Yuliy Yusupov bilan 2019 yil yakuni bo‘yicha natijalar, xulosalar hamda yangi 2020 yil uchun taxmin va prognozlar haqida suhbatlashdi.
— Yakunlanayotgan yil mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy hayotida nimasi bilan esda qoldi?
— Joriy yilda soliq islohoti eng muhim voqealardan biri bo‘ldi. Soliq islohoti ancha oldin o‘tkazilishi kerak edi. Chunki, bunga harakat bir muncha vaqt avval boshlangan bo‘lib, faqat 2019 yilga kelib amalga oshdi. Bu islohotni o‘tkazish uchun sharoit yetilgan edi. Negaki, eski soliq tizimi mamlakat iqtisodiyotini ayanchli ahvolga olib kelgandi. Bir tomondan soliq islohotlari boshlangani yaxshi, ammo uning keltirib chiqarayotgan ayrim muammolariga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Asosiysi, islohotlar davom etmoqda. Quvonarli hol shundaki, 2019 yilning ikkinchi yarmiga kelib, hukumat yo‘l qo‘yilgan ayrim xatolarni anglab yetib, ularni tuzatishga, tahrir qilishga xarakat qildi.
Tugallanayotgan yil bo‘yicha umumiy taassurotlarim shundan iboratki, 2019 yil islohotlar ancha sustlashgani, aksariyat yo‘nalishlar bo‘yicha orqaga ketishlar ham bo‘lgani bilan yodda qoldi. Bu yilda eski tizim yashovchanligini va o‘zining eski mavqeini yana tiklashga kirishganini ko‘rsatdi.
Ijtimoiy sohaga kelsak, 2019 yilda jamiyat bilan davlat orasida qayta aloqa, muloqot qilish mexanizmlari sustlashdi. 2017 yilda bu borada vaziyat ancha yaxshi edi. Hukumat vakillari OAVdagi chiqishlarga ijobiymi yoki salbiymi, muhimi munosabat bildirar edi. Elektron axborot vositalaridagi chiqishlar, munozara, bahslar ko‘pincha o‘z natijasini berar edi. Qaysidir ma’noda hukumat hozirgacha ijtimoiy tarmoqlar va elektron OAVdagi chiqishlarga e’tibor qaratadi. Ammo, mening fikrimcha, hozir bu tamoyil ancha sustlashdi, bu kabi chiqishlarga avvalgidek munosabat, jiddiy yondashuvni kuzatmayapman. Bundan tashqari, ayrim hokimiyat vakillari elektron axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidiy chiqishlarga salbiy munosabatini ham yashirishmayapti. OAVdagi maqolalarga, bloger va mualliflarga qarshi bildirilgan salbiy munosabatlarni guvohi bo‘ldik. O‘zimdan qiyos, avval mening maqolalarimni chop etib kelgan ayrim elektron saytlar maqolalarim yoki yozgan fikrlarimni e’lon qilmay qo‘yishdi. Sababi, hozirgi kunda ushbu saytlarda o‘z-o‘zini senzura qilish mavjud, deb o‘ylamayman.
Eski tizimda jamiyat bilan hukumat o‘rtasida qayta aloqa, ya’ni o‘zaro muloqot deyarli yo‘q edi. Bunday muloqot bo‘lmasa, jamiyat yuqorida nimalar bo‘layotganini, qanday qarorlar qabul qilinayotganini, ularga ta’sir o‘tkazish u yoqda tursin, oddiy voqealardan ham bexabar qoladi. Islohotlar natijasida fuqarolik jamiyatida kechayotgan jarayonlarga biroz bo‘lsada ta’sir o‘tkazish, daxldorlik his qilish imkoni paydo bo‘ldi. Oxirgi paytdagi kuzatuvlarim shundan dalolat beradiki, muloqotning ushbu rishtalari kun sayin yana zaiflashib boryapti.
—
Do'stlaringiz bilan baham: |