Arxeologik dala tadqiqotlari usullarining
rivojlanishi tarixidan (X1X asr va XX asr boshlari).
Arxeologiya-bu tarix faninig bir qismi bo’lib, u insoniyat jamiyati tarixini asosan moddiy manbalar asosida o’rganadi. Arxeologlar yodgorliklarni o’rganishda yozma manbalardagi ma’lumotlardan ham foydalanadilar, tilshunoslik, etnografiya, antropologiya (odamshunoslik), geologiya, tangashunoslik, tuproqshunoslik, zoologiya, botanika va boshqa ko’plab fanlar bilan hamkorlik qiladilar. Moddiy madaniyat yodgorliklarini, ya’ni arxeologik yodgorliklarni o’rganish uchun bu yodgorlikda qazish ishlari olib borilishi kerak. Bu qazish ishlari esa ilmiy asoslangan usullar bilan olib borilishi lozim.
Dala arxeolgiyasi-bu arxeologik manbashunoslikning bir qismi, arxeologik yodgorliklarini ilmiy usullar bilan o’rganishning yig’indisidir. Arxeologik makonlarda noto’g’ri, noilmiy usullar bilan qazish ishlari olib borish yodgorlikning xalok bo’lishiga va u haqda noto’g’ri, yolg’on xulosa chiqarilishiga olib keladi. Arxeologik yodgorliklarni to’g’ri o’rganish, tushunish uchun ilmiy asoslangan usullar bilan qazish ishlari olib borish kerak.
Endi arxeologik dala tadqiqotlari usullarining paydo bo’lishi tarixi bilan qisqacha tanishib o’taylik. Ma’lumki, O’rta Osiyoda arxeologik fani X1X asrning oxirlarida, shakllana boshladi. O’rta Osiyodagi arxeologik yodgorliklarni dastlab o’rgangan kishilar rus arxeologlari edi. X1X asrning 2-yarmida Rossiya imperiyasi tomonidan O’rta Osiyoning katta qismi bosib olinganidan keyin o’lkaga O’rta Osiyo xalqlarning tarixi bilan qiziquvchan kishilar-sharqshunos olimlar, tarixchilar, arxeologlar ham kirib kela boshlaydi. Ular o’zlari bilan arxeologik tadqiqotlar olib borishning Rossiyada ishlab chiqilgan usullarini ham olib keladilar. O’rta Osiyodagi arxeologik yodgorliklarni o’rginishda «Rus arxeologiya jamiyati», «Arxeologik komissiya», «Osiyo muzeyi» kabi tashkilotlar hamda I.P.Lerx, V.V.Radlov, I.I.Veseloskiy, V.A.Jukovskiy, V.V.Bartol’d, I.P.Ostroumov, A.L.Kun, V.A.Vyatkin va boshqa kishilar katta hissa qo’shdilar. Mahaliy xavoskor raxeologlardan Akrom Asqarov, M.Mirmuxamedovlarning ishlari ham diqqatga sazovordir. V.V.Bartol’dning tashabbusi bilan 1895 yilda Toshkentda N.P.Ostroumov boshchiligida «Arxeologiyani sevuvchilarning Turkiston to’garagi» tuzildi. Bu to’garakning tuzilishi O’rta Osiyodagi arxeologik yodgorliklarni o’rganishini ilmiy asoslangan usullar bilan olib borish ishini biroz bo’lsada yo’lga qo’ydi. Bu to’garakning aktiv a’zolari sifatida A.A.Semenov, I.T.Poslovskiy, V.A.Kallaur, M.S.Andreev, N.G.Malitskiy, A.A.Divaev, N.P.Pantusov va boshqalarni ko’rsatish mumkin. Ular o’z tadqiqotlari bilan O’rta Osiyo dala arxeologiyasi taraqqiyotiga katta hissa qo’shdilar.
SHunday qilib, X1X asr oxiri va XX asr boshlaridagi O’rta Osiyo arxeologlari tomonidan arxeologik tadqiqotlarning dastlabki, ilmiy asoslangan usullari ishlab chiqildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |