2-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan O‘RQ-599-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda) quyidagi o‘zgartish va qo‘shimcha kiritilsin:
1) 97-moddaning o‘n uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu bobning qoidalari soliq agentlariga va ushbu Kodeksning 482-moddasida nazarda tutilgan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi”;
2) quyidagi mazmundagi 72-bob bilan to‘ldirilsin:
“72-bob. Alohida sharoitlarda soliq majburiyatlarini bajarish
481-modda. Alohida sharoitlarda qo‘shimcha vakolatlar berish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020-yilning alohida sharoitlarida quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga haqlidir:
1) ushbu Kodeksda va “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan ayrim soliqlar va yig‘imlar (bundan qo‘shilgan qiymat solig‘i va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq mustasno) stavkalarini o‘zgartirish;
2) ushbu Kodeksda belgilangan soliqlar, shu jumladan ular bo‘yicha bo‘nak va joriy to‘lovlar hamda yig‘imlarni to‘lash muddatlarini uzaytirish;
3) soliq, moliyaviy hisobotlarni va (yoki) soliqlarni hisoblab chiqarish bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni, shuningdek ularni taqdim etmaganlik (o‘z vaqtida taqdim etmaganlik) uchun javobgarlikni qo‘llamaslik asoslari va (yoki) shartlarini taqdim etish muddatlarini uzaytirish;
4) soliqlar, penyalar va jarimalarni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish, shuningdek ularni berish tartibi va shartlarini qayta ko‘rib chiqish;
5) soliqlar, yig‘imlar, penyalar va jarimalarni to‘lash to‘g‘risidagi talabnomalarni jo‘natish va ijro etish muddatlarini, shuningdek soliqlar, yig‘imlar, penyalar, jarimalarni undirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish muddatlarini uzaytirish;
6) soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha (bundan qo‘shilgan qiymat solig‘i va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq mustasno) soliq imtiyozlarini berish;
7) soliqlar, penyalar va jarimalarni majburiy undirish choralarini to‘xtatib turish.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan normativ-huquqiy hujjatlarning amal qilishi davrida yuzaga keladigan huquqiy munosabatlar ushbu normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan xususiyatlarni hisobga olgan holda soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
482-modda. Soliqlarni, soliqlar bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha foizsiz to‘lashni kechiktirishning yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashni qo‘llashning va alohida sharoitlarda soliq majburiyatlarini bajarishning vaqtinchalik tartibi
Soliqlarni, soliqlar bo‘yicha bo‘nak to‘lovlari bo‘yicha foizsiz kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati quyidagilar bo‘yicha beriladi:
ushbu Kodeks 17-moddasi birinchi qismining 6, 7 va 8-bandlarida ko‘rsatilgan soliqlar bo‘yicha — mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan, agar ushbu qismning uchinchi xatboshisida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa. Ko‘rsatilgan soliqlarga nisbatan kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati 2020-yil 31-dekabrga qadar soddalashtirilgan asosda, olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga berilishi mumkin;
ushbu Kodeks 17-moddasi birinchi qismining 6 — 9-bandlarida ko‘rsatilgan soliqlar va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha — o‘z faoliyatini to‘xtatgan va (yoki) tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasidan tushumlar miqdori 2020-yilning birinchi choragida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi o‘rtacha oylik ko‘rsatkichga nisbatan 50 foizdan ko‘proqqa kamayadigan mikrofirmalar, kichik korxonalar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga. Bunday soliqlarga nisbatan ushbu moddaning beshinchi qismida belgilangan tartibda 2020-yil 1-oktabrga qadar kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) imkoniyati berilib, kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) imkoniyati berilgan soliqlar summalari keyinchalik to‘lanadi.
Ushbu Kodeksning 11-bobida nazarda tutilgan soliqlarni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish tartibi soliqlarni to‘lash bo‘yicha foizsiz kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berishning ushbu moddada nazarda tutilgan tartibiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Soliqlarni, soliqlar bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha foizsiz kechiktirish va bo‘lib-bo‘lib to‘lashning:
1) ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan imkoniyati — soliq to‘lovchining arizasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi hududiy bo‘linmalari rahbarlarining xulosalari asosida, boshqa hujjatlar talab qilib olinmagan holda beriladi;
2) ushbu modda birinchi qismining uchinchi xatboshisida ko‘rsatilgan imkoniyati — mikrofirmalar, kichik korxonalar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan ular soliq organlariga quyidagilarni taqdim etgan taqdirda qo‘llaniladi:
soliq solish obyekti joylashgan joy bo‘yicha — mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha kechiktirishni (bo‘lib-bo‘lib to‘lashni) qo‘llash to‘g‘risidagi bildirishni ushbu Kodeks 417-moddasining oltinchi qismida, 432-moddasining birinchi qismida va 448-moddasining uchinchi qismida belgilangan soliqni, soliq bo‘yicha bo‘nak to‘lovini to‘lash muddatlaridan kechiktirmay, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan esa mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha kechiktirishni (bo‘lib-bo‘lib to‘lashni) qo‘llash to‘g‘risidagi bildirishni;
soliqqa doir hisobga olish joyi bo‘yicha — aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliq bo‘yicha kechiktirishni (bo‘lib-bo‘lib to‘lashni) qo‘llash to‘g‘risidagi bildirishni soliq hisobotini taqdim etish uchun belgilangan muddat bilan bir vaqtda.
Soliq to‘lovchilar tomonidan ushbu modda birinchi qismining uchinchi xatboshisida ko‘rsatilgan soliqlarni, soliqlar bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha kechiktirishni (bo‘lib-bo‘lib to‘lashni) soliq organlarini xabardor qilmagan holda qo‘llanilganligiga soliqlarni, soliqlar bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lamaganlik sifatida qaraladi. Mazkur hollarda bunday soliq to‘lovchilarni aniqlagan soliq organlari to‘lanmagan soliqlarning, soliqlar bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarining summasiga ushbu Kodeksning 110-moddasida belgilangan tartibda penya hisoblaydi.
Ushbu modda birinchi qismining uchinchi xatboshisida ko‘rsatilgan, kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) imkoniyati berilgan soliqlarga nisbatan soliqning, soliqlar bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarining summalarini to‘lash 2020-yil 1-oktabrdan keyin amalga oshiriladi:
1) ijtimoiy soliq bo‘yicha — olti oy davomida teng ulushlarda, ushbu Kodeks 407-moddasining beshinchi qismida va 408-moddasining to‘rtinchi qismida belgilangan soliqni to‘lash muddatlaridan kechiktirmay;
2) quyidagilar bo‘yicha o‘n ikki oy davomida teng ulushlarda:
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo‘yicha — ushbu Kodeks 417-moddasining oltinchi qismida belgilangan soliq bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarini to‘lash muddatidan kechiktirmay, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun esa har oyning o‘n beshinchi kunidan kechiktirmay;
yuridik shaxslarning yer solig‘i bo‘yicha — ushbu Kodeksning 432-moddasi birinchi qismida belgilangan soliqni to‘lash muddatidan kechiktirmay, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun esa — har oyning o‘n beshinchi sanasidan kechiktirmay;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha — ushbu Kodeks 448-moddasining uchinchi qismida belgilangan soliq bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarini to‘lash muddatidan kechiktirmay;
aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha — har oyning o‘n beshinchi kunidan kechiktirmay.
Soliqlarni, soliqlar bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilgan davrda soliq to‘lovchi tugatilgan taqdirda kechiktirilgan (bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilgan) to‘lov summasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda budjet tizimiga to‘lanadi.
2020-yil uchun jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lash 2020-yil 15-oktabrga qadar amalga oshiriladi.
2020-yilda foyda solig‘ining soliq to‘lovchisi joriy hisobot davri birinchi oyining yigirmanchi kunigacha joriy hisobot davri uchun foyda solig‘i bo‘yicha har oylik bo‘nak to‘lovlari summasi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi soliq organiga mo‘ljallanayotgan foydadan kelib chiqqan, foyda solig‘ini o‘tgan chorak natijalari asosida hisoblab chiqarishning belgilangan talabi bekor qilingan holda taqdim etishga haqlidir. Foyda solig‘i bo‘yicha bo‘nak to‘lovlari summasini kamaytirish holatlari aniqlangan taqdirda, soliq organlari har oylik bo‘nak to‘lovlari summasini qayta ko‘rib chiqishga haqli.
Ushbu Kodeksning 393-moddasida ko‘rsatilgan daromadlar bo‘yicha soliq to‘lovchilar 2019-yil uchun jami yillik daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani doimiy yashash joyidagi soliq organiga 2020-yil 1-avgustga qadar taqdim etadi. 2019-yil uchun jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiya ma’lumotlariga ko‘ra jismoniy shaxslardan olinadigan hisoblab chiqarilgan daromad solig‘ini to‘lash bunday deklaratsiyani taqdim etish muddatidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
483-modda. Vaqtinchalik soliq imtiyozlari
2020-yil 1-oktabrgacha bo‘lgan davr uchun foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda tijorat banklari tomonidan moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning kreditlari bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirish imkoniyati berilgan davrda hisoblangan va kechiktirilgan foizlar summasi jami daromad tarkibiga kiritilmaydi.
2020-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davrda:
1) turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) ko‘rsatuvchi subyektlar, “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibiy bo‘linmalari, “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibiga kiruvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatlar shaklidagi xalqaro aeroportlar, shuningdek “O‘zaeronavigatsiya markazi” davlat unitar korxonasi:
yuridik shaxslarning mol-mulkidan olinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi;
ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydi;
2) tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish aylanmasi oyiga bir milliard so‘mdan oshmaydigan, elektron hisob-fakturalarni qo‘llovchi qo‘shilgan qiymat solig‘i soliq to‘lovchilari qo‘shilgan qiymat solig‘ini har choraklik asosda, ushbu Kodeksning 37-bobida belgilangan tartibda hisoblab chiqarishga va to‘lashga haqli;
3) foyda solig‘ini hamda aylanmadan olinadigan soliqni hisoblab chiqarishda jami daromad tarkibiga ushbu Kodeks 299-moddasining to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan daromadlar kiritilmaydi;
4) qat’iy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini va ijtimoiy soliqni hisoblashni hamda to‘lashni ushbu Kodeksning 392 va 408-moddalarida ko‘rsatilgan, karantin tadbirlari davrida o‘z faoliyatini majburiy tarzda to‘xtatib turgan soliq to‘lovchilarga nisbatan to‘xtatib turish faoliyatni amalga oshirish joyidagi soliq organlariga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron hujjat tarzida yuboriladigan faoliyatning vaqtinchalik to‘xtatib turilishi to‘g‘risidagi bildirish asosida amalga oshiriladi.
Soliq to‘lovchi faoliyati tiklangan taqdirda faoliyatni amalga oshirish boshlanguniga qadar bu haqida faoliyatni amalga oshirish joyidagi soliq organlarini shunga o‘xshash tartibda xabardor qilishi shart;
5) koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha tibbiyot va karantin obyektlarini qurish hamda ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan qurilish materiallari va boshqa tovarlar qo‘shilgan qiymat solig‘ini va aksiz solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi;
6) ushbu Kodeks 415-moddasining uchinchi qismida, 422-moddasining oltinchi qismida, 429-moddasining to‘qqizinchi qismida va 437-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan, shu jumladan 2020-yil 1-aprelga qadar aniqlangan obyektlarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha oshirilgan soliq stavkalari, shuningdek ular bo‘yicha penya hisoblash va qarzdorlikni majburiy undirish choralari qo‘llanmaydi”.