33. O‘zbekistonda “madaniy inqilob” va uning oqibatlari
XX asr 20-30-yillardagi murakkab ijtimoiy-siyosiy vaziyat respublika ma’naviy-madaniy hayotida ham o‘z aksini topdi. Sho‘rolarning “madaniy inqilob” tadbiri jamiyatning barcha jabhalari qatorida ilm-fan, madaniyat, san’at, maorif, oliy ta’lim sohalarini ham o‘z izmiga solgan edi. Ta’lim-tarbiyaning o‘choqlari bo‘lgan milliy maktablarga ham bu siyosat o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Sovet hokimiyatining dastlabki yillaridanoq an’anaviy ta’lim tizimini yo‘q qilish avj oldirildi. 1927-yilning dekabrida VKP (b)ning XV syezdida qabul qilingan qishloq xo‘jaligini kollektivlashtirish to‘g‘risidagi qarordan keyin bu maxsus ma’rifiy hayriya mulklari bo‘lmish vaqf mulklari tugatilib, buning oqibatida an’anaviy maktablar ham iqtisodiy asosdan mahrum bo‘ldilar. Ushbu choralar kamdek, ularga din-xurofot o‘choqlari tamg‘asi yopishtirilib, X asrdan ortiq to‘plangan an’anaviy qadriyatlar keraksiz, zararli, yangi tuzumning taraqqiy etishiga to‘siq bo‘luvchi ijtimoiy institutlar sifatida izsiz tugatib yuborildi. Oxir oqibatda 1920-yilga kelib, TASSRda “sotsialistik” turdagi 2080 maktab faoliyat ko‘rsatib, ulardagi o‘quvchilar soni esa, 174820 ni tashkil qilar edi.
Munavvar Qori Abdurashidxonov tashabbusi bilan Musulmon Xalq Universiteti (dorilfununi)ni tashkil etish guruhi saylanadi va 1918-yilning 9 aprelida uning hovlisida shu dorilfununning 9 kishidan iborat tashkiliy hay’ati ta’sis etiladi. Musulmon Xalq Dorilfununi 1918-yilning 12 mayida Toshkent shahrining eski shaharida tantanali ravishda ochildi. Uning 13 ta maktabi 14 maydan ochila boshladi, eng oxirgisi esa 17 iyunda tarkib topdi. Ulardan 4 tasi ayollar maktabi edi.
Kompartiyaning madaniy merosni inkor etish siyosati arab yozuvini lotin grafikasiga almashtirish haqidagi qarorida ham o’z aksini topdi. Buning sababini sho’rolar “madaniy o’sishda texnik xususiyatga ega to’siqlardan biri bu qoloq transkripsiyadir” hamda “an’anaviy arabcha yozuv faqatgina diniy musulmon an’analari nuqtai nazaridangina qimmatlidir” deb uqtirib, arab yozuvining mavqeini pasaytirishga harakat qiladilar. Shu munosabat bilan O’zbekiston kommunistlarining III-qurultoyi: (1927-yil noyabr) “Yangi lotin alifbosiga yanada shiddatliroq yo’l bilan o’tish kerak” deb ta’kidladi va 1929-yilda o’zbek yozuvi lotin grafikasiga o’zgartirildi. Chunki, O’rta Osiyoni arablar istilo qilgan VIII asrdan boshlab nafaqat diniy kitoblar, balki fanning barcha sohalarida o’n uch asr mobaynida yaratilgan yozma madaniyat yodgorliklari, o’lka aholisi amal qilib kelgan huquq manbalari ana shu yozuvda yaratilgan edi. Shu sababdan bu mahalliy xalqni nafaqat dinidan balki madaniyatidan, o’ziga xos huquqidan ajratib, sovet qolipiga majburan solish edi.
1940-yilda esa lotin grafikasining kirillcha bilan shoshilinch almashtirilishi, O’zbekiston aholisining bilim darajasining o’sishiga, o’zbek tilining rivojiga salbiy ta’sir ko’rsatdi. Ushbu holat savodsizlar sonining sun’iy o’sishini keltirib chiqardi. Lekin eng achinarlisi, ma’naviy hayot to’la ruslashtirilib, hamma joylarda o’zbek tili imkoniyatlarining cheklanishiga olib keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |