4.2. Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi va uning vakolat doirasi
Umumiy holda aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi eng yuqori boshqaruv organi
hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda eng avvalo aksiyadorlar umumiy
yig‘ilishini o‘tkazish tartibi, ko‘rib chiqiladigan masalalar va qaror qabul qilish
tartibi xususida atroflicha to‘xtalib o‘tamiz.
Aksiyadorlik jamiyatlarida aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi har yili
o‘tkazilishi shart. Yillik umumiy yig‘ilish esa ustavida belgilangan muddatlarda,
ammo moliya yili tugaganidan keyin olti oydan kechiktirmay o‘tkaziladi.
Shuningdek, ma’lum bir masalalar bo‘yicha navbatdan tashqari umumiy
yig‘ilishlar ham o‘tkazilishi mumkin. Barcha oddiy aksiyalar bitta aksiyadorga tegishli bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarida aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi
o‘tkazilmasligini ham alohida ta’kidlash lozim.
Umumiy yig‘ilishni kuzatuv kengashining raisi, u uzrli sabablarga ko‘ra
bo‘lmagan taqdirda esa, kuzatuv kengashining a’zolaridan biri olib boradi.
Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishini o‘tkazish sanasi va tartibi, yig‘ilish
o‘tkazilishi haqida aksiyadorlarga xabar berish tartibi, aksiyadorlarning umumiy
yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlik vaqtida aksiyadorlarga beriladigan
materiallarning (axborotning) ro‘yxati kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadi.
Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining vakolat doirasiga quyidagilar kiradi:
- jamiyat ustaviga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yoki jamiyatning
yangi tahrirdagi ustavini tasdiqlash;
- jamiyatni qayta tashkil etish;
- jamiyatni tugatish, tugatuvchini (tugatish komissiyasini) tayinlash hamda
oraliq va yakuniy tugatish balanslarini tasdiqlash;
- jamiyat kuzatuv kengashining va minoritar aksiyadorlar qo‘mitasining son
tarkibini belgilash, ularning a’zolarini saylash va a’zolarning vakolatlarini
muddatidan ilgari tugatish;
- e’lon qilingan aksiyalarning eng ko‘p miqdorini belgilash;
- jamiyatning ustav kapitalini ko‘paytirish;
- jamiyatning ustav kapitalini kamaytirish;
- o‘z aksiyalarini olish;
- jamiyatning tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash, ijroiya organini tuzish, uning
rahbarini saylash (tayinlash) va rahbarning vakolatlarini muddatidan ilgari
tugatish;
- jamiyat taftish komissiyasining a’zolarini (taftishchisini) saylash va
ularning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish, shuningdek taftish komissiyasi
(taftishchi) to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash;
- jamiyatning yillik hisobotini va yillik biznes-rejasini, shuningdek jamiyat
faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va maqsadidan kelib chiqqan holda jamiyatni
o‘rta muddatga va uzoq muddatga rivojlantirishning aniq muddatlari belgilangan
strategiyasini tasdiqlash;
- jamiyatning foydasi va zararlarini taqsimlash;
- jamiyat kuzatuv kengashining va taftish komissiyasining (taftishchisining)
o‘z vakolat doirasiga kiradigan masalalar yuzasidan, shu jumladan jamiyatni
boshqarishga doir qonun hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishi yuzasidan
jamiyat kuzatuv kengashining hisobotlarini va taftish komissiyasining
(taftishchisining) xulosalarini eshitish;
- jamiyat tomonidan korporativ obligatsiyalar, shu jumladan aksiyalarga
ayirboshlanadigan obligatsiyalar chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
- qimmatli qog‘ozlarning hosilalarini chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
- jamiyatning korporativ obligatsiyalarini qaytarib sotib olish to‘g‘risida
qaror qabul qilish;
- imtiyozli huquqni qo‘llamaslik to‘g‘risida qaror qabul qilish;
- aksiyalarni joylashtirish (qimmatli qog‘ozlarning birja bozoriga va
uyushgan birjadan tashqari bozoriga chiqarish) narxini belgilash;
- aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining reglamentini tasdiqlash;
- aksiyalarni maydalash va yiriklashtirish;
-
jamiyatning ijroiya organiga to‘lanadigan haq va (yoki)
kompensatsiyalarni, shuningdek ularning eng yuqori miqdorlarini belgilash;
- sho‘’ba va tobe xo‘jalik jamiyatlari bo‘yicha, birlashish, qo‘shib olish,
ajralib chiqish bo‘yicha bitimlar tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
- qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni hal etish.
Aksiyadorlarning yillik umumiy yig‘ilishida jamiyatning kuzatuv kengashini
va taftish komissiyasini (taftishchisini) saylash to‘g‘risidagi, jamiyatning
yakkaboshchilik asosidagi ijroiya organi (direktor), kollegial ijroiya organining
a’zolari, ishonchli boshqaruvchi bilan tuzilgan shartnomaning muddatini
uzaytirish, uni qayta tuzish yoki bekor qilish mumkinligi haqidagi masalalar hal
etiladi, shuningdek jamiyatning yillik hisoboti jamiyat ijroiya organi va kuzatuv
kengashining jamiyatni rivojlantirish strategiyasiga erishish bo‘yicha ko‘rilayotgan
chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotlari va boshqa hujjatlari ko‘rib chiqiladi.
Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining vakolat doirasiga kiritilgan masalalar
ijroiya organ hal qilishi uchun berilishi mumkin emas. Lekin aksiyadorlar umumiy
yig‘ilishining vakolat doirasiga kiritilgan quyidagi masalalar kuzatuv kengashi
zimmasiga yuklatilishi mumkin:
- jamiyatning ustav kapitalini ko‘paytirish, shuningdek ustavga jamiyatning
ustav kapitalini ko‘paytirish hamda jamiyatning e’lon qilingan aksiyalari sonini
kamaytirish bilan bog‘liq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;
- aksiyalarni joylashtirish (qimmatli qog‘ozlarning birja bozoriga va
uyushgan birjadan tashqari bozoriga chiqarish) narxini belgilash;
- korporativ obligatsiyalar, shu jumladan aksiyalarga ayirboshlanadigan
obligatsiyalar chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
- qimmatli qog‘ozlarning hosilalarini chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
- korporativ obligatsiyalarini qaytarib sotib olish to‘g‘risida qaror qabul
qilish;
- jamiyatning ijroiya organini tuzish, uning rahbarini saylash (tayinlash),
rahbarning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish;
- jamiyatning ijroiya organiga to‘lanadigan haq va kompensatsiyalar
miqdorlarini belgilash;
- yillik biznes-rejani tasdiqlash.
Do'stlaringiz bilan baham: |