7-mavzu. Gaplarning xususiyatlari
Rejasi:
1. Gaplarning turlari
2. Gapda so'z tartibi
3. Abzasning xususiyatlari
1. Gaplarning turlari
Gaplar tuzilishiga ko‘ra sodda va qo‘shma turlarga bo‘linadi. Ular ifoda maqsadiga ko‘ra uch xil bo‘ladi: 1.Darak gap. 2.So‘roq gap. 3.Buyruq gap
Darak gapda bo‘lib o‘tgan, bo‘layotgan yoki bo‘lishi kutilayotgan voqea-hodisa haqida xabar beriladi. Shuningdek, bunday gaplar orqali narsa yoki hodisada biror xususiyatning mavjudligi yoki mavjud emasligi tasdiq yoxud inkor yo‘li bilan ifodalanadi.
Darak gap xabar ohangi bilan aytiladi. Gapning bosh qismida ohang bir oz ko‘tarilib, keyingi qismida pasaya boradi. Tovush tempi o‘rtacha bo‘ladi. Mantiq urg‘usini olgan so‘z gap tarkibidagi boshqa so‘zlarga nisbatan yuqori ohang bilan aytiladi. Urg‘uli bo‘lak o‘zidan oldingi bo‘lakdan qisqa pauza bilan ajratilib, tezroq talaffuz etiladi. Darak gaplar tarkibidagi bo‘laklarning joylashish tartibi odatdagi tartib sanaladi.
Darak gapning kesimi darak xarakteridagi fe’llar bilan ifodalanib, so‘roq, buyruq va undov xususiyatlaridan xoli bo‘ladi. Darak gapning kesimi fe’ldan boshqa so‘z turkumlari bilan ham ifodalanishi mumkin. Misollar: Jahongir universitetning huquqshunoslik fakultetini bitirdi. Uning ukasi chet tillar institutining ingliz filologiyasi fakultetida tahsil olmoqda.
So‘roq gapda so‘zlovchi uchun noma’lum bo‘lgan biror narsa, harakat-holat, belgi-xususiyat haqida ma’lumot olish ma’nosi ifodalanadi. So‘roq gap, asosan, dialogik nutqqa xos bo‘lib, tinglovchidan so‘ralayotgan mavzuni inkor yoki tasdiq etishni talab etadi. So‘roq gap ohang jihatidan darak gaplardan farq qiladi. So‘roq gap so‘roq ohangi bilan talaffuz etiladi. So‘roq gapda bevosita so‘roqni bildiruvchi so‘zda ovoz kuchayada. Bunday gaplar oxiriga so‘roq belgisi qo‘yiladi.
O‘zbek tilida so‘roq gap bir necha yo‘llar bilan hosil bo‘ladi:
So‘roq olmoshlari yordamida shakllanadi. Bunday holatda so‘roq gap tarkibida kim? nima? qanday? qanaqa? qaysi? qayerda? qayerga? qayerdan? qachon? nega? necha? nechta? qancha? nima uchun? kabi so‘zlari ishtirok etadi. Masalan: Siz nima uchun dars tayyorlamay keldingiz? Siz bugun qaysi matnni tarjima qildingiz? Siz kutubxonaga kim bilan borasiz? Gulbahorning to‘yiga kimlar bordi?
So‘roq gaplar –mi, -chi, -a, -ya, nahotki so‘roq yuklamalari yordamida hosil bo‘ladi. Masalan: Bu kitobni siz keltirdingizmi? Siz zamonaviy musiqa asarlarini yoqtirasizmi? O‘zingiz-chi? Sen ikkinchi kursda o‘qiysan-a? Akangiz bugun keladi-ya? Nahotki bolaligingiz o‘tgan qishlog‘ingizni sog‘inmasangiz?
So‘roq gaplar ba’zan hech qanday grammatik vositalarsiz, faqat ohang yordamida hosil bo‘lishi ham mumkin. Bunday holatlarda oldingi darak gap to‘lig‘icha yoki uning biror bo‘lagi takrorlanib, so‘roq gap hosil qilinadi. Masalan: Soat o‘n bo‘ldi. – Soat o‘n bo‘ldi? – O‘n? Biz muzeyga ertaga boramiz? – Ertaga boramiz? Bu ishni bugun bajara olmaymiz. – Bajara olmaymiz? kabi.
Buyruq gap har xil ohang bilan talaffuz qilinishi mumkin. Qat’iy buyurish, talab ma’nolarini anglatuvchi buyruq gaplar kuchli ohang bilan aytilsa, o‘git, nasihat, iltimos kabi ma’nolarni ifodalovchi buyruq gaplar ancha past hamda mayin ohang bilan talaffuz etilishi mumkin. Tinch ohang bilan talaffuz qilingan buyruq gap oxiriga yozuvda nuqta, kuchli his-hayajon bilan talaffuz qilingan buyruq gap oxiriga esa undov belgisi qo‘yiladi. Masalan: Har kuni ertalab barvaqt tur, yuz-qo‘lingni yuv, badantarbiya bilan shug‘ullan. Bugun kechqurun soat 7 da biznikiga kel. Dushmanga qarata o‘t oching! Qo‘lingni ko‘tar! kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |