Ibn Sino qayd qilib o‘tgan badantarbiya turlariga:
o‘zaro tortishish (arqon tortish);
musht bilan turtishish (boks);
kamondan o‘q otish;
tez yurish (sportcha yurish);
nayza otish;
irqib osilish (gimnastika, uskunalarda osilish mashqlari);
bir oyoqda sakrash;
qilichbozlik;
nayzabozlik;
otda yurish;
ikki qo‘lini silkitish (umumiy gimnastika mashqlari);
bir vaqtda oyoq uchlarida turib qo‘llarini oldiga va orqaga cho‘zib tez harakat qilish mashqlari kiradi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, buyuk olim Abu Ali ibn Sino tavsiya qilgan badantarbiya mashqlarining turlari bugun bizga yetib kelibgina qolmay, balki shu turlardan xalqaro musobaqalar o‘tkazilib kelinayapti, ushbu harakat o‘yinlari Osiyo va Olimpiada o‘yinlari dasturidan ham o‘rin olgan. Bu tur musobaqalarini ta’lim muassasalari sharoitida ham o‘tkazilishi nazarda tutiladi.
Demak, yosh avlodni hozirgi zamon talablariga tayyor bo‘lishi va muammolarni hal qilishga to‘g‘ri yo‘lni tanlashi uchun sog‘lom, baquvvat bo‘lishi kerak. Buning uchun biz, ta’lim-tarbiya jarayonida shaxsni har tomonlama jismonan baquvvat, barkamol qilib tarbiyalashda:
jismoniy mashqlar,
to‘g‘ri ovqatlanish,
uyqu,
badanni toza tutish qoidalariga amal qilishni, bularning barchasi inson sog‘ligini saqlashda muhim omillardan ekanligini ham ilmiy, ham amaliy jihatdan muntazam tushuntirib borishimiz lozim.
Abu Ali ibn Sino o‘zidan ilgari yaratilgan barcha fan va madaniyat yodgorliklarini egalladi, ularning ko‘p tarmoqlarini rivojlantirdi, natijada uning ilmiy merosi jahon fani va madaniyatiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shildi.
Jismoniy tarbiyaga buyuk sohibqiron Amir Temur ham katta e’tibor bergan. Sharqda dilovarlik tarbiyasi, ya’ni yoshlarda mardlik, jasurlikni tarbiyalash asosiy masalalardan sanalgan. Yigitlar bolalikdan merganlik, chavandozlik, suvda suzish, ovchilik, qilichbozlik, shaxmat o‘yini kabilarni mohir murabbiylardan o‘rganib, bu borada mashq qilar edilar.
Buyuk sohibqiron shunday ta’kidlaydi: “Cherik tuzib, navkar olmoqda uch qoidaga amal qildim: birinchidan, yigitning kuch-quvvatiga, ikkinchidan, uning qilichni o‘ynata olishiga, uchinchidan, aql-zakovatiyu kamolotiga e’tibor qildim. Shu uch fazilat jamul-jam bo‘lsa, navkarlik izmatiga oldim. Negakim, kuch-quvvatli yigit har qanday qiyinchiliklarga, azobu-uqubatlarga chidamli bo‘ladi, qilich o‘ynata oladigan kishi raqibini mag‘lub eta oladi, oqil navkar har joyda aql-idrokini ishga solib, mushkulotni bartaraf etmog‘i mumkin”, - deb askarlarning faqat jismoniy emas, balki aqlan ham barkamol bo‘lishiga e’tibor bergan.
Ulug‘ adib Abdulla Avloniyning fikricha, yosh avlodning sog‘lom fikr, yaxshi axloq va ma’rifat egasi bo‘lishi uchun eng avvalo unga badan tarbiyasi nihoyatda zarur: “Badan tarbiyasining fikr tarbiyasiga ham yordami bordur. Jism ila ruh ikkisi bir choponning o‘ng ila tersi kabidur. Agar jism tozalik ila ziynatlanmasa, yomon xulqlardan saqlanmasa, choponning ustini kuyub, astarini yuvib, ovora bo‘lmoq kabidurki, har vaqt ustidagi kiri ichiga uradur”. Adib jism va ruh shakl va mazmunning bir-biriga mutanosibligi masalasiga alohida to‘xtaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |