va saqlab turish xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari, xo‘jalik faoliyati natijasida tushgan mablag‘lar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

tarkibiy tuzilmasi, shtatlar jadvali, rahbar, o‘qituvchi va boshqa barcha xodimlarining mehnatiga haq to‘lash miqdori Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi;

o‘quv-metodik faoliyati Vazirlik hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilangan tartibda muvofiqlashtiriladi;

o‘quv jarayonida ishlab chiqarilgan yarim tayyor, tayyor mahsulotlarni (tovar, ish, xizmatlarni) ushbu markazlar hududida joylashgan ko‘rgazmali pavilonlar va yarmarkalar hamda elektron tijorat orqali namoyish qilishi va sotishi (tushgan tushumlarni o‘quv jarayoni uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlari va xomashyo materiallarini xarid qilish, xodimlar malakasini oshirish va ularni rag‘batlantirish uchun sarflashga yo‘naltirish sharti bilan) mumkin.

8. Vazirlik Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-oktabrga qadar Vazirlar Mahkamasining quyidagilarni nazarda tutuvchi qarori loyihasini ishlab chiqsin va kiritsin:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda har bir hududda kamida bittadan “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” bo‘yicha nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalari o‘rtasida ochiq tanlov o‘tkazish;

tanlov g‘olibi sifatida ta’lim faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan, hududlarning asosan qishloq va chekka joylari, chegara hududlarini qamrab olgan holda ishsiz va band bo‘lmagan aholi, ayniqsa, kambag‘al fuqarolar, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga, chet tillari yoki tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishni zimmasiga olgan, o‘quv dasturi va qo‘llanmalariga ega, o‘qish jarayonida axborot-kommunikatsiya vositalaridan va innovatsion o‘qitish uslublaridan keng foydalanadigan nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasasini aniqlash.

9. Moliya vazirligi bir oy muddatda “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” tanlovi g‘oliblarining loyihalarini moliyalashtirish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 2020-yil uchun ajratiladigan mablag‘larga qo‘shimcha ravishda 50 milliard so‘m mablag‘ ajratsin.

Vazirlik tanlov g‘olibi aniqlangandan keyin uch kun muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tanlov g‘oliblari to‘g‘risidagi ma’lumotni taqdim etsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tanlov g‘oliblarini, zarur hollarda, o‘n besh kun muddatda ijara to‘lovlari bevosita tanlov g‘olibi tomonidan to‘lanishi sharti bilan ularni maqbul shart-sharoitlarga ega binolar bilan ta’minlash choralarini ko‘rib borsin.

10. Vazirlik Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2020-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish bilan bandligini ta’minlash maqsadida tajriba tariqasida:

nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlari yaratayotgan tadbirkorlik subyektlariga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tijorat banklari orqali har bir yaratilayotgan ish o‘rni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha, biroq jami har bir tadbirkorlik subyekti uchun bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravaridan oshmagan miqdorda 3 yil muddatga, bir yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasida, yaratilgan ish o‘rnida nogironligi bo‘lgan shaxslarning kamida bir yil ishlashi sharti bilan mikrokreditlar ajratish tartibi joriy etilishini;

ishga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron reyestrini shakllantirish va reyestrga kiritilgan shaxslarni bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirishga ko‘maklashishni;

tadbirkorlik subyektlariga ish o‘rinlari va sharoitlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har bir moslashtirilayotgan ish joyi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratilishini;

Vazirlik tizimidagi kasb-hunarga o‘qitish markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ayniqsa, kam ta’minlangan va mehnat migrantlari oilalarining a’zolari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni bepul o‘qitish kurslarining tashkil etilishini ta’minlasin.

Vazirlik Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-fevralga qadar ushbu bandda belgilangan tajriba doirasida amalga oshirilgan ishlar monitoringini olib borsin hamda tajribaning ijobiy yakunlari bo‘yicha uni keyinchalik doimiy asosda joriy etish yuzasidan asoslantirilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Soliq va Bojxona kodekslariga asosan Koreya Respublikasi Hukumatining grantlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar, shu jumladan Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazlarini tashkil etish uchun chetdan olib kelinadigan tovarlar, shu jumladan avtotransport vositalari, ishlar (xizmatlar) bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

12. Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5812-son Farmoniga muvofiq kasbga o‘qitish markazlarini tashkil etish uchun Vazirlik tizimiga berilgan kasb-hunar kollejlaridagi xorijiy grant va kreditlar hisobiga sotib olingan jihoz va uskunalardan ushbu kasbga o‘qitish markazlarida ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish maqsadlarida foydalanish;

ishsiz va band bo‘lmagan aholini, shuningdek tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarda ishlash uchun ketayotgan va “labor-migration” dasturiy majmuasida ro‘yxatga olingan fuqarolarni tadbirkorlik ko‘nikmalari, xorijiy tillar va kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun ketishdan oldin davlat yoki nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalariga, ishlab chiqarishning o‘zida o‘qitish uchun tashkilot hamda “usta-shogird” maktablariga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har bir ta’lim oluvchi uchun bir oyda bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda grantlar ajratish;

hududiy mehnat organlari tomonidan ro‘yxatga olingan ishsiz va band bo‘lmagan aholini Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillarga o‘qitish, kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni davlat yoki nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarida, bevosita ishlab chiqarishning o‘zida o‘qitish uchun tashkilot hamda “usta-shogird” maktablari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish asosida amalga oshirishni nazarda tutuvchi takliflarga rozilik berilsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti boshlig‘i Vazirlik hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:

uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ko‘pchilikni tashkil etgan Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Ekaterinburg, Novosibirsk shaharlarida va boshqa hududlarida davlat hamda nodavlat ta’lim muassasalari va markazlari bilan muzokaralar olib borib, mazkur hududlarda mehnat faoliyatini olib borayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini kasb-hunarga va rus tiliga, ayniqsa, kechki payt (ish vaqtidan keyin) o‘qitishni tashkil etish, shu jumladan o‘qitish uchun joy, o‘quv qo‘llanmasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlash bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishish choralarini ko‘rsin;

ikki oy muddatda Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN), “Molodie professionali (WorldSkills Russia)” ittifoqi hamda boshqa ta’lim va kasbiy malakani baholash muassasalari bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasida kasb-hunarga va rus tiliga o‘qitilishini tashkil etishda hamkorlik o‘rnatish choralarini ko‘rsin;

bir oy muddatda xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini huquqiy, ijtimoiy va madaniy-gumanitar qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnat faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasida kasb-hunarga va rus tiliga o‘qitish xarajatlari Vazirlik huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

14. Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘rgatish va ularning bandligini ta’minlashning samarali tizimini joriy etish maqsadida mazkur qaror quyidagi tartibda ijro etilsin:

a) Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘rgatish va ularning mehnat faolligini oshirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi rahbari J.A. Qo‘chqorov mazkur qarorga muvofiq davlat va nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarining samarali faoliyat yuritishini hamda sifatli va xalqaro standartlarga javob beradigan kasb-hunarga o‘qitish tizimi joriy etilishini tashkillashtirsin, shuningdek ushbu maqsadda ajratilayotgan mablag‘larning manzilli sarflanishini ta’minlasin;

b) bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B. Husanov:

ishsiz va band bo‘lmagan aholini mehnat bozorining joriy hamda istiqboldagi ehtiyojlari asosida qisqa muddatlarda zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarga o‘qitishning samarali dasturlarini ishlab chiqsin;

aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasb-hunarga tayyorlashda va ularning bandligini ta’minlashda xususiy sektor vakillari bilan uzviy hamkorlik qilsin va ularni moddiy qo‘llab-quvvatlasin, shu jumladan grantlar ajratib borsin;

Adliya vazirligi, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir hafta muddatda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini ijrochilarga, tashkilotlarga, fuqarolik jamiyati institutlariga va aholi e’tiboriga yetkazish maqsadida chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin;

mazkur qarorga asosan ajratilayotgan mablag‘lar bo‘yicha ularning sarflanish yo‘nalishlari, samaradorlik natijalari yuzasidan ma’lumotlarni har chorak yakuni bo‘yicha jamoatchilikka e’lon qilsin va o‘zining rasmiy veb-saytida joylashtirib borsin;

ushbu qarorning ijrosi holati to‘g‘risidagi hisobotlarni har chorak yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borsin;

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda o‘qitish jarayonlariga yuqori malakali o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’lim ustalari jalb etilishini ta’minlasin, zarur hollarda, ularning malakasini WorldSkills va boshqa xalqaro standartlarga asosan oshirib borsin;

v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bir oy muddatda har bir tuman va shahar kesimida kambag‘al va ishsiz fuqarolarni, ayniqsa moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga (“temir daftar”) kiritilgan oilalarni kasb-hunarga o‘rgatish va ularning mehnat faolligini oshirish bo‘yicha hududiy dasturlarni tasdiqlasin va ijrosini Vazirlik bilan birgalikda ta’minlasin;

g) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti boshlig‘i davlat va nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarining xorijda ishlash niyati bo‘lgan bitiruvchilarini ishga joylashtirishga ko‘maklashsin hamda mazkur muassasalarning xorijiy davlatlardagi salohiyatli ish beruvchilar bilan uzviy hamkorligini o‘rnatsin;

d) Hisob palatasi va Moliya vazirligi mazkur qarorga muvofiq amalga oshirilayotgan xarajatlar samaradorligi hamda qonuniyligini o‘rnatilgan tartibda tekshirib borsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.

16. Vazirlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 11-avgust,

PQ-4804-son

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi PQ-4804-son qaroriga


1-ILOVA

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tashkil etiladigan “Ishga marhamat” monomarkazlari

RO‘YXATI

Oldingi tahrirga qarang.


Download 439,04 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish