20. A.Hayitmetovning “Navoiy lirikasi” kitobi navoiyshunoslik yutug’i sifatida
Adabiyotshunos Abduqodir Hayitmetov “Navoiy lirikasi” nomli monografiyasida Navoiy lirikasiga undan keyin ijod qilgan Zahiriddin Muhammad Bobur, Munis, Ogahiy qardosh turkiy xalqlarning Fuzuliy, Maxtumquli, Abay, Berdaq, Abdulla To’qay kabi ulug’ san’atkorlari yuksak baho berganliklarini hamda o’z ijodlarida uning ilg’or an’analarini davom ettirganliklarini qayd etib o’tadi.
Navoiy ijodi, uning boy lirikasi o’zbek xalqi badiiy tafakkuri taraqqiyotining muhim bosqichini tashkil etadi, jahon adabiyoti tarixida badiiy ijodning go’zal va yuksak cho’qqilaridan hisoblanadi.
Alisher Navoiy ijodiyotini o’rganish yuzasidan adabiyotshunoslik ilmi ko’p yutuqlarni qo’lga kiritdi. Navoiyni anglash, tushunish, asarlarini xalqqa yetkazish yo’lida qilinishi kerak bo’lgan zarur vazifalar ham oz emas.
Adabiyotshunos Abduqodir Hayitmetov ilmiy faoliyatida Navoiy lirikasini tekshirishga doir tadqiqotlar alohida o’rin tutadi. Shoir lirikasining tadrijiy taraqqiyoti, uning mavzu ko’lami, tur xususiyatlari , obrazlar tizimi hamda shoir badiiy mahoratining muhim qirralari tadqiqiga bag’ishlangan tadqiqotlari navoiyshunoslikning yutug’idir. Ayniqsa, olimning «Navoiy lirikasi» kitobi «shoir lirikasining muhim xususiyatlarini yoritgan dastlabki yirik tadqiqotlardan biri sifatida ahamiyatlidir» .Ozarbayjon adabiyotshunosi Akram Ja’far bir o’rinda olimning bu boradagi faoliyatini baholab, «Navoiy lirikasi» kitobi haqida : «Yaqin Sharq xalqlari, birinchi navbatda turkiy xalqlar poetikasiga qo’shilgan katta hissa va bu sohada olg’a qo’yilgan katta qadamdir » ,- deb yozadi.
“Xazoyin-ul maoniy”asarida jamlangan lirik asarlar tadqiqiga bag’ishlangan “Navoiy lirikasi” deb nomlangan monografiyasi analitik tahlilning batafsilligi, ilmiy-nazariy mulohazalarning puxta va asoslanganligi bilan nafaqat Navoiy lirikasi, balki umuman she’riyat poetikasini o’rganishda muhim qo’llanma bo’ldi.
“Lirika Navoiy uchun ijod sohasida mahorat qozonishning asosiy maktabi, shoir hayotining har qanday sharoitda hech bir tark qilinmagan, doimo qo’l kelgan sevimli va qulay ijod formasi bo’lgan,- deb yozadi Abduqodir Hayitmetov.- Navoiy o’zining buyuk epik asarlariga lirika orqali borgan va uning hayotdan olgan taassurotlari sistemali ravishda ,avvalo, lirikada o’z ifodasini topa borgan” .
Bir tadqiqot doirasida Navoiy lirikasining muayyan qirralarinigina o’rganish mumkinligini qayd etgan adabiyotshunos Alisher Navoiy lirikasining g’oyaviy-badiiy xususiyatlari tahliliga kirishar ekan, avvalo, Navoiy lirikasining olamshumul ahamiyati, mazkur lirikaning tur va janriy xususiyatlari, mavzu ko’lamdorligi hamda undagi obrazlar tizimi va rang-barangligiga doir masalalar bo’yicha kuzatishlar olib boradi.
Abduqodir Hayitmetov lirika tahlilida har bir janrning o’rni va ahamiyatini har tomonlama tekshiradi. Navoiy lirikasida asosiy o’rin tutuvchi g’azal janri tahlilida olim g’azallardagi ayrim bayt va misralar qatiga singdirilgan mazmun mohiyat bilan cheklanib qolmay, undagi asosiy yo’nalishni, g’azalning butun ruhini tashkil etgan ichki quvvatni tekshiradi, shu boisdan ham uni yaxlit holda tahlil qiladi va keng umumlashma xulosalar chiqaradi. Birgina «Navoiy lirikasi» kitobida shoirning shunday 76 ta g’azali tahlilida bunga guvoh bo’lamiz. Olim «g’azalga o’zbek adabiyoti tarixida katta o’rin egallagan , o’z qonun qoidalariga ega bo’lgan bir butun badiiy asar» sifatida qaraydi, g’azalchilikda bitta yangi detal` ham shoirning ijodiy yutug’i ekanligini ta’kidlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |