“Elita” termini lotinchadan olingan bo`lib, “yaxshiroq”, “tanlangan”, “saylangan” degan ma`nolarni anglatadi.
Siyosiy elita – bu kishilarning nisbatan oz sonli qatlami (o`ziga xos boshqaruvchi sinf) bo`lib, jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, davlat hokimiyati organlarida rahbarlik mansablarini egallaydi va mamlakatda siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishga ta`sir etadi.
Siyosiy elita jamiyatning hokimiyatni boshqaruvchi qismi, hukmron qatlamidir. Mazkur tushunchaga ko`ra, jamiyatda yuqori mavqega ega bo`lgan, faoliyatning siyosiy va boshqa sohalarida faollikka ega bo`lgan, obro`, nufuz, ta`sir va boylik egasi bo`lgan kishilar guruhi ko`zda tutiladi. Asosan, bular hokimiyat funktsiyalari va vakolatlarini bo`lib olgan, oliy toifadagi professional siyosatchilar. SHuningdek, bu jamiyat taraqqiyoti strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishga, siyosiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashishga tayyorlangan oliy davlat xizmatchilaridir.
Siyosiy elitaning mavjudligi quyidagi omillar bilan bog`liqdir:
kishilarning ijtimoiy va ruhiy holatlari, ularning bir xil bo`lmagan layoqatlari, imkoniyatlari va siyosatda ishtirok etish istaklari;
boshqaruv bilan professional mashg`ul bo`lishni, muayyan ixtisoslashuvni talab qiluvchi mehnatning qonuniy taqsimlanishi;
boshqaruv va uning tegishli rag`batlanishining yuqori ijtimoiy ahamiyatliligi;
ijtimoiy imtiyozlar olish uchun boshqaruv faoliyatidan foydalanishning keng imkoniyatlari;
amaliy jihatdan siyosiy rahbarlar faoliyati ustidan keng qamrovli nazoratni amalga oshirish imkoniyati yo`qligi;
odatda, asosiy manfaatlari siyosatdan tashqarida bo`lgan keng xalq ommasining siyosiy passivligi (V.Pugachev, A.Solovyev).
Siyosiy elita, bu shunchaki tasodifiy kuchlar orqali hokimiyatni bo`lib olgan shaxslar yig`indisi emas, balki “tabiiy tanlanish” natijasida shakllangan ijtimoiy guruh, o`zining muayyan layoqatlariga, kasbiy bilimlariga, ko`rinmalariga, malakalariga ega bo`lgan kishilar qatlamidir.
SHuning uchun ham siyosiy elita davlat boshqaruvining markaziy zvenosi hisoblanadi, siyosiy tizimning amal qilishi, jamiyat siyosiy taraqqiyotining borishi va yo`nalishi ma`lum darajada uning faoliyatiga bog`liqdir.
Siyosiy elitaning funktsiyalari:
strategik (jamiyat, sinflar, qatlamlar manfaatlarini ifodalaydigan yangi g`oyalarni o`rganish orqali harakatning siyosiy dasturini aniqlash) ;
tashkilotchilik (ishlab chiqilgan kursni prakdikada (amaliyotda) ro`yobga chiqarish, siyosiy qarorlarni hayotda gavdalantirish) ;
integratsiya (yaqinlashtiruvchi) (jamiyat barqarorligi va birligini , uning siyosiy va iqtisodiy tizimi barqarorligini mustahkamlash, ziddiyatli vaziyatlarga yo`l qo`ymaslik va ularni hal etish).
Do'stlaringiz bilan baham: |