CHiqim va kechki kassa operatsiyalarini rasmiylashtirish va buxgalteriya xisobini yuritish tartibi.
Tijorat banklarining chiqim kassa operatsiyalari deganda bank kassalaridan naqd pulning berilishi bilan bog‘liq operatsiyalar tushuniladi. Korxona va tashkilotlarning o‘z ishchi xodimlari uchun ish haqi, pensiya, stipendiya, boshqa nafaqalar, mukofotlar, xizmat safari xarajatlari uchun naqd pul olishi mumkin.
Bank aylanma kassasidan mijozlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, xizmat safari xarajatlarini, nafaqa va yordam puli, moddiy yordam pullari, dividendlar hamda boshqa qonunchilikda ta’qiqlanmagan naqd pul to‘lovlarini quyidagi buxgalteriya o‘tkazmasi orqali chiqim qilinadi:
Debet 20200-“Mijozlarning depozit hisobvarag‘lari”
Kredit 10101-“Aylanma kassadagi naqd pullar”.
Shaxsiy hisobvaraqdan ko‘chirma mijozga topshiriladi, shaxsiy hisobvaraq bankda alohida papkalarga tikiladi.
Chiqim kassa operatsiyalari bo‘yicha hujjatlar aylanishi:
1. Mijoz mas‘ul ijrochiga pul chekini passporti bilan birga topshiradi.
2. Mas‘ul ijrochi barcha tekshiruvlardan keyin mijozga pasporti va chekning nazorat markasini beradi.
3. Mas‘ul ijrochi nazoratchiga pul chekini topshiradi.
4. Nazoratchi hujjatni tekshiruvdan o‘tkazib, chiiqim kassa jurnalida undagi yozuvlarini qayd etgandan so‘ng pul chekini chiiqim kassa jurnali bilan birga kassaga uzatadi.
5. Mijoz kassaga kelib kassirga pasporti va chekning nazorat markasini beradi.
6. Kassir pul chekini va chiiqim kassa jurnalidagi summani solishtiradi, ulardagi yozuvlarning mosligini tekshiradi va mijozga pulni sanab beradi.
Korxona va tashkilotlardan olingan kassa rejalari asosida har bir bank kassa prognozini tuzadi. Har kungi kassa operatsiyalarini olib borish uchun qancha naqd pul zarurligi, qancha naqd pul bank tushumlari hisobidan amalga oshirilishi kassa prognozlari asosida hisoblanadi. Korxona va tashkilotlar bankdan yuqorida sanab o‘tilgan maqsadlarga naqd pul olish uchun pul cheki rasmiylashtirishlari lozim. Lekin bundan avval korxonaga yangi hisobvaraq ochilayotgan paytda bankka pul chek daftarchasi olish uchun ariza topshirishlari lozim. Arizada bank nomi va kodi, korxona nomi, uning talab qilib olinadigan depozit bo‘yicha hisobvaraq nomeri, chek daftarchasining nomi, soni, ariza rasmiylashtirilgan sana ko‘rsatiladi. Arizaga korxona rahbari va buxgalterining imzosi hamda muhr qo‘yiladi. Bank korxonaning arizasiga asosan pul chek daftarchasi yozib, har bir varaqda bank nomi, uning kodi, korxona nomi, uning bankdagi hisobvaraq nomerini ko‘rsatadi va mijozga beradi. Chek daftarchasining cheklari bankdan naqd pul olish uchun asos bo‘ladi.
Nazoratchi chiqim kassa jurnali bilan birgalikda cheklarni ichki tartibda kassaga topshiradi. Kassir mijozni chaqirib uning pasporti va nazorat markasini oladi. Nazorat markasi nomeri chek nomeri bilan to‘g‘ri kelsa, chekdagi pasport ma’lumotlari pasport bilan to‘g‘ri kelsa, kassir chekda ko‘rsatilgan summani mijozga sanab beradi. Kun oxirida nazoratchi va kassir bajargan operasiyalar bo‘yicha hujjatlarni o‘zaro solishtirib, bankning hisob markaziga topshiradi. Hisob markazidan hujjatlar asosida mijozlarning shaxsiy hisobvaraqlari va undan ko‘chirmalar chiqarib beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |