Tayanch tushunchalar: Ta’limning tashkiliy shakllari, ta’lim turlari
1. Ta’lim turlari (illyustrativ, muammoli, dasturlashtirilgan ta’lim) va shakllarining tavsifi.
Didaktik g‘oyalar jamiyat taraqqiyoti jarayonida yangi g‘oyalar bilan boyib, takomillashib boraveradi va ular o‘ziga xos tizimlar ko‘rinishida shakllanadi. Shu sababli ham ta’lim turlari o‘quv jarayonini tashkil etish va uni amalga oshirishga nisbatan turlicha yondashuvlar asosida shakllantiriladi.
Pedagogik tizimlarning asosiy turlari quyidagilardir:
arxaik (ibtidoiy);
qadimgi (Shumer, Misr, Xitoyda Eramizdan avvalgi uchinchi ming yillik);
avestit (Baqtiriya, Sug‘diyona, Xorazmda – Eramizdan avvalgi VII-VI asrlar);
yunon (Ellins, rim – yunon, rim – eramizdan avvalgi V-I asrlar);
o‘rta asr (dogmatik, sxolastik V-XVI asrlar);
yangi (tushuntirish, tushuntirish – ko‘rgazmali, dasturlashtirilgan, masofali o‘qitish, muammoli – dasturlashtirilgan, kompyuterlashtirilgan innovatsion, INTERNETning xalqaro tarmog‘idan foydalanib o‘qitish va shu kabilar);
xorijiy (tushuntirish, tushuntirish–ko‘rgazmali, dasturlashtirilgan, masofali o‘qitish, muammoli – dasturlashtirilgan, kompyuterlashtirilgan innovatsion, INTERNETning xalqaro tarmog‘idan foydalanib o‘qish va shu kabilar).
“Avesto” g‘oyalariga ko‘ra shakllangan pedagogik tizim eramizdan avvalgi VII-VI asrlarda Markaziy Osiyo xududida zardushtiylik dini yuzaga kela boshlaganida tashkil topdi. “Avesto” zardushtiylikning muqaddas manbai bo‘lib, u o‘z davrining qomusiy asari hisoblangan. Uning g‘oyalariga binoan yoshlarni o‘qitish va tarbiyalash quyidagi tamoyillarga asoslangan:
yoshlarni diniy va ma’naviy jihatdan tarbiyalash;
jismoniy jihatdan tarbiyalash;
yoshlarni o‘qish va yozishga o‘rgatish orqali ularning savodxonligini shakllantirish.
“Avesto” g‘oyalari bo‘yicha Yer, Quyosh, suv, olov muqaddas deb e’tirof etilganligi sababli yoshlarni tarbiyalashda Ona Yerga, atrof – muhit, tabiatga muhabbat hissini o‘yg‘otish muhim yo‘nalish hisoblangan. Shuningdek, unga barkamol shaxs obraziga qo‘yilgan talablar haqida aniq tasavvurlar ifoda etilgan.
Muntazam o‘qitishning ilk turi qadimgi yunon faylasufi Suqrot (eramizdan avvalgi 469 – 399 er. avv. yillar) va ularning o‘quvchilari tomonidan keng qo‘llanilgan yordamchi savollarga javob topish metodi hisoblanadi. Bu metod fanda suqrotcha suhbat metodi nomini olgan. Bu metodning mazmun – mohiyati quyidagicha bo‘ladi, ya’ni bunda eng avval o‘qituvchi o‘z o‘quvchisida qiziqish yo‘nalishini va bilishga intilishini o‘yg‘otadigan savollardan foydalanilgan; keyin esa mulohaza yuritish asosida o‘quvchini voqea – hodisalarning mohiyatini idrok etishga undagan. Demak, suqrotcha suhbat metodida qiziqishdan bilishga, bilishdan idrok etishga qarab induktiv metod asosidagi faoliyat dinamikasi shakllantirilgan. Mazkur jarayonda o‘qituvchining mulohazasi ko‘pincha ritorik savollarni muhokama qilish bilan to‘ldirib turilgan. Suqrotcha suhbatlar bir yoki bir necha o‘quvchilar ishtirokida tashkil etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |