SANOAT KORXONALARINING AYLANMA MABLAG’LARI, ULARNING SHAKLLANISHI VA FOYDALANISHI
Korxonaning aylanma mablag’lari va aylanma fondlari tushunchalarining mohiyati, tarkibi va tasnifi
Aylanma mablag’lardan foydalanish ko’rsatkichlari
Sanoat korxonalarining aylanma mablag’laridan foydalanish samaradorligini oshirish ko’rsatkichlari
Korxonaning aylanma mablag’lari va aylanma fondlari tushunchalarining mohiyati, tarkibi va tasnifi
Korxonaning mulki bo’lib, aylanma fondlar va pul shaklidagi muomala fondlari yig’indisi bo’lgan aylanma aktivlar (aylanma mablag`lar) hisoblanadi.
Ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini ta’minlash uchun asosiy ishlab chiqarish fondlari bilan bir qatorda mehnat buyumlari, moddiy resurslar ham zarur bo’lib hisoblanadi. Mehnat buyumlari mehnat vositalari bilan birgalikda mehnat mahsulotining qiymatini va iste’mol qiymatini yaratishga qatnashadi. Ishlab chiqarish aylanma fondlarining moddiy unsurlari (mehnat buyumlari) aylanishi mehnat jarayoni va asosiy ishlab chiqarish fondlari bilan chambarchas bog’liqdir.
Korxona aylanma fondlari va aylanma mablag`lar tushunchalarini, ularning mohiyatini, ahamiyatini va tarkibini ko’rib o’tamiz. SHunga e’tibor berish kerakki, aylanma fondlar va aylanma mablag`lar aynan bir narsa emas. Aylanma fondlar bu ishlab chiqarish jarayonining eng zarur unsuri, mahsulot tannarxining asosiy qismi. Mahsulot birligiga ketadigan xom ashyo, materiallar, yoqilg’i va energiya xarajatlari kam bo’lsa, mehnat qancha kam sarflansa ishlab chiqariladigan mahsulot ham shuncha arzon bo’ladi.
Sanoat korxonalaridagi ishlab chiqarish aylanma fondlariga ishlab chiqarish mablag`lari va fondlari o’z qiymatini mahsulotga to’liq o`tkazib yuboradigan mehnat jarayonining moddiy resurslari kiradi. Mehnat jarayonida aylanma mablag`larning moddiy unsurlari o`z natural shaklini va fizik-kimyoviy xususiyatlarini o’zgartiradi. Ular ishlab chiqarilayotgan mahsulotning iste’mol qiymatini yaratish mobaynida o’z qiymatini yo’qotadi. Yangi iste’mol qiymati esa yangi yaratilgan mahsulot ko’rinishida namoyon bo’ladi.
Aylanma mablag`larga korxonadagi ishlab chiqarish zahiralarini omborxonalarda yoki ishlab chiqarish jarayonining o’zida tashkil etish, ta’minotchilar bilan, byudjet bilan va ish haqi to’lash bo’yicha hisoblashishlar uchun zarur bo’lgan pul mablag`lari kiradi.
Aylanma mablag`larning tarkibi va strukturasi bir-biridan farqlanadi.
Aylanma mablag`larning tarkibi deganda aylanma mablag`larni tashkil etuvchi elementlar yig’indisi tushuniladi. Aylanma mablag`larning ishlab chiqarish aylanma fondlariga va muomala fondlariga bo’linishi ulardan foydalanish xususiyatlarini va ularning mahsulot ishlab chiqarish va sotish sohalariga taqsimlanishini aniqlaydi.
Ishlab chiqarishda band bo’lgan aylanma mablag`lar miqdori mahsulot ishlab chiqarishdagi ishlab chiqarish sikllarining davomiyligi, texnika rivojlanishi darajasi, texnologiyani takomillashtirish va mehnat ni tashkil etish asosida aniqlanadi.
Muomala mablag`larining summasi asosan mahsulotni sotish shart sharoitlari va mahsulotga maishiy xizmat va ta’minot xizmatini tashkil etishga bog’liq bo’ladi. Mahsulot muomalasi jarayonida ishlatiladigan aylanma mablag`lar, o’z oldiga muomala fondlarini qo’yadi.
Ularga korxona omborlarida turgan sotishga tayyor mahsulotlar, yuklab yuborilgan, ammo puli to’lanmagan mahsulotlar, korxonaning pul mablag`lari va hisob raqamidagi mablag`lar kiradi.
Korxonada yetarli darajada aylanma mablag`larning mavjud bo’lishi, bozor iqtisodiyoti sharoitida korxona erkin faoliyat ko’rsatishi uchun asos hisoblanadi.
