qurildi. 1890-1905 yillarda Toshkent-Orenburg temir yo‘li qurilib, Turkiston
Rossiyaning markazi bilan bog’landi. 1915 yilda Buxoro-Qarshi va Termiz-Qarshi-
Shahrisabz-Kitob temir yo’li qurildi. Temir yo’llar qurilishi munosabati bilan Rossiyadan
ko’plab ishchilar, injener-texnik xodimlar ko’chib kelishdi va ular qadimiy Turkiston
shaharlariga joylashtirildi, ular joylashtirilgan qism yangi shahar, erli aholi yashaydigan
qism eski shahar deb ataladigan bo’ldi. Yangi shaharlar, jumladan, Skobelev (Hozirgi
Farg’ona) shahri vujudga keldi.
Turkiston Rossiyaning markazi bilan temir yo’l orqali bog’langach, rus kapitali
(sarmoyalari) o’lkaga oqib kelaboshladi. Turkiston xom ashyo bazasida savdo-sanoat
yuritish, zavod-fabrikalar qurishga intiluvchilarga Rus-Osiyo banki, Moskva savdogarlar
banki, Rossiya davlat banki pul qarz berib turdi. Natijada bir qator zavodlar, savdo
shohobchalari, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalar qurildi. Paxta va uni xarid qilish
bilan shug’ullanuvchi 30 ta savdo shohobchasi vujudga keldi. 1913 yilda tuzilgan
«Beshbosh» degan paxta-yog’ shirkati Turkistonda 29 ta paxta zavodi qurdi, o’lkada
etishtirilgan paxtaning 30 foizini xarid qilardi, 80 ming tonna paxta tolasini tashib ketar,
160 ming tonna chigit tayyorlardi. Katta sarmoyador Vodyaevlar Turkistonda
«Vodyaevlar savdo uyi»ni tashkil etib, 30 ta paxta zavodi qurdi. Farg’ona vodiysidagi
keng paxta dalalari, temir yo’llar, paxta tozalash zavodlari va Ivanovo to’qimachilik
korxonalari Vodyavlar nazoratidagi katta kombinat tarkibiga kiritilgan edi. Ular yiliga
Farg’ona vodiysida etishtirilgan 7-8 million pud paxtani Ivanovoga tashib ketardi.
Mustamlakachilar qanchalik boyib borsa, arzon ishchi kuchi bo’lgan mahalliy
aholi shunchalik qashshoqlashib bordi. Dehqonlar og’ir shartlar asosida qarz olardi,
184
qarzini to’layolmay o’ziga tegishli erini sotib, ersiz qolardi, mardikorlik, chorakorlik
qilishga majbur bo’lardi. Ular yoki er egalari qo’lida yollanib batraklik qilishga yoki yangi
ochilayotgan korxonalarga arzimagan ish hai evaziga ishlashga majbur bo’lardi. Erni
Rossiya banklari yoki puldor mahalliy boylar sotib olardi. Shu tariqa o’lkada 90-100
gektarcha sug’oriladigan eri bo’lgan boy xo’jaliklari vujudga keldi. XX asr boshlaridagi
ma’lumotlarga ko’ra o’lka aholisining 70 foizi kambag’al va qashshoqlar, 17 foizi o’rta
hol, 13 foizi o’ziga to’q, boy oilalar hisoblanardi.
Rossiyalik sarmoyadorlar o’lkada paxta tozalash, yog’ va spirt ishlab
chiqarish, pivo, tamaki, un, qand, sovun, g’isht, ko’n, mis eritish, jun yuvish,ohak
qizdirish zavodlari va oziq-ovqat korxonalari qurib, ulardan mo’may daromad
olishni yo’lga qo’ydilar. 1908 yilda o’lkada 378 ta sanoat korxonalari faoliyat
yuritgan bo’lsa, 1917 yilda ularning soni Buxoro amirligi va Xiva xonligida
qurilgan korxonalarni ham qo’shib hisoblaganda 1200 taga etgan.
O’lkada sanoat tarmoqlarining rivojlanishi aholining tabaqalanishiga ta’sir etib,
milliy burjuaziya va ishchilar sinfi shakllana boshladi. 1914 yilgi ma’lumotlarga ko’ra
o’lkada 49,5 ming ishchi bo’lib, ulardan 25,5 mingi sanoatda, 24 mingi temir yo’l va unga
xizmat qiluvchi ustaxonalarda ishlagan. Turkistonda paxta tozalash zavodlari, do’konlari,
tegirmonlar, katta-katta bog’ uzumzorlarga ega bo’lgan mahalliy burjuaziya tabaqasi ham
faoliyat yuritdi. Mahalliy aholiga mansub ishchilarga rossiyalik ishchilarga nisbatan 2,5-
3,5 baravar kam ish xaqi to’langan. Dehqonmi, mardikormi, ishchimi mahalliy aholi
Rossiya mujiklari va ishchilari oldida kamsitilardi.
Turkiston Rossiyaning jahon bozorlarida o’tmaydigan tovarlari sotiladigan
bozorga aylantirildi. 1895 yilda Turkistonda Rossiya korxonalarida tayyorlangan 6
million so’mdan ortiqroq summada temir, mis, chinni buyumlar, gazlama, yog’och, choy,
oziq-ovqat va boshqa buyumlar sotilgan bo’lsa, 1914 yilda sotilgan buyumlar salmog’i
243 million so’mdan oshib ketdi. Sotilgan maxsulotlarning 40 foizi o’lkadan tashib
ketilgan paxtadan Rossiya to’qimachilik korxonalarida to’qilgan gazlamalar tashkil etardi.
Rossiya savdo-sanoatchilari Turkistonda sanoat mahsulotlari sotishdan ham,
Turkistondan xom- ashyo sotib olishdan ham katta daromad olardilar.
Shunday qilib, Turkiston nafaqat Rossiya davlatining, shuningdek, rossiyalik
savdo-sanoatchilar manfaatiga xizmat qiladigan o’lkaga aylantirildi.
Rossiya imperiyasi Turkiston xalqini ma‘naviy-madaniy jihatdan tutqinlikka
solish, o’zining uzoqqa mo’ljallangan manfaatiga bo’ysundirish siyosatini yuritdi. Uning
mohiyati, mazmuni mahalliy xalqni uning milliy, tarixiy ildizlaridan uzib tashlash,
xalqning ma’naviy, madaniy, tarixiy merosini yo’q qilish, ruslashtirishdan iborat edi.
Turkiston general-gubernatorligining Farg’ona viloyati harbiy-gubernatori Skobelev
shunday deb yozgan edi: «Millatni yo’q qilish uchun uni qirish shart emas, uning
madaniyatini, san’atini, tilini yo’q qilsang bas, tez orada o’zi tanazzulga uchraydi»
1
.
Turkistonda ana shunday yovuz qarashlarga mos siyosat va amaliyot yuritildi.
Turkistonning noyob tarixiy, ma’naviy, madaniy boyliklari talon-taroj qilindi.
1870 yilda Toshkentda ochilgan kutubxona va 1876 yilda tashkil etilgan muzeyda
Karimov I.A. Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q. T., Sharq, 1998, 24-bet
185
o’lkaning ma’naviy-madaniy hayotini aks ettiruvchi oltin, kumush, misdan yasalgan
qimmatbaho buyumlar, gilamlar, amaliy san’at namunalari, tarixiy yodgorliklar, arxiv
hujjatlari, qo’lyozma kitoblar va boshqa osori-atiqalar to’plandi. Ular ko’rikdan o’tkazilib,
qimmatbaho va nodir deb baholanganlari Peterburg va Moskvaga tashib ketildi. San’at
darajasida ishlangan Muhammad Rahim taxti, Amir Temur maqbarasining naqshinkor
darvozasi, undagi bitiklar, oynalar, oltin koshinlar, Ahmad Yassaviy maqbarasidagi
naqshinlar, katta qozon («Nazir-niyoz qozoni»), turli tarixiy buyumlar, noyob kitoblar va
boshqalar shular jumlasidandir.
Islom diniga e’tiqod, ruhoniylar, masjid va madrasalar oyoq osti qilina
bordi. Rossiya ma’murlari musulmon muassasalari, madrasa ishlariga aralashib,
ularning faoliyatini tobora cheklab bordi.
Maorif va madaniyat sohasida ruslashtirish siyosati yuritildi. Turkistonlik bolalarni
ruslar bilan aralashtirib o’qitish va tarbiyalash g’oyasi ilgari surildi va 1884 yilda
Toshkentda dastlabki «rus-tuzem maktabi» ochildi. XIX asr oxirida ularning soni
yuztadan oshib ketdi. Bunday maktablarda rus va o’zbek muallimlari dars
mashg’ulotlarini o’tadigan bo’ldi. Maqsad o’zbek yoshlariga rus tilini o’rgatish va rus
turmush tarzini singdirish edi. Chorizm ma’murlari erli aholi bolalarini «rus-tuzem
maktablari»ga jalb qilish, qiziqtirish uchun o’lkadagi mahalliy ma’muriyat boshqaruvida
rus tilini bilganlar ishlaydi, degan talabni qo’ydilar. Bu talabdan maqsad «erlilarda
mansabga qiziqib» rus tilini o’rganish, ruslashish manfaatini uyg’otish edi. Rus tilini
bilgan mahalliy aholi vakillariga imtiyozlar yaratildi. Shu tariqa, o’lkada ish yuritish asta-
sekin rus tiliga o’tkazilabordi.
Chor ma’murlari mahalliy aholiga Rossiyaning ulug’vorligini ko’rsatish,
evropacha turmush tarziga qiziqtirish uchun Rossiyaning markaziy shaharlariga
sayohatlar uyushtirdilar. Katta yoshdagilarni, shuningdek, yoshlarni guruh-guruh qilib
Peterburg, Moskva va boshqa shaharlarga olib borib oq podshohning qudratini, baland
imoratlar, ishlab chiqarish korxonalarini ko’rsatishardi. Mustamlakachilar sayohatchilar
o’z yurtiga qaytib borgach, Rossiyaning ulug’vorligi haqida vatandoshlariga so’zlab
beradi, Rossiya tarkibida bo’lganidan g’ururlanadi, degan maqsadda edilar. Bu tadbirlar
ruslashtirish manfaatlarini ko’zlab uyushtirilardi.
Mustamlakachilarning erli aholi turmushiga ma’naviy-ruhiy tazyiq o’tkazish
dasturida o’lka xotin-qizlarini ruscha hayot tarziga o’rgatish masalasiga alohida o’rin
berilgan edi. Shu maqsadda shaharlarda xotin-qizlar ambulatoriyalari tashkil etilib, ularda
rus shifokorlari faoliyat ko’rsatdi. Ambulatoriyalarda ayollarga zarur tibbiy maslahatlar,
tibbiy yordamlar ko’rsatildi, bu ijobiy hol, albatta. Shu bilan birga ayollarga ruscha
turmush tarziga o’tish, ularning farzandlari tarbiyasiga ta’sir etish, pravoslavcha
qarashlarning afzalligi, «paranji zulmidan xalos bo’lish, ochilish» zarurligi haqida
tashviqot-targ’ibot ham qilinardi.
Mustamlakachi ma’murlar ruslashtirish siyosatini yuritsalarda, rus tilini yaxshi
o’zlashtirgan ziyolilarga shubha bilan qarardi, ular ustidan nazorat, tazyiq uyushtirardi.
Xulosa qilib aytganda, maorif va madaniy hayotda ham chorizmning
mustamlakachilik siyosati yaqqol namoyon bo’ldi. O’lkaning madaniy-ma’rifiy
hayotini cheklab, o’z manfaatlariga bo’ysunduruvchi yo’l tutdi. Chorizm buyuk
186
davlatchilik g’oyalarini Turkistonga zo’rlik bilan joriy etdi, milliy madaniyat va
ma’naviy qadriyatlarni toptadi. To’g’ri, Rossiya imperiyasi Turkistonda
kommunikatsiya va ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish, milliy kadrlarni
tayyorlash, ma’rifatchilik va aholini jahon madaniyatidan bahramand qilish kabi
ijobiy tadbirlarni ko’rdi. Biroq mustamlakachilik siyosati va amaliyoti o’lkaning
iqtisodiy, ma’naviy-madaniy taraqqiyotiga jiddiy salbiy ta’sir ko’rsatdi. «Bu
salbiy oqibat tashqaridan olib kirilgan tsivilizatsiya natijalaridan ko’ra bir necha
barovar ortiq edi».
1
Do'stlaringiz bilan baham: |