O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan muvofiqlikni baholash natijalarini O‘zbekiston Respublikasida e’tirof etish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan hamda xorijiy mamlakatlarning muvofiqlikni baholash organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlarini, muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyalarni, sinovlar protokollarini va metrologik nazorat natijalarini (turini tasdiqlash, tekshirish, metrologik attestatsiyadan o‘tkazish va o‘lchov maqsadidagi sinovlar natijalarini), o‘lchov vositalarini, sinov vositalarini, moddalar va materiallarning tarkibi va xossalarining standart namunalarini (keyingi o‘rinlarda standart namunalar deb ataladi), shuningdek o‘lchovlarni bajarish metodikalarini e’tirof etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasiga import qilinadigan mahsulotlar, o‘lchov vositalari, sinov vositalari va standartlar namunalariga, shuningdek davlat metrologik nazoratini tatbiq etish sohasida qo‘llash mumkin bo‘lgan o‘lchovlarni bajarish metodikasiga tatbiq etiladi.
3. Muvofiqlik sertifikatlarini, muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyalarni, sinov protokollarini va metrologik nazorat natijalarini e’tirof etish import qiluvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida amalga oshiriladi.
4. Muvofiqlik sertifikatlarini, muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyalarni va sinov protokollarini e’tirof etishni “O‘zstandart” agentligi tomonidan akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organlari (keyingi o‘rinlarda sertifikatlashtirish organlari deb ataladi) belgilangan tartibda amalga oshiradi.
5. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida o‘tkazilgan metrologik nazorat natijalarini e’tirof etishni “O‘zstandart” agentligi tomonidan akkreditatsiya qilingan davlat metrologik xizmati organlari (keyingi o‘rinlarda vakolatli organ deb ataladi) taqdim etiladigan hujjatlarni ekspertiza qilish yo‘li bilan amalga oshiradi.
6. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida berilgan muvofiqlik sertifikatlari, muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyalar va sinov protokollari quyidagi holatlarda e’tirof etiladi:
muvofiqlik sertifikatlarini, muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyalarni va sinov protokollarini o‘zaro e’tirof etish to‘g‘risida xalqaro bitim mavjud bo‘lganda;
ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan hamda ushbu Nizomga 1-ilovada ko‘rsatilgan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan texnologik asbob-uskunalarni va ularning qismlarini olib kirishda;
olib kirilayotgan mahsulotlarning sertifikatlashtirish sinovlarini o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyasi mavjud bo‘lmaganda.
7. O‘lchov vositalarini, sinov vositalarini va standart namunalarni (shu jumladan texnologik asbob-uskunalar komplektiga kiradiganlarni), muvofiqlik sertifikatlarini va muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyalarni e’tirof etish faqat o‘lchov vositalarining davlat reyestriga kiritilgan o‘lchov vositalari, sinov vositalari va standart namunalar uchun amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |