Toshkent davlat sharqshunoslik instituti



Download 68,35 Kb.
Sana18.11.2019
Hajmi68,35 Kb.
#26304
Bog'liq
iqtisodiy tizimlar va ularning xususiyatlari

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
TOSHKENT DAVLAT SHARQSHUNOSLIK INSTITUTI
Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik” fakulteti

Siddiqov Sanjarningrning
Xalqaro iqtisodiy tizimlar” fanidan

Iqtisodiy tizimlar va ularning xususiyatlari”



mavzusidagi
KURS ISHI

Tekshirdi: Maxmudov E.R.
Bajardi: Siddiqov S.

Toshkent – 2015

MUNDARIJA

KIRISH
1. IQTISODIY TIZIM VA UNING FUNKSIONAL XUSUSIYATLARI, QUYI TIZIMLAR TURLARI
2. IJTIMOIY-IQTISODIY TIZIMNING ASOSIY XUSUSIYATLARI VA ELEMENTLARI
3. IQTISODIY TIZIM ELEMENTLARI
XULOSA
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI

1. IQTISODIY TIZIM VA UNING FUNKSIONAL XUSUSIYATLARI, QUYI TIZIMLAR TURLARI
Tizim” tushunchasi. “Tizim” tushunchasiga ta’rif berishga ko‘p sonli urinishlar uning juda muhim masala ekanligini ko‘rsatmoqda. Tizimni turlicha tushunish mumkin (nazariy qarashlar tizimi, asab tizimi, davlat tizimi, ishlab chiqarishning xo‘jalik tizimi va h.k.). O‘z navbatida, ko‘rilayotgan tushunchalarning keng ko‘lamligi tizim o‘zi nima ekanligini turlicha talqin qilish va tushunchalarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.

Biz esa tizimli tahlil sohasining mashhur mutaxassisi V.N.Spitsnadel taklif etgan ta’rifdan foydalanishni lozim topdik.1 Birinchi yondoshuvda tizimning me’yoriy ma’nosiga asoslanish lozimligini ta’kidlagan holda (tizim (sistema) – yunon tilidan tarjima qilinganda “yaxlit, qismlardan tashkil topgan, birikkan degan ma’noni anglatadi”) olim tizim – bu “qonuniy tarzda o‘zaro bog‘langan predmet, hodisalarning, shuningdek, tabiat va jamiyat to‘g‘risidagi bilimlarning obyektiv birligidir”, deb hisoblaydi.

T.S.Zubareva tizimga aynan shunga o‘xshash, biroq bir qadar kengroq ta’rif bergan: “I.Kantning tizimga bergan biroz tuzatilgan ta’rifiga tayangan holda, tizimni umumiy sifatlari bo‘yicha bog‘langan va bu tizimni o‘z elementlarining bir-biriga nisbatan tutgan o‘rnini belgilab beruvchi va qayd etuvchi turli-tuman elementlarning birligi sifatida ta’riflash mumkin”.2 Bu qism-elementlarning yaxlit bir butunga birikishi, o‘z navbatida, tizim elementlari o‘rtasidagi bog‘lanishlar orqali ta’minlanadi.

Shundan so‘ng muallif tizim ta’rifi Kant davridan boshlab o‘tgan ikki asr davomida deyarli o‘zgarmaganini ta’kidlagan holda, YE.A.Yeroxina taklif etgan ta’rifni keltiradi: “Tizim faqat o‘zigagina xos bo‘lgan, boshqa tarkibiy qismlardan farqli xususiyatlarga ega bo‘lgan, komponent deb ataluvchi, o‘zaro bog‘liq va bir-biriga ta’sir etuvchi, yagona bir yaxlitlikni shakllantiruvchi obyekt va hodisalarning birligidir”.3

Shuni ta’kidlash joizki, har bir fan tarmog‘i tizim ta’rifiga alohida o‘ziga taalluqli xossa kiritadi. Shuningdek, umumiy belgilar ham mavjudki, ular o‘z navbatida tadqiq qilinayotgan ko‘plikni bir tizim sifatida ko‘rib chiqish imkonini beradi:

1) tizimning yaxlitligi, ya’ni tizim xususiyatlarining uni tashkil etuvchi elementlari xususiyatlari yig‘indisidan iborat emasligi;

2) berilgan elementlar to‘plamini o‘rganishning maqsad va mezonlarining mavjudligi (ya’ni u asosida to‘plam orasidan uning farqlanib turishini ajratib olish mumkin bo‘ladi);

3) mazkur tizimga nisbatan yanada yirikroq, zohiriy “muhit”ning mavjudligi;

4) ushbu tizim tarkibidan o‘zaro bog‘liq qism (quyi tizim) larni ajratib olish imkoniyatlari.

“Ijtimoiy-iqtisodiy tizim” tushunchasi. Bu mamlakat iqtisodiyotining rivojlanish xususiyatlari bilan bog‘liq. Iqtisodiy rivojlanishning har qanday modeli, eng avvalo, mamlakat iqtisodiyotini (iqtisodiy siyosatni) muayyan boshqarish shakllarini nazarda tutadi. O‘z navbatida, boshqaruv obyekti sifatidagi iqtisodiyot haqida so‘z yuritilsa, iqtisodiy tizim nazarda tutiladi.

Shunday qilib, “ijtimoiy-iqtisodiy tizim” tushunchasi keng ma’noda moddiy boyliklar iste’moli va ijtimoiy ishlab chiqarish tizimi sifatida izohlanadi, biroq ularning hammasi ham bunday ta’riflanmaydi, balki inson ehtiyojlarini qondira olishga qodir bo‘lgan va “kamyob” hisoblangan (ya’ni ularning zaxirasi cheklangan va hammabop bo‘lmagan) faqat ikki sifatga ega bo‘lganlari. Shunday qilib, bunday moddiy boyliklar iqtisodiy deb4, modomiki, unga jamiyat ehtiyoji bor ekan, ular ijtimoiy deb ataladi.

Berilgan ta’rifdan shunday xulosa kelib chiqadi, ya’ni ijtimoiy-iqtisodiy tizim moddiy boyliklar ishlab chiqarish va iste’mol qilish jarayonida yuzaga keladigan, insonlar o‘rtasidagi munosabatlar tizimidan iborat ekan. Tizim tuzilmaviy-funksional yondoshuv doirasida tuzilmalar, funksiyalar va emerjentlik* birligi sifatida ta’riflanadi. Tizimga bunday ta’rif uch: funksional, morfologik (tuzilmaviy) va informatsion (axborot) nuqtai nazardan kelib chiqib yondoshish imkonini beradi. Darhaqiqat, tizimni o‘rganishda bizni, eng avvalo, u “qanday vazifani bajaradi?”degan savolning o‘zini emas, balki “bu vazifani u qanday bajaradi?” degan savolni ham o‘z ichiga olgan uning funksiyalari qiziqtiradi. Mana shuning uchun tizimni bilishga harakat, odatda, uning funksional ta’rifidan boshlanadi. U bizga mazkur tizim atrofimizni o‘rab olgan dunyoning boshqa tizimlariga nisbatan qanday o‘rin egallashi to‘g‘risida ma’lumot berishi lozim, bu esa o‘z navbatida uning funksional ahamiyatini anglashga imkon beradi.

Shunday qilib, ijtimoiy-iqtisodiy tizim - bu tashqi muhitda talab etiladigan tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qilish doirasida o‘zaro bog‘liq bo‘lgan va bir-biriga ta’sir ko‘rsatuvchi, yagona bir yaxlitlikni (ijtimoiy-iqtisodiy tuzilmani) shakllantiruvchi resurslar va iqtisodiy subyektlarning majmui. Bu ta’rifda asosiy e’tibor tizimning tuzilmaviy va funksional bayoniga qaratiladi.

Iqtisodiy terminlar lug‘atida iqtisodiy tizimga “tarixan tarkib topgan yoki qonuniy o‘rnatilgan, asosiy iqtisodiy munosabatlar shakl va mazmunini belgilab beradigan, mamlakatda amalda bo‘lgan tamoyil, qonun-qoida, me’yorlarning majmui bo‘lib, iqtisodiy mahsulotni ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash jarayonida yuzaga keladi” deb ta’rif beriladi.5 Demak, iqtisodiy tizim qarorlar qabul qiluvchi va ularning bajarilishini ta’minlab beruvchi tashkiliy tuzilma sifatida qabul qilinar ekan. Mashhur amerikalik olim A.Lindbekning fikriga ko‘ra, “iqtisodiy tizim - bu muayyan mintaqa doirasida modiiy boyliklar ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’mol qilish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish va qarorlar qabul qilish bilan shug‘ullanuvchi tashkiliy tuzilmadir”.6

Bizning fikrimizcha, iqtisodiy tizim tushunchasi qarorlar qabul qilish nazariyasida nisbatan aniq va ifodaliroq qilib ochib berilgan: iqtisodiy tizimlar - bu tovar ishlab chiqarish, iste’mol qilish va taqsimlash jarayonida xo‘jalik faoliyatlarini qabul qilish va amalga oshirish imkoniyatini beruvchi mexanizmlardir.7

Iqtisodiy tizimning eng muhim ajratib turuvchi xususiyati, boshqalar kabi, uning ham tizimli sifati tavsifidir. U yanada murakkabroq munosabatlarning rivojlanishiga asos bo‘ladigan qolganlarining ham yuzaga kelish birligini bog‘lovchi o‘zgacha bir iqtisodiy munosabat sifatida gavdalanadi. U mazkur sharoit uchun resurslarni taqsimlash va muvozanatni ushlab turishning eng sodda usuli sanaladi.

Ijtimoiy-iqtisodiy tizimning navbatdagi eng muhim tavsiflaridan biri shundan iboratki, u “iqtisodiy vaqt va makonda, shuningdek, o‘zining alternativ (muqobil) variantlariga nisbatan muqarrar ravishda o‘rab olingan. Bu o‘ziga xos tarixiy, geografik, etnik, ma’naviy, siyosiy va iqtisodiy chegaralarga ega tizimdir”.8 Tizimning bunday chegaralab qo‘yilishi, o‘z navbatda, uning muayyan bir davlat-siyosiy tuzilma doirasida mujassam bo‘lishini anglatadi. Bu “tadqiqotning tarixiyligini” ta’minlovchi muhim izohdir. Ya’ni “har qaysi o‘rganilayotgan tizim, bir tarafdan, muqarrar ravishda tarixan qaror topgan bo‘lsa, boshqa tarafdan, bu tizimning barcha toifa va qonunlari tarixan o‘zaro bog‘langan”.9 Ko‘rsatkichlariga bo‘ladigan tashqi va ichki omillarning o‘zgarishiga bog‘liq ravishda ular ham miqdor jihatdan, ham sifat jihatdan uzluksiz tadrijan rivojlanadi. Mana shuning uchun ham tavsiya etilayotgan fan tarixiy tavsifga ega, o‘rganilayotgan muammolar ularning yuzaga kelish tarixi va tadrijiy rivojlanish xususiyatlarini e’tiborga olgan holda ko‘riladi. Bunday tarixiy yondoshuv zamonaviy jahon iqtisodiyotidagi jarayonlarning xususiyatlari va sabablarini chuqurroq (ko‘lamliroq) tushunishga imkon tug‘diradi.Iqtisodiy tizim - jamiyatning ishlab chiqarish kuchlari rivojlanish darajasiga to‘g‘ri keladigan ishlab chiqarish munosabatlarining tizimidir10. Shuning uchun «feodalizm iqtisodiyoti», «kapitalizm iqtisodiyoti», «industrial» yoki «kapitalistik iqtisodiyot», «postindusrial yoki axborot iqtisodiyoti» tushunchalari farqlanadi.

Aytish mumkinki, iqtisodiy tizim turi hukmron ishlab chiqarish uslubi bilan belgilanadi. Bu atamaning tor ma’noda mamlakat iqtisodiyoti xo‘jalik hayotining tuzilmasini, tashkil etishini va holatini, ya’ni xo‘jalik yuritishning tizimini bildiradi.

Agar ijtimoiy tizim insonning ma’naviy ehtiyojini qondirishga, millat sog‘lig‘ini saqlashga qaratilgan bo‘lsa, iqtisodiy tizim - hayotiy ne’matlarni yaratish yo‘li bilan insonlarning moddiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan. Shuning uchun iqtisodiy tizim oldida quyidagi fundamental masalalar turadi:

Jamiyatning moddiy ehtiyojlarini to‘laroq qondirish uchun qancha tovar ishlab chiqarish va pulli xizmatlar ko‘rsatish kerak?

Eng yuqori samaradorlikka erishish uchun bu tovarlar va xizmatlarni qaysi resurslardan va qanday texnologiyada ishlab chiqarish kerak?

Ishlab chiqarilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar kim uchun mo‘ljallangan?

Ko‘pchilik olimlar iqtisodiy tizimni tor ma’noda ko‘rib chiqib va shuning uchun u yechadigan asosiy muammo deb cheklangan resurslarni inson va umuman jamiyatning cheklanmagan ehtiyojlarini maksimal qondirish uchun taqsimlash, deb hisoblashadi.

Lekin amerikalik mualliflarning «Iqtisodiyot nazariyasi» bo‘yicha mashhur darsliklarida (ekonomiks) jamiyatning iqtisodiy maqsadlari ro‘yxatiga nafaqat iqtisodiy masalalar, iqtisodiy o‘sish, iqtisodiy samaradorlik, narxlarning barqaror darajasi, barqaror savdo balansi va hokazo, balki quyidagi ijtimoiy maqsadlar ham kiritilgan11:

- to‘liq bandlik;

- iqtisodiy bozor tizimi ta’minlanganidan ko‘ra mamlakat fuqarolari orasida daromadning adolatliroq taqsimlanishi;

Iqtisodiy ta’minlanganlik yoki surunkali kasalliklarning,mexnatga qobiliyatsizlarning, qariyalarning va boshqa birovlar qarovchisiz yashay olmaydiganlarning yashash huquqlarini ta’minlash, ya’ni ijtimoiy ta’minlanganlik, aniqrog‘i, aholi ijtimoiy himoyasi davlat siyosatining bir qismi sifatida.

Shunday qilib, zamonaviy an’anaviy iqtisoiy nazariyaning asosi bo‘lgan «industrializm nazariyasi» ham iqtisodiy tizimning o‘zi yecha olmaydigan masalalarni xuddi shu tizim masalalari deb hisoblamaydi, ya’ni iqtisodiy tizimni kengroq ma’noda, ijtimoiy-iqtisodiy tizim sifatida ko‘rib chiqadi.

Aynan ijtimoiy maqsadlar insonlarni mamlakat (davlat) doirasida birlashtiradi, insonlarning iqtisodiy manfaatlari va maqsadlari xorijiy sub’ektlar manfaatlari va maqsadlari bilan ham bir bo‘lishi mumkin (masalan, qo‘shma korxonalar yoki mamlakat hududidagi xorijiy kapital bilan tuzilgan korxonalar, transmilliy korporatsiyalar va boshqalar).

Davlat ijtimoiy siyosatining asosiy maqsadi hayotning yuqori «sifati»ni ta’minlash, ham butun jamiyat (mamlakatning barcha fuqarolari) uchun, ham uning ayrim qatlamlari, jumladan, ijtimoiy himoyaga ob’ektiv sabablarga ko‘ra muhtoj fuqarolarning hayot andozalarini yaxshilashdir.

Ijtimoiy siyosatning xarakteri hokimiyatdagi partiya, uning «daromadlarning adolatli taqsimlanishi», «ijtimoiy kafolatlar», «ijtimoiy himoya» tushunchalariga munosabati bilan belgilanadi.

Demak, moddiy ishlab chiqarishni prognozlashtirib, rejelashtirib va nihoyat, boshqarib ham ijtimoiy masalalarni yechish kerak, aks holda ijtimoiy tanglik nafaqat iqtisodiyotni, balki butun jamiyatni, mamlakatni - «organizmi» ni buzadi.

Shunday qilib, iqtisodiy tizimni alohida emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy tizimni, mamlakatning ijtimoiy va ishlab chiqarish sohalarini simbioz sifatida ko‘rib chiqish kerak.

Agar davlat birinchi navbatda moddiy maqsadlarga e’tibor bersa, jamiyatning ijtimoiy maqsadlari ikkinchi darajali bo‘lib qoladi va davlat byudjeti tomonidan «qoldiq» tamoyili bo‘yicha moliyalanadi, ya’ni birinchi navbatda iqtisodiy tizim moliyalanadi va qo‘llab - quvvatlanadi, qolgan mablag‘lar esa ijtimoiy sohaga tegadi.

Jamiyatning asosiy maqsadi deb moddiy yoki iqtisodiy o‘sishni tan oluvchi «industrializm nazariyasi»ga asoslanib, «ekonomiks» odamga «homoeconomics», ishlab chiqarish omillaridan biri, deb qaraydi va uning degradatsiyasiga olib boradi.

Shuning uchun industrializm nazariyasi 60-yillarning ikkinchi yarmidayoq jahonni global demografik, ekologik, oziq-ovqat, energetik va xom ashyo inqiroziga olib keldi.

Shu boisdan jahon hamjamiyatining va har bir mamlkatning alohida ravishda rivojlanish maqsadlarini qayta ko‘rib chiqish lozim. Jamiyatning maqsadlari avvalambor ma’naviy, madaniy bo‘lishi kerak. Sanoatlashish bu maqsadlarga erishishga yordam berishi lozim.

Iqtisodiy fan «Sotsiologiya», «Siyosatshunoslik», «Falsafa», «Psixoloiya» va «Madaniyatshunoslik» bilan uslubiy aloqalarini kuchaytirish zarur.

Yuqoridagilarni hisobga olib, ijtimoiy-iqtisodiy tizimni, ijtimoiy-iqtisodiy tizimida o‘zgarib, natijada ham butun jamiyat, ham alohida qatlamlar, aholi guruhlari va har bir insonni hayotini ta’minlaydigan moddiy, ijtimoiy va ma’naviy ne’matlar paydo bo‘ladigan katta tizim sifatida tasavvur etish mumkin.

Har bir jamiyatda uning tarkibiy tuzilishi, rivojlanish darajasi, aholi farovonligidan qat’iy nazar aniq belgilangan iqtisodiy qarorlar qabul qilinishi lozim. Ularning eng muhimlari quyidagilardan iborat12:

1. Qanday tovarlar qanday tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish va ular qanday miqdorda ishlab chiqarilishini hal etish zarur. Bu ishlab chiqarish qarori deb nomlanib, juda muhim va mas’uliyatli bosqich va bunda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan son-sanoqsiz qarorlar orasidan eng maqbulini tanlab olish muhim ahamiyatga ega.

Biror maktab yoki uy, zavod yoki avtomobil zavodi qurish, yer maydonidan foydalanishning bir nechta varianti bo‘ladi. Maktab ko‘p qavatli bo‘ladimi yoki bir qavatlimi? Avtomobil yig‘ish konveyerida robotlar ishlaydimi? Qancha yerga paxta va qancha yerga bug‘doy ekiladi?

Ko‘pchilik hollarda davlat quradigan maktab binosidan tashqari boshqa barcha qarorlarni xususiy shaxslar qabul qiladilar. Dunyoning boshqa qismida esa avtomobil ishlab chiqarish haqidagi qarorni davlat qabul qiladi. Qishloq xo‘jaligiga kelganda, bir qator mamlakatlarda qaror qabul qilish davlatga havola etiladi, boshqalarida qaror topgan an’analarga amal qilinadi, uchinchilarida qarorni biznesmenlarning o‘zlari qabul qiladilar.

Mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlardan kim foydalana oladi? Barcha talablarni qondirish uchun mahsulot yetarli ishlab chiqarilmaganligi sababli mahsulot taqsimoti mexanizmini tushunib olish kerak. Masalan, kim limuzinda yura oladi, kim umumiy transportdan foydalanadi va kimga piyoda yurishga to‘g‘ri keladi.

Jamiyat bu savollarga turli usullarda javob beradi. Ba’zi mamlakatlarda zodagonlar oilasida tug‘ilgan odam boshqalarga qaraganda milliy daromadning kattaroq qismidan foydalanish kafolatini oladi. Boshqa mamlakatlarda kim badavlat, kim kambag‘al bo‘lishini belgilaydigan asosiy omillar — bozor tizimi va xususiy mulkchilikdir.

2. Bu tovarlar qanday qilib ishlab chiqarilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinishi lozim: ishlab chiqarish omillari(mehnat, yer va kapital)dan qanday nisbatda foydalaniladi va bunga qaysi tashkilot yordamida erishiladi. Bu - metodlarni tanlashga tegishli qaror.

3. Ushbu ishlab chiqarishdan kim foyda ko‘rishini aniqlab olish talab etiladi, bu taqsimot qarori.

Iqtisodiy tizimda uchta quyi tizim ajratiladi: qaror qabul qilish, axborot va rag‘batlantirish (motivasion).

Birinchisi - qaror qabul qilish - jamiyat a’zolari o‘rtasida qarorlar qabul qilish sohasida vakolatlarni taqsimlashning institusional-huquqiy qoidalari majmuidan iborat. Bu yerda mulkchilik shakllari katta ahamiyat kasb etadi, chunki ular subektlar o‘rtasidagi munosabatlar xarakterini belgilab beradi. Mulkchilikning aniq bir shakllariga bog‘liq ravishda ular bo‘ysunish munosabatlaridagi va iqtisodiy rag‘batlantirish hamda nufuzlilik munosabatlarida bo‘lishi mumkin.

Bozor iqtisodiyotiga xos muhim jihatlardan biri — xususiy mulkchilik. Xususiy mulkchilik deganda ayrim odamlar va firmalarning ishlab chiqarish vositalariga ega bo‘lish huquqini tushunamiz. Bozor elementlari an’anaviy iqtisodiyotda ham, markazlashtirilgan iqtisodiyotda ham bo‘lsa-da, asosiy ishlab chiqarish vositalari (korxonalar, zavodlar, fermalar va hokazo) odatda ijtimoiy mulk hisoblanadi. Binobarin ularga odamlarning bir guruhi yoki davlat egalik qiladi. Bozor tizimida ishlab chiqarish vositalari xususiy shaxslarga tegishlidir. Xususiy mulkchilik odamlarni sotilishi va foyda keltirishi mumkin bo‘lgan tovarlar ishlab chiqarishga undaydi.

Foyda ketidan quvish (ko‘pincha bu foydaga undash deb yuritiladi) — bozor tizimining ikkinchi jihatidir. Bu narsa ishlab chiqaruvchilarni xaridorgir tovarlar ishlab chiqarishga va ularni bozorga sotib olishi mumkin bo‘lgan narhda yetkazib berishga majbur qiladi.

Foydaga undashning ayni shu talabi sotuvchilarni mahsulotni eng kam xarajat bilan ishlab chiqarishga majbur qidadi. Nima uchun? Chunki eng kam xarajat: 1) foydani, ya’ni sotiladigan narx bilan xarajatlar orasidagi tafovutni oshirish; 2) raqobatchilar bilan kurashda narxni pasaytirish; 3) har ikkalasiga erishish imkonini beradi.

Kerakli narsa ishlab chiqaradigan tadbirkorlar foyda olishga umid qilishlari mumkin. Agar ular juda ortiqcha yoki juda kam ishlab chiqarib, g‘oyat past yoki g‘oyat yuqori narx belgilasalar, foydasiz qolishlari mumkin. Aslida esa, ular ko‘pincha hatto zarar ko‘radilar.

Iste’molchilarning munosabati ishning avj olishiga ham, uning tugatilishiga ham olib kelishi mumkin.



Axborot quyi tizimi dolzarb ma’lumotlarni to‘plash, saqlash, uzatish va qayta nazorat qilish mexanizmlari va kanallari mjmuini o‘z ichiga oladi. Uning asosiy vazifasi iqtisodiy qarorlarni muvofiqlashtirishdan iborat. Muvofiqlashtirish mexanizmlari orasidan rejalashtirish mexanizmi sifatida tavsiflanuvchi vertikal (ierarxik) va gorizontal, ya’ni bozorga xosini alohida ko‘rsatish mumkin.

Rag‘batlantirish quyi tizimi xo‘jalik qarorlarini amalga oshirishni ta’minlovchi rag‘batlantirish mexanizmlar va qoidalarni qamrab oladi. U majburlash, moddiy rag‘batlantirish, sodiqlik, ijtimoiy o‘z-o‘zini anglash va an’analar kabi shakllarni o‘z ichiga oladi.
2. IJTIMOIY-IQTISODIY TIZIMNING ASOSIY XUSUSIYATLARI VA ELEMENTLARI
Iqtisodiy tizimlar turli-tuman bo‘lishi bilan birga qator universal xususiyatlarga ham ega va ular asosiy iqtisodiy masalalarni hal etish usullari (metodlari)ga bog‘liq bo‘lmagan holda tavsiflanadi. Ularga quyidagilar taalluqli:

1. Yaxlitlik, bu eng avvalo, iqtisodiy tizim komponentlarining o‘zaro bog‘liqligini anglatadi, bunda tizim komponentlaridan birining o‘zgarishi uning boshqa komponentlariga ham ta’sir ko‘rsatadi va butun tizimning o‘zgarishiga olib keladi. Masalan, ishlab chiqarish vositalarining almashtirilishi natijasida muvofiq ravishda ishlab chiqarish munosabatlari va butun tizim ham o‘zgaradi.

2. Ierarxiylik. Bu har bir tizim yanada yuqoriroq tartibning elementi sifatida qaralishi mumkinligini bildiradi. Masalan, O‘zbekistonning o‘tish iqtisodiyoti, jahon tizimining elementlaridan biri sifatida ko‘rilishi mumkin.

3. Integrativlik, bu tizim o‘z elementlarida mavjud bo‘lmagan xususiyatlarga egaligini anglatadi (masalan, har biri o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarning ma’lum miqdori mavjud bo‘lgandagina mumkin bo‘ladigan mehnat taqsimoti).

Bunday holatda iqtisodiy tizim iqtisodiy jarayonlar kechadigan davralarni yuzaga keltiradigan tuzilma sifatida ko‘riladi. Uning doirasida ishlab chiqarish, taqsimot va iste’mol real xo‘jalik tizimining qismlari sifatida namoyon bo‘ladi. Ijtimoiy-iqtisodiy muhit tushunchasiga alohida e’tibor qaratiladi. Insonlar o‘z qobiliyatlari, mahoratlari va ehtiyojlari bilan, shuningdek, tabiiy va moddiy xalq xo‘jaligi resurslari, texnologik bilimlar, siyosiy va madaniy tizimlar, jahon iqtisodiyoti ham unga taalluqlidir.

Har bir mamlakatning iqtisodiy tizimi juda murakkab tuzilishga ega. U qonunlar (masalan, mulkchilik huquqlari to‘g‘risidagi), qarorlar, buyruqlar, soliqlar, subsidiyalar va h.k., ya’ni davlat asosiy iqtisodiy masalalar: nima ishlab chiqarish, qanday ishlab chiqarish va qay tarzda taqsimlash kabilarning yechimiga ta’sir ko‘rsatadigan vositalarni o‘z ichiga oladi.

Iqtisodiy tizim, shuningdek, o‘lchamlari, mulkchilik shakli turlicha bo‘lgan, mahalliy kapital ishtirokida tashkil etilgan yoki xorijiy mulkdorlar nazoratida bo‘lgan firmalarni ham o‘z ichiga oladi. Ham boy, ham nochor iste’molchilar ham uning ajralmas qismi hisoblanadi.

Bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotda resurslarni joylashtirish masalasi ko‘p sonli yakka ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar tomonidan hal etiladi. Iqtisodiyotning bozor tipida asosiy (bazaviy) iqtisodiy muammolarga taalluqli barcha qarorlar markazlashtirilmagandir. Mana shuning uchun ham, erkin bozor tizimi ko‘pincha narxlar tizimi (price system) deb ataladi.

Shunday qilib, iqtisodiy tizimlarni murakkab va ko‘ptarmoqli hodisa sifatida ko‘rish mumkin ekan. Biroq shunday fundamental yondoshuvlar mavjudki, ulardan tizimlar o‘rtasidagi tafovutlarni aniqlash maqsadida foydalanish mumkin:

birinchisi - shaxsiy huquqlar darajasi ( mulkchilik huquqlari),

ikkinchisi - iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish darajasi,

uchinchisi - alohida shaxslarning javobgarlik darajasiga ta’sir ko‘rsatuvchi rag‘batlantirish tizimi.

Birinchi yondoshuvga nisbatan, boshqaruv tizimi alohida shaxslarning iqtisodiy huquqlari bo‘yicha muayyan cheklovlarni belgilab beradi. Alohida shaxslarning haq-huquqlarini saqlab qolishga davlat qay darajada (aktiv yoki passiv) imkon berishi, boshqa shaxslar tomonidan (ba’zida davlat tomonidan ham) bu huquqlarning poymol qilinishidan himoya qilishi va kafolatlashi ham muhim ahamiyatga ega.

Har bir jamiyatning tavsifi asosan, o‘z fuqarolariga beriladigan huquq va erkinliklarning ko‘lami bilan belgilanadi. Ular orasida eng muhimlaridan biri mulkka egalik huquqi hisoblanadi. Har qanday jamiyat, shu qatorda sotsialistik ham, o‘z fuqarolariga muayyan shaxsiy mulkka: iste’mol uchun oziq-ovqatlar, kiyim-kechak, uy jihozlari va h.k.ga egalik huquqini beradi. Iqtisodiy nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, alohida shaxslar (yoki shaxslar guruhi) tasarrufida ishlab chiqarish vositalari borligi, ya’ni tovar ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish uchun lozim bo‘ladigan korxonalar, tashkilotlar, jihozlar va inventarlarga egalik qilishlari juda muhimdir.

Ishlab chiqarish vositalariga nisbatan shaxsiy mulkning mavjudligi yoki aksincha, yo‘qligi o‘tgan asrda iqtisodiy tizimlarda yetakchilik qilgan ikkita asosiy tuzilma o‘rtasidagi farqni aniqlab beradi. Sotsializm ishlab chiqarish vositalariga nisbatan davlat egalik qilgan tizim sifatida ko‘tarilgan. Kapitalizm esa, erkin tadbirkorlik sifatida qabul qilinib, bunda ishlab chiqarish vositalari alohida shaxslar yoki uyushgan guruhlar tasarrufida bo‘lgan. Egalik o‘zi nimani anglatadi? Odatda, u egalik huquqining bir nechta ko‘rinishlarini o‘z ichiga oladi. Ular orasida uchtasi muhim ahamiyatga ega.

Birinchisi - bu tovar yoki resursdan mulk egasining o‘z xohishiga ko‘ra foydalanish huquqi. Ba’zi, ayniqsa, xususiylashtirish (privatizatsiya)ning samaradorligiga oid munozaralarda, uni shuningdek, nazorat huquqi deb ham ataydilar.

Ikkinchisi - mulkdan foydalangan holda foyda yoki boshqa daromad olish huquqi; bu tur naqd pul oqimi huquqi sifatida mashhur.

Uchinchisi - sotuvchi lozim topgan narx bo‘yicha mulkni sotish yoki ayriboshlash huquqi - xohishiga ko‘ra ish tutish huquqi.

Agar alohida shaxslar mana shu barcha huquqlarga ega bo‘lsalar, u holda, ushbu huquqlar majmui unga iqtisodiy faoliyatda ishtirok etish huquqini beradi, chunki bunda u korxona xarid qilish yoki qurish, tovarlar ishlab chiqarish, sotib olish va ularni sotish uchun imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, erkin tadbirkorlik jamiyatlari deb sanalgan mamlakatlarda ham bu huquqlar ma’lum darajada cheklab qo‘yiladi. Masalan, mamlakatning tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi ko‘p holatlarda mulkdorni egalik huquqidan mahrum etib, uni boshqalarga taqdim qilib yuboradi. Shaxsning o‘z mulkidan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanish huquqi boshqa shaxslarning, masalan, toza havoga, yorug‘likka yoki ifloslanmagan suvga bo‘lgan huquqlari bilan cheklab qo‘yilishi mumkin. Litsenziyalashtirish sanoatning ba’zi tarmoqlariga kapital joriy etishga to‘sqinlik qiladi, boshqa tarmoqlarga nisbatan esa, davlat yoki xususiy monopoliyalar ko‘rinishidagi cheklovlar mavjud bo‘lishi mumkin. Bozor munosabatlari rivojlangan qator mamlakatlar shunday soliq tizimlariga egaki, ular korporativ yoki shaxsiy foydaning muayyan qismini tortib oladi, bu esa shaxsning mulkdan keladigan daromadga cheklanmagan huquqining buzilishi hisoblanadi.

Egalik huquqi tasarruf qilish huquqini o‘z ichiga oladi. Bozor iqtisodiyotiga asoslangan ko‘plab mamlakatlar qator hollarda mulkdorlarga o‘z mulkini, tovarlarini o‘zlari maqsadga muvofiq deb topgan narxlarda sotishga yoki xizmat ko‘rsatishga to‘sqinlik qiladilar. Bunday cheklovlar qisqa muddatli yoki yetarli darajada chegaralangan bo‘ladi. Masalan, AQSHda bu qonunlardan tabiat fojialaridan so‘ng chayqovchilikning (faqat o‘z manfaatini ko‘zlash) oldini olish maqsadlarida foydalaniladi. Biroq nazoratning ba’zi turlari uzoq muddatli ham bo‘lishi mumkin. Masalan, bir qancha G‘arbiy Yevropa mamlakatlari uchun monopollashuvning oldini olish maqsadida xususiy kommunal kompaniyalardagi narxlar tartibi va ijara to‘lovlari bahosining tartibga solib turiilishi me’yoriy hol hisoblanadi.

Fuqarolarning iqtisodiy erkinliklarining cheklanishlari ba’zan o‘zining chekka nuqtasiga yetgan, masalan, sotsialistik rivojlanish yo‘lini tanlagan mamlakatlarda fuqarolarning iqtisodiy huquqlari minimumgacha qisqartirilgan edi. Sobiq Ittifoqda deyarli barcha ishlab chiqarish vositalari davlat mulki edi, 1980-yillarning oxiriga kelib ishlab chiqarilgan mahsulot butun hajmining 97% davlat nazorati ostida bo‘lgan. Bu fuqarolarga ishlab chiqarish resurslariga egalik qilish va korxona yaratish huquqi berilmaganligi oqibati edi. Ikkinchi qattiq chora - davlatning aralashmasligi, masalan, Gonkongda Buyuk Britaniya hukmronlik qilgan davrda, korxonalarga va ishchi kuchiga hukumat cheklovlari juda minimal bo‘lgan.

Mulkka egalik huquqi - bu iqtisodiy tizimning eng muhim mezoni hisoblansa-da, u yagona emas. Shaxsning bandlik sohasini tanlash erkinligi ham muhim ahamiyatga ega. Biror kasbni egallash yoki xususiy ish yaratish imkoniyati insonlarning muhim huquqlaridan biri hisoblanadi, bu huquqdan voz kechish esa mamlakat iqtisodiy tizimiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.

Iqtisodiyotlar o‘rtasidagi tafovut davlat ishlab chiqarishining hissasi bilangina belgilanmaydi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatishning u yoki bu sohalarining davlat tashkilotlariga yoki xususiy sektorga taalluqligiga molik farqlar ham mavjud. Ba’zi mamlakatlarda davlat sog‘liqni saqlash, transport va moliya sohalari bo‘yicha xizmat ko‘rsatishning bosh yetkazib beruvchisi hisoblansa, boshqa ba’zi mamlakatlarda bu sohalar xususiy tadbirkorlar qo‘lidadir.

Davlat rolining eng muhim ko‘rsatkichi - bu davlatning iqtisodiyotga aralashuvi darajasining o‘lchamidir. Shu bilan bir qatorda, xususiylashtirish, davlat aktivlarining xususiy sektorga o‘tkazilishi ko‘p hollarda boshqaruvning o‘sib borishi bilan birgalikda kuzatiladi. Shunday ekan, xususiy iqtisodiy faoliyat yuqori darajada bo‘lgan mamlakatlar davlat tomonidan yanada kuchliroq boshqariladigan mamlakatlar qatoridan o‘rin olishi mumkin ekan.

Iqtisodiy tizimlar tuzilmalarini taqqoslab ko‘rish mumkin bo‘lgan ikkinchi muhim ko‘rsatkich, iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish darajasi sanaladi. Bu bir tarafdan rejalashtirishga bog‘liqlik darajasini ko‘rsatsa, boshqa tarafdan - bozorga bog‘liqlikni ko‘rsatadi. Rejalashtirishda davlat nima, qanday va kim (kim uchun) ishlab chiqaradi degan muhim iqtisodiy masalalarni belgilab beradi yoki hech bo‘lmaganda, bularga ta’sir ko‘rsatishga harakat qiladi. Bozor tizimida faoliyatning bu sohasi alohida shaxslarning institutlar orqali amalga oshiradigan vazifasi hisoblanadi, bunda ularning har biri o‘z shaxsiy maqsadlarini ko‘zlaydilar, bu esa natijalarning turli-tumanligiga olib keladi.



Ma’muriy rejalashtirish. Iqtisodiyotni tashkil etish holatlaridan yana biri, davlatning deyarli barcha iqtisodiy faoliyatni o‘z nazorati ostiga olishidir, bunda butun ishlab chiqarish davlat nazorati ostida bo‘lgan korxonalar tomonidan amalga oshiriladi. Bu tizimda barcha resurslar, materiallar va tayyor tovarlarning harakati direktiv tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan reja asosida belgilab beriladi. Bu rejalar oxiriga yetkazilgach, qonun kuchi bilan taqsimlanadi va ishlab chiqarishdagi iqtisodiy agentlar o‘rnatilgan tadbirlarga amal qilingan holda, huquqiy sanksiyalar tahdidi ostida belgilab berilgan maqsadlarga erishishlari shart bo‘lgan. Biroq yumshoqroq usullar ham mavjud bo‘lgan.

Indikativ rejalashtirish. G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida, ayniqsa, Fransiya va Yaponiyada hukumat xususiy sektorning erkin javobgarligiga ishonadi. Boshqaruv qarorlari davlat, sanoatchilar va ishchilar vakillari o‘rtasida muhokama olib borish natijasida shakllanadi. Reja topshiriqlari maqsadi - iqtisodiyotning umumiy yo‘nalishlari bo‘yicha muvaffaqiyatga erishishdir. Statistika va istiqbolni belgilash (bashoratlash)ni tahlil qilishda davlatning tutgan o‘rnining muhimligi shundaki, aynan u statistik hisobotlar va bashoratlarning natijalarini rejalashtirishda mujassamlashtiradi. Rejalashtirishning bunday shakli mamlakat iqtisodiyotidagi “zaif joy”larni aniqlash, birlashtirish va muvofiqlashtirishga hamda tuzatishlar kirituvchi harakatlarni ishlab chiqishga yo‘naltirilgan. Hukumat alohida tarmoqlar uchun maqbul tartiblarni yaratishi mumkin, biroq bevosita aralashish miqyoslari cheklab qo‘yilgan (ko‘pincha kredit bozorlaridagi aniq aralashuv) va qat’iy reglamentga solish uchun ham yetarli darajada emas. Indikativ rejalashtirish ishlab chiqarishni bozor bilan yonma-yon (parellel) faoliyat ko‘rsatishi uchun mo‘ljallangan, biroq uning o‘rnini egallay olmaydi.

Bozor tizimining eng muhim xususiyatlaridan biri - faoliyat turini tanlashda ma’muriy metodlarning qo‘llanishiga cheklovlar hisoblanadi. Davlat farovonligining umumiy natijalari, faoliyatining samaradorligi, asosan alohida shaxslarning erkin faoliyatlari bilan belgilanadi, shu sababli rasmiy cheklovlarning mavjud emasligi hamda tanlov rolining o‘sib borishi olg‘a siljishning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi. Biroq ijobiy natijaga erishish uchun har doim ham bozorga tayanib bo‘lmaydi, bozor tizimiga xos bo‘lgan resurslarni taqsimlash jihatlari esa har doim, hamma yerda ham muvofiq kelavermaydi. Xususan, bozor asosiy iste’mol tovarlari uchun xos bo‘lgan foyda olishning shunday modeliga olib kelishi mumkinki, ba’zi jamiyatlar uchun bu mos kelmaydi. Bozorda daromadning oxirgi taqsimoti va u jamiyat farovonligining natijasi sifatida, boyliklarning boshlang‘ich taqsimotiga bog‘liq bo‘ladi. Ba’zida bozor tizimi muvaffaqiyatsiz faoliyat yuritsa, davlatning aralashuvi ijtimoiy farovonlikka erishishning nisbatan yuqori darajasini ta’minlab berishi mumkin.

Bozorlar faoliyat ko‘rsatishi uchun barqaror va bazaviy sharoitlarni yaratib berish davlatning vazifasidir. Bozor va rejalashtirish tizimlari o‘rtasida hukumatni detsentrallashtirish (markazlashgan tizimdan markazlashmagan tizimga o‘tkazish) kontinuumi mavjud; mana shunday kontinuumga tayanadigan iqtisodiyotda ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun ijobiy muhit yuzaga keladi.

Iqtisodiy tizimlar o‘rtasidagi tafovutni aniqlashga uchinchi fundamental yondoshuv - faol ishlab chiqarish uchun rag‘batlardir. Barcha iqtisodiy tizimlarda ishlab chiqarish jarayonida bajaruvchi haqiqatdan ham o‘z manfaatlarini ko‘zlab emas, balki buyurtmachi manfaatlaridan kelib chiqib harakat qilishini rag‘batlantirish bilan bog‘liq bo‘lgan qiyinchiliklar yuzaga keladi.

Bajaruvchining muammosi eng oddiy darajada quyidagicha bo‘lishi mumkin: yollanma ishchi xo‘jayin kabi yaxshi mehnat qilishi uchun ishni qanday tashkil etish lozim? Nima uchun kompaniya rahbariyati o‘z manfaatlarini ko‘zlash o‘rniga, kompaniyaning egalari hisoblanmish aksionerlar uchun ishlashi kerak? Nima uchun ishchilar yoki rahbarlar shaxsiy mulklarini ko‘paytirish uchun mehnat qilish o‘rniga, rejalashtiruvchi tmonidan qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun ishlashlari lozim?

Bajaruvchi muammolarini hal etishning uch umumiy yo‘li bor. Birinchisi - amaldagi subyektlarning faoliyat natijalarini maksimallashtirish g‘oyalari (axloqiy e’tiqodlari) dan foydalanish. Bu sxema bo‘yicha rahbariyat yoki davlat - buyurtmachi - yaxshi ishlaydiganlarni ma’naviy taqdirlash usullarini topgan holda bajaruvchidan yuqori darajada kuch sarflashni talab etadi. Rag‘batlantirishning bu usuli qisqa muddatlar uchun samarali hisoblanadi.

Inqirozlar vaqtida (urush, fojia, tartibning o‘zgarishi) insonlar ommasi, ularga aynan mana shunday yo‘l tutish lozimligi uqtirilgani sababli juda ulkan va aql bovar qilmaydigan qurbonliklar qilishga tayyor bo‘ladilar. Bunda “Vatan uchun”, “Xudo yo‘lida”, “Dushmanlarga qarshi” kabi shiorlar, Jon Kennedining: “Mamlakat men uchun nima qila oladi deb emas, balki men mamlakat uchun nima qila olaman, degan savolni ber” degan mashhur iborasi olg‘a suriladi. Kommunistik tartiblar, ayniqsa o‘zining dastlabki bosqichlarida, aholining “partiya uchun” yoki “inqilob uchun” ishlaydigan katta qismidan juda katta fidoyiliklar talab etgan.

Ma’naviy tazyiq, hattoki korxona va korporatsiyalar faoliyatida ham samara keltirishi mumkin. Kompaniya tomonidan o‘z xodimlariga bir xilda qarashning yuqori darajasi Yaponiyadagi iqtisodiy muvaffaqiyatlarning sabablaridan biri sifatida ko‘riladi. Biroq uzoq vaqt davomida qo‘llaniladigan ma’naviy rag‘batlar, agarda ular moddiy mukofotlar bilan qo‘shilgan holda yoki majburiyat yuzasidan bo‘lmasa, unchalik samarali hisoblanmaydi.

Agar faoliyat jadalligi taqdim etiladigan rag‘batlar yoki mukofotlarga bog‘liq bo‘lsa, martabani ko‘tarish ham qo‘shilgan holda, bu moddiy rag‘bat deb hisoblanadi. Bozor iqtisodiyoti faqat moddiy rag‘batlarga tayanadi, degan tushuncha mavjud, majbur etishning yo‘qligi esa bu tizimning kuchli tomonlaridan biri hisoblanadi. Bozor tizimida har bir subyekt, ishlab chiqarish zanjirida xoh u iste’molchi yoki ta’minotchi bo‘lsin, iqtisodiy ayirboshlash yoki aloqaga faqat erkin tarzda chiqadi. Ish hayot quvvatining iste’molchisi sanaladi va u agar moddiy kompensatsiya sarflangan kuchning o‘rnini ortig‘i bilan qoplasagina bajariladi.

Barcha kapitalistik tizimlarda ham bozor munosabatlariga amal qilinavermaydi. Birinchidan, ta’kidlab o‘tganimizdek, daromadni belgilashda ishlab chiqarishning turli omillar bilan to‘ldirilganligi muhim sanalsa, yashab qolish zaruriyati majburiyat elementi sifatida chiqadi. “Ochlik qamchini” ko‘pgina bozor iqtisodiyotili mamlakatlarda majburlash elementi bo‘lib xizmat qiladi. Ikkinchidan, kapitalizm ish joyida nazorat, ishbay haq to‘lash, tekshiruv va boshqalar orqali majburlash usulidan tez-tez foydalanib turadi. Bu rivojlangan bozor iqtisodiyotili mamlakatlarda birqadar yumshoqroq shakllarda bo‘lsa, rivojlanayotgan mamlakatalarda esa ishga oshkora majbur qilish keng tarqalgan.

Tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, mehnatni rag‘batlantirishning eng maqbul tizimi - moddiy va ma’naviy rag‘batlar birgalikda qo‘llaniladigan usul ekan. Ishchi qachonki mehnat jarayonidan, uni yollagan tashkilotdan va o‘zi ishlab chiqaradigan mahsulotlardan uzoqlikni qanchalik kam sezsa, ana shunda yuqori darajadagi ishlab chiqarish samaradorligiga erishish mumkin bo‘lar ekan. Bu birlik hissiyoti ma’lum darajada ishlash muddatining kafolatlanganligi, uning natijalari uchun minimal talablarning bajarilishi bilan bog‘liq. Xodimlarga korxona ko‘radigan foydasidan aksiyalar ko‘rinishida yoki mukofotlar tarzida ulush berib turish foydadan xoli bo‘lmaydi, chunki bu firma muvaffaqiyatining oshishiga ularning shaxsiy manfaatdorligini ko‘taradi. Bunday yondoshuv shuningdek, majburlash elementiga ham ega, sababi hamkasblari manfaatdorligining yuzaga kelishi umumiy nazorat uchun eng yaxshi sabab bo‘ladi.
3. IQTISODIY TIZIM ELEMENTLARI
Har bir mamlakatda yuzaga keladigan iqtisodiy resurslarga va xo‘jalik faoliyatining natijalariga nisbatan mulkchilik shakllariga asoslanuvchi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar; xo‘jalik faoliyatining tashkiliy shakllari; xo‘jalik mexanizmi, ya’ni iqtisodiy faoliyatni makroiqtisodiy darajada tartibga solish usuli; xo‘jalik subektlari o‘rtasidagi muayyan iqtisodiy aloqalar iqtisodiy tizimning asosiy elementlari hisoblanadi.13

Jamiyat (davlat)ning har qanday ijtimoiy tashkilotlarining asosiy o‘ziga xos xususiyatlari uning mulkchilikka bo‘lgan munosabati, nazorati va maqsadlari bilan belgilanadi. Bu fikrni yanada yaqqolroq, misollar bilan izohlash maqsadida, ishlab chiqarish omili bo‘lgan yerni ko‘rib chiqamiz. U davlatning ham, xususiy shaxsning ham, bir nechta yer egalarining mulki bo‘lishi mumkin. Yerdan joriy foydalanish ustidan nazorat uning egalari tomonidan yoki buning uchun yollangan fermerlar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin. O‘z navbatida, yer ustidan nazorat olib boruvchi shaxslarning maqsadlari, bir-biridan farq qilishi mumkin, ba’zida juda sezilarli tarzda. Masalan, kimdir katta pul ishlash maqsadida yuqori hosil olishdan manfaatdor bo‘lsa, ayni vaqtda boshqalar o‘z ehtiyojlari uchun mahsulot yetishtiradilar va h.k.

Shunday qilib, iqtisodiy tizim – bu mamlakatda tarixan qaror topgan yoki o‘rnatilgan, iqtisodiy mahsulotni ishlab chiqarish, taqsimot, ayirboshlash va iste’mol qilish jarayonida yuzaga keladigan asosiy iqtisodiy munosabatlarning shakl va mazmunini belgilab beruvchi, amalda qo‘llanilayotgan tamoyil, qoida, qonuniy tarzda mustahkamlab qo‘yilgan me’yorlar majmuidir.

Har xil turdagi iqtisodiyotlarni taqqoslab o‘rganish ko‘p yillar davomida kapitalistik iqtisodiyotning bir qancha turlari uchun muqobil sifatida xizmat qilgan ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan sovet iqtisodiy tizimi parchalanib ketgach, dolzarb bo‘lib qoldi.

XX asrning boshidan oxirigacha davom etgan iqtisodiy mafkuralar raqobatida bozor kapitalizmi g‘olib deb topildi. Markazdan rejalashtiriladigan iqtisodiyotga asoslangan mamlakatlar o‘z xo‘jalik tizimlarini isloh qilishga majbur bo‘ldilar. Ayni vaqtda, Yevropa va Shimoliy Amerika modellariga muqobil sifatida kapitalistik modelning yangi tiplari qaror topa boshladi. Ular ayniqsa, Sharqiy Osiyo mamlakatlarida yaqqol namoyon bo‘ldi, xususan, ancha ilgari rivojlangan mamlakatlar qatoridan o‘rin olgan Yaponiyada ham. Mazkur mamlakatning iqtisodiy va tashqi savdo sohasidagi mavaffaqiyatlari uning institutlari, iqtisodiy madaniyati va siyosatiga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirdi.

Kapitalistik iqtisodiyotning yangi tipi Tinch okean havzasidagi mamlakatlarda ham qaror topa boshladi. O‘n yilliklar muqaddam rivojlanayotgan deb qaralgan davlatlar o‘z industrial rivojlanishida keskin siljish qilib, "yangi osiyo yo‘lbarslari” degan nomni olishga muvaffaq bo‘ldilar. Janubiy Koreya, Tayvan, Singapur va Tailand Osiyoda yaqinda ro‘y bergan moliyaviy inqirozga qadar g‘arb davlatlari uchun jadal va barqaror taraqqiyot namunasi bo‘lgan. Bu mamlakatlar iqtisodiy tizimi xususiyatlarini o‘rganishga qiziqishning ortib borishi, o‘z navbatida, ularning faoliyatini tushunishni chuqurlashtirib yubordi.

G‘arbiy Yevropaning qoq markazida ham muhim o‘zgarishlar ro‘y berdi. Umumevropa makonining yagona Yevropa Itifoqiga birlashuvi jahonshumul ahamiyatga ega bo‘ldi. Yaqin vaqtlarga qadar umuman tenglashtirib bo‘lmaydigan institut va an’analarga ega bo‘lgan G‘arbiy Yevropa mamlakatlari iqtisodiyotlarining qo‘shilib ketishi o‘z holicha kuchli bir qadam bo‘ldi. Yevropa Ittifoqiga a’zo-mamlakatlar milliy valutasining yevroga almashtirilishi va milliy fiskal (g‘aznaviy) va pul erkinliklarining zaruriy cheklovlari ahamiyatga molik institutsional o‘zgarishlarni talab etdi. Umumevropa Konstitutsiyasining muhokamasi boshlandi.

Yevropa Ittifoqining ko‘p yillar mobaynida to‘liq markazlashtirilgan rejalashtirish hukm surgan o‘tish iqtisodiyotili mamlakatlar hisobiga kengayib borishi - bu Yevropa Ittifoqi uchun jiddiy sinov edi. Ittifoqning dunyoda o‘z ta’sir doirasini kengaytirishga harakati a’zo-mamlakatlar uchun xos bo‘lgan davlatlarning faollik rolining natijasi hisoblanadi. Bu esa, o‘z navbatida, hukumat bilan biznes o‘rtasidagi munosabatlarning amerikacha (ingliz-sakson) mohiyati bilan yevropacha, ba’zan “reyn modeli” deb ataladigan mohiyat o‘rtasidagi tafovutni kuchaytirib yubordi.

Iqtisodiy tizimning an’anaviy turi qo‘l mehnatidan keng foydalanish, qoloq texnologiyalarning mavjudligi va konservativ texnik jihozlanish bilan tavsiflanadi. Bu tizimga u yoki bu tovarlarni ishlab chiqarishda unchalik muhim bo‘lmagan o‘zgarishlar xos. Jamiyat hayotida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning rivojiga to‘sqinlik ko‘rsatuvchi an’anaviy aqida va urf-odatlar, diniy va madaniy qadriyatlar, irqiy va tabaqaviy bo‘linishlar ustuvorlik qiladi. Nima ishlab chiqarish, qanday qilib ishlab chiqarish va jamoaviy mehnat natijalarini qanday taqsimlashni ham an’analar belgilab beradi.

An’anaviy tip ko‘p ukladli, xo‘jalik yuritishning turli shakllariga amal qilinishiga asoslangan14: umumiy jamoa bo‘lib xo‘jalik yuritishga, yaratilgan mahsulotni natural shakllarda taqsimlashga asoslangan natural-jamoa munosabatlari, tovar ishlab chiqarish va shaxsiy mehnat yakka mulkchilikka asoslangan mayda tovar ishlab chiqarish.

An’anaviy tipdagi iqtisodiyotlarda ko‘p sonli dehqonchilik va hunarmandchilik xo‘jaliklari tomonidan mayda tovar ishlab chiqarish yetakchi o‘rinda. Iqtisodiyotning an’anaviy tipiga yaqqol namuna sifatida - hunarmandchilik ustaxonalarini, patriarxal qishloq jamoalarini va b.ni misol qilib keltirish mumkin. Milliy tadbirkorlikning sust rivojlanishini xorijiy kapitalning muhim ahamiyat kasb etishiga bog‘lash mumkin.

Xo‘jalik yuritishning bir qancha tiplari mavjud bo‘lgan bir sharoitda muhim iqtisodiy vazifalarni hal etish turli ukladlar doirasida o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi. An’anaviy tizimning muhim xususiyatlaridan biri davlatning faol roli hisoblanadi.


ХУЛОСА

Kurs ishining maqsadi – magistrantlarni jahon iqtisodiyoti bilan o‘z rivojlanish qonuniyatlariga, tashqi va ichki omillar ta’sirida belgilanuvchi tuzilmasi va xususiyatlariga ega bo‘lgan bir tizim sifatida tanishtirishdan iborat.

“Tizim faqat o‘zigagina xos bo‘lgan, boshqa tarkibiy qismlardan farqli xususiyatlarga ega bo‘lgan, komponent deb ataluvchi, o‘zaro bog‘liq va bir-biriga ta’sir etuvchi, yagona bir yaxlitlikni shakllantiruvchi obyekt va hodisalarning birligidir”.

Tizimni o‘rganishda bizni, eng avvalo, u “qanday vazifani bajaradi?”degan savolning o‘zi emas, balki “bu vazifani u qanday bajaradi?” degan savolni ham o‘z ichiga olgan uning funksiyalari, ya’ni tizimli sifati qiziqtiradi, shuning uchun tizimni bilishga harakat, odatda, uning funksional tavsifidan boshlanadi.

Iqtisodiy tizimlar - bu tovar ishlab chiqarish, iste’mol qilish va taqsimlash jarayonida xo‘jalik vazifalarini qabul qilish va amalga oshirish imkoniyatini beruvchi mexanizmlardir.

Ijtimoiy-iqtisodiy tizimning muhim tavsiflaridan biri shundan iboratki, u “iqtisodiy vaqt va makonda muqarrar ravishda o‘rab olingan”.

Har bir jamiyatda aniq belgilangan iqtisodiy qarorlar qabul qilinishi lozim: qanday tovarlar va xizmatlar ishlab chiqariladi va ular qanday miqdorda ishlab chiqariladi (ishlab chiqarish qarori); bu tovarlar qanday qilib ishlab chiqariladi (bu - metodlarni tanlashga taalluqli qaror); ushbu ishlab chiqarishdan kim foyda ko‘radi (taqsimot qarori).

Iqtisodiy tizimda uchta quyi tizim ajratiladi: qaror qabul qilish, axborot va rag‘batlantirish (motivatsion).

Iqtisodiy tizimlar turli-tuman bo‘lishi bilan birga qator universal xususiyatlarga ham ega va ular asosiy iqtisodiy masalalarni hal etish usullari (metodlari)ga bog‘liq bo‘lmagan holda tavsiflanadi: yaxlitlik, iyerarxiylik, integrativlik.

Har bir mamlakatning iqtisodiy tizimi juda murakkab tuzilishga ega. U qonunlar, kompaniyalar, iste’molchilar va b.ni o‘z ichiga oladi. Ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar; xo‘jalik faoliyatining tashkiliy shakllari; xo‘jalik mexanizmi, ya’ni iqtisodiy faoliyatni makroiqtisodiy darajada tartibga solish usuli iqtisodiy tizimning asosiy elementlari hisoblanadi.



FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI


  1. Альбер М. Капитализм против капитализма. - СПб.: Экономическая школа, 1998.

  2. Андрианов В. Национальное богатство России //Маркетинг. 2005. N2;

  3. Арин О.  Мировой капитализм: типы и модели США по Бенджамину Сорэзу // Россия в стратегическом капкане» - М: Флинта. 1997. (www.olegarin.com).

  4. Арсентьев В.М. Экономическая история зарубежных стран. Web: http://hist.msu.ru/Labs/Ecohist/OB4/eh_abrd.htm.

  5. Астапов А. Стратегия развития в постиндустриальной экономике // Мировая экономика и международные отношения. 2006. №2;

  6. Асемоглу Д., Джонсон С., Робинсон Д. Институты как фундаментальная причина долгосрочного экономического роста. Web: http: //www.research. by/pdf/2006 n 1r01.pdf;

  7. Баскакова М. Японская экономическая модель // Мировая экономика и международные отношения. 2004. №1.

  8. Беккин Р. Некоторые элементы исламской экономики. Казань. Иман. 2007 (www.bekkin.ru/index.php?rub=4&art=14 - 40k);

  9. Беккин Р. И. Исламская экономика. Краткий курс. М.: АСТ: Восток – Запад, 2008;

  10. Белл Д. Грядущее постиндустриальное общество. Опыт социального прогнозирования. - М.: Academia, 1999. http://www.ecsocman.edu.ru/db/msg/18507.html

  11. Белоконь Ю. Открытость экономики и экономический процесс: опыт Японии и Азиатских НИС // Мировая экономика и международные отношения. 1997. №1.

  12. Бирюков Е. Новые тенденции в деятельности исламских банков (на примере аравийских монархий) //Мировая экономика и международные отношения. 2008. № 7;

  13. Бородаевский А. Тенденции социально-экономического развития в разных регионах мира. //Мировая экономика и международные отношения, М. 2007, №4, с.18.

  14. Бреслав Л., Лисовик Б., Ломова И. Кадровый потенциал и пути его повышения // Человек и труд. 2003. №4. (planetadisser.com/see/dis_65510.html).

  15. Бритта С. Капитализм с человеческим лицом. - СПб.: Экономическая школа, 1998;

  16. Бородаевский А. Тенденции социально-экономического развития в разных регионах мира //Мировая экономика и международные отношения. 2007. №4;

  17. Брагина Е., Гумен Р. Мировая промышленность: тактика и динамика. // Мировая экономика и международные отношения. –М.:1995. №5;

1 Спицнадель В.Н. Основы системного анализа. Спб., 2000. – с. 117-118

2 Зубарева Т.С. Сравнительный анализ экономических систем, учебник в электронной форме (http://www.edu.ru)

3 Ерохина Е.А.Теория экономического развития: системно-синергетический подход. Orel.rsl.ru/nettext/economic...

4 Думная Н.Н.Системы и системность в экономической теории. www.k-press.ru/fin

** Emerjentlik - tizimning sifat va xossalari bњlib, uning aloqida elementlariga xos bo‘lmaydi, balki bu elementlarning yagona bir butunga, yaxlit tizimga birlashganida yuzaga keladi.

5 Борисов А.Б. Большой экономический словарь. - М.: Книжный мир, 2003. - 895 с.

6 GregoryP.P., Stuart R.S. Comparative Economic Systems. -Boston, 1995.

7 См. E.Neuverger, W.Duffy. Comparative Economic Systems: A.Decision-Making Approach. Boston, 1976/

8 “...iqtisodiy tizim - bu “tarixan belgilangan, ijtimoiy-iqtisodiy vaqt va makonda chegaralangan, ishlab chiqarish munosabatlari tizimidir”. Qarang: Buzgalin A., Kolganov A. Vvedenie v komparativistiku. - M.: “Taurus-Alfa”, 1994, 70 bet.

9 O‘sha yerdan

10 Борисов Е. Ф. Экономическая теория: Учеб. пособие- 2-е изд., перераб. и доп. - М.: Юрайт, 2009. - 384 с.

11 Макконнелл Кэмпбелл Р., Брю Стенли. Экономикс: Принципы, проблемы и политика. Пер. с англ.– М.: Республика, 1992. – Т.2. – С.12

12 Mahmudov E.R. Zamonaviy iqtisodiy tizimlar. Toshkent 2011. – 11b.

13 http:www.abc-people.com

14 Экономика: Иқтисодиёт академиялари, олий ўқув юртлари ва факультетлари учун дарслик. А.С.Булатова умумий таҳр. остида. - М.: БЕК нашр. 1996. 10-11-бетлар.

Download 68,35 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish