177-modda. Ota-onasi bo’lgan voyaga etmagan bolalarga vasiy yoki homiy tayinlash
Bolaning ota-onalik huquqidan mahrum qilinmagan ota-onasi bo’lib, vasiylik va homiylik organlari uning ota-ona tarbiyasida qolishi bola manfaatlariga javob bermasligini, shuningdek bolaning hayoti va sog’lig’i uchun bevosita xavf borligini aniqlasa, unga vasiy yoki homiy tayinlanadi.
Ota-ona vasiylik va homiylik organlarining vasiy yoki homiy tayinlash haqidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilishga haqli.
178-modda. Ota-ona vaqtincha bo’lmaganda bolalarga vasiylik yoki homiylik belgilash
Ota-ona olti oydan ortiq hozir bo’lmagan taqdirda, agar bolalarning manfaatlari uchun zarur bo’lsa, ularga nisbatan vasiylik va homiylik belgilanadi. Ota-ona vaqtincha bo’lmaganida, agar ular bolasini qarindoshlari yoki boshqa yaqin kishilari qaramog’iga tarbiyalash va nazorat qilish uchun qoldirgan bo’lsalar, bolalarga vasiylik va homiylik belgilanish shart emas.
179-modda. Vasiy va homiy tayinlash tartibi
Vasiylik va homiylik majburiyatlarini bevosita amalga oshirish uchun vasiylik va homiylik organlari vasiy yoki homiy tayinlaydi.
Vasiy yoki homiy etib voyaga etgan har ikki jinsdagi fuqarolar ularning roziligi bilangina tayinlanishi mumkin.
Vasiylik yoki homiylik tayinlash lozimligi vasiylik va homiylik organlariga ma’lum bo’lgan vaqtdan boshlab bir oydan kechiktirmay vasiy yoki homiy tayinlanishi lozim.
Vasiy yoki homiyni tayinlash vaqtida uning shaxsiy fazilatlari, tegishli majburiyatlarni bajarishga qobiliyati, mazkur shaxs bilan vasiylik yoki homiylikka muhtoj shaxs o’rtasidagi munosabatlar, shuningdek vasiylik yoki homiylikka olinuvchining o’z xohishi e’tiborga olinishi lozim.
180-modda. Vasiy va homiy qilib tayinlanishi mumkin bo’lmagan shaxslar
Quyidagi shaxslar vasiy va homiy qilib tayinlanishi mumkin emas:
ota-onalik huquqidan mahrum qilinganlar yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
sobiq farzandlikka oluvchilar, agar farzandlikka olganligi ushbu Kodeks 169-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar bo’yicha bekor qilingan bo’lsa;
qonun bilan zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganliklari yoki o’z huquqlarini suiiste’mol qilganliklari uchun vasiylik yoki homiylik vazifalaridan chetlatilganlar;
qasddan sodir etgan jinoyati uchun ilgari hukm qilinganlar.
181-modda. Vasiy va homiyning huquq hamda majburiyatlari
Vasiylar o’z qaramog’idagi shaxslarning qonuniy vakillari hisoblanadilar va ular nomidan hamda ularning manfaatlarini ko’zlab barcha zarur bitimlarni tuzadilar.
Homiylar o’z qaramog’idagi shaxslarga ular o’z huquqlarini amalga oshirishida va majburiyatlarini bajarishida ko’maklashadilar, shuningdek ularning huquqlari uchinchi shaxslar tomonidan suiiste’mol etilishidan himoya qiladilar.
Vasiy va homiy:
turar joyi o’zgarganligi haqida vasiylik va homiylik organini xabardor qilishi;
vasiyligi va homiyligidagi bolalarni tarbiyalashi, ularning ta’minoti, salomatligi, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g’amxo’rlik qilishi hamda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi;
o’z qaramog’idagi voyaga etmagan shaxslar bilan birga yashashi shart. O’n olti yoshga to’lgan homiylikdagi bolaning o’z homiysidan alohida yashashiga, basharti bu uning tarbiyasiga hamda huquq va manfaatlarining himoya qilinishiga salbiy ta’sir qilmasa, vasiylik va homiylik organining roziligi bilan yo’l qo’yiladi.
Vasiy va homiy quyidagilarga:
vasiyligi va homiyligidagi bolaning fikri, shuningdek vasiylik va homiylik organining tavsiyalarini hisobga olgan holda bolani tarbiyalash usullarini mustaqil ravishda belgilashga;
vasiyligi yoki homiyligidagi bolani qonuniy asoslar bo’lmasdan turib, o’z qaramog’ida saqlab turgan har qanday shaxslardan, shu jumladan bolaning yaqin qarindoshlaridan sud tartibida qaytarib berishni talab qilishga haqlidirlar.
Vasiy-va homiy bolaning o’z ota-onasi va boshqa yaqin qarindoshlari bilan ko’rishib turishiga to’sqinlik qilishga haqli emas, bunday ko’rishish bola manfaatlariga zid hollar bundan mustasnodir.
Vasiy yoki homiy, agar o’z qaramog’idagi shaxsning muomalaga layoqatsiz yoki spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari yoxud psixotrop moddalarni iste’mol qilishi natijasida muomala layoqati cheklangan deb topilishiga asos bo’lgan holatlar barham topsa, uni muomalaga layoqatli deb topishni va vasiylik yoki homiylik bekor qilinishini so’rab sudga murojaat etishi shart.
Vasiylik va homiylik vazifalari bepul bajariladi.
182-modda. Vasiy va homiylar faoliyatini nazorat qilish
Vasiy va homiy huquqlarining amalga oshirilishi hamda majburiyatlarining bajarilishi ustidan vasiylik va homiylik organlari nazorat qiladi.
183-modda. Vasiylik va homiylikdagi shaxslarning mol-mulkini boshqarish
Vasiylik yoki homiylikdagi shaxslarning mol-mulkini boshqarish mol-mulk joylashgan erda o’rnatiladi.
Vasiylik yoki homiylikdagi shaxslarning mol-mulkini boshqarish, ularga tegishli mol-mulkni boshqalarga o’tkazish, vasiylik va homiylikdagi shaxslarga tegishli pul va boshqa qimmatli buyumlarni saqlash, mol-mulkni boshqarish va saqlash bilan bog’liq bo’lgan boshqa harakatlarni bajarish tartibi va shartlari, shuningdek vasiylik va homiylikdagi shaxslarning mol-mulkini boshqarish va saqlash bo’yicha vasiy va homiylarning hisobot berish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Sudning shaxsni bedarak yo’qolgan deb topish to’g’risidagi yoki uni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi yoxud meros olish to’g’risidagi hal qiluv qarori bekor qilinganda mol-mulkni boshqarish bekor qilinadi.
184-modda. Vasiyning vasiylik va homiylik organlarining roziligi bilan qilishi mumkin bo’lgan harakatlari
Vasiy vasiylik va homiylik organlarining roziligi bilan:
vasiylikdagi shaxs nomidan notarial tartibda tasdiqlanishi lozim bo’lgan bitim (shartnoma)lar tuzishga;
vasiylikdagi shaxsga qarashli bo’lgan mol-mulkni taqsimlash, bir yildan ortiq muddatga garovga qo’yish yoki ijaraga berishga;
vasiylikdagi shaxs nomidan meros va (yoki) hadya olishdan voz kechishga;
vasiylikdagi shaxsga qarashli turar joyni ayirboshlashga;
vasiylikdagi shaxsga tegishli har qanday huquqdan voz kechishga haqlidir.
185-modda. Vasiy va homiy tomonidan qilinishi mumkin bo’lmagan harakatlar
Vasiy va homiy, ularning eri (xotini) va yaqin qarindosh vasiylik va homiylikdagi shaxs bilan bitimlar tuzishga, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs bilan vasiy yoki homiyning eri (xotini) va yaqin qarindoshlari o’rtasidagi sud ishlarini yuritishda vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning vakili bo’lishga haqli emas.
Vasiylikdagi shaxs nomidan hadya shartnomasi tuzishga yo’l qo’yilmaydi.
186-modda. Vasiylik yoki homiylikdagi shaxsga nafaqa tayinlash
Vasiy va homiy o’z vasiyligi yoki homiyligidagi shaxsga ta’minot berishga majbur emas.
Vasiy va homiyning o’z vasiyligi yoki homiyligidagi shaxsning ta’minoti uchun qilgan xarajatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mazkur shaxsning mablag’i hisobidan qoplanadi, bu mablag’ etarli bo’lmagan taqdirda esa, uning ta’minoti uchun vasiylik va homiylik organlari nafaqa tayinlaydi.
187-modda. Voyaga etgan shaxsga homiylik majburiyatidan ozod etish
Sog’lig’ining yomonligi sababli homiy belgilanishiga muhtoj bo’lgan voyaga etgan shaxsning homiysi o’z homiyligidagi shaxs talabi bilan homiylik majburiyatidan ozod qilinishi lozim. Bunday holda vasiylik va homiylik organlari homiy tayinlanishiga muhtoj shaxsning roziligi bilan unga boshqa shaxsni homiy etib tayinlashi mumkin.
188-modda. Vasiy va homiyni o’z majburiyatini bajarishdan chetlatish
Vasiy yoki homiy o’z zimmasiga qonun bilan yuklatilgan majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganida vasiylik va homiylik organlari vasiyni yoki homiyni bu majburiyatlarni bajarishdan chetlatadi.
Vasiy yoki homiy o’z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlaridan g’arazgo’ylik yoki boshqa past niyatlarda foydalanganida, shuningdek vasiylik yoki homiylikdagi shaxsni nazoratsiz yoxud zarur yordamsiz qoldirganida, vasiylik va homiylik organlari aybdorni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish uchun zarur choralarni ko’rishlari mumkin.
189-modda. Vasiylikning tugashi
Vasiylik quyidagi hollarda:
vasiy yoki vasiylikdagi shaxs vafot etganda;
voyaga etmaganlarga nisbatan - ular o’n to’rt yoshga to’lganda yoki ular ota-onasi tarbiyasiga qaytarilganda;
qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganlar uchun - ularning muomala layoqati sud tomonidan tiklangan taqdirda tugaydi.
Voyaga etmagan bola o’n to’rt yoshga to’lganligi sababli vasiylik tugaganida vasiy vazifasini bajaruvchi shaxs maxsus tayinlanmasdan voyaga etmagan bolaning homiysi bo’lib qoladi.
190-modda. Homiylikning tugashi
Homiylik quyidagi hollarda:
homiy yoki homiylikdagi shaxs vafot etganda;
homiylikdagi shaxs voyaga etganda;
homiylikdagi shaxs ota-onasiga qaytarilganda;
homiylikdagi shaxs nikohga kirganda;
voyaga etmagan shaxs to’la muomalaga layoqatli deb e’lon, qilinganda (emansiptsiya);
fuqaroning muomala layoqatini cheklash haqidagi sudning hal qiluv qarori bekor qilinganda;
homiylikdagi voyaga etgan shaxsning sog’lig’i yaxshilanganligi tufayli u mustaqil ravishda o’z huquqlarini amalga oshirish va majburiyatlarini bajarish imkoniyatiga ega bo’lganda tugaydi.
191-modda. Vasiy yoki homiy etkazgan mulkiy zararni to’lash
Vasiylik va homiylik organlari vasiy yoki homiydan o’z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni insofsizlik yoki e’tiborsizlik bilan bajarishi natijasida etkazilgan mulkiy zararni to’lashini talab qilishga majbur, vasiylik va homiylik tugatilganda esa, vasiylik va homiylikda bo’lgan muomalaga layoqatli shaxs ham bunday talabni qo’yishga haqli.
192-modda. Vasiylik va homiylik organlarining qarori ustidan shikoyat qilish
Vasiylik va homiylik organlarining vasiy yoki homiy tayinlash hamda vasiy yoxud homiyni chetlatish haqida, shuningdek vasiylik va homiylikning boshqa barcha masalalari yuzasidan chiqargan qarorlari ustidan manfaatdor shaxslar sudga shikoyat qilishlari mumkin.
193-modda. Vasiy va homiyning xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilish
Vasiy va homiyning xatti-harakatlari ustidan vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning o’zi, davlat muassasalari, jamoat birlashmalari va boshqa fuqarolar vasiylik yoki homiylikdagi shaxs yashayotgan joydagi tegishli vasiylik va homiylik organiga yoki sudga shikoyat qilishlari mumkin.
22-bob. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat)
194-modda. Oilaga tarbiyaga beriladigan bolalar (patronat)
Ota-ona qaramog’idan mahrum bo’lgan voyaga etmagan bolalar, shu jumladan tarbiya va davolash muassasalarida, shuningdek aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridagi bolalar oilaga tarbiyaga beriladi.
Bolalarni oilaga tarbiyaga olishni istagan shaxs vasiylik va homiylik organlari bilan kelishilgan holda bolalarni oldindan tanlab oladi.
Bolalarni oilaga tarbiyaga berish ularning xohishini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. O’n yoshga to’lgan bolalarni ularning roziligi bilan oilaga tarbiyaga berish mumkin.
Bolalarni oilaga tarbiyaga berish tartibi va shartlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
195-modda. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish to’g’risidagi kelishuv
Bolalarni oilaga tarbiyaga olish to’g’risidagi kelishuv vasiylik va homiylik organlari bilan tutingan ota-ona o’rtasida tuziladi.
Bolalarni oilaga tarbiyaga olish to’g’risidagi kelishuvda bolalarni ta’minlash, tarbiyalash va ularga ta’lim berish, tarbiyaga olgan tutingan ota-onaning huquq va majburiyatlari, vasiylik va homiylik organlarining bolalarni tarbiyaga olgan oilaga nisbatan majburiyatlari, shuningdek bunday kelishuvni bekor qilish asoslari va oqibatlari ko’rsatilish kerak.
Kelishuv tuzilishidan oldin bolani tarbiyaga olayotgan shaxsning turmush shart-sharoitlari va oila azolarining sog’lig’i tekshiriladi.
Bolalarni oilaga tarbiyaga berishda vasiylik va homiylik organlari ularga bir yo’la kiyim-bosh va poyabzal beradi, bolani oilaga tarbiyaga olgan shaxsga esa, oilaga tarbiyaga olingan bolaning ta’minoti uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda har oyda nafaqa to’lab turadi.
196-modda. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish to’g’risidagi kelishuvning bekor qilinishi
Bolalarni tarbiyaga olish to’g’risidagi kelishuv uzrli sabablar (kasalligi, oilaviy yoki mulkiy mavqeining o’zgarishi, tarbiyasidagi bolalar bilan o’zaro bir-birini tushunmaslik va boshqa sabablar) mavjud bo’lsa, bolalarning tutingan ota-onasi tashabbusi bilan, shuningdek vasiylik va homiylik organlarining tashabbusi bilan yoki bola ota-onasiga qaytarilgan yoxud bola farzandlikka olingan taqdirda muddatidan ilgari bekor qilinishi mumkin.
Bolalarni oilaga tarbiyaga olish to’g’risidagi kelishuvni bekor qilishga oid nizolar sud tartibida hal qilinadi.
197-modda. Oilaga tarbiyaga olingan bolalarning huquqlari
Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar:
o’zlariga tegishli bo’lgan aliment, shuningdek pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy to’lovlarni olish;
uy-joyga bo’lgan mulk huquqi yoki uy-joylardan foydalanish;
qonun hujjatlariga muvofiq uy-joy olish huquqlarini saqlab qoladilar.
Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar o’z huquq va manfaatlarini himoya qilish, ota-onasi va qarindoshlari bilan ko’rishish huquqiga ham egadirlar.
Bolaning manfaatiga daxldor har qanday masala oilada hal qilinayotganida bola o’z fikrini bildirishga haqli.
198-modda. Tutingan ota-ona
Voyaga etgan har ikki jinsdagi shaxslar tutingan ota-ona bo’lishlari mumkin, quyidagilar bundan mustasno:
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
sud tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklangan shaxslar;
qonun bilan o’z zimmasiga yuklatilgan majburiyatni lozim darajada bajarmaganligi uchun vasiylik yoki homiylik vazifalarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslar;
ilgari farzandlikka bola olgan, lekin ushbu Kodeks 169-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar bo’yicha sud tomonidan farzandlikka olish bekor qilingan shaxslar;
qasddan qilgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilingan shaxslar;
sog’lig’ining holatiga ko’ra bolani tarbiyalash majburiyatini bajara olmaydigan shaxslar.
Tutingan ota-onalarni tanlash vasiylik va homiylik organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Tutingan ota-ona tarbiyaga olingan bolaga nisbatan vasiylik huquq va majburiyatlariga egadir.
199-modda. Bolalarni tarbiyaga olgan shaxslarning javobgarligi
Bolalarni tarbiyaga olgan shaxslar o’z huquqlaridan g’arazgo’ylik yoki boshqa past niyatlarda, tarbiyasidagi bolalarga zarar keltirgan holda foydalansalar, shuningdek ularni nazoratsiz hamda zarur moddiy yordamsiz qoldirsalar, vasiylik va homiylik organi bolalarni tarbiyaga olgan shaxslarni qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish masalasini qo’zg’atishga haqli.
200-modda. Oilaga tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini kuzatib borish
Vasiylik va homiylik organlari oilaga tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini kuzatib boradilar.
VII bo’lim. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish
23-bob. Umumiy qoidalar
201-modda. Fuqarolik holati dalolatnomalari
Fuqarolik holati dalolatnomalari - fuqarolar hayotidagi tug’ilish, o’lim, nikoh tuzish, nikohdan ajralish kabi voqea hamda faktlarning vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanishidir.
Farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism va ota ismini o’zgartirish, jinsni o’zgartirish kabi voqea va faktlar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan fuqarolik holatlari dalolatnomalariga tegishli o’zgartirishlar kiritishda ifodalanadi.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish davlat ahamiyatiga molik hujjatlar bo’lib, ikki nusxada tuziladi.
202-modda. Gerbli guvohnomalar
Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari asosida qat’iy hisobda turadigan, ma’lum seriyasi, tartib raqami bo’lgan, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organining muhri va mansabdor shaxsning imzosi qo’yilgan, davlat gerbi tasvirlangan guvohnomalar beriladi.
Gerbli guvohnoma berishda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib va miqdorda davlat boji hamda gerb yig’imi undiradi.
Davlat gerbi tasvirlangan guvohnomani qalbakilashtirish qonunga binoan ta’qib etiladi.
203-modda. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etuvchi organlar
Fuqarolik holati dalolatnomalari tuman va shaharlarda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo’limlarida qayd etiladi, shaharcha, qishloq va ovullarda esa, o’lim - fuqarolar yig’ini raislari (oqsoqollari) tomonidan ham qayd etilishi mumkin.
Fuqarolar o’zini o’zi boshqarish organlarining o’limni ro’yxatga olish borasidagi harakatlari o’zlari joylashgan hududlardagi tegishli fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo’limlarining nazorati ostida bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasining chet elda doimiy yoki vaqtincha yashovchi fuqarolarining fuqarolik holati dalolatnomalari konsul tomonidan O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq qayd etiladi.
Kiritilgan o’zgartishlar va qo’shimchalar bo’yicha xronologik jadvalga qarang
204-modda. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftarlarini saqlash
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftarlari fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo’limlarining arxivlarida etmish besh yil saqlanadi. Ushbu muddat o’tgach, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftarlari O’zbekiston Respublikasining Markaziy arxiviga o’tkaziladi.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo’limlari arxivlarining faoliyatini tashkil etish, shuningdek ularda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftarlarini saqlash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
24-bob. Tug’ilishni qayd etish
205-modda. Tug’ilishni qayd etish tartibi va muddatlari
Bolalarning tug’ilishini qayd etish majburiy bo’lib, bolalar tug’ilgan joydagi yoki ota-onadan birining doimiy yashash joyidagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida bir oy muddat ichida amalga oshirilishi lozim.
Bolaning o’lik tug’ilganligi, tibbiy muassasaning xabariga binoan 24 soat davomida shu muassasa joylashgan erdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan qayd etiladi.
206-modda. Tug’ilishni qayd etish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar
Bolaning tug’ilishi uning tug’ilganligi haqidagi tibbiy ma’lumotnoma, ota-onaning oilaviy holati va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar asosida qayd etiladi.
207-modda. Tug’ilish to’g’risidagi yozuvlar daftariga bolaning ota-onasini yozish
O’zaro nikohda bo’lgan ota va onadan birining arizasiga ko’ra tug’ilish to’g’risidagi yozuvlar daftarida ular bolaning ota-onasi deb yoziladi.
Agar ota-ona o’zaro nikohda bo’lmasalar, bolaning onasi to’g’risidagi yozuv onaning arizasiga ko’ra, otasi to’g’risidagi yozuv esa, bolaning otasi va onasining birgalikdagi arizasi bo’yicha yoxud sudning hal qiluv qaroriga asosan yoziladi. Ona vafot etgan yoki u muomalaga layoqatsiz deb topilgan yoxud onalik huquqidan mahrum etilganda, shuningdek onaning qaerda ekanligini aniqlash mumkin bo’lmaganda ota to’g’risidagi yozuv otaning arizasiga ko’ra vasiylik va homiylik organining roziligi bilan yoziladi.
Nikohda bo’lmagan onadan bola tug’ilganda ota-onaning birgalikdagi arizasi va otalikni belgilash to’g’risida sudning qiluv qarori bo’lmasa, tug’ilish to’g’risidagi yozuvlar daftarida otaning familiyasi onaning familiyasi bo’yicha, otaga tegishli ism, otasining ismi va millati - ona ko’rsatmasi bo’yicha yoziladi.
Agar ota-onaning ikkalasi ham noma’lum bo’lsa, ota va ona haqidagi yozuvlar vasiylik va homiylik organi ko’rsatmasiga asosan yoziladi.
Nikohda bo’lgan va sun’iy homila hosil qilish yoki embrionni ko’chirishga yozma rozilik bergan shaxslarda shu usullarni qo’llashi natijasida bola tug’ilsa, tug’ilish to’g’risidagi yozuvlar daftariga ular shu bolaning ota-onasi deb yoziladi.
O’zaro nikohda bo’lgan va boshqa ayolga homilani rivojlantirish maqsadida embrionni ko’chirishga yozma rozilik bergan shaxslar bolani tuqqan ayolning (qondosh onaning) roziligi bilangina bolaning ota-onasi deb yozilishi mumkin.
208-modda. Tug’ilishni qayd etish bilan bir vaqtda otalikni belgilash
Agar ota-ona bolaning tug’ilishini qayd etish bilan bir vaqtda otalikni belgilash haqida birgalikda ariza bersalar, ota haqidagi ma’lumotlar berilgan ariza asosida yoziladi, bolaga familiya ota-onaning kelishuviga binoan beriladi.
209-modda. Tug’ilish qayd etilganidan keyin otalik belgilanishi munosabati bilan o’zgartishlar kiritish
Ota-onaning arizasi, sudning hal qiluv qarori, otaning arizasiga asosan (ona vafot etganda, uning turar joyini aniqlashning imkoniyati bo’lmaganda, muomalaga layoqatsiz deb topilganda, onalik huquqidan mahrum qilinganda) tug’ilish dalolatnomasi yozilgan joyda tug’ilish to’g’risidagi yozuvlar daftariga ota to’g’risidagi ma’lumotlarni kiritish yo’li bilan otalik belgilanadi.
210-modda. Farzandlikka olingan bolaning tug’ilish to’g’risidagi yozuvlar daftariga o’zgartishlar kiritish
Tuman, shahar hokimining farzandlikka olish to’g’risidagi qaroriga ko’ra, tug’ilish to’g’risidagi dalolatnoma yozuvi turgan joydagi fuqarolik holatlarini yozish organi tug’ilish to’g’risidagi yozuvlar daftariga zarur o’zgartishlar kiritadi.
211-modda. Farzandlikka olish bekor qilinganida yoki u haqiqiy emas deb topilganida sudning hal qiluv qarorlarini ijro etish
Farzandlikka olish sudning hal qiluv qarori bilan bekor qilinganida yoki u haqiqiy emas deb topilganida, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi farzandlikka olish haqidagi barcha yozuvlarni bekor qiladi va bolaning tug’ilishi to’g’risidagi dastlabki yozuvlarni tiklaydi.
25-bob. Nikoh tuzilganligini qayd etish
212-modda. Nikoh tuzilganligini qayd etish joyi va vaqti
Nikohni qayd etish nikohlanuvchi shaxslardan birining yashash joyidagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Alohida hollarda nikohni qayd etish kasalxona yoki uyda amalga oshiriladi.
Nikohni qayd etish tantanali vaziyatda amalga oshirilishi mumkin.
Nikohlanuvchilar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga nikoh qayd etilishidan bir oy ilgari nikohga kirish to’g’risida ariza beradilar.
213-modda. Nikohni qayd etish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
Nikohga kirishni xohlovchilar ariza berish chog’ida o’z shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni, ilgari nikohda bo’lgan shaxslar esa, avvalgi nikoh tugatilganligi haqidagi hujjatlarni ham taqdim etishi lozim.
214-modda. Nikohga kirayotganda familiya tanlash
Nikohlanuvchi shaxslar nikohga kirish to’g’risidagi arizalarida umumiy familiya olish yoki nikoh tuzilganidan keyin ham o’z familiyasida qolish haqidagi istaklarini ko’rsatishlari shart.
215-modda. Nikoh tuzilganligi to’g’risida guvohnoma. Hujjatlarga qo’yiladigan belgilar
Nikoh tuzilganligi qayd etilganidan keyin nikoh tuzilganligi to’g’risida guvohnoma beriladi.
SHu bilan bir vaqtda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarga nikoh qayd etilganligi to’g’risida belgi qo’yiladi.
Er-xotindan birining familiyasi o’zgarganda shaxsni tasdiqlovchi hujjatga uni almashtirish lozimligi to’g’risida belgi qo’yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |