139. Ilmiy –texnika taraqqiyoti va uning ijtimoiy oqibatlari nimalarda namoyon bo‘lmoqda? Tayanch atamalar: ETD, texnogen sivilizatsiya, ekologik kulfatlar, ijtimoiy-iqtisodiy tanglik, epidimik kasalliklar, axborotlashgan jamiyat
1957 yilda taniqli iqtisodchi va sosiolog J.Gelbreyt «Serobgarchilik jamiyati» kitobini e’lon qildi va uning asosiy g’oyalarini keyinchalik o’zining «Yangi industrial jamiyat» deb nomlangan boshqa asarida rivojlantirdi. Uning asarlarida inson fan va texnika sohasida erishayotgan yutuqlarga yuksak va faqat ijobiy baho beriladi, mazkur yutuqlar ta’sirida jamiyat iqtisodiy va ijtimoiy tuzilmalarida chuqur o’zgarishlar yuz berayotganiga e’tibor qaratiladi. Taniqli fransuz faylasufi R.Aron asarlarida, shuningdek, uning 1956-1959 yillarda Sorbonna universitetida o’qilgan ma’ruzalarida, amerikalik siyosatshunos U.Rostouning 1960 yilda chop etilgan va o’z davrida shov-shuvga sabab bo’lgan «Iqtisodiy o’sish bosqichlari. Nokommunistik manifest» kitobida «industrial jamiyat» nazariyasi yanada to’laroq asoslab berildi. Bu olimlar fikriga ko’ra, fan-texnika inqilobi ta’sirida «odatdagi» agrar jamiyat o’rnini sanoat jihatidan taraqqiy etgan «industrial» jamiyat egallaydi va bu yerda bozor sharoitida ommaviy ishlab chiqarish birinchi o’ringa chiqadi. Sanoatning rivojlanish va texnika yutuqlaridan foydalanish darajasi bunday jamiyat progressivligining bosh mezonlariga aylanadi. Jamiyat hayotining barcha jabhalariga kompyuterlarning keng joriy etilishi yangi nazariyalar, chunonchi: «postindustrial», «informasion» (D.Bell, G.Kan, J.Furastye, A.Turen), «texnotron» (Z.Bjezinskiy, J.J.Servan-Shrayber), «o’ta industrial», «kompyuter» (A.Toffler) jamiyati nazariyalari yuzaga kelishiga sabab bo’ldi. Ularda ijtimoiy taraqqiyotning asosiy mezoni sifatida texnika yutuqlari, aniqrog’i faqatgina ular emas, balki fan va ta’limning rivojlanishi amal qiladi. Kompyuter texnikasi negizida yaratilgan yangi texnologiyalarning amalga joriy etilishi taraqqiyotning muhim mezoni hisoblanadi. Ko’pgina taniqli olimlar va faylasuflar, xususan G.Markuze, T.Rozzak, P.Gudmen va boshqalar o’z o’tmishdoshlarini shafqatsiz ssiyentizmda4, insonni fan va texnika quliga aylantirishga urinishda ayblab, fan-texnika taraqqiyotiga qarshi chiqdilar. Fan-texnika taraqqiyotiga va umuman ijtimoiy taraqqiyotga qarshi norozilikning yangi to’lqini yuzaga kela boshladi. Bu to’lqin ta’sirida paydo bo’lgan g’oyalar «aksiliste’mol» jamiyatini asoslashga harakat qilar va «o’rtacha odam»ni ozginaga qanoat qilish lozimligiga ishontirishga qaratilgan edi. Global muammolar paydo bo’lishining aybdorini topishga urinish jarayonida asosiy ayb «zamonaviy texnologiya»ga qo’yildi. Nafaqat fan yutuqlari, balki taraqqiyot g’oyasi ham shubha ostiga olindi. O’z davrida J.J.Russo ilgari surgan «tabiat bag’riga qaytish»ga chorlovlar paydo bo’ldi, iqtisodiy rivojlanishni erishilgan darajada «to’xtatish» taklif qilindi
Do'stlaringiz bilan baham: |