Tarjimai hol



Download 56 Kb.
Sana26.11.2019
Hajmi56 Kb.
Tarjimai hol

Aslida qondosh ozarbayjon naslidan bo‘lib, keyinchalik o‘zbek xalqining chinakam sevimli shoiri, yozuvchisi, dramaturgi, zabardast olimi sifatida dong taratgan Maqsud Shayxzoda 1908 yili Ozarbayjonning Ganja viloyatiga qarashli Oqtosh shahrida tug‘ildi. Otasi Ma’sumbek elu-yurtda katta obro‘ga ega shifokor edi.

U san’at va adabiyotni sevar, tarix va falsafaga qiziqardi, Oqtosh ziyolilari bilan turli masalalarda suhbatlashardi. Yosh Maqsud Nizomiy va Firdavsiy, Navoiy va Fuzuliy, Pushkin va Shekspir kabi buyuklar nomini ilk matotaba ana shu gurunglarda eshitadi va bu muhit unga adabiyotga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otadi.

Maqsud Shayxzoda Oqtoshda ibtidoiy maktabni bitirgach, 1921 yili Boku dorilmualliminiga o‘qishga kiradi va uni tugatgach Dog‘istonning Darband, Bo‘ynoq shaharlarida muallimlik qilgan. U 1926 yili Adhem Fayziy tashkilotiga a’zo etilgan «Milliy firqa» tashkilotiga a’zo bo‘lib, musovotchilar harakatida faol qatnashgani uchun 1928 yili hibsga olinib, Toshkentga surgun qilingan. Umrining oxiriga qadar shu yerda yashab, ijod qilgan. Albatta, sho‘ro hukumati Shayxzodani O‘zbekistonda ham ta’qiblar va tahqirlardan benasib qoldirgani yo‘q.

Muhimi shundaki, Shayxzoda «tole’ doim erkalamaganiga» qaramay, umrining oxiriga qadar o‘zbek xalqining sadoqatli farzandi sifatida faoliyat ko‘rsatdi va O‘zbekiston uning ikkinchi vatani bo‘lib qoldi.

Shayxzoda Toshkentga kelgach, avval Narimonov nomidagi texnikumda dars beradi, keyin “Sharq haqiqati”, “Qizil O‘zbekiston”, “Yosh leninchi” gazetalarida ishlaydi.

1929 yili yosh shoirning o‘zbek tilidagi dastlabki she’ri “Sharq haqiqati” gazetasi sahifalarida bosilib chiqadi. Oradan ko‘p o‘tmay, Shayxzodaning birinchi to‘plami “O‘n she’r”, keyinroq “Undoshlarim” (1933), “Uchinchi kitob” (1934), “Jumhuriyat” (1935) kabi to‘plamlari nashr etiladi.

Maqsud Shayxzoda “xalqimizning mehnat qahramonligi, kurash va jang, ozodlik va do‘stlik, baxt va alam, yurtning go‘zal manzaralari va insonning ma’naviy jamoli mening qalamimga oshno, dilimga mazmun bo‘lib keldi” deb ta’kidlagan edi.

Shoirning bu fazilatlari, eng avvalo, hayotdagi, voqelikdagi va odamlarimizning ruhiy olamidagi o‘zgarishlar, holatlarni ifodalashga qodir yangi, betakror obrazlarida namoyon bo‘ldi. Bu Tarix -Yo‘l - Safar - Kema -Karvon, Xarita (er kurrasi va Vatani), Manzil, Raqam, Sur’at va Vaqt obrazlaridir. Bular bir-biri bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, insoniyat tarixi yaxlitdir va doim olg‘a qarab harakat qiladi, bu insoniyat karvonini - kemani to‘xtatib bo‘lmaydi, u insoniyat orzusi - baxt-saodat manzili sari harakat qiladi.

Buni Shayxzodaning o‘z kitoblariga “O‘n besh yillik daftari” yoki “Chorak asr devoni” deb sarlavha qo‘yishidan ham bilish mumkin. Shoirning o‘zi “Inson umri cheklangan muhlatli daftar”, demak bu daftarni foydali, ezgu ishlar - “yozuvlar” bilan to‘ldirish lozim deydi. “Raqamlar” she’rida esa shunday satrlar bor: “Men na munajjimman va na hisobdon va lekin ko‘raman sonlar mag‘zida osmoncha ma’nolar, yurtni obodon”...

“Qo‘llar» she’rida qo‘llarda insonning borlig‘ini, uning ichki olamining muhrini ko‘radi. Uningcha, “g‘oyat shafqatli, hayotbaxsh qo‘llar” ham “ayovsiz, yovuz, go‘r kabi sovuq, tanbal” qo‘llar ham bor, qisqasi, har bir qo‘l “yurakning navkarlaridir”, yurak neni buyursa, qo‘l shuni ijro etadi.

Maqsud Shayxzoda ijodiy balog‘atidan dalolat beruvchi asarlardan biri “Toshkentnoma” dostonidir. Adabiy jamoatchilik o‘z vaqtida bu dostonni shoirning adabiyotimizning yirik ijodiy muvaffaqiyati sifatida baholadi. Chindan ham, “Toshkentnoma” Shayxzoda dostonlari ichida eng barkamoli bo‘lib, unda shoir shaxsiyatining o‘ziga xos qirralari ancha yorqin namoyon bo‘lgan. Dostondagi o‘ziga xoslik shundaki, asar yaxlit voqea asosiga qurilgan emas.

Shayxzoda ko‘pqirrali iste’dod sohibi edi. U she’rlar va dostonlar bilan birga, juda yuksak badiiy quvvatga ega bo‘lgan dramalar ham yaratdi. Shayxzoda umrining so‘ngida yozishga kirishgan, lekin tugatib ulgurmagan “Beruniy” dramasini hisobga olmaganda ham, uning “Jaloliddin Manguberdi” va “Mirzo Ulug‘bek” dramalari allaqachon xalqimizning badiiy mulkiga aylanib qoldi.

Shayxzoda ikkinchi jahon urushi yillarida yozgan “Jaloliddin Manguberdi” (1944) tragediyasida o‘z yurtining ozodligi va mustaqilligi uchun mo‘g‘ul istilochilariga qarshi kurashgan so‘nggi Xorazm shohining jangovar jasoratini tarixan aniq va haqqoniy tasvirlagan. Oybek bilan G‘afur G‘ulom o‘sha vaqtda asarga yuqori baho berishib: “Tarixiy jarayonning haqiqiy mazmunini, uning ichki ma’nosini” ochib bergan, “Kompozitsiyasi pishiq, dramatik to‘qnashuvlarga boy bir asar.

1946 yilgacha “Jaloliddin Manguberdi” dramasidan ayrim parchalar “Armug‘on” to‘plamida bosilgan edi. Shundan keyin 43 yil davomida asar tilga olinmadi va dunyo yuzini ko‘rmadi. Asar sahnadan olingandan keyin ko‘p utmay Shayxzoda qamaldi. Bu asarga o‘tmish ideallashtirilgan degan siyosiy ayb qo‘yildi.

Musodara etilgan buyumlar ichida dramaning qo‘lyozmasi ham bor edi. Muallif oqlanib, qaytib kelganidan keyin muayyan tashkilotlar “yo‘qoldi” degan bahonalar bilan qo‘lyozmani qaytarib bermadilar. Shayxzoda uni bir necha yil qidirishga majbur bo‘ldi va nihoyat, teatrning sobiq suflyorlaridan uning bir nusxasini topishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin shunda ham asarning matni e’lon qilinmay qolaverdi.

Taqdirning o‘yinini qarangki, muallif bu asarining chop etilganini ko‘rmay olamdan ko‘z yumdi. “Jaloliddin Manguberdi”ning to‘la matni birinchi marta Bokuda ozarbayjon tilida Shayxzodaning ikki jildlik saylanmasida bosilib chiqarildi. Faqatgina 1988 yildagina Jaloliddin Manguberdi” birinchi marta o‘zbek tilida yozuvchining “Boqiy dunyo” degan kitobida to‘la bosilib chiqarildi.

Maqsud Shayxzodaning xalqimiz tarixiga, jumladan, Jaloliddin Manguberdi taqdiri va kurashiga odilona yondoshganligi, haqiqatni himoya qilganligi Prezidentimiz Islom Karimov imzosi bilan e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 24 sentyabrdagi “Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash to‘g‘risida” qarori ham yana bir bor tasdiqlaydi.

Shayxzodaning yozuvchilik shuuri va ijodkorlik zehnining o‘tkirligi yana bir bor isbotlandi. Maqsud Shayxzodaning o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan yana bir ulkan hissasi “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasidir. Tragediya 1964 yili yozildi, o‘sha yili bu asar Hamza teatri sahnasida qo‘yildi, keyinchalik uning asosida kinofilm yaratildi.

Maqsud Shayxzoda yuksak ilm egasi edi. Ayniqsa, u o‘zbek mumtoz adabiyotini chuqur bilar edi. 1941 yilda Toshkentda nashr etilgan “Genial shoir” to‘plami adabiyotshunos olim Shayxzodaning Navoiy ijodiga oid ilmiy maqolalaridan tashkil topgan. Navoiy she’riyatining bu chuqur ilmiy tadqiqi navoiyshunoslikda hamisha alohida o‘rin egallab qoladi.

Shayxzoda Navoiy mahoratini, uning san’atkorligini teran o‘rganishni boshlab bergan o‘tkir tadqiqotchi edi. Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Maqsud Shayxzoda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)da, Toshkent Davlat pedagogika instituti (hozirgi Toshkent Davlat pedagogika universiteti)da uzoq yillar davomida o‘zbek adabiyoti tarixidan o‘qigan ma’ruzalari, maxsus kurslari o‘zbek adabiyoti tarixi bo‘yicha eng qimmatli darslar edi.

Maqsud Shayxzodaning butun ijodi chuqur siyosiy publitsistik ruh bilan to‘la. Uning she’riy, dramatik asarlari qaysi mavzuga bag‘ishlangan bo‘lmasin, zamona bilan hamohangdir. Shuning uchun ham shu tipdagi ijodkorning bevosita publitsistika janrida xizmat qilishi tasodifiy hol emas. Uning zo‘r badiiy janrga ega bo‘lgan publitsistik maqolalari va nutqlari bu iste’dodli adib ijodining mazmundorligi va rang-barangligidan yorqin nishonadir.

Iste’dodli shoir mohir tarjimon ham edi. U jahon adabiyoti mumtoz shoirlarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilishda katta xizmat qildi. Jumladan, Shekspirning “Hamlet” va “Romeo va Juletta” asarlari o‘zbek drama teatrlari sahnasida Shayxzoda tarjimasida sahnalashtirildi.

Pushkin, Lermontov, Bayron she’rlarini o‘zbek o‘quvchisiga ilk bor taqdim etgan shoirlar avlodi ichida Shayxzoda ham bor.

Shoir mahoratining o‘sishiga, uning jahon adabiyoti klassiklarining asarlarini g‘oyat sevib o‘rgangani, ularning boy badiiy tajribasini ustalik bilan o‘zlashtirgani ham sabab bo‘ldi. U G‘arbiy Yevropa va rus adabiyotini mukammal bilgani holda o‘zining Vatan adabiyotini - Sharq she’riyati merosini ham to‘la o‘rgangan edi.

Maqsud Shayxzodani 50-yillar boshida mutlaqo asossiz ravishda qamoqqa oladilar va 25 yilga surgun qiladilar. Stalin vafot etgach, tuhmat bilan nohaq qamalganlarning ishi qayta ko‘rildi. Shu tariqa 1955 yili ko‘pgina fidoyi ziyolilarimiz qatori Shayxzoda ham oqlanib chiqdi. Lekin 5 yillik qamoqxona azoblari natijasida shoirning sog‘ligi juda yomonlashib qolgan edi. Shunga qaramay, umrining oxirigacha 10 yil davomida baland uyning eng yuqori qavatida yashashga majbur bo‘ldi. Ana shunday og‘ir sharoit va xastalikda ham hayotidan sira nolimay umrining oxirigacha ijod qilishdan to‘xtamadi.

Yaxshi bilasiz, ziyo degani nur, yorug‘lik, oydinlik demakdir. Haqiqatan ham ziyolilarimiz elga bilim, ma’rifat, madaniyat ulashish, ta’lim-tarbiya berishdek savob ishlarga da’vat etilgan...” Bu so‘z bilan go‘yo sehrlangan majlis zalida o‘tirganlar gulduros qarsaklar chalib yuborishgan edi. U qisqa hayot kechirdi - 60 yoshga ham to‘lmay, 1967 yil 19 fevral kuni uzoq vaqt davom etgan xastalikdan so‘ng olamdan ko‘z yumdi. Shayxzoda ijodi eng gullagan paytda, shiraga to‘lgan vaqtda olamdan ketdi.

Boshidan qanchadan-qancha musibatli kunlar o‘tgan bo‘lmasin, u hech zorlanmagan. Uning iymon-e’tiqodi, dunyoqarashi, yuqoridagi misralarda teran bayon qilingan. U hech qachon alamzadalik bilan yashamadi. Aksincha, unga xiyonat qilgan, uni azob uqubatlarga, jiddiy xastaliklarga duchor qilganlar haqida hech qayerda, hech narsa demagan. Shayxzoda o‘zining insoniy fazilatlariga sodiq qolib, doimo xayrixohlik va balandlik xislatlari bilan yuksalib yashadi. Chunki uning chinakam, sodiq do‘stlari ham oz emas edi. Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Komil Yashin, Mirtemir, Shukur Burxon...

Mirzo Ulugbek

Tarjimai hol

Mirzo Muhammad ibn Shohruh ibn Temur Ulug‘bek Qo‘rag‘oniy (1394-1449) - buyuk astronom va matematik, o‘z davrining atoqli allomasi, davlat arbobi, Movaraunnahrni 1441-1449 yillar boshqargan, mashhur hukmdor va sohibqiron Amir Temurning nabirasi.

Ulug‘bek (Muhammad Tarag‘ay) 1394 yil 22 mart kuni hozirgi Ozarbayjon hududidagi Sultoniya shahrida tavallud topgan.

1405 yil, Markaziy Osiyodan tashqari, Yaqin va O‘rta Sharqning barcha hududi, O‘rtayer dengizidan Shimoiy Hindistongacha bo‘lgan katta yerni o‘z ichiga olgan ulkan saltanatni yaratgan buyuk sohibqironning o‘limidan so‘ng, butun merosiy mulki uning o‘g‘il va nabiralariga o‘tadi. Temuriylar saltanatining tepasiga Hirot qarorgohida saylangan Temurning o‘g‘li - Shohruh o‘tiradi.

Mavaraunnahr boshqaruvi Shohruhning to‘ng‘ich o‘g‘li, Amir Temurning nabirasi Ulug‘bekka topshiriladi. 1409 yil Ulug‘bek Samarqand hokimi etib e’lon qilinadi, otasi Shohruhning o‘limidan so‘ng, 1447 yil Temuriylar sulolasiga bosh bo‘ladi.

Yoshligida Ulug‘bek fan va san’at turlariga, ayniqsa, matematik va astronomiyaga katta qiziqish bildiradi. Uning aqliy dunyoqarashi kengayishida otasi va bobosi to‘plagan boy kutubxona zamin bo‘ldi, u yerda ko‘p vaqtini o‘tkazardi.

Ulug‘bek u vaqtlar o‘lchovi bilan qaraganda, juda zo‘r ta’lim olgan. Ajoyib xotira egasi bo‘lib, u arab va fors tilini erkin egallagan, turk she’riyatini yaxshi bilgan, adabiy uslublarni egallagan va adabiy bahslarda ishtirok etgan. O‘zi ham she’rlar yozgan. Ulug‘bekning ustozi taniqli olim, Temuriylar saroyidagi mashhur matematik va astronom Qozizoda Rumiy bo‘lgan. U to‘qqiz yasharli Ulug‘bekka Marog‘adagi mashhur rasadxona xarobalarini ko‘rsatgan. Yoshlikdagi aynan shu xotiralari bo‘lajak astronom kelajagini belgilagan bo‘lishi mumkin. Ulug‘bek davrida Samarqand o‘rta asrlar davridagi ilm-fan o‘choqlaridan biriga aylangan. Samarqandda, XV asrning birinchi yarmida Ulug‘bekning atrofida G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi kabi taniqli astronom va matematiklarni birlashtirgan butun bir ilmiy maktab vujudga keldi. U vaqtlar Samarqandda O‘rta Osiyo tarixi haqida ajoyib asar yozgan tarixshunos Hofiziy Abru, taniqli shifokor Mavlono Nefis, shoirlar Sirojiddin Samarqandiy, Sakkokiy, Lutfiy, Badaxshiy va boshqalar yashagan. Ular insoniyat aqli, fanning kuchiga ishongan o‘z davrining ilg‘or shaxslari bo‘lishgan.

1417-1420 yillar Ulug‘bek Samarqandda madrasa qurdirib, Registonda barpo etilgan birinchi me’moriy ansamblga aylanadi. Ushbu madrasaga Ulug‘bek islom olamining ko‘plab astronom va matematiklarini taklif etadi. Qolgan ikkita madrasa G‘ijduvon va Buxoroda qurilgan. Ulug‘bek tomonidan qurilgan madrasalar universitet vazifasini bajargan. Ulug‘bekning Buxoroda qurdirgan madrasasi peshtoqida “Ilmga intilish har bir musulmon uchun farzdir” yozuvi saqlanib qolgan.

Ammo Ulug‘bekning katta ishtiyoqi - bu astronomiya bo‘lgan. Ulug‘bek hayotining mazmuni va Qozizoda Rumiy, Jamshid G‘iyosiddin al Koshiy, Ali Qushchi kabi astronom izdosh-olimlar rasadxona qurilishiga turtki bo‘lgan.

Tadqiqotchi olimlarning fikricha, rasadxona qurilishi 1428-1429 yillan yakunlangan. Rasadxona o‘z davrining nodir binosi bo‘lgan. Yer silkinishiga bardoshli bo‘lishi uchun bino qurilishi uchun Qo‘hak tepaligining toshli etagi tanlangan.

Asosiy asbob - sekstant (burchak o‘lchagich) - janubdan shimol tomon meridian chiziqlari bo‘ylab mo‘ljallangan. Asosiy asbobdan tashqari, rasadxonada boshqa astronomik anjomlar ham bo‘lgan.

Ehtimol, aniq astronomik kuzatishlarni amalga oshirishiga sekstantning o‘lchami, uning qulay tuzilishi, Ulug‘bekning bilimlari va uning sherigi sabab bo’lgan. Buyuk astronom Ulug‘bek rahbarligi va ishtirokida rasadxonaning asosiy ishi “Zidjiy Ko‘rag‘oniy”, “Ulug‘bekning yulduzlar jadvali” tuzilgan. Kitobda ushbu Samarqand observatoriyasidan 1018 ta yulduz joylashuvi aql bovar qilmas aniqlikda, Gipparxdan so‘ng ilk bor belgilangan. Astronomik turkum yaratilishi jahon astronomiya fani xazinasiga qo‘shilgan ulkan hissa hisoblanadi.

Bundan tashqari, rasadxonada ekliptikning ekvatorga qiyaligi va yulduz yilining uzunligini belgilash; sinusning bir burchakdagi ahamiyatini - muhim astronomik doimiylikni - verguldan so‘ng o‘n sakkizinchi belgigacha aniqlikda hisoblash bo‘yicha ishlar olib borilgan.

Ulug‘bek o‘z ma’lumotlarini bir necha bor tekshirib, uning sonlarini to‘g‘ri, degan xulosaga keladi. 1437 yil u astronomik yil uzunligini aniqlaydi: 365 kun 6 soat 10 daqiqa 8 soniya. Keyinroq o‘zgarishlar farqi 58 soniyada ekanligi aniq bo‘lgan. Agar astronomik yil uzunligi 31 million 558 ming 150 soniya ekanligini inobatga olsa, Ulug‘bek o‘z o‘lchamlarini naqadar yuqori aniqlikda olib borganligiga amin bo’lish mumkin.

Buyuk olim bo‘lish bilan birga, Ulug‘bek kuchsiz sarkarda edi. Asosiy vaqtini rasadxonada o‘tkazar edi va davlat ishlariga kam vaqt ajratgan. Ulug‘bekning to‘ng‘ich o‘g‘li Abdulatif, ruhoniylarning keskin ta’siri ostida otasiga qarshi urush e’lon qiladi. O‘g‘li otasiga Makka ziyoratiga borishlikni taklif qiladi. 1449 yil Makkaga safari chog‘i Ulug‘bek shariat qaroriga muvofiq, xoinona o‘ldiriladi.

Buyuk Ulug‘bekning fojiali o‘limidan so‘ng, uning yorqin yulduzi so‘nmadi. Ulug‘bekning sodiq shogirdi Ali Qushchi, ona Samarqandini tark etishga majbul bo‘lib, Ulug‘bekning “Zidjiy Ko‘rag‘oniy” kitobini Ovrupaga olib chiqib ketadi. Keyinchalik kitob ko‘plab olimlar avlodining mulkiga aylandi. Ulug‘bekning ismi va mehnatlari Ovrupa va Osiyo olimlari orasida mashhur bo‘ldi. XVII asrda Yan Geveliy tomonidan nashr etilgan Ulug‘bekning “Yulduzli osmon turkumi”da turli zamon va makonlarda yashab o‘tgan buyuk dunyo astronomlarining aksi tushirilgan naqsh mavjud. Ular astronomiya ilhom manbai bo‘lmish Uraniyaning ikki tomonida stol qarshisida o‘tirishgan holda aks ettirilgan. Ular orasida Ulug‘bek ham bor. Nashq muallifi Ulug‘bekni portretiga ega bo‘lmay, uning suratini tushirgan.

Ulug‘bekning asosiy ilmiy mehnati “Zidjiy jadidi Ko‘rag‘oniy” hisoblanadi yoki “Gurgonning yangi astronomiy jadvali” deb nomlanadi. Muallif ushbu asarni 1444 yil, o‘ttiz yillik tirishqoqlik va astronomik kuzatuvlardan so‘ng yakunlagan. Astronomik ma’lumotnoma tez orada, Klavdiya Ptolemeyning “Almagest” hamda butun Ovrupa rasadxonalarida qo‘llanma hisoblangan kastiliya qiroli Alfons XVning astronomik jadvali bilan bir vaqtda lotin tiliga o‘girilgan.

Mazkur jadvallarning aniqligi avvalroq Sharqda hamda Ovrupada erishilgan yutuqlardan ilgarilagan. XVII asrga kelibgina, Tixo Brag samarqandlik kuzatuvlarga teng keladigan aniqlikka muvaffaq bo‘lib, keyinroq, undan ham aniqroq natijaga erishgan. “Ulug‘bekning Zidji” Sharqda bo‘lgani kabi, Ovrupa astronomlarining diqqatini o‘ziga tortganligining hayratlanarli yeri yo‘q.

“Ulug‘bekning Zidji” to‘rt yirik qilsmdan iborat. Xronologiya nomini olgan birinchi qismida turli Sharq xalqlari tomonidan qabul qilingan xronologik usullar bayon etilgan. Ikkinchi qismida amaliy astronomiya masalalari ifodalangan, uchinchisi — dunyoning geomarkaziy tizimi asosida ko‘zga ko‘rinarli yulduzlar harakati haqida ma’lumot bersa, to‘rtinchisi astrologiyaga bag‘ishlanadi — o‘rta asrlar dunyoqarashi fanining muqarrar taqdiri.

Ulug‘bek hisoblab chiqqan 1018 yulduz turkumi qadimiy xronogiyani o‘rganuvchi astronomlar va tarixshunoslar uchun kompas vazifasini o‘taydi. Ulug‘bekning yulduzlar jadvali “Almagest”da keltirilgan Ptolomeyning yulduzlar xaritasining haqiqiyligini tasdiqlaydi.

1648 yil Oksfordda — fan va madaniyatning eng qadimiy o‘choqlaridan bo‘lmish Angliyada ilk bor Ulug‘bekning mashhur Samarqand rasadxonasida amalga oshirilgan asosiy ishi qisman nashr etilgan. Ishni nashr uchun tayyorlab, unga sharh yozgan Jon Grivs (1602 - 1652), Oksford universitetining astronomiya professori. Keyinchalik, turkum lavhalari Angliyada bir necha bor chop etilgan.

Ilk oksfordlik nashrdan 17 yil o‘tgach, olim, Oksforddagi Bodleyansk kutubxonasi qo‘riqchisi, angliyalik sharqshunos va tarjimon Tomas Xayd (1636-1703) samarqandlik nashrni fors va lotin tillarida yangi nashr uchun tayyorlab, “Tabulae Long, as Lat. Stellarum Fixarum, ex observatione Ulugh Beighi”, Oxonii nomlari ostida chop etgan, 1665.

Ulug‘bek jadvallarining Ovrupada chop etilishi, shu o‘rinda, tuzish uchun ulkan va sermashshaq kuzatuv va hisob mehnatini talab qiluvchi o‘ziga xos yulduzlar katalogi sanoqli shaxslar tomonidan hisoblangan va osmon tadqiqotchilari tomonidan yuqori baholangan.

Xaydning oksfordik nashridan 25 yil o‘tgach, Ulug‘bek jadvalining ma’lumotlari polyak astronomi Yan Geveliyning (1611-1687) Gdanskda chop etigan “Prodromus Astronomiae” kitobi sahifalaridan joy oladi. Bu yerda o‘z vaqtida mavjud bo‘lgan turkumlardagi ma’lumotlar o‘rtasida taqqoslash keltirilgan: Ptolemey, Tixo Brag, Richchioli, shahzoda Gass va Geveliy.

1839 yil fransuzs sharqshunosi L.A.Sediyo (1808-1876) Ulug‘bek jadvalini “Tables astronomigue d'Oloug Beg, commentees et publiees avec le texte en regard” nomi ostida qisman chop ettiradi, I bob, I bo‘lim, Parij, 1839.

Va, nihoyat, Buyuk Britaniya kutubxonalarida saqlangan 8 ta qo‘lyozmani o‘rganish asosidagi Ulug‘bek jadvalining aniqroq tahlili 1917 yil AQShda E. B. Nobl tomonidan “Ulugh Beg's Catalogue of Stars. Revised from all Persian Manuscripts Existing in Great Britain” nomi ostida chop etilgan.

Aytish joizki, Ovrupa va Osiyo kitob saqlanuvchi omborlarda “Zidjiy”ning o‘nlab qo‘lyozmalari mavjud. Ulug‘bekning yulduzlar jadvali o‘rta asrlar astronomiyasining so‘ng so‘zi bo‘ldi. Mazkur jadval teleskop ixtirosidan avvalgi, o‘rta asrlar astronomiya fanining eng yuqori poyasi bo‘ldi.

Ulug‘bekning boy ilmiy merosi u faqatgina buyuk musulmon o‘g‘loni bo‘lmaganligini tasdiqlaydi. Ijodiy tafakkur dahosi butun insoniyat ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan. Shu sababli, ko‘p asrlar o‘tib, hatto bugun ham Ulug‘bekning ismi savob maqsadlarga erishish niyatida Sharq va G‘arb xalqlarini birlashtirgan timsol bo‘lib qoladi.

Mirzo Ulug‘bekning yuqori ma’naviy va sezilarli merosi dunyoning yetakchi o‘quv muassasalarida va ilmiy markazlarida o‘rganib kelinadi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi bilan, O‘zbekiston Milliy universiteti ushbu atoqli olim sharafiga nomlanganligi respublikaning bugungi yuqori ilmiy-ma’naviy qudratini tasdiqlaydi.

1994 yil olim tavalludining 600 yillik yubileyi xalqaro miqyosda nishonlangan, shu sabab, xorij olimlari, mutaxassislari va jamoat arboblari ishtirokida bir qator tadbirlar o‘tkazilgan.

2009 yil Parijda Mirzo Ulug‘bek tavalludining 615 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazilgan. Anjumanda 130 dan ziyod olimlar va turli xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etgan.



O‘tkazib kelinayotgan tadbirlardan butun dunyoda Mirzo Ulug‘bekning ilmiy va ma’naviy merosiga bo‘lgan qiziqish naqadar ulkanligi yaqqol ko‘rinib turibdi.
Download 56 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa
davlat universiteti
ta’lim vazirligi
O’zbekiston respublikasi
maxsus ta’lim
zbekiston respublikasi
axborot texnologiyalari
o’rta maxsus
davlat pedagogika
nomidagi toshkent
guruh talabasi
pedagogika instituti
texnologiyalari universiteti
toshkent axborot
xorazmiy nomidagi
samarqand davlat
navoiy nomidagi
rivojlantirish vazirligi
haqida tushuncha
toshkent davlat
ta’limi vazirligi
nomidagi samarqand
vazirligi toshkent
Darsning maqsadi
Toshkent davlat
tashkil etish
Alisher navoiy
kommunikatsiyalarini rivojlantirish
Ўзбекистон республикаси
matematika fakulteti
bilan ishlash
pedagogika universiteti
Nizomiy nomidagi
sinflar uchun
fanining predmeti
таълим вазирлиги
o’rta ta’lim
maxsus ta'lim
fanlar fakulteti
ta'lim vazirligi
tibbiyot akademiyasi
vazirligi muhammad
махсус таълим
Toshkent axborot
umumiy o’rta
haqida umumiy
Referat mavzu
ishlab chiqarish
pedagogika fakulteti
fizika matematika
universiteti fizika
Navoiy davlat