Atmosfera havosining tarkibi va uning inson hayotidagi ahamiyati
Atmosferaning pastki – tirik mavjudotni bevosita o`rab turgan troposfera qatlamidagi havo tarkibi 78, 08% azot, 20,95% kislorod, 0,93 argon, 0,03% karbonat angidriddian tashkil topgan. Qolgan 0,001% ni inert gazlar – geliy, neon, kripton, ksenon, ozon, rodon va vodorod tashkil qiladi. Mana shunday tarkibdagi havo tabiiy havo hisoblanib, inson organizmi unga evolyutsion taraqqiyot davomida moslashib olgan.
Atmosferaning tirik tabiat, shu jumladan inson hayoti uchun ahamiyoti beqiyos katta. Odam agar ovqatsiz haftalab, suvsiz bir necha kunlab yashayolsa, u havosiz bir necha daqiqagina, atmosferaning himoyasisiz esa – faqat bir necha soniyagina yashay oladi, xolos. Shuning uchun ham xalq orasida juda zarur bo`lgan narsani «havodek zarur» deb aytish odat tusiga kirib qolgan. Odamning bir sutkalik hayoti uchun 1 kg ovqat, 2l suv va 12 kg havo zarur. Bu havo hajm jihatidan 10 ming litrga teng bo`lib, unda 500l. kislorod mavjud. Mana shuning o`zi havoning inson uchun qanchalik ko`p miqdorda zarurligini ko`rsatib turibdi.
Atmosferaning tarkibida bundan tashqari suv bug`lari va turli xildagi tabiiy chang zarrachalari mavjud–ki, bular yerdagi hayot uchun muhim himoya vositasidirlar. Agar bu chang zarrachalari o`z atrofiga suv bug`larini yopishtirib olmaganida (kondensatsiyalamaganida) yerdagi sutkalik harorat stabillashmagan, Yerning sirti kunduzi quyosh nuridan 100 0S gacha qizib ketar, tunda esa fazoviy jismlar haroratidan 100 0S gacha sovib ketar edi. Havo haroratining bunday 200 0S lik sutkaviy o`zgarishiga esa biror bir tirik organizm ham bardosh beraolmagan bo`lar edi. Keyingi tadqiqotlar ko`rsatishcha Venera sayyorasida haroratning sutkalik o`zgarishi 500 0S ni tashkil qiladi va demak, bu yerda hayot mavjudligi to`g`risida gap yurgizish qiyin.
Atmosfera tarkibidagi chang va suv bug`i turli manbalardan chiqariladi. Mutaxassislarning fikricha havoga fazoviy jismlardan kelib qo`shiladigan tabiiy chang zarrachalarining yillik miqdori 1 mlrd. tonnadan ortiq. Bu tabiiy changdan tashqari atmosferaga ko`p miqdordagi chang va suv bug`i yer yuzidan ko`tariladi.
Atmosferaga yer yuzidan ko`tariladigan suv bug`ining yillik miqdori 518600 km. kub bo`lib, uning 86% (447900 km. kub) dengiz va okeanlar sathidan, qolgan 14% (70700 km. kub) quruqlik yuzasidan bug`lanadi. Atmosferaga ko`tariladigan suv bug`ining miqdori shunchalik ko`pki, oddiy qilib aytganda, bu suv bilan Yer sharini 10 m. qalinlikda qoplash mumkin bo`ladi. Suv bug`iga qo`shilib havoga unda erigan tuzlar ham ko`tariladi. Havoga ko`tariladigan chang tarkibida ham tuzlar, bakteriyalar, achitqich zamburug`lari, o`simlik va hayvon qoldiqlarining chirishidan hosil bo`lgan boshqa organik moddalar mavjud.
Atmosferaning asosiy tarkibiy qismlari hisoblangan azot bilan kislorod o`rtasidagi nisbat, asosan, o`zgarmasdir. Lekin karbonat angidrid, ozon va suv bug`lari miqdori mintaqaviy va davriy ravishda o`zgarib turadi.
Atmosferaning tarkibiy elementlari biogen ya'ni tabiiy yo`l bilan hosil bo`ladi. Azot mikroorganizmlarning faoliyati natijasida o`simlik va hayvon qoldiqlarining chirishidan hosil bo`ladi. U atmosferada erkin holda bo`lib, uning umumiy massasi 400 trillion tonnaga teng, ya'ni u havo tarkibining 3G`4 qismini tashkil qiladi. Azot, garchi lotincha «hayotsiz» degan ma'noni anglatsa, u aslida tiriklikning poydevori hisoblanadi. Chunki u oqsil va nuklein kislotalari tarkibiga kiradi. Atmosferadagi erkin azot kislorodning oksidlash jarayonini tezlashtiradi va bu bilan u biologik jarayonlarning amalga oshishida faol qatnashadi. Moddalarning biologik aylanib yurishi jarayonida bu gazning tabiiy muvozanati tiklanib turadi. Lekin keyingi yillarda kimyoviy o`g`itlar ishlab chiqarish maqsadida atmosferadagi erkin azotdan tobora ko`p foydalanilmoqda. 1960–61 yillarda bu maqsad uchun atmosferadan 13,6 mln.tonna azot ajratib olingan bo`lsa, 1970–71 yillarda bu miqdor 39 mln. tonnaga yetdi. Havodagi azot gazi o`zlashtirilishining bunday sur'atlar bilan davom etishi natijasida kelajakda uning sanoatdagi sarfi miqdori bakteriyalar faoliyati tufayli ajralib chiqadigan miqdordan oshib ketishiga olib kelishi mumkin. Bu esa o`z navbatida biologik jarayonlar uchun zarur bo`lgan oksidlanishni sekinlashtirishi mumkin.
Kislorod yerda eng ko`p tarqalgan element hisoblanadi. Uning atmosferadagi miqdori 120 trillion tonnaga teng. Odam organizmining 65% ni kislorod tashkil qiladi. Kislorodning paydo bo`lishi yerda yashil o`simliklarning paydo bo`lishi bilan bog`liq. Kattayu – kichiq yashil o`simliklar, shu jumladan mikroskopik yashil suv o`tlari ham fotosintez jarayonida kislorod ajratib chiqaradi. Havoda kislorodning bo`lishi nafas olish, chirish va yonish jarayonlarining zaruriy shartidir. Moddalarning kislorod bilan birlashuvi oksidlanish reaktsiyasi deyiladi. Hujayradagi oziq moddalarining kislorod bilan oksidlanishi natijasida organizmning hayot kechirishi uchun zarur bo`lgan energiya ajraladi. Binobarin bu energiyasiz tirik organizm yashayolmas edi. Inson va hayvonlar nafas bilan kislorodni olib, karbonat angidridni chiqaradilar; o`simliklar esa oziqlanish jarayonida karbonat angidridni parchalab, kislorod ajratib chiqaradilar. Bundan tashqari o`simliklar ham nafas oladilar. Bu jarayonda ular ham barcha tirik organizmlar singari kislorodni olib, karbonat angidridni chiqaradilar.
Erkin kislorodning yagona manbai fotosintez jarayonidir; chirish, nafas olish, karbonatlar hosil bo`lib turishi sababli atmosferada kislorod balansi, asosan, o`zgarmaydi. Lekin jamiyatning rivojlanishi, texnika vositalarining ko`payishi va takomillashishi uning balansiga ma'lum miqdorda ta'sir o`tkazmoqda. Ma'lumotlarga ko`ra keyingi yuz yil davomida Yer yuzidagi o`rmonlarning uchdan ikki qismi kesilib ketdi, okean suvlarining ifloslanishi oqibatda undagi yashil suv o`tlarining nobud bo`lishi hodisalari ko`paydi. Holbuki atmosferaga chiqariladigan kislorodning teng yarmini ana shu suv o`tlari, qolgan yarmini o`rmonlar va o`t – o`lanlar ishlab chiqarar edi. Masalaning ikkinchi tomoni – kislorod sarfining oshganligida, YUNESKO ma'lumotlariga qaraganda atmosferadagi kislorod zahirasi 48 mlrd. odamning hayoti uchun yetarli. Lekin sanoat va transportning o`sishi kislorod sarfini tobora ko`paytirmoqda. Yengil avtomobil ming km. yurganida 1 kishining 1 yilda oladigan kislorodini kuydiradi. Samolyot bir soat uchganida 180 ming kishinin 1 soatda olingan kislorodini kuydiradi. Hozirgi kunda dunyodagi mavjud avtomobillar soni qariyb yarim milliardga yetgan bo`lib, ular yilida 1,5 mlrd odamning hayotiga yetadigan miqdordagi kislorodni kuydiradi. F.F. Davitaya (1972) ma'lumotiga ko`ra kishilik jamiyati tarixida yonish jarayoniga jami 273 mlrd tonna kislorod sarflangan bo`lsa, shundan 246 mlrd tonnasi 1920 – 1969 yillar davomidagi yarim asrga to`g`ri keladi.
Hisob – kitoblarga ko`ra hozirgi vaqtda havodagi jami kislorodning 23% nafas olish jarayoniga, undan 15 baravar ko`pi esa texnosfera ehtiyojlariga sarflanayapti.
Yuqoridagi keltirilganlardan ko`rinib turibdiki, keyingi paytlarda kislorod hosil bo`lishi va sarflanishi o`rtasidagi muvozanat buzilgan bo`lib, uning sarfi hosil bo`lishidan ko`ra tezlashgan. Kishilik jamiyatining faoliyati davomida Yer yuzida kislorod zahirasi 273 mlrd. tonnaga kamaydi bu demak uning havodagi miqdori 0,02% ga kamaydi. Bu ko`rsatkich garchi katta bo`lmasada, lekin insonni o`zining kelajagi uchun ehtiyotkorlikka chorlaydi.
Atmosferada karbonat angidrid gazining mavjudligi ham biosfera uchun zarur omildir. Uning atmosferadagi umumiy miqdori 2300 mlrd. tonnaga teng bo`lib, u tirik organizmlarning nafas olishi, vulqonlar otilishi va yonish jarayonlarida hosil bo`ladi. Nafas chiqarish jarayonida bir soatda odam o`rtacha 20 litr karbonat angidrid chiqaradi. Ba'zi yirik hayvonlar esa nafas bilan atmosferaga soatiga 150 litrgacha karbonat angidrid ajratib chiqaradi.
Karbonat angidridning me'yoriy miqdori tiriklik uchun zarurdir. Yashil o`simliklarda kechadigan fotosintez jarayonida asosiy xomashyo karbonat angidrid hisoblanadi. Binobarin, shu moddasiz fotosintez amalga oshmas, kislorod va uglevodlar hosil bo`lmas edi. Ammo atmosferada uning ko`payishi noxush holatlarga olib keladi. Nafas olinadigan havo tarkibida bu gaz miqdorining 1% ga oshishi odamni noxush qiladi, 25% ga oshishi esa uni o`limga olib kelishi mumkin.
Atmosfera havosida karbonat angidrid miqdorining ko`payishi yerdagi iqlimga ta'sir qilish – qilmasligi to`g`risida mutaxssislar turlicha fikrdalar. V. I. Lebedev (1976) ma'lumotlariga ko`ra atmosferada karbonot angidridning ko`payishi yer iqlimiga ta'sir qilmaydi, balkim u o`simliklar tomonidan ko`prok o`zlashtirilib, fotosintez jarayonini tezlashtiradi va shunga muvofiq o`simliklarning hosildorligini oshirdi. Ammo ko`pchilik mutaxassislar fikricha atmosferada karbonat angidrid miqdorining oshishi sayyoramiz iqlimini o`zgartiradi. Chunki karbonat angidrid gazi o`z tabiatiga ko`ra quyoshdan kelayotgan qisqa to`lqinli nurlanishni yerga yaxshi o`tkazadi, ammo yerdan sinib chiqqan uzun to`lqinli issiqlik nurlanishini yuqoriga o`tkazmay tutib qoladi. Shuning uchun ham havoda bu gaz miqdorining oshishi Yerda iqlim haroratining ko`tarilishiga olib kelishi to`g`risidagi fikr haqiqatga yaqinroqdir. B.M. Smirnov (1978) ma'lumotlariga ko`ra havodagi karbonat angidridning miqdori 2025 yilda 1978 yilga nisbatan 35% ko`payishi mumkin. Bu esa Yer yuzi o`rtacha haroratini 0,2–0,5 0S ga ko`tarishi mumkin. U. Kellogning 1977 yildagi bashoratlariga ko`ra karbonat angidridning miqdori 70-yillar o`rtalariga qaraganda 2050 yilga borib 50 % ko`payadi, shunga muvofiq havoning o`rtacha yillik 1,5-6 0S gacha harorati ko`tarilishi mumkin. Havo haroratining bunday ko`tarila borishi o`z navbatida dunyo muzliklariga ta'sir o`tkazmay qolmaydi – ularning erishi tezlashib, tabiiy ofatlarni keltirib chiqaradi. Hozirgi kunda ba'zi mamlakatlar hududida ro`y berayotgan tufonlar va suv toshqinlarining ko`payayotganligi Kellog ma'lumotlarining to`g`riligidan dalolat beradi.
Atmosferaning muhim tarkibiy qismlaridan biri bo`lgan ozon gazining balansini saqlash ham tiriklik uchun zarur omildir. Stratosferadagi ozon pardasi Yer yuzini zararli ultrabinafsha nurlardan himoya qilishi to`g`risida yuqorida aytib o`tilgan edi. Bundan tashqari ozonning yer usti havosidagi tabiiy miqdori nafas olish jarayonini yengillashtiradi. Bu me'yoriy miqdor 0,0001 mgG`l bo`lib, bunday havo toza va shifobaxsh hisoblanadi. Birok havoda ozonning ko`payib ketishi organizmga zarar qiladi – uning miqdori 0,02-0,03 mgG`l ga yetganida odamning nafas yo`llari yalliglanib, zotiljam kasalligi kelib chiqishi aniqlangan.
Stratosferada joylashgan ozon pardasini tabiiy holatda saqlab qolish muhimdir. Chunki atmosferaga chiqarib tashlanayotgan ba'zi texnogen moddalar ozonni parchalab, uning kamayishiga, ozon pardasining siyraklashishiga sabab bo`lmoqda. Ozonning parchalanishiga ayniqsa reaktiv samolyotlarning uchishi, yadro qurolining portlatilishidan hosil bo`lgan texnogen moddalarining ulushi ko`proq. Reaktiv samolyotlarning uchish balandligi atmosferada ozonning eng ko`p joylashgan qavatiga (20-25 km) to`g`ri keladi. Reaktiv dvigatellardan chiqadigan suv bug`lari va azot oksidi ozonni parchalab, ozon ekranining himoyalash xususiyatini pasaytiradi. Bundan tashqari keyingi 30-40 yillar davomida mutaxassislar, ozon ekranini parchalashda sovutgich texnikasida ishlatiladigan xlorftormetan ya'ni freon moddasining ta'siri bor, degan fikrni bildirib kelmoqdalar. Bu to`g`rida xalqaro anjumanlar o`tkazilib, butun dunyo miqyosida freon ishlab chiqarishga qarshi kompaniya boshlab yuboriladi. Vena konventsiyasi va Monreal anjumani bayonini ko`ra dunyo mamlakatlarining har biriga kishi boshiga yilida 0,3 kg. gacha freon ishlatilishiga ruxsat berilgan. Hozir bu ko`rsatkich rivojlanagan mamlakatlarda 3-4 kg, O`zbekistonda esa 0,1 kg.ni tashkil qiladi. Lekin 2000 yilning avgust oyida ingliz olimlari Xyuptt va Levi Si-en-en telekompaniyasidan chiqish qilib, freon ozon pardasiga yetib bormay, havoda juda tez parchalanib ketishini isbotlashga harakat qildilar. Nima bo`lgandayam ozon pardasini siyraklanishdan asrash zamonmizning dolzarb masalasi bo`lib qolmoqda.
Atmosferada gaz balansining buzilishiga nafaqat u yoki bu gazdan foydalanish, balkim unga atmosferaning turli xildagi zaharli va zararli moddalar bilan ifloslanishi ham ta'siri qiladi. Atmosferaning ifloslanishi havoga nihoyatda ko`p miqdorda chiqayotgan chang–to`zon, tutun, mikroblar, uglerod oksidi, vodorod sulfidi, uglevodorodlar, organik moddalar, sulfidlar, nitratlar, qo`rg`oshin, temir, ftor birikmalari, radioaktiv moddalar va pestitsidlar bilan bog`liq.
Atmosferani ifloslovchi manbalarni ikkiga bo`lish mumkin: Tabiiy (biogen) manbalar va sun'iy (antropogen) manbalar.
Tabiiy manbalarga vulqonlar otilishidan havoga ko`tariladigan ko`l va gazlar, yerdan shamol yordamida ko`tariladigan chang-to`zonlar, o`rmonlarda chiqadigan yong`inlar tutuni, dengiz va okeanlardan suv bug`i bilan ko`tariladigan turli xil tuzlar hamda fazoviy changlar kiradi. Ma'lumotlarga ko`ra Yer yuzida mavjud bo`lgan 500 ta doimiy harakatdagi vulqonlardan yilida o`rtacha 75mln.tonna ko`l va chang ko`tariladi. Keyingi yillarda birigina Orol dengizi havzasida paydo bo`lgan 4 mln. ga tuzli qum sahrolaridan havoga yilida 15-75 mln.tonnagacha tuz va qum ko`tarilmoqda.
Sun'iy ya'ni antropogen manbalarga inson faoliyati bilan bog`liq bo`lgan barcha ifloslovchi manbalar kiradi. Bu manbalarning salmoq jihatidan eng yiriklari sanoat va avtotransportdir. Ulardan chiqadigan chiqindilarning havoga qo`shilishiga texnogen ifloslanish deyiladi. Atmosferaning texnogen ifloslanishi ayniqsa rivojlangan mamlakatlarda kuchlidir. 1978 yildagi ma'lumotlarga ko`ra har yili dunyo bo`yicha havoga 110 mln.tonna oltingurgurt gazi chiqariladigan bo`lsa, bu gazning 75% Shimoliy Amerika hamda G`arbiy Yevropa hududiga to`g`ri keladi.
Sanoati rivojlangan shaharlarda atmosferadan yerga ko`p miqdorda qattiq zarralar cho`kadi. Masalan, shamol bo`lmagan paytlarda Tokioda 1 kvG`km yerga oyida 23 tonna, Nyu-Yorkda – 26 tonna, Pitsburgda (AQSH)-33 tonnagacha chang va qurum tushadi.
Atmosferaga chiqarib tashlanadigan moddalarining kimyoviy tarkibi ishlab chiqariladigan xom ashyoning tarkibiga va uni ishlab chiqarish uchun yoqiladigan yoqilg`i xiliga ko`ra har xil bo`ladi. Masalan, metallurgiya zavodlari havoga oltingurgurt gazi, uglerod oksidi, temir oksidlari, mis va boshqa metallar changini chiqaradi. Alyuminiy zavodlaridan atrofga zaharli ftor birikmalari, kimyo zavodlaridan esa turli gazlar – oltingurgurt gazi, uglerod sulfidi, azot oksidlari, xlor, fosfor, ftor birikmalari va shunga o`xshash zaharli moddalar tarqaladi.
Keyingi yillarda avtotransport atmosferani ifloslovchi asosiy manbaga aylanib qoldi. Yer yuzi atmosferasi umumiy ifloslanishining yarmidan ko`pi avtotransport hissasiga to`g`ri keladi. Bu ko`rsatkich ayniqsa avtomobillar zich joylashgan katta shaharlarda juda yuqoridir. Nyu-York va Tokio shaharlarida atmosfera ifloslanishining 90% ana shu manba hisobidandir. Ma'lumotlarga ko`ra hozirgi kunda Yer yuzida avtomobillar soni qariyb yarim milliardga yetgan bo`lib, ulardan atmosferaga yilida 300 mln. tonnadan ortiq zaharli gazlar chiqariladi; shundan teng yarmi uglerod oksidi (is gazi) ga to`g`ri keladi, 50 mln. tonnasi turli uglevodorodlar, 30 mln tonnasi azot oksidi, qolgani karbonat angidrid, vodorod, oltingurgurt, qo`rg`oshin bug`lari hamda odamda rak kasalligini qo`zg`ovchi kantserogen modda – benz-a-piren, shuningdek boshqa aralashmalarga to`g`ri keladi. Ma'lumotlarda keltirilishicha 1 l. benzin tarkibida 200-600 mg. qo`rg`oshin bo`lib, benzinning yonishi bilan bu qo`rg`oshin bug`lanib chiqadi. Shuni aytish kerakki, avtomobildan chiquvchi deyarli barcha gazlar inson sog`ligi uchun zararlidir.
Atmosferaning radioaktiv elementlar bilan ifloslanishi ham yomon oqibatlarga olib keladi. Bunday ifloslanishning manbai rangli metallurgiya sanoatidir. Shuningdek atom va vodorod bombalarining portlatilishi ham radioaktiv ifloslanishni keltirib chiqaradi. Yaponiyaning Xerosima va Nagasaki shaharlarida AQSH tomonidan 1945 yilda portlatilgan atom bombalarining radioaktiv ta'sir kuchi hozirgacha sezilib kelmoqda.
Atmosfera havosining ifloslanishi atrof muhitga, jumladan iqlimga, suvga, tuproqqa, o`simliklar dunyosiga, hayvon va odamlar sog`ligiga salbiy ta'sir ko`rsatadi.
Atmosferaning ifloslanishi natijasida yirik shaharlar va sanoat markazlari mikroiqlimida yaqqol o`zgarish seziladi. Bu hududlarda havodagi aerozollar quyosh nurining ko`p qismini yutib olib, uni yerga kam o`tkazadi. Yadro kontsentratsiyasining oshishi natijasida bunday joylarda bulutli va tumanli kunlar ko`payib, quyoshli ochiq kunlar soni kamayib bormoqda. Masalan, Parijda keyingi 50 yil davomida bulutli kunlar soni qariyb 60 kunga ko`paydi. Atmosferaning tiniqlik koeffitsiyenti bu yerda atrofdagi boshqa shaharlardan ko`ra 3,5% kamdir. Samarqand shaxrida uning atrofiga nisbatan ba'zi yillarda 6 martgacha ko`p tuman tushgan va 11 mm. gacha ko`p yog`in yoqqan.
Inson faoliyati salbiy ta'sirining yana bir mahsuli ishlab chiqarilayotgan issiqlik energiyasining ko`payishidir. Buning oqibatidagi sanoat markazlarida va shaharlarda iqlim harorati nisbatan yuqori. Masalan, Moskvaning markazi bilan uning chekka rayonlaridagi havoning harorati o`rtasidagi farq 4,9 0S gacha bo`lishi kuzatilgan. Umuman olganda, shaharlarda harorat atrof hududlarga qaraganda 2-2,5 0S yuqoridir.
Atmosfera ifloslanishning suvga ham ta'siri katta. Atmosferaga chiqarilgan chang va gazsimon tashlandiqlarning ko`pchiligi yog`in–sochin bilan yerga qaytib tushib, yerusti hamda yerosti suvlariga qo`shiladi va bu suvlar bilan oqib borib, dengiz va okeanlarga tushadi. Bundan tashqari, ular dengiz va okeanlarga yog`in-sochin bilan bevosita ham tushadilar. Xar ikkala holatda ham zararli moddalarning suvga tushishi suvda yashovchi barcha o`simliklar va hayvonlar hayotini xavf ostiga qoldiradi.
Atmosferadagi zararli aralashmalar tuproqqa ham salbiy ta'sir ko`rsatadi. Ayniqsa havo tarkibidagi sulfat angidrid gazi havodagi suv bug`i bilan birikib sulfat kislota hosil qilgan paytlarida yoqqan yomg`irdan keyin tuproqda nordon muhit paydo bo`ladi va undagi hayot jarayonlari izdan chiqadi.
Atmosferaning ifloslanishi o`simliklarga yomon salbiy ta'sir qiladi. Zaharli moddalar, havoda tarqalgan ko`l zarralari, ko`mir va koks changlari tuproqning fizik xususiyatlarini yomonlashtiradi, o`simlikning vegetativ qismlari sirtiga to`g`ridan-to`g`ri tushadi, yoki unga tuproqdan ildiz orqali so`riladi. Ular o`simlikning poyasi va yaprogi ustini qoplab, o`simlikdagi oziqlanish (fotosintez) va assimilyatsiya jarayonini susaytiradi. Havodagi metall changlari, superfosfat va sulfat kislota birikmalari ildiz sistemasini zaharlab, o`simlikning o`sishini to`xtadi va uni quritadi.
Oltingurgurt gazi, vodorod ftorid, ozon, xlor va boshqa moddalar o`simliklar uchun ayniqsa zararlidirlar. Kanadaning Treyl shaxrida 1929-1937 yillarida rux va qo`rg`oshin eritiladigan yirik korxonalardan chiqqan oltingurgurt gazi 25 km. gacha masofadagi ekinlarni nobud qilgan. Ftor va uning birikmalari ham o`simliklar uchun o`ta zararli hisoblanadi. Shveytsariyaning Arau vodiysida joylashgan alyuminiy zavodi atrofida ko`plab daraxtlar nobud bo`lgan. Surxondaryo viloyati chegarasining yaqinida joylashgan Tojikiston alyuminiy zavodining zararli ta'siri ham bir necha o`nlab chaqirim joylargacha yetib bormoqda.
Atmosferaning ifloslanishi hayvonlarning nafas olish yo`llarini shikastlaydi. Atmosferadagi zararli moddalar suv va o`simliklar bilan hayvon organizmiga o`tib, u yerda to`planadi va organizmda ba'zi kasalliklarni keltirib chiqarib, hayvonni halok bo`lishgacha olib boradi. Germaniyadagi mis eritish zavodi hamda Shveytsariyadagi alyuminiy zavodi atrofidagi yaylovlarda boqilgan qoramollardan ko`pchiligi zaharlanib o`lgan hollari ma'lum. Atmosferaning dehqonchilikda qo`llanilgan zaharli ximikatlar bilan ifloslanishi oqibatida ko`pgina qushlarda bepushtlik alomatlari paydo bo`lib, ularning tuxumidan palaponlar chiqishi kamayib ketdi. Bu esa tabiatda ba'zi turlarning, ayniqsa shusiz ham tuxum soni kam bo`lgan yirtqich qushlarning kamayib ketishga olib keldi.
Atmosferaning ifloslanishi ayniqsa inson uchun o`ta zararlidir. Shaharlarda quyosh nurining kamligi, ultrabinafsha nurlarining yetishmasligi kasallik qo`zg`atuvchi bakteriyalarining rivojlanishiga sharoit yaratadi, odam organizmining kasalliklarga qarshilik ko`rsatish qobiliyatini pasaytiradi. Kishi organizmida turli zaharlarning to`planishi oqibatida organizm har xil kasalliklarga chalinadi. Havoning ifloslanishi yo`tal, bosh aylanishi, o`pka va ko`z kasalliklariga, organizmning umumiy zaharlanishiga va ish qobiliyatining pasayishiga sabab bo`ladi.
Bir joyda harakatsiz turgan havoda zaharli moddalar to`planib va tuman bilan aralashib smog (zaharli tuman) hosil qiladi. Bunday smoglar aholi orasida ommaviy kasalliklar va ko`plab halok bo`lish hodisalarini keltirib chiqarishi mumkin. 1952 y. 5-9 dekabrda London ustida paydo bo`lgan smog tarkibida sulfat angidrid, azot oksidlari, aldegidlar, xlorli uglevodorodlar va shunga o`xshash boshqa zaharlar to`plangan. Bu smogning ta'siridan 4 ming kishi halok bo`ldi va 10 ming kishi og`ir xastalanib qoldi.
Hozirgi vaqtda ayniqsa fotokimyoviy smoglarning xavfi ko`paydi. Bunday smoglarni paydo qiluvchi manba avtomobillardan chiqqan gazlardir. Fotokimyoviy smog birinchi marta 1943 yilda Los-Anjeles shahrida sodir bo`lib, u keyin bu yerda tez-tez bo`lib turadigan bo`ldi va aholini og`ir ahvolga solib qo`ydi. Hozir bunday fotokimyoviy tumanlar AQSH ning ko`pgina shaharlarida, Tokio, Sidney, Mexiko va Buenos-Ayresda ham sodir bo`lmoqda.
Atrof muhitning radioaktiv moddalar bilan ifloslanishi inson uchun ayniqsa dahshatli voqeadir. Radioaktiv moddalar organizmga og`iz, burun va teri orqali o`tadi. Ular insonning suyak to`qimalarida to`planib, organlarning nurlanish manbai bo`lib xizmat qiladi. Organizmning nurlanish kasaliga chalinishi ko`p hollarda uning halokati bilan tugaydi.
Yuqorida aytilganlardan ko`rinib turibdiki, atmosferaning ifloslanish biosferaga, unda yashovchi barcha tirik organizmlar, jumladan inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Shuning uchun ham havoning tozaligini saqlash hozirgi kunning dolzarb masalasiga aylandi. Bu ishni amalda bajarish turli yo`llar bilan amalga oshiriladi.
Atmosfera ifloslanishining kamaytirish yo`llaridan biri toshko`mir va neft bilan ishlaydigan sanoat korxonalarini gaz yoqilg`isiga o`tkazish. Shuningdek avtomobil transportini gaz yoqilg`isiga o`tkazish, elektromobillar tarmog`ini rivojlantirish ham bu ishga ijobiy yordam beradi.
Atmosfera ifloslanishini kamaytirishning yana bir yo`li sanoat korxonalarida gaz va chang tutqich vositalarini doimo soz holda tutish, hamda ularning quvvatini oshirish chora-tadbirlarini ko`rishdir. Avtomobillar dvigatelidan chiqariladigan gazlarni parchalovchi katalizatorlar ishlab chiqishni yo`lga qo`yish bu ishda ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi vaqtda O`zbekistonda ishlab chiqarilayotgan «O`zdevo» avtomobillari yoqilg`ini kam xarajat qilibgina qolmay, balkim uni to`liq yondiradi va shu hisobdan ulardan chiqariladigan zararli gazlar keskin kamaytirilgan. Shunga o`xshash avtomobillardan dunyo miqyosida kengroq foydalanish shubhasiz havo ifloslanishni birmuncha kamaytirar edi.
Atmosfera ifloslanishini kamaytirishning yana bir muhim tadbiri sanoat korxonalarini to`g`ri joylashtirish, ularni aholi punktlaridan uzoqlashtirish va ishlab chiqarishda chiqitsiz texnologiya jarayonini tashkil qilishdir. Hozirgi vaqtda biror sanoat korxonasi quriladigan bo`lsa, uni loyihalashtirishdayoq atrof muhitni ifloslamaslik masalasi oldingi o`ringa suriladi. Bunda loyihaga texnologik jarayonlar davomida havoga chiqindi chiqarishni kamaytirishdan tashqari, uning aholi tig`iz joylashgan kvartallardan uzoqda joylashtirish, shamol yo`nalishini hisobga olish va shu singari ko`pgina talablar qo`yiladi.
Aholi tig`iz yashaydigan joylarda yashil kvartallar tashkil qilish, turli nav daraxtlarni ko`proq o`stirish ham havoni ifloslanishdan saqlashning muhim tadbiri hisoblanadi. Yashil o`simliklarning bu ishda ahamiyati serqirradir. Ular havodagi chang va gazlarni o`zida tutib qoladi, karbonat angidridni yutib, kislorod ajratadi. Quyoshli kunda sathi 1 gektarga teng bo`lgan o`simliklar sutkasida 280 kg gacha karbonat angidridni yutib 220 kg. gacha kislorodni ajratib chiqaradi. Shaharlardagi daraxtzor bog`lar havosidagi chang ko`kalamzorlashtirilmagan joyga qaraganda yozda 42%, qishda esa 37% kam bo`ladi. O`simliklar havodagi oltingurgurt gazini 60% gacha ushlab qolib, o`z to`qimalarida uni sulfatlar ko`rinishda to`playdi.
O`simliklarning yana bir foydali xususiyati, ularning o`zidan fitontsitlar ajratib chiqarib, havoni patogen zamburug`lar va bakteriyalardan tozalashdir. Bir gektar archazor bir kunda 30 kg, ba'zi nina bargli daraxtlar, masalan, kedr qarag`ayi esa bundan ham ko`proq fitontsit ajratib chiqaradi. Daraxtlardan ajralgan fitontsitlar bakteriyalarni o`ldirgani uchun ham o`rmonlar havosida bakteriyalar soni shahar havosidagidan 200-250 marta kam bo`ladi.
Yashil o`simliklar shaharlarning mikroiqlimini mo`tadillashtirishda muhim rol o`ynaydi. Daraxtlar issiq paytlarda atmosferaga ko`p suv bug`lari chiqarib, havo namligini 20-30% oshiradi. Bu esa shahar havosini asfalt, beton va g`ishtlar haroratidan qizib ketishdan saqlaydi. Shaharlardagi daraxtlar shuningdek tovush to`lqinlarini yutib, shovqini pasaytiradi. Bu esa, o`z navbatida, insonlar asabini tinchlantirish hamda ularning mehnat qobiliyatini oshirishda muhim rol tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |