Savol va topshiriqlar
1. Publitsistik uslubning o'ziga xos tomonlarini ayting.
2. Qanday uslubga publitsistik uslub deyiladi?
3. Publitsistik uslubning qanday shakllari bor?
4. Badiiy uslub deganda qanday uslubni tushunasiz?
5. Badiiy uslubning o'ziga xos jihatlarini bayon qiling.
201- mashq. A. Qahhorning «O'jar» hikoyasidan olingan parchani o'qing. Badiiy uslubning o'ziga xos xususiyatlari haqida gapiring.
— Hozir, hozir! — dedi, — Suyar! Ho, Suyar! Bu yoqqa chiq, o'g'lim! E, yotganmiding! Mayli bu yoqqa o'tir. Bizga bir narsani hal qilib ber: Saltikov katta yozuvchimi, Shedrin katta yozuvchimi?
Suyar goh otasiga, goh Zargarovga qarar va hayron edi.
— Yo'q, Siz savolni noto'g'ri qo'ydingiz, — dedi Zargarov.
— Bunday: Saltikov ilgari o'lganmi, Shedrin?
— Ikkovi bitta odam-ku! — dedi Suyar, nima ekanini bilolmay. Zargarov qiyqirib kuldi, chapak chaldi va bunga ham qanoat qilmay o'rnidan turib o'yinga tushdi. Qutbiddinov do'q urdi:
— Saltikov bilan Shedrin-a? Kim aytdi senga?
— O'zim bilaman, kitobda bor.
— Kitobda bor? Shaxmatni ko'proq o'yna, itvachcha!
Qutbiddinov bola bechorani ko'p urishdi... Suyar yig'lab yubordi...
Anchadan keyin Suyar kattakon bir kitob ko'tarib chiqdi.
— Mana, — dedi portretni ko'rsatib, — mana, Saltikov-Shedrin!
18-dars. RASMIY VA ILMIY USLUB
RASMIY USLUB
Reja:
Rasmiy uslub haqida.
Uning turlari.
Ilmiy uslub haqida.
Huquqiy qonunchilik va ish yuritish munosabatlari doirasida qo'llaniluvchi nutq uslubi rasmiy uslub hisoblanadi.
Rasmiy uslub quyidagi turlarga bo'linadi:
1. Sof qonunchilik uslubi (qonun, farmon, fuqarolik va jinoiy aktlar, nizomlar uslubi).
2. Idoraviy — devonxona uslubi (buyruq, ariza, talabnoma, bildirgi, tavsifnoma, tarjimayi hol, ishonchnoma, dalolatnoma); diplomatik uslub (nota, bayonotnoma, bitim, konvensiya va boshqalar).
Rasmiy uslub deyarli yozma shaklda ro'yobga chiqadi. U har qanday tasviriy vositalardan, obrazlilikdan xoli bo'ladi. Bunday uslubda tilning ikki vazifasi — axborot uzatish va da'vat etish, buyurish vazifasi amalga oshadi. Masalan, ma'lumotnomada axborot berilsa, buyruqda da'vat etish, axborot o'z aksini topgan bo'ladi.
Rasmiy uslubga mansub har qaysi turning o'ziga xos leksik, grammatik xususiyatlari mavjud. Masalan, qaror, farmonlarning o'ziga xos tomoni shundaki, bunday matnlardagi gaplarning kesimi III shaxs majhul nisbatidagi fe'llar orqali ifodalanadi (ogohlantirilsin, topshirilsin kabi). Ma'lumotnomada esa birinchi gapning kesimi gap boshida keladi.
Rasmiy ish qog'ozlarining sintaktik tuzilishi qat'iy qoliplarga bo'ysunadi. Masalan, «Ushbu ma'lumotnomani ko'rsatuvchi G'. Mo'minov haqiqatan ham O'zbekiston Milliy universitetining matematika fakultetida dekan o'rinbosari lavozimida ishlaydi...»
Do'stlaringiz bilan baham: |