1-amaliy mashg’ulot. Olmosh so’z turkumi.
Reja:
1.Olmosh so’z turkumining morfologik belgilari.
2.Olmoshning so’z turkumlari o’rnida qo’llanish tahlili.
3.Olmosh so’z turkumi bo’yicha tahlil tartibi.
1-mashq. Berilgan topshiriqlar asosida olmosh turkumining UGMsini oching.
1. Har bahorda shu bo‘lar takror, Har bahor ham shunday o‘tadi. Qancha tirishsam ham u beor Yellar meni aldab ketadi. (H.O.) 2. Insonda hamma narsa: yuz ham, kiyim ham, qalb ham, fikr ham go‘zal bo‘lishi lozim. (A.CH.) 3. Xulq har kim o‘z qiyofasini ko‘rsatadigan ko‘zgudir. (I.Gyote) 4. Oyisining chehrasida faqat tashvish emas, allaqanday qo‘rquv ham bor edi. (O.Yo.) 5. Nimani gapirish har doim muhim bo‘lavermaydi, qanday gapirish esa har doim muhim. (G.) 6. Men sening ko‘changdan o‘tmasman zinhor. (A.O.)
1-topshiriq. Gaplar tarkibida ko‘llangan mustaqil so‘zlar o‘rnida almashinib ishlatiladigan so‘zlarni kuzating.
2-topshiriq. So‘z zahirangizdan va lug‘atlardan foydalangan holda qayd qilingan so‘zlar sirasini boyiting.
3-topshiriq. Qaysi so‘z turkumi o‘rnida qo‘llanishi va ishoraviy ma‘nosiga ko‘ra guruhlab, alohida-alohida sharhlang.
4-topshiriq. Matnda qo‘llangan olmoshlarni o‘zaro qiyoslab, bir-biridan farqli tomonlarini aniqlang.
5-topshiriq. Matndagi olmoshlarga xos umumiy tomonlarni aniqlang.
6-topshiriq. Berilgan olmoshlarning ma‘nodoshlari, vazifadoshlari, qiymatdoshlari va zidlari bilan munosabatlari (yaqinlik, o‘xshashlik va farqlarni)ni aniqlang.
7-topshiriq. Berilgan olmoshlarni mustaqil qo‘llab ijodiy matn tuzing.
2-mashq. Gaplar tarkibidagi olmoshlarning mazmuniy guruhi, qaysi turkumga ishora qilayotgani va sintaktik vazifasini aniqlang. Olmoshlarning nutqimizni o‘rinsiz takrorlardan tozalashning, fikrni ixcham bayon qilishning muhim vositasi ekanligini tushuntiring. O‘zi bog‘lanayotgan so‘z bilan birga ko‘chiring.
1. Siz, o‘shami? (A.Qod.) 2. Men senga shunchalar ixlos qo‘yganman. 3. Buyuklar buyuk ishlarga uning qanday ulug‘ligini his etgani uchun, axmoqlar esa uning qanday qiyinligini anglay olmagani uchun qo‘l uradi. (L.K.Vovenarg) 4. Meni nazariga ilmaydi birov, Sizga shu gaplarni aytayin tikka. (A.O.) 5. Hamma har narsaga ishqiboz, Kimdir marka yig‘ar, kimdir it boqar. (A.O.) 6. Dunyoni qizg‘anma mendan, azizim, Men sening ko‘changdan o‘tmasman zinhor. Bu yorug‘ olamda o‘z aytar so‘zim, Va o‘zim sig‘inar mozorlarim bor. (A.O.) 7. Bu nima ko‘rgulik. 8. Unda nima ishing bor. 9. Bu gapni unga qanday aytaman?
3-mashq. Berilgan gaplardagi kishilik olmoshlarining nutqiy qurshov ta‘sirida yuzaga chiqayotgan oraliq va xususiy grammatik ma‘nolarini aniqlang.
1. Biz bu masalani boshqacha usul bilan hal qildik. 2. Sizga javobni biz beramiz-da! 3. Opa, bu kitob siznikimi? 4. Oyimlarga mehrimiz ulug‘. Ular bizning olqishimizga loyiqlar. 5. Unisi 15 yoshga kirdi. 6. Uning avval o‘zini bilsin. 7. Uning so‘zlarini hech kim eshitmasdi. 8. Xo‘sh, biz endi bu yog‘iga nima deymiz? 9. Seni maftun bo‘lib sevib qolganim, Ishqing olovida o‘rtanganim rost. Seni ruhing bilan nafas olganim, isming takrorlashga o‘rganganim rost. (H.O.) Mening bir jaydari falsafamdir shu: Hargiz iltimosga kuning qolmasin.
Do'stlaringiz bilan baham: |