III bob. O‘lchovlar vositalarini, sinovlar vositalarini, standart namunalarni va o‘lchovlarni bajarish metodikalarini metrologik nazorat qilish natijalarini e’tirof etish tartibi 25. Metrologik nazorat natijalarini e’tirof etish ushbu Nizomga 5 — 7 va 71 ilovalarga muvofiq sxemalar bo‘yicha amalga oshiriladi va quyidagi tartibda qo‘llanadi:
I sxema — Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida kelishilgan siyosatni o‘tkazish to‘g‘risida 1992-yil 13-martdagi Hukumatlararo bitim doirasida Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha Davlatlararo kengashning (keyingi o‘rinlarda DK deb ataladi) davlatlararo standartlashtirish qoidalariga muvofiq;
II sxema — Metrologik nazorat natijalarini o‘zaro e’tirof etish to‘g‘risidagi ikki tomonlama hukumatlararo (idoralararo) bitimlar doirasida;
III sxema — Import qilinayotgan o‘lchov vositalarini, sinov vositalarini, standart namunalarni va o‘lchovlarni bajarish metodikalarini O‘zbekiston Respublikasida metrologik nazorat qilish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda;
IV sxema — Milliy o‘lchash etalonlari, milliy metrologiya institutlari tomonidan beriladigan kalibrlash va o‘lchash sertifikatlarining o‘zaro e’tirof etilishi to‘g‘risidagi kelishuv (CIPM MRA) doirasida.
26. I va II sxemalar bo‘yicha e’tirof etish ishlab chiqaruvchi mamlakatda metrologik nazorat o‘tkazilgan taqdirda amalga oshiriladi.
27. Metrologik nazorat natijalarini e’tirof etish uchun ariza beruvchi hujjatlarni davlat tilida yoki rus tilida taqdim etishi kerak. Agar hujjatlar boshqa tillarda bayon qilingan bo‘lsa ariza beruvchi ularning davlat tilidagi yoki rus tilidagi aynan o‘xshash tarjimasini qo‘shimcha ravishda taqdim etishi kerak.
Tarjimaning ishonchliligi va taqdim etilgan hujjatlarning haqiqiyligi uchun ariza beruvchi javob beradi.
1-§. Metrologik nazorat natijalarini 1-sxema bo‘yicha e’tirof etish 28. Metrologik nazorat natijalarini e’tirof etish DKning Davlatlararo standartlashtirish qoidalarida belgilangan shartlarga va tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
29. Eksportdan va o‘lchov vositalari, sinov vositalari, standart namunalar va o‘lchovlarni bajarish metodikalarining metrologik natijalarini e’tirof etishdan manfaatdor bo‘lgan tashkilot (ishlab chiqaruvchi yoki import qiluvchi) vakolatli organga ishlab chiqaruvchi mamlakatning metrologiya bo‘yicha milliy organi orqali DKning Davlatlararo standartlashtirish qoidalarida belgilangan hujjatlarni taqdim etadi.
30. Vakolatli organ buyurtmanomani ko‘rib chiqadi va taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qiladi, ularning natijalari bo‘yicha 3 ish kuni mobaynida e’tirof etish ishlarini o‘tkazish yoki hujjatlar DKning Davlatlararo standartlashtirish qoidalari talablariga muvofiq bo‘lmagan taqdirda ularni puxtalashtirish uchun qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
31. Vakolatli organ DKning Davlatlararo standartlashtirish qoidalarida ko‘rsatilgan metrologik nazoratni o‘tkazish shartlarining bajarilishini tekshirishga haqlidir.
32. Metrologik nazorat natijalarini e’tirof etish to‘g‘risida qaror qabul qilishda “O‘zstandart” agentligi 5 ish kuni mobaynida e’tirof etishdan o‘lchov vositalari, sinov vositalari, standart namunalar va o‘lchovlarni bajarish metodikalarini davlat reyestriga kiritadi, vakolatli organ ushbu Nizomga 9 — 14-ilovalarga muvofiq shakllar bo‘yicha metrologik nazorat natijalarini e’tirof etish sertifikatini rasmiylashtiradi.
33. O‘lchov vositalari turini tasdiqlash maqsadida sinov natijalarini e’tirof etishda shuningdek ushbu o‘lchov vositalarining dastlabki tekshirish natijalarini e’tirof etish ham ta’minlanadi.
34. Vakolatli organ ularning metrologik nazoratlari natijalari quyidagi holatlarda e’tirof etilgan o‘lchov vositalarini navbatdan tashqari tekshirishni tayinlashga haqlidir:
tekshirishlar orasida tuzatishlar kiritish zarur bo‘lganda:
o‘lchov vositalarining qo‘llashga yaroqliligini tasdiqlash zarur bo‘lganda (o‘lchov vositalarining foydalaniladigan idishi shikastlangan bo‘lsa yoki o‘lchov vositalarining dastlabki tekshiruvi vaqtidan keyin tekshirishlar oralig‘idagi muddatning yarmidan ko‘pi o‘tgan bo‘lsa);
tekshiruv tamg‘asining (plombaning) izi shikastlangan bo‘lsa yoki o‘lchov vositalarining dastlabki tekshiruvdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lmasa.
35. Import qilinadigan o‘lchov vositalari turkumi orasidan tanlab olingan o‘lchov vositalari navbatdan tashqari tekshiruvdan o‘tkaziladi. Tekshiruv natijalari salbiy bo‘lgan taqdirda o‘lchov vositalarining import qilinayotgan barcha turkumlari tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Barcha turkumlarni tekshirish natijalari salbiy bo‘lgan taqdirda vakolatli organ metrologik nazorat natijalarini e’tirof etish sertifikatining amal qilishini to‘xtatadi va ishlab chiqaruvchi mamlakatning metrologiya bo‘yicha milliy organiga tegishli ma’lumotni 2 ish kuni mobaynida yuboradi.