Eng asosiysi, korxonada aylanma fondlardan va aylanma mablag`lardan samarali foydalanish nima berishini va ishlab chiqarilayotgan mahsulotning material sig’imini kamaytirish hamda aylanma mablag`larning aylanishini tezlashtirish uchun qanday tadbirlar qo’llanilishi kerakligini bilishimiz kerak.
Korxona ishlab chiqarish aylanma fondlari uch qismdan tashkil topadi:
ishlab chiqarish zahiralari;
tugallanmagan ishlab chiqarish va o’zidan tayyorlangan yarim fabrikatlar;
kelgusi davr xarajatlari.
Ishlab chiqarish zahiralari – bu ishlab chiqarish jarayonida ishlatish uchun tayyorlab qo’yilgan mehnat buyumlaridir, bo’lar: xom ashyo, asosiy va yordamchi materiallar, yoqilg’i, energiya, sotib olingan yarim fabrikatlar va yig’iladigan buyumlar, tara va tara materiallari, asosiy fondlarning joriy remonti uchun olib qo’yilgan ehtiyot qismlardan tashkil topadi.
Tugallanmagan ishlab chiqarish va o’zida tayyorlanadigan yarim fabrikatlar – bu ishlab chiqarish jarayoniga qatnashadigan mehnat buyumlaridir, bularga: materiallar, detallar, ishlab chiqarish jarayonida qayta ishlanuvchi, to’ldiriluvchi va to’planuvchi buyumlar, shuningdek, o’zida tayyorlangan yarimfabrikatlar, birta sexida ishlab chiqarilishi to’liq tugatilmagan va korxonaning boshqa sexlarida yana qayta ishlanishi zarur bo’lgan buyumlar kiradi.
Kelgusi davr xarajatlari – bu aylanma fondlarning nomoddiy unsurlari, ya’ni ayni vaqtda ishlab chiqarilayotgan, lekin kelgusi davr mahsuloti bo’ladigan mahsulotlarni tayyorlash va yangi mahsulot turlarini o’zlashtirish bilan bog’liq bo’lgan xarajatlardir. (Masalan, yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun texnologiyalarni qayta ta’mirlash va jihozlarni qaytadan o’rnatish xarajatlari va boshqalar).
Foizlarda ifodalangan aylanma mablag`larning alohida elementlari o’rtasidagi nisbat aylanma mablag`larning strukturasi deb aytaladi.
Sanoat tarmoqlaridagi aylanma mablag`lar strukturasidagi farq ko’p omillarga bog’liq bo’ladi, ularga asosan: tashkilotdagi ishlab chiqarish jarayonlarining o’ziga xosligi, ta’minot va xizmat ko’rsatish shart sharoitlari, ta’minotchilar va iste’molchilarning joylashgan o’rni, ishlab chiqarish xarajatlarining strukturasi va boshqalar kiradi.
Aylanma mablag`lar umumiy strukturasi bo’yicha turli tarmoqlarda turlicha bo’lishini quyidagi rasmda ko’rish mumkin:
Sanoat korxonalarida aylanma mablag`larning katta qismini tovar-material boyliklari tashkil etadi. Ularning egallagan ulushi 75-87 %. Turli tarmoqlarda tovar-material boyliklaridagi aylanma mablag`lar strukturasi ham turlicha bo’ladi.
Yengil sanoat korxonalarida ancha yuqori ulushni ishlab chiqarish zahiralari egallaydi (U erda xom ashyo va yarim fabrikatlar – 70 % ni tashkil etadi). Hozirgi davrda xarajatlarning yuqori ulushi kimyo sanoatida – 9%. Mashinasozlik sanoatida esa boshqa sanoatlarniki bilan solishtirganda zahiralar ancha past, tugallanmagan ishlab chiqarish va o’zida tayyorlangan yarimfabrikatlar esa ancha yuqori.
Xom ashyo va materiallarning ishlab chiqarishdagi zahiralari summasi turli tarmoqlarda turlicha bo’ladi, u tarmoq chiqaradigan mahsulotning texnik-iqtisodiy xususiyatlaridan bog’liq bo’ladi.
Asosiy va aylanma fondlarning umumiy ishlab chiqarish fonlaridagi ulushi turli sohalarda turlicha bo’ladi. Masalan, asosiy fondlarning ulushi umuman sanoatda o’rtacha -75%, mashinasozlikda - 55-65%, neft qazib olish sanoatida – 97%, neftni qayta ishlash sanoatida – 90%, gaz sanoatida -97% ni tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |