2019 yildan qanday xulosalar olish mumkin?
— Birinchi xulosa, agar siz tezkor va to‘g‘ri yechimga asoslangan islohotlar o‘tkazmas ekansiz, islohot amalga oshirmoqchi bo‘lgan sohangiz mustahkam eski tizimga ega bo‘lsa, hech narsaga erisha olmaysiz. Shuning uchun islohotlarni amalga oshirishda tezkorlik, ishonch va qat’iylik bo‘lishi lozim.
Ikkinchi xulosa, bugungi kunda hukumat tarkibida haqiqiy islohotchilar jamoasi mavjud emas. Islohotlar uchun jon kuydirayotgan ayrim hukumat rahbarlari va guruhlar bor, ammo jamoa yo‘q. Shuning uchun ularning kuchi va ta’sir doirasi yetarli bo‘lmayapti, bu ayniqsa, 2019 yilda sezildi.
Uchinchi saboq sifatida mahalliy amaldorlarimizning 1996 yilda joriy qilingan tartiblarga keragidan ortiq bog‘lanib qolganliklarini ta’kidlash mumkin. Afsuski, iqtisodiyotdagi jarayonlarga eski qarashlar aynan 2019 yildan boshlab yana o‘zini namoyon qila boshladi. Islohotlarni amalda jadal joriy qilish uchun yangi va yosh kadrlar yetishmayapti. Optimistik nuqtai nazardan esa taxmin qilish mumkinki, bu vaqtinchalik holat. Biz bugungi chekinishlardan so‘ng yaqin vaqt ichida, albatta oldinga siljishga muvaffaq bo‘lamiz, degan umiddaman.
—
Do'stlaringiz bilan baham: |