Qisqa muddatli va uzoq muddatli davrlarda ishlab chiqarish xarajatlarining oʻzgarish tamoyillari



Download 16,28 Kb.
Sana06.07.2021
Hajmi16,28 Kb.
#109861
Bog'liq
QISQA MUDDATLI VA UZOQ MUDDATLI DAVRLARDA ISHLAB CHIQARISH XARAJATLARINING OʻZGARISH TAMOYILLARI.


QISQA MUDDATLI VA UZOQ MUDDATLI DAVRLARDA ISHLAB CHIQARISH XARAJATLARINING OʻZGARISH TAMOYILLARI.

Korxona foydalanadigan koʻplab resurslar miqdori, yaʼni jonli mehnat, xom ashyo, yonilgʻi va energiya sarflari tovar hajmining oʻzgarishiga tez va oson taʼsir qiladi. Boshqa resurslar sarfi taʼsirida tovar hajmi oʻzgarishi uchun uzoq vaqt talab qilinadi. Masalan, ogʻir sanoat tarmoqlarining ishlab chiqarish quvvatlari ancha uzoq vaqt oraligʻida mahsulot miqdori oʻzgarishiga taʼsir qilishi mumkin. Demak, ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olishda vaqt omili, yaʼni xarajat qilingandan pirovard natija olinguncha oʻtgan davr sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Shu sababli vaqt omilidan kelib chiqib, ishlab chiqarish xarajatlarini qisqa va uzoq muddatli davrda alohida tahlil qilinadi.

Korxona ishlab chiqarish hajmini oʻstirish uchun qisqa davrda faqat oʻzining oʻzgaruvchi xarajatlari miqdorini oʻzgartirishi mumkin. Bu qisqa muddatli xarajatlardir. Ishlab chiqarish quvvatlari esa (ishlab chiqarish bino va inshootlari maydoni, mashina va uskunalar miqdori) doimiy boʻlib qoladi, hamda bu davr faqat ulardan foydalanish darajasini oʻzgartirish uchun yetarli boʻlishi mumkin.

Boshqacha aytganda qisqa davr oraligʻida korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari oʻzgarishsiz qoladi, ishlab chiqarish hajmi jonli mehnat, xom ashyo va boshqa resurslar miqdorini koʻpaytirish orqali oʻzgarishi mumkin. Bunda mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish intensivligini oshirish mumkin.

Uzoq muddatli davr – bu korxonaning ishlab chiqarish quvvatlarini va butun band boʻlgan resurslari miqdorini oʻzgartirish uchun yetarli boʻlgan davrdir.

Bu yerda shuni taʼkidlash lozimki, ishlab chiqarish quvvatlarining oʻzgarishini taqozo qiladigan davr davomiyligi ayrim tarmoq va korxona xususiyatidan kelib chiqib farqlanishi mumkin. Masalan, yengil sanoat tarmogʻida kiyim-kechak ishlab chiqaradigan kichkina firma, bir nechta qoʻshimcha tikuv mashinasi oʻrnatish bilan oʻzining ishlab chiqarish quvvatlarini qisqa vaqtda (bir necha kunda) oshirish mumkin. Ogʻir sanoat tarmoqlarida yangi quvvatlarni ishga tushirish uchun bir necha yil talab qilinadi.

Biz bilamizki, qisqa muddatli vaqt davomida korxona oʻzining doimiy (qayd qilingan) quvvatlariga oʻzgaruvchi resurslar miqdorini qoʻshib borish yoʻli bilan ishlab chiqarish xajmini oʻzgartirishi mumkin. Bu yerda shunday savol tugʻiladi: korxonaning ishlab chiqarish quvvatlariga (doimiy resurslarga) koʻproq va yanada koʻproq miqdorda oʻzgaruvchi resurslarni qoʻshib borish yoʻli bilan ishlab chiqarish hajmi qanday oʻzgarib boradi?

Bu savolga marjinalistlar oʻzlari tomonidan oʻylab topilgan samaraning kamayib borishi qonuni deb ataluvchi qonun orqali javob beradi. Bu qonunga binoan, maʼlum davrdan boshlab korxonaning ishlab chiqarish quvvatlariga (masalan kapital yoki yerga) oʻzgaruvchi resurslar birligini (masalan, jonli mexnat) ketma-ket qoʻshib borish, har bir keyingi oʻzgaruvchi resurs birligi qiymatiga kamayib boruvchi qoʻshimcha mahsulot beradi. Boshqacha aytganda, agar asosiy kapitalga xizmat koʻrsatuvchi ishchilar soni koʻpayib borsa, ishlab chiqarishga koʻproq ishchini jalb qilib borish bilan ishlab chiqarish hajmining oʻsishi tobora sekinlik bilan roʻy beradi. Bu qonunni tasvirlash uchun quyidagi misolni keltiramiz. Faraz qilaylik, fermer foydalanadigan yerning doimiy miqdoriga (masalan 20 ga) ega boʻlib, unda don yetishtiradi. Agar fermer ekinga qayta ishlov bermasa, har bir gektar yerdan 40 sentnerdan hosil oladi deb hisoblaymiz. Agar ekinga qoʻshimcha bir marta ishlov berilsa, hosildorlik 50 s/ga ga qadar koʻtarilishi mumkin. Ikkinchi ishlov berish hosildorlikni 57 s/ga, uchinchisi - 61 s/ga, toʻrtinchisi, aytaylik 63 s/ga ga qadar koʻtarishi mumkin. Ekinga keyingi ishlov berishlar juda kam yoki nolga teng boʻlgan qoʻshimcha hosil beradi.

Bu yerda shuni taʼkidlab oʻtish lozimki, samaraning kamayib borish qonuni, oʻzgaruvchi resurslarning barcha birligi (masalan barcha ishchilar) sifat jihatidan bir xil degan farazga asoslanadi. Yaʼni, har bir qoʻshimcha ravishda jalb qilingan ishchi bir xil aqliy layoqatga, bilimga, malakaga, harakat tezligi va shu kabilarga ega deb hisoblanadi.

Demak, qoʻshilgan mahsulot keyingi jalb qilingan ishchi kam malakaga ega boʻlgani uchun emas, balki kapital (fondlar) ning mavjud miqdoriga nisbatan koʻp miqdorda ishchilarni band qilish sababli kamayib boradi. Bu yerda ishlab chiqarish omillari oʻrtasidagi nisbat, mutanosiblik buzilishi sodir boʻladi.

Bundan koʻrinib turibdiki, samaraning pasayib borishi degan qonun tabiiy ravishda oʻzidan oʻzi emas, balki omillarning boshqasi oʻzgarmagani holda ayrimlarini koʻr-koʻrona koʻpaytirib, ular oʻrtasidagi mutanosiblik buzilganda sodir boʻladi.

Qulay iqtisodiy muhit tufayli, ishlab chiqarish quvvatlarining toʻxtovsiz kengayib borishi natijasida korxona oʻrtacha umumiy (yalpi) xarajatlarida qanday oʻzgarish roʻy beradi? Dastlab qandaydir vaqt oraligʻida ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi oʻrtacha umumiy xarajatlarning pasayishi bilan birga boradi. Ammo oxir oqibatda koʻproq va yanada koʻproq quvvatlarni ishga tushirish oʻrtacha umumiy xarajatlarning oʻsishiga olib keladi. Bunday hollarni samaraning kamayib borish qonuni tushuntirib berolmaydi, chunki uning amal qilish shart-sharoiti ishlab chiqarishda foydalanadigan resurslardan bittasi miqdorining oʻzgarmasligi hisoblanadi. Uzoq muddatli davrda barcha resurslar miqdori oʻzgaradi. Bundan tashqari biz tahlilda barcha resurslar narxini doimiy deb faraz qilamiz. Shu sababli uzoq muddatli davrda oʻrtacha xarajatlarning oʻzgarishi tamoyilini ishlab chiqarish miqyosi oʻsishining ijobiy va salbiy samarasi yordamida tushuntirish mumkin.

Ishlab chiqarish miqyosining ijobiy samarasi shunda namoyon boʻladiki, korxonada ishlab chiqarish hajmi oʻsib borishi bilan, bir qator omillar ishlab chiqarish oʻrtacha xarajatlarining pasayishiga taʼsir koʻrsata boshlaydi. Bu omillar quyidagilar: 1) mehnatning ixtisoslashuvi; 2) boshqaruv xodimlarining ixtisoslashuvi; 3) kapitaldan samarali foydalanish; 4) qoʻshimcha turdagi mahsulotlarning ishlab chiqarilishi. Quyida bu omillarning har biriga batafsil toʻxtab oʻtamiz.

1. Mehnatning ixtisoslashuvi. Korxona koʻlamining oʻsib borishi bilan foydalanilayotgan mehnatning ixtisoslashuv darajasini oshirish imkoni kengayib boradi. Qoʻshimcha ravishda ishchilarning yollanishi topshiriqning ular oʻrtasida borgan sari aniqroq taqsimlanib borishini anglatadi. Ishlab chiqarish jarayonida 5-6 tadan turli operatsiyalarni bajarish oʻrniga endilikda har bir ishchi bitta-yagona topshiriqni bajarishi mumkin boʻladi. Butun ish kuni davomida u oʻzining malakasiga koʻproq mos keladigan vazifani bajarish bilan band boʻladi. Kichik korxonalarda malakali ishchilar koʻpincha oʻz ish vaqtlarining deyarli yarmini hech qanday malaka talab etmaydigan ishlarni bajarishga sarflaydilar. Bu esa ishlab chiqarish xarajatlarining oshib ketishiga olib keladi. Shuningdek, ishlab chiqarish miqyosining oʻsishi bilan taʼminlanuvchi mehnat operatsiyalarining taqsimlanishi imkoniyati ishchilar uchun oʻz vazifalarini bajarishlarida katta tajriba orttirishga zamin yaratadi. 5-6 ta topshiriq bilan band qilingan “oʻz ishining ustasi” ham bu vazifalarning har birini bajarishda u qadar malakali boʻla olmaydi. Yagona vazifani bajarish imkoniga ega boʻlgach, xuddi shu ishchi yanada unumliroq ishlay oladi. Va nihoyat, mehnat ixtisoslashuvining yuqori darajasi ishchi tomonidan bir topshiriqni bajarishdan boshqa biriga oʻtishdagi vaqt yoʻqotilishi holatining oldini oladi.

2. Boshqaruv xodimlarining ixtisoslashuvi. Ishlab chiqarishning yirik miqyoslari shuningdek boshqaruv boʻyicha mutaxassislar mehnatidan yaxshiroq foydalanish imkonini beradi. Birdaniga 20 nafar ishchini nazorat qilishga qodir boʻlgan rahbarning mehnati bir necha ishchiga ega boʻlgan kichik korxonada yetarli darajada foydalanilmaydi. Bu holatda maʼmuriy apparatni taʼminlash xarajatlarini oshirmagan holda korxona ishlab chiqarish xodimlarining sonini ikki baravar koʻpaytirish mumkin boʻladi. Shu bilan birga, kichik firmalar boshqaruvchi mutaxassis mehnatidan bevosita maqsadga muvofiq foydalana olmaydilar. Kichik korxonada sotish muammolari boʻyicha mutaxassis oʻz vaqtini boshkaruvning turli sohalari – masalan, marketing, mehnat resurslarini boshqarish, moliyaviy boshqarish boʻyicha taqsimlashga majbur boʻlishi mumkin. Operatsiyalar miqyosining kengayishi marketing boʻyicha mutaxassis oʻzini mahsulotlarni taqsimlash va sotish ustidan nazorat oʻrnatishga toʻliq bagʻishlashi mumkinligidan darak berib, boshqaruvning boshqa funksiyalarini bajarish uchun qoʻshimcha ravishda tegishli mutaxassislar jalb etiladi. Pirovardida bu holat samaradorlikning oshishi hamda mahsulot birligiga boʻlgan ishlab chiqarish xarajatlarining pasayishiga olib keladi.

3. Kapitaldan samarali foydalanish. Koʻp hollarda kichik firmalar ishlab chiqarish jihozlaridan texnologik nuqtai nazardan nisbatan samarali foydalanishga qodir boʻlmaydilar. Mahsulotlarning koʻplab turlarini ishlab chiqarish uchun mashinalarni faqat juda yirik va qimmat turuvchi komplektlarda sotib olish mumkin. Buning ustiga, mazkur mashina jihozlaridan samarali foydalanish ishlab chiqarishning katta hajmlarini taqozo etadi. Demak, yaxshi jihozlarni sotib olish va samarali foydalanishga faqat yirik ishlab chiqaruvchilargina erishishlari mumkin.

Misol uchun, avtomobilsozlikda ishlab chiqarishning nisbatan samarali usullari yigʻish liniyasi uchun robot texnikasi hamda murakkab jihozlarning qoʻllanishini taqozo etadi. Mazkur jihozlarning samarali ishlatilishi uchun, baʼzi bir hisob-kitoblarga koʻra, yiliga 200 mingdan to 400 mingga qadar avtomobil ishlab chiqarish hajmiga erishish lozim boʻladi. Faqat yirik ishlab chiqaruvchilargina bunday jihozlarni sotib olishlari va samarali foydalanishlari mumkin. Mayda ishlab chiqaruvchilar ikki oʻtning orasida boʻladilar. Avtomobillarni boshqa jihozlar yordamida ishlab chiqarish samarasiz va mahsulot birligiga nisbatan koʻproq xarajatlar qilinishiga olib keladi. Biroq, nisbatan samarali jihozni sotib olib, undan ishlab chiqarishning kichik hajmi tufayli toʻliq foydalanmaslik ham samarasiz va qimmatga tushuvchi yoʻl hisoblanadi.

4. Qoʻshimcha turdagi mahsulotlarning ishlab chiqarilishi. Yirik miqyosdagi ishlab chiqarishning tashkilotchisi qoʻshimcha mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun kichik firmaga qaraganda kengroq imkoniyatga ega boʻladi. Goʻshtni qadoqlash boʻyicha yirik fabrika ishlab chiqarish chiqindisidan yelim, oʻgʻitlar, dorivor mahsulotlar va boshqa shu kabi qoʻshimcha mahsulotlarni tayyorlaydiki, kichik firma bu chiqindilarni zarur boʻlmaganligi uchun shunchaki tashlab yuborishi mumkin edi.

Ishchi va boshqaruvchilar mehnatini ixtisoslashtirish darajasini oshirish, nisbatan samarali asbob-uskunalardan foydalanish imkoniyati, chiqindilardan samarali foydalanish kabi barcha texnologik omillar oʻz ishlab chiqarish miqyosini kengaytirishga layoqatli boʻlgan tadbirkor tomonidan mahsulot birligini ishlab chiqarish xarajatlarining pasaytirilishiga taʼsir koʻrsatadi. Boshqacha aytganda, ishlab chiqarishga jalb etilgan barcha resurslar miqdorining 10%ga oshirilishi ishlab chiqarish hajmining nisbatan koʻproq, masalan 20%ga oshishiga olib keladi, natijada oʻrtacha umumiy xarajatlar pasayadi.

Salbiy miqyos samarasi. Vaqt oʻtishi bilan firmaning kengaytirilishi salbiy iqtisodiy oqibatlarga, va shundan kelib chiqqan holda, mahsulot birligi ishlab chiqarish xarajatlarining oʻsishiga olib kelishi mumkin.

Salbiy miqyos samarasi roʻy berishining asosiy sababi yirik miqyosdagi ishlab chiqaruvchiga aylangan firmaning faoliyatini samarali nazorat qilish va muvofiqlashtirishga harakat qilish chogʻida vujudga keluvchi maʼlum boshqaruv qiyinchiliklari bilan bogʻliq. Uncha katta boʻlmagan korxonada bitta-yagona boshqaruvchi uning faoliyatiga doir barcha muhim qarorlarni shaxsan oʻzi qabul qilishi mumkin. Firma hajmining uncha katta boʻlmaganligi tufayli mazkur boshqaruvchi barcha ishlab chiqarish jarayonini yaxshi tasavvur qila oladi hamda firma faoliyatining barcha yoʻnalishlarini tezlik bilan oʻzlashtira olishi, oʻz qoʻl ostidagilaridan olayotgan axborotlarni osonlik bilan tahlil qilishi, ular asosida aniq va samarali qaror chiqara olishi mumkin boʻladi.

Biroq bunday qulay holat firma miqyosining kengayishi bilan oʻzgaradi. Maʼmuriy xodimlar va ishlab chiqarish jarayonini alohidalashtiruvchi boshqaruv qatlamlari koʻpayib boradi; yuqori rahbariyat korxonadagi haqiqiy ishlab chiqarish jarayonidan alohidalashib qoladi. Yirik korxona miqyosida oqilona qaror qabul qilish uchun zarur boʻlgan barcha maʼlumotlarni yigʻish, tushunish va qayta ishlash bir kishi uchun imkon darajasidan tashqarida boʻladi. Boshqaruv apparatining chuqurlashuvi va kengayishi esa axborot almashinuvi, qarorlarni muvofiqlashtirishdagi muammolarni hamda byurokratik holatni keltirib chiqaradi, boshqaruvning turli boʻgʻinlari tomonidan qabul qilingan qarorlar bir-biriga zid kelish ehtimoli kuchayadi. Natijada samaradorlikka putur yetib, ishlab chiqarishning oʻrtacha xarajatlari oshadi. Boshqacha aytganda, barcha resurslar miqdorining 10%ga oʻsishi ishlab chiqarish hajmining nomuvofiq ravishda, aytaylik 5%ga oʻsishiga olib keladi.



Ishlab chiqarish miqyosining oʻsishidan doimiy ravishda olinuvchi samara. Baʼzi hollarda ijobiy miqyos samarasi taʼsiri barham topuvchi ishlab chiqarish hajmi bilan salbiy miqyos samarasi kuchga kiruvchi ishlab chiqarish hajmi oʻrtasidagi tafovut juda ahamiyatli boʻlishi mumkin. Bu ikkala chegara orasidagi maydonda barcha resurslarning 10%ga oʻsishi ishlab chiqarish hajmining ham mutanosib ravishda 10%ga koʻpayishiga olib keladi.

Ishlab chiqarish miqyosining kengayib borishi chuqur ixtisoslashuv tufayli boshqarish boʻyicha mutaxassislar mehnatidan ancha yaxshi foydalanish imkoniyatini beradi. Bu oxir oqibatda samaradorlikning oshishi va mahsulot birligiga ishlab chiqarish xarajatlarining kamayishiga olib keladi.
Download 16,28 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish