Pingvinlar turkumi. Pingvinlarning qanoti kalta va ingichka bo‘lib, eshkakka aylangan. Oyoqlari tanasining keyingi qismiga birikkanligi uchun quruqlikda yurganida tanasini tik tutadi. Eshkak qanotlar yordamida ular soatiga 30 km tezlikda sho‘ng‘iy oladi. Antarktida, Tinch okean orollari, Avstraliya, Janubiy Amerika va Afrika sohillarida tarqalgan. Baliqlar va yirik qisqichbaqasimonlar bilan oziqlanadi. Imperator pingvininining bo‘yi 120 sm, vazni 45 kg keladi. Pingvinlar koloniya bo‘lib in quradi. Ular sovuqqa juda chidamli. Imperator pingvini qishda 60–70°C sovuqda tuxum qo‘yib, bola ochadi.
Sohil qushlari. Sohil qushlari suv havzalarining sayozliklari, sohil yaqini va botqoqliklarda oziqlanadi. Ko‘pchiligining bo‘yni va oyoqlari uzun bo‘ladi. Shuning uchun ular sayozliklarda va balchiqda yaxshi yuradi; tumshuqlari yordamida ozig‘ini oladi; lekin suvda suzolmaydi.
L a y l a k s i m o n l a r t u r k u m i. Laylaklar ancha yirik, oyoqlari va tumshug‘i uzun qushlar. Oq laylakning qanotlari keng va qora bo‘ladi. Uzun oyoqlari ularga balchiqda bemalol harakatlanishiga imkon beradi. Oq laylak yirik daraxtlarning shoxlariga yoki eski binolarning tomiga uya quradi; baqalar, sichqonlar, turli hasharotlar va kaltakesaklar bilan oziqlanadi. U juda foydali qush bo‘lgani va soni kamayib ketganligi uchun muhofaza qilinadi.
Savol va topshiriqlar.
1. Suv qushlarining suv muhitiga moslanish xususiyatlari nimadan iborat?
2. Nima sababdan suv qushlarining patlari suvda ivib qolmaydi?
3. G‘ozsimonlar suv tubidagi balchiqdan oziq topishga qanday moslashgan?
4. Pingvinlar gavdasi qanday tuzilgan?
5. Sohil qushlarining tuzilishi yashash muhitiga qanday moslashgan?
6. Laylaklar qanday hayot kechiradi?
48-§. Yirtqich qushlar
Yirtqich qushlar, asosan, umurtqali hayvonlar bilan oziqlanadi. Ularning tana tuzilishi va xatti-harakati o‘ljani qidirib topish va ushlab olishga moslashgan. Xususan, uzun va o‘tkir tirnoqlarining uchi ilmoqqa o‘xshash qayrilgan bo‘lib, o‘ljani ushlash va o‘ldirishga moslashgan; qisqa baquvvat va uchi pastga qayrilgan tumshug‘i esa o‘ljasi etini yulib olishga imkon beradi (94-rasm). Yirtqich qushlarning ko‘zi o‘tkir bo‘lganidan o‘ljasini uzoqdan payqab oladi. Yirtqichlar juft bo‘lib yashaydi. Yirik qushlarning jufti butun hayoti davomida saqlanib qoladi. Ular daraxtlarga va baland qoyalarga uya qurib, jish jo‘ja ochadi. Yirtqich qushlar kunduzgi yirtqichlar va yapaloqqushlar turkumlariga bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |