2-Mashg’ulot
Topshiriq:
1.Huvaydo lirik shoir. “Rohati dil” – ma’rifiy didaktik doston (Dostonning nasriy bayonini yozish)
2.Amiriy – zullisonayn shoir. (Amiriyning ikkita g'azalini tahlil qilish)
1.Huvaydo lirik shoir. “Rohati dil” – ma’rifiy didaktik doston (Dostonning nasriy bayonini yozish)
O’zbek mumtoz adabiyotida, xususan, mutasavvuf shoirlar silsilasida Xo’janazar G’oyibnazar o’g’li Huvaydo muhim o’rin tutadi. Huvaydo o’zining manzil – makoni, kelib chiqishi haqida bunday deb yozadi.
Kaminaning oti Xo’janazardir,
Atosining oti Go’yibnazardur.
Nasabda Ushbu mavludi Chimyoniy,
G’aribu xokisoru dil parishoniy.
Ushbu misralar Huvaydoning ismi otasining oti, sulolasi asli ushlik bo’lib, shoir Chimyonda tug’ilganidan dalolat berib turibdi. Haqiqatan, Xuvaydoning otasi G’oyibnazar Yernazar o’g’li 1104 – hijriy yilda bir guruh marg’ilonlik qarindoshlari bilan birga Chimyonga ko’chib kelib, chimyonlik bir qiz bilan oila ko’rgan. Huvaydo shu oilada, shu maskanda tavallud topgan. Huvaydoning tug’ilgan yili aniq emas. Qarindosh-urug’larining xotiralariga suyaniladigan bo’lsa, u taxminan 1704-yili tug’ilgan. G’oyibnazar Chimyonda nufuzli maktabdor eshon edi. U Qashqarda shuhrat qozongan Ofoq xo’ja muridlaridan bo’lib, piriga ixlos va hurmatini ramzi sifatida o’g’liga Xo’janazar ismini bergan. Huvaydo shoirning adabiy taxallusidir.
Xo’janazar Huvaydo Chimyondagi maktabda oladi. So’ng bilimini takomillashtirish maqsadida Qo’qon madrasalarida tahsilni davom ettirdi. O’z ma’naviy olamini Sharq mumtoz adabiyoti, falsafasi, islom va tasavvuf ilmi durdonalari bilan boyitdi. Tahsilni tugallab, Chimyonga qaytgach, Huvaydo ham to’quvchilik san’ati bilan mashg’ul bo’ldi. Huvaydo umrining asosiy qismini xalq ta’limiga bag’ishladi.
Huvaydo umrining oxirigacha Chimyonda yashadi va taxminan 1780-1781 yillarda vafot etdi.
Huvaydodan bizga bir devon me’ros qolgan. Huvaydo sulolasidan yetishib chiqqan Sirojiy, Salohiddin Soqib, Samar Bonu kabi iste’dodli shoirlar adabiyotimiz tarixida iz qoldirganlar. Salohiddin Soqib bobosi merosini devon holida shakllantirib, qayta ko’chirtirib qoldirgan.
Devon mutoalasida Huvaydo g’azal, mustazod, ruboiy, chiston kabi ruhbob she’r turlari, masnaviy singari epik nazm namunalarining mumtoz ustasi sifatida namoyon bo’ladi. Huvaydo g’azaliyoti, asosan, oshiqona, orifona g’azallardan tashkil topgan. Oshiqona g’azallarda ishqi komil yo’lida insoniy kamolat sari sabot bilan intiluvchi oshiq kechinmalari va qiyofasi ta’sirchan tasvirlangan. Orifona g’azallarda esa Huvaydo donishmand faylasuf siymo sifatida qavdalanadi. Bunday g’azallar insonni ma’naviy kamol toptiruvchi so’fiyona ma’rifat g’oyalari bilan yo’g’rilganki, buni tahlil jarayonida alohida kuzatamiz.
Huvaydo mazmun-mundarija, shakily-badiiy jihatlardan mukammal mustazodlar yaratib qoldirgan. Mana bu baytlar bilan boshlanuvchi asar shoirning mustazod bitishdagi mahoratini yaqqol namunasdir.
Ko’rdim tuno kun ko’chada bir mahliqoni,
hayron bo’la qoldim,
Husnidan ani ko’nglum uyi topdi ziyoni,
raxshon bo’la qoldim,
Aytdim: “Ey pari, qayga borursan jadal aylab? ”
Achchiq’lanib aytur:
“Shohim, na so’rarsan, na ishing bor bu zamoni?”
pozmon bo’la qoldim.
Huvaydo ruboiyoti ham falsafiy – ramziy ma’nolar bilan sug’orilgan:
Ey, bog’i nazokatda kabi sarv, yuzi gul,
Ul yuzdin yerur ishq eli chun kumriyu bulbul.
Rayhon-u binafsha xati zulfingni asiri,
Shamshodu sanubar qadding oldida ikki ko’l.
Ishq elini kumriyu bulbuldek nola chektirgan ul yuz – ilohiy san’at timsoli.
Xo’janazar Huvaydoning masnaviy yo’lida yozilgan “Rohati dil” manzumasi va “Ibrohim Adham” qissasi o’z muallifining dostonnavishlik salohiyatidan darak beruvchi yodgorlik bo’lib, shoirning o’zbek mumtoz pandnomasi xazinasiga qo’shgan munosib hissasidir. Shoirning o’zi “Rohati dil” manzumasini bunday tavsiflaydi.
Kitobimning otidur “Rohati dil”,
Erur har bir so’zi tanbehi g’ofil.
Anglashiladiki, “Rohati dil” g’ofil yuraklarni nasihat nurlaridan munavvar etuvchi manzumadir.
O’z dunyoqarashi, tafakkur tarzi, badiiy uslubi jihatidan Xo’janazar Mashrab kabi ulug’ adabiy siymolarga yaqin turadi. Ularni umuminsoniy g’oyalarini kuylashdagi hamohanglik hamda tasavvuf maslagiga e’tiqod yaqinlashtirgan. Huvaydo dunyoqarashida Yassaviy va Mashrabga izdoshlik ayniqsa, yaqqol seziladi. Ilohiy ishqning bu uch otashin oshig’i Ollohga muhabbat bog’lash borasida birlashadilar. Yassaviy o’z hikmatlarida “Dunyo uchun g’am yema, Haqdin o’zgasi barcha g’alatdur, Mashrabo” deya bong uradi. Huvaydo esa ularga quyidagicha yakdillik izhor etadi.
Dunyoda hoyu havas qilmoq abas,
Bir Xudodin o’zgani suymas abas,
Bu faqat birxudolilik, ya’ni Ollohni yagona va birhaqliylikni tan olish – iymon haqidagi gap emas. Ulug’ taqvodorlarning iymonlari shak – shubhadan holi. Aksincha, ularning iymonlari shu qadar mukammal ediki, pok, ta’masiz, riyosiz taqvoga intila borib, “bir xudodin o’zga”sini rad etish, undan ko’ngil uzish maqomiga yerishganlar.
“Hoki poyi yaxshilar bul…” g’azali komil inson uchun zarur fazilatlardan baxsh etadi.
Hoki poyi yaxshilar bo’l, hok bo’lmasdin burun,
Bu qaro Yer qo’yni senga choh bo’lmasdan burun.
Huvaydo g’azalining ruhi, uslubi yengil. Bu g’azalning badiiy qimmati, shoir Huvaydoning mahorati shundaki, u mo’jaz bir g’azalda komil inson ahloqi uchun zarur bo’lgan olti fazilatni qamrab olib talqin etgan. Birinchi baytda xokisorlik, ikkinchi baytda g’iybat qilmaslik, uchinchi baytda qanoatpeshalik, to’rtinchi baytda ta’masizlik, beshinchi baytda beozorlik, oltinchi baytda obitlik, yani toat – ibodat bilan mashg’ullik amallari mo’min-musulmonlarga hayotiy dastur ul amal sifatida o’qtiriladi. G’azal bir – birini uzviy quvvatlab turuvchi mustaqil mazmuni baytlardan tuzilgan. Umuminsoniy ma’rifiy mazmuni yoritishi nuqtai-nazaridan, asar orifona g’azalning ko’rkam na’munasidir.
“Hoki poyi yaxshilar bo’l…”
Hoki poyi yaxshilar bo’l, hok bo’lmasdin burun,
Bu qaro Yer qo’yni senga choh bo’lmasdan burun.
Mo’mineni g’iybatidin munda og’zing pok qil,
Ando do’zaxni o’ti misvok bo’lmasdin burun.
Ko’rsatib ganji qanoat, och ko’zingni sayd qil,
Ko’zlaringni kosasig’a xok to’lmasdin burun.
Xor-u xasni yastanib, qilma ta’madin bir xase,
Qabring uzra to’dayi xoshok unmasdin burun.
Qilma g’amgin mo’mineni, ko’nglini shod aylagil,
Tongla mahshar dashtida g’amnok bo’lmasdin burun.
Ey, Huvaydo, kechalar yig’lab yaqongni chok qil,
Domani subhi qiyomat chok bo’lmasdin burun.
Do'stlaringiz bilan baham: |