1-amaliy mashg’ulot: Loyihalash bosqichlari. Loyiha topshirig‘i, loyiha va ishchi hujjatlar namunalari bilan tanishtirish. Qurilish iqlimshunosligi. Qurilish iqlimshunosligining vazifalari va metodlari.
Reja:
1) Loyiha hujjatlari va loyihalash bosqichlari.
2) Loyiha xujjatlarining tarkibi.
3) Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, muvofiqlash-tirish, ekspertiza qilish va tasdiqdan o‘tkazish tartiblari.
Tayanch iboralar: loyiha topshirig‘i, texnik shart, loyiha dasturi, loyiha, ishchi xujjatlar, tipovoy loyiha, individual loyiha, ekspertiza, bosh loyihachi, yordamchi loyihachi.
Ma’lum maqsadda foydalanish uchun yangi bino va inshoot qurish, shuningdek xalq xo‘jaligi, sanoat va qurilishning turli sohalaridagi mavjud korxona, bino va inshootlarni kengaytirish, rekonstruksiya qilish, texnikaviy qayta jihozlash uchun, avvalo, loyiha ishlab chiqiladi. Loyihalar nafaqat korxonalar, binolar yoki inshootlar uchun, balki shahar, turar-joy rayonlari, mikrorayonlar va boshqa aholi yashash manzillari, sanoat xududlari uchun ham tuziladi.
Ommaviy tartibda (ko‘p marta, qayta-qayta) quriladigan bino yoki inshootlar uchun tipovoy loyihalar bajariladi. Qaytarilmaydigan va noyob, arxitekturaviy ahamiyati katta, texnik jihatdan juda murakkab bino va inshootlar uchun individual (yakkahol) loyihalar ishlab chiqiladi.
Loyihalash ishlari odatda, ma’lum bir sohaga, ishlab chiqarish faoliyatiga yoki binolar turiga ixtisoslashgan loyihalash tashkilotlarida amalga oshiriladi.
Loyihalash ishlarini bajarish uchun loyihaga buyurtma beruvchi tashkilot (buyurtmachi) bilan loyihachi tashkilot (bosh loyihachi) o‘rtasida tuziladigan shartnoma asos bo‘lib xizmat qiladi. Bosh loyihachi vazifasini, ko‘pincha, loyihaning texnologik echimlarini ishlab chiqadigan loyihalash tashkiloti bajaradi. Yirik korxonalar va inshootlarni loyihalashda bir qator loyiha materiallarini (qismlarini) bajarish uchun yordamchi loyihalash tashkilotlari (subpudratchi tashkilotlar) jalb qilinishi mumkin (15 va 16 - chizmalar).
Loyihalash jarayonini boshlash uchun buyurtmachi tashkilot tomonidan bosh loyihachiga loyiha topshirig‘i beriladi. Loyiha topshirig‘ida loyihalanishi kerak bo‘lgan binoning vazifasi, o‘lchamlari to‘g‘risida ma’lumotlar, hududning geodezik plani, geologik va gidrogeologik sharoitlari to‘g‘risida tavsiflarni o‘z
ichiga olgan pasporti hamda maxsus talablar (qavatlar soni, qurilish navbatlari va boshqa) keltiriladi. Topshiriqqa asosan loyihalash dasturi tuziladi. Unda binodagi xonalar ruyxati, maydonlari va loyihalanadigan bino va xonalarning hajmiy-plan, konstruktiv echim va me’moriy-badiiy echimlariga quyiladigan maxsus talablar keltiriladi.
Bundan tashqari loyiha topshirig‘iga loyihalanayotgan bino uchun zarur bo‘lgan elektr energiyasi, suv, gaz, issiqlik ta’minoti, oqova suvlarni ketkazish tarmoqlari, ekologiya, sanitar-gigiena, yong‘in xavsizligi, davlat avtomobil nazorati, avto yo‘l korxonalari tomonidan berilgan ulanish bo‘yicha texnik shartlar to‘g‘risida ma’lumotlar ilova qilinadi. Loyiha topshirig‘i buyurtmachi tashkilot tomonidan, odatda, loyihachilarni jalb qilgan holda tuziladi.
Korxonalar, binolar va inshootlarning loyihalari, qoidaga ko‘ra, bir yoki ikki bosqichda ishlab chiqiladi. Loyiha hujjatlarining necha bosqichda bajarilishi buyurtmachi tomonidan loyihalanadigan ob’ektning texnik jihatdan murakkablik va tiplashtirilganlik darajasiga bog‘liq holda loyiha topshirig‘ida belgilab beriladi.
Yirik murakkab qurilish ob’ektlarini loyihalash ikki bosqichda bajariladi. Birinchi bosqichda loyiha va jamlanma smeta hisoblari,
ikkinchi bosqichda - ishchi hujjatlar va smetalar ishlab chiqiladi (16-chizma, A).
Loyihalashning ikkinchi bosqichini bajarishga birinchi bosqich yakunlangandan so‘ng kirishiladi. Birinchi bosqichda tayyorlangan material
lar (loyiha) ekspertiza qilish va tasdiqlash uchun bu ishga mas’ul tashkilotlarga taqdim etiladi.
Loyihalashning birinchi (loyiha) bosqichida quyidagi materiallar ishlab chiqiladi:
binoning plandagi kompozitsiyasini va konstruktiv sxemasini, xonalarning o‘lchamlari, ularning joylashishi va funksional bog‘lanishlarni aniqlash uchun barcha qavatlar planlari;
binoning hajmiy tuzilishini va konstruktiv sxemasini aniqlash uchun etarli miqdorda qirqimlar;
bino tashqi qiyofasini tasavvur qilish imkonini beruvchi bosh va yon fasadlar; murakkab hajmiy kompozitsiyali binolar uchun ko‘pincha perspektiva va maketlar qilinadi;
qurilish rayonining tabiiy sharoitini tavsifi, yo‘llar tarmog‘i, yaqin orada joylashgan qurilish ob’ektlari ko‘rsatilgan situatsion plani;
gorizont tomonlari, shamolning bosh yo‘nalishi, relefni aniqlovchi gorizontallar, loyihalayotgan bino va uchastka o‘lchamlari va chegaralari, yo‘llar, daraxtlar, ko‘kalamzorlar ko‘rsatilgan bosh plan;
qurilish rayoni va uchastkasining sharoitlaridan kelib chiqqan holda qabul qilingan echimlarning asosnomasi va bayoni, binoda kechadigan funksional jarayonlarning talablari, hajmiy-plan, konstruktiv va badiiy echimlarning asosnomasi va bayoni, binodagi muxandislik jihozlari (isitish, shamollatish, suv ta’minoti, oqova ketkazish, elektr ta’minoti, gaz ta’minoti, telefon, radiolashtirish tizimlari va boshqalar) ning tavsifi, bino pardozining tavsifi, qurilish va montaj ishlarini bajarish usullari hamda texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olgan tushuntirish yozuvi (izohnoma).
Loyihalashning ikkinchi bosqichida ekspertizadan o‘tgan va tasdiqlangan loyiha asosida ishchi hujjatlar ishlab chiqiladi. Ishchi hujjatlar tarkibiga quyidagilar kiradi: bosh plan; barcha bir xil bo‘lmagan qavatlar planlari; binoning o‘ziga xos tomonlari bilan ajralib turadigan qismlari (har xil balandlik, xar xil zina qo‘llanilgan va shunga o‘xshash) bo‘yicha qirqimlar; barcha yig‘ma elementlar joylashish sxemasi, pardoz turi ko‘rsatilgan fasadlar; poydevor chizmalari (plan, qirqimlar, profillar); orayopma va boshqa yopmalar planlari (zavodda tayyorlangan elementlar joylashgan sxema); notipovoy konstruksiyalarning detallashtirilgan chizmalari; konstruksiyalarning murakkab birikish tugunlari uchun detallashtirilgan chizmalar; loyihada qo‘llanilgan zavodda tayyorlangan konstruktiv elementlarning olingan katologi ko‘rsatilgan ro‘yxatlari; qo‘llanilgan standartlarning ro‘yxati.
Ishchi hujjatlar tarkibiga mustaqil qism sifatida binodagi muxandislik jihozlarining chizmalarini ham kiritiladi.
Ishchi hujjatlarga kirgan chizmalar loyiha bosqichida bajarilgan chizmalarga nisbatan yirikroq masshtabda bajariladi. Agar loyiha bosqichida faqat asosiy o‘lchamlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, ishchi hujjatlar tarkibiga kirgan chizmalarda ularni to‘g‘ri tushunish uchun etarli darajada barcha o‘lchamlar qo‘yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |