III.MAKTABGACHA TARBIYA MUASSASALARIDA O`ZBEK XALQ VA HARAKATLI O`YINLARI.
O`zbekiston mustaqilligi davrida aholining sihat-salomatligini yaxshilash, ayniqsa sog`lom ona-sog`lom bola shioriga amal qilish yo`lida beqiyos ko`p va ulkan tadbirlar olib borilayotganligi e`tibor hamda olqishlarga sazovordir. Bu yo`lda Respublika Prezidenti I.A.Karimovning chuqur ma`noli va keng qamrovli mulohazalari eng yuksak darajadagi omildir.
O`zbekiston Prezidentining qator farmonlari va Respublika xukumatining ko`pgina qarorlari sog`lom oila, onalar va bolalar salomatligini yaxshilash, ta`limtarbiya hamda ular bilan bevosita bog`liq bo`lgan faoliyatlarni yanada yaxshilashga qaratilganligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa "Ta`lim to`g`risida" (1997y), "Jismoniy tarbiya va sport to`g`risida"gi (2000 yil yangi tahrir) qonunlar mazmunida maktabgacha bolalar tarbiya muassasalarining ish faoliya-tini yaxshilash va mehnat samaralarini yanada oshirish kabi muhim jarayonlar o`z ifodasini topgan.
E`tirof etish lozimki, faqat shahar joylaridagina emas, hatto uzoq qishloqlarda ham bolalar bog`chalari talab darajasida sharoit-lariga ega bo`lmoqda. Bunda bolalar yoshiga (guruh) qarab jismoniy mashqlar, harakatli o`yinlar va sport turlarining qismlari (elementlar) maqsadli tashkil etilmoqda. Bunda maxsus ishlab chiqilgan "Jismoniy tarbiya" dasturlaridan unumli foydalanilmoqda. Maktabgacha yoshdagi bolalar tarbiya muassasalari uchun "Jismoniy tarbiya" dasturlari va uslubiy qo`llanmalar hamda tavsiyanomalarni ishlab chiqish, nashrdan chiqarishda atoqli olimlar K.M.Maxkamjonov, X.A.Meliev, X.Tulenova kabilarning xizmatlari kattadir.
Xar bir millat xalqning o`ziga xos o`yinlari, uning qoidalari mavjud. O`zbek xalqining milliy o`yinlari xalq madaniyatining ish faoliyati va atrof-muhiti bilan bog`liq. Pedagogik yondashishda ular yosh bolalarning jismoniy va aqliy faoliyatini oshirib boradi. O`zbek xalq o`yinlarida o`zbek xalqining xarakteri, samimiyligi, to`g`ri so`zligi, jasurligi yaqqol namoyon bo`ladi. Ijodiy izlanish faollik va do`stlik munosabatlarini qatnashuvchidan talab qiladi. O`z mazmun jihatidan o`zbek xalq o`yinlari sodda va tushunarlidir. Harakatli o`yinlar bolaga xursandchilik bag`ishlaydi, hayot tonusini oshiradi, o`yin syujetiga zamin yaratadi.
O`zbek xalq o`yinlarining yana bir asosiy tomoni shundaki u bolalarda axloqiy his-tuyg`uni tarbiyalaydi. Masalan: "Qoch bolam qush keldi" o`yinida bolaning harakat koordinatsiyasi yaxshilanadi, bir-biriga yordam berish, diqqatli bo`lish, birdamlik sifatlarini tarbiyalaydi. Xalq va harakatli o`yinlar jismoniy rivojlanishiga hamda jismoniy sifatlarni tarbiyalashga imkoniyat yaratadi. O`quvchilar turli o`yinlar jarayonida o`z harakatidan quvonibgina qolmay, hayotni sevishga, uning go`zalligini bilish, salomatlikni nazorat qilishga, Vatan uchun mehnat qilishga ham o`rganadi. Bu o`yinlar ochiq havoda yakkama-yakka va guruh bo`lib o`tkaziladigan o`yinlar hamda quyidagi jismoniy mashqlardir. Arqondan yakkama-yakka va guruh bo`lib sakrash, kim o`zarga yugurish, to`pni otish va ilish, koptokni nishonga va uzoqqa irg`itish, otga minish va shu kabilar.
Xalq milliy harakatli o`yinlarning o`ziga xos xususiyati shundaki, ularda dasturga kiritilgan hamma asosiy harakatlar o`rin topadi: yurish, yugurish, sakrash, tirmashib chiqish, otish va boshqalar. Shu boisdan o`tkazilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining bolalar salomatligini asrash va yanada yaxshilash, ularning jismoniy tayyorgarligini oshirish, jismoniy sifatlarini tarbiyalashda ahamiyati kattа.
Shular qatori harakatli o`yinlarning bolalar hayotida, bog`cha kun tartibida o`rin egallashini aniqlash hamda ularni musobaqa tarzida tashkil qilish va o`tkazish usul, uslublarini tanlash xam katta ahamiyat kasb etadi. Buning uchun sog`likning poydevorini eng kichik yoshdan boshlash kerak. Hamma o`yinlar harakat turiga qarab turkumlarga taqsimlangan, ular yugurish elementlari, sakrash elementlari irg`itish elementlari, olib otish, emaklab o`tish elementlarini o`z ichiga olgan. Shu o`yinlar qatori bolalarga o`yin qoidalari, o`yinlarni tashkil qilish va o`yinlar to`g`risida bilim berib borish lozim. Yuqorida aytganimizdek, xalq va milliy harakatli o`yinlarning asosiy xususiyatlaridan biri bolalarda ahloqiy hissiyotni tarbiyalashdir. Unda bolalarning o`yin qatnashchilari bilan ko`proq o`zaro munosabda bo`lishlari, tashkilotchilik va intizom namoyon bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |