113.Yoshlar muammolarini hal etishda fuqarolik jamiyati instutlarini roli
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi hamkorligida o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, “Adolat” SDP faollari, tegishli vazirlik va tashkilotlar vakillari, poytaxtimiz va viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlari olimlari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Konferensiyada Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori B.Xodiev, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori D.Toshmuhammedova va boshqalar so‘zga chiqdi
Ta’kidlab o‘tilganidek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga e’tibor qaratilgani bejiz emas. Zero, davlat tomonidan fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalasining strategik vazifa sifatida ilgari surilishi jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi. Keyingi vaqtlarda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining roli va ahamiyatini, bu jarayonda fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha sezilarli chora-tadbirlar ko‘rildi. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun zarur institutsional baza yaratildi. Bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan 9200 dan ziyod nodavlat notijorat tashkiloti jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilishda, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy maqsadlarga erishishda muhim rol o‘ynamoqda.
Konferensiyada mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari rivoji va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishning dolzarb masalalari yuzasidan olib borilayotgan tadqiqot ishlari muhokama etildi. Anjuman ishtirokchilarining “Mustahkam oila – qudratli jamiyat asosi”, “Yoshlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishning huquqiy asoslari”, “Yoshlar ongiga milliy qadriyatlarni singdirishda mahallaning roli”, “Oliy ta’lim muassasalarida Ijtimoiy fanlarni o‘qitishga innovatsion yondashuv”, “Zamonaviy iqtisodchi kadrlarni tayyorlashning innovatsion usullari” kabi mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.
Konferensiya nihoyasida ma’ruzalar yuzasidan muhokama o‘tkazilib, bunday ilmiy-amaliy konferensiyalarni an’anaviy tarzda tashkil qilish maqsadli ekanligi ta’kidlandi. Konferensiya ishi doirasida yosh olimlar “Eng mazmunli ma’ruza”, “Notiqlik mahorati”, “Eng yaxshi taqdimot” yo‘nalishlari bo‘yicha rag‘batlantirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